Konsullik munosabatlari boʻyicha
27.02.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Amerika Qoʻshma Shtatlari Hukumatining
QOʻShMA BAYoNOTI
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Amerika Qoʻshma Shtatlari Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
doʻstlik va oʻzaro manfaatli munosabatlarni yanada rivojlantirish xohishini bildirib,
1963-yildagi Konsullik aloqalari toʻgʻrisidagi Vena Konvensiyasi qoidalari, 1995-yilning 20-iyunidagi Oʻzbekiston Respublikasi va Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasida hamjihatlik memorandumi, 1995-yil 29-avgustdagi Oʻzbekiston Respublikasi va Amerika Qoʻshma Shtatlari oʻrtasidagi almashuv notalari, hamda 1996-yilning 7-martidagi Konsullik masalalari boʻyicha qoʻshma kommyunikesini inobatga olib,
1998-yil fevralida Vashingtonda boʻlib oʻtgan ikki tomonlama qoʻshma komissiya ishi va tomonlarning vakillari oʻrtasidagi maslahatlashishlarning yakunlariga muvofiq,
quyidagilar toʻgʻrisida bayon qiladilar:
1. Tomonlar konsullik aloqalarini saqlashga va doimiy ravishda konsullik masalalarini muhokama qilishni rejalashtirdilar. Aloqa punktlari etib, AQSh tomonidan — AQShning Toshkentdagi Elchixonasi konsullik boʻlimi va Davlat departamenti, oʻzbek tomonidan — Oʻzbekistonning Vashingtondagi Elchixonasi va Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi hisoblanadi.
2. Tomonlar Oʻzbekiston Hukumati uchun konsullik xodimlari tayyorlash zaruratini muhokama qildilar. Qoʻshma Shtatlar Oʻzbekiston Hukumatiga konsullik xodimlari tayyorlashda hamjihatlik koʻrsatishdan manfaatdorligini izhor etish bilan birga oʻz resurslarining chegaralanganligini maʼlum qildi. Tomonlar Qoʻshma Shtatlarning Konsullik ishlari boʻyicha byuro mutaxassislari koʻmagi bilan kadrlarga maxsus konsullik tayyorligini berishda tegishli yordam koʻrsatish imkoniyatini muhokama qildilar.
3. Ikkala hukumat konsullik munosabatlarini kengaytirish va chuqurlashtirishni istaydilar. Bu maqsadga erishish uchun Tomonlar viza olish talablari va protseduralarini engillashtirish, shu jumladan, hozirda mavjud oʻzaro vizalar jadvalini kengaytirish, hamda konsullik yigʻimlari miqdorini kamaytirish imkoniyatini koʻrib chiqish istagini bildirdilar.
4. Ikkala davlatning tub maqsadlari vizasiz borish-kelish tartibini oʻrnatishga erishishdan iborat. Bunday natijaga etishgunga qadar, Tomonlar mavjud oʻzaro jadvalni koʻpchilik kategoriyadagi, jumladan diplomatik, xizmat va turistik, vizalarni amal qilishi muddatini uzaytirishni rejalashtiradilar. Tomonlar barcha kategoriyadagi vizalar uchun toʻlovlarni, jumladan vizalar berish uchun yigʻimlar va amaliy xarajatlar uchun toʻlovlar miqdorini oʻzaro kamaytirishga intilishadilar. Mazkur masalalar notalar almashish yoʻli bilan atroflicha hal etiladi.
5. Ikki mamlakatga qilinadigan safarlarni qulaylashtirish maqsadida ikkala davlat hukumatlari safarlarni rasmiylashtirish protseduralarini soddalashtirishga, viza berishdagi taklifnoma yoki sayohat vaucherini rasmiylashtirish talablarini bekor qilish yoʻllarini izlash istagini bildirdilar.
6. Tomonlar konsullik masalalari boʻyicha keyinchalik hamkorlik Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining konsullik munosabatlarini muvofiqlashtiruvchi koʻptomonlama xalqaro bitimlarda ishtirok etishi yoʻli bilan erishish mumkinligiga ishonch bildirdilar.
7. Amerika Qoʻshma Shtatlari Hukumati Bolalarni himoya qilish va davlatlararo farzand asrab olish sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi Gaaga Konvensiyasi AQShga nisbatan 2000-yilda kuchga kirishi haqidagi oʻz istagini bayon qildi. U shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatini Qoʻshma Shtatlarda farzandlikka olish tartibiga aloqador tegishli maʼlumot va shuningdek farzandlikka olish boʻyicha agentliklarning legitimligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar olish yoʻllarini koʻrsatadi, hamda Qoʻshma Shtatlarda farzandlikka olingan oʻzbek fuqarolarining yashash sharoitlarini kuzatish uchun imkoniyatlarni yaratib beradi.
8. Oʻzbekiston Hukumati bolalarni xorijiy fuqarolari tomonidan farzandlikka olish shartlari va tartibini belgilovchi qonun aktlarini yaqin kelajakda ishlab chiqishga ahd qilganini yana bir bor tasdiqlaydi.
9. Oʻzbekiston Hukumati, tegishli iltimos boʻlganida, Oʻzbekistonda yashovchi va AQShdan ijtimoiy sugʻurta boʻyicha moddiy yordam oluvchi shaxslarning tugʻilgani, nikohi va oʻlimi toʻgʻrisida axborot berish, hamda benefitsariylardan foydalanish imkonini berishga tayyorligini bildiradi.
10. Tomonlar xorijiy shaxslarning oʻz chegaralaridan noqonuniy oʻtishlari va qalbaki yoʻl hujjatlari yasashlariga qarshi kurashni kuchaytirish, hamda bu sohada axborot va maʼlumot almashishni kengaytirishga kelishdilar. Qoʻshma Shtatlar Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga shaxslarning noqonuniy koʻchishlariga qarshi kurashda va, kerak boʻlganda, Oʻzbekiston masʼul shaxslarini vaqti-vaqti bilan oʻqitish va ularga texnik yordam koʻrsatishga tayyorliklarini bildiradilar.
11. Oʻzbekiston Hukumati Amerika Qoʻshma Shtatlari Hukumati bilan safar shartlariga oid oʻzgarishlar, shuningdek, konsullik qonunchiligi va maʼlumotlar toʻgʻrisida axborot berish sohasida oʻzarolik asosida yanada kengroq hamkorlikka ishtiyoq bildirdi.
12. Tomonlar jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatishda hamkorlikni davom ettirishga qiziqish bildirdilar va qulay sharoitlar tugʻilganda, bu sohada ikki tomonlama bitimlarni tuzishga qaratilgan muzokaralarni boshlashni oʻylab koʻrishlari mumkin.
1998-yilning 27-fevralida Vashington shahrida oʻzbek va ingliz tillarida tuzildi, ikkala matn bir xil kuchga ega.
(imzolar)
