Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qilish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
18.06.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
ikki davlat oʻrtasida tarixan shakllangan munosabatlarni eʼtiborga olib,
ilmiy va madaniy hamkorlik va ayirboshlash xalqlar oʻrtasidagi yaxshi oʻzaro tushunishiga koʻmaklashishi, shuningdek davlatlar oʻrtasidagi aloqalarning mustahkamlanishiga xizmat qilishiga ishonib,
fan, adabiyot va sanʼat asarlaridan foydalanish yoʻli bilan madaniy qadriyatlarni oʻzaro ayirboshlash sohasidagi hamkorlikni yanada kengaytirishga intilib,
mualliflik huquqi va turdosh huquqlarning bugungi kunda milliy madaniy salohiyatni shakllantirishdagi, xalqaro madaniy ayirboshlashdagi, shuningdek davlatlararo teng huquqli savdo-iqtisodiy hamda ilmiy-texnik munosabatlarni rivojlantirishdagi rolini hisobga olib,
ushbu maqsadda turdosh huquqlar mualliflari va egalarining huquqlarini himoya qilish uchun oʻzaro qulay sharoitlar yaratish zaruriyatini anglagan holda,
1952-yil 6-sentyabrdagi Mualliflik huquqi toʻgʻrisidagi Butunjahon konvensiya hamda har ikki tomon aʼzo boʻlgan 1993-yil 24-sentyabrda Moskvada imzolangan Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qilish sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimning qoidalarini rivojlantirishga xohish-istakdan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlarning har biri boshqa Tomonning jismoniy va yuridik shaxslariga tegishli boʻlgan asarlar va turdosh huquqlar obʼektlariga mualliflik huquqi va ularning birinchi eʼlon qilingan joyidan qatʼi nazar, va huquqiy vorislarining huquqlarini eʼtirof etadi, oʻz jismoniy va yuridik shaxslari uchun ichki qonunchilik yaratgan sharoitlarda ushbu huquqlarni himoya qilishni hamda shunday asoslarda va shunday hajmda huquqiy himoya vositalaridan foydalanishni taʼminlaydi.
2-modda
Tomonlar fan, adabiyot va sanʼat asarlariga huquqlarni himoya qilish va ulardan foydalanish sohasida hamkorlikni oʻzaro foydali va tengli asosida ushbu Bitim hamda ular aʼzolari boʻlgan yoki boʻladigan boshqa xalqaro shartnomalarga muvofiq amalga oshiradilar va rivojlantiradilar.
3-modda
Tomonlar boshqa Tomonning fuqarolari va yuridik shaxslari tomonidan yaratilgan fan, adabiyot va sanʼat asarlarining oʻzlarining davlatlar hududda foydalanilishini ragʻbatlantiradilar.
4-modda
Tomonlarning hamkorligi:
mualliflik huquqi va turdosh huquqlar obʼektlariga huquqlarning himoya qilinishi va ulardan foydalanish bilan bogʻliq masalalarni tartibga solish;
mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi milliy huquqiy hujjatlarni uygʻunlashtirish, mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qilish sohasidagi axborotlar, normativ va boshqa hujjatlarni, shuningdek tajriba va mutaxassislarni ayirboshlashga yoʻnaltiriladi.
5-modda
Tomonlar boshqa Tomon fuqarolarining 1973-yil 27-maygacha yaratilgan, biroq ushbu sanagacha Tomonlarni davlatlarining hududida yoki boshqa hududda yuzaga chiqarilmagan asarlariga munosabat yoki asarlariga huquqini 1952-yil 6-sentyabrdagi Mualliflik huquqi toʻgʻrisida Butunjahon konvensiyasi talablari darajasida himoya qilinishini taʼminlaydilar. Biroq bunday asarlar ushbu Bitim kuchga kirguniga qadar boshqa Tomonni davlat hududida himoya qilinmaydigan asar sifatida eʼlon qilingan boʻlsa ular koʻrsatilgan hududda mazkur Bitim kuchga kiritilganidan soʻng ham himoya qilinmaydigan asar boʻlib hisoblanadi. Bunda «yuzaga chiqarish» tushunchasi 1952-yil 6-sentyabrdagi Mualliflik huquqi toʻgʻrisidagi VI Butunjahon konvensiyasi moddasi maʼnosida talqin etiladi.
6-modda
Ushbu Bitim 5-moddada koʻrsatilgan, hali ularga nisbatan mualliflik huquqini himoya qilish muddati tutamagan asarlardan foydalanishda qoʻllaniladi.
7-modda
Tomonlar mualliflik huquqini himoya etishni 1993-yil 24-sentyabrda Moskvada imzolangan Mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni himoya qilish sohasida hamkorlik qilish toʻgʻrisidagi Bitimga muvofiq Adabiyot va badiiy asarlarni himoya qilish toʻgʻrisidagi Bern konvensiyasi, Fonogramma ishlab chiqaruvchilarni ularning fonogrammalarini ruxsatsiz takror ishlab chiqarishdan himoya qilish toʻgʻrisidagi Jeneva konvensiyasi, Artist-ijrochilar, fonogramma ishlab chiqaruvchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisidagi Rim konvensiyasi talablari darajasida taʼminlovchi qonun loyihalarining qabul qilinishini zaruriyatini tasdiqlaydilar, shuningdek koʻrsatilgan konvensiyalarda ishtirok etish uchun chora-tadbirlarni koʻradilar.
8-modda
Ushbu Bitimning 5-moddasini qoʻllashdan kelib chiqadigan barcha toʻlovlar va hisob-kitoblar har bir Tomonning amaldagi valyuta qonunchiligiga muvofiq erkin almashtiriladigan valyutada amalga oshiriladi, biroq tegishli huquq egasining xohishiga koʻra toʻlov va hisob-kitoblar toʻlovni amalga oshiruvchi Tomonning milliy valyutasida amalga oshirilishi ham mumkin.
9-modda
Tomonlar bir-birlarini oʻz davlatlarining ushbu Bitimni amalda qoʻllash uchun ahamiyat kasb etuvchi qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlari toʻgʻrisida xabardor etadilar
10-modda
Mualliflik huquqlarining paydo boʻlishi, mazmuni va bekor qilinishi davlat hududida ulardan foydalanish yoki uning buzilishi holati yuz bergan Tomon qonunchiligiga koʻra belgilanishi lozim.
11-modda
Tomonlarning bir-birlariga ushbu Bitimni amalga oshirish jarayonida joʻnatadigan barcha hujjatlar Tomonlarning davlat tilida, albatta rus tilidagi tarjimasi bilan taqdim etiladi, bunda foydalaniluvchi til rus tili hisoblanadi.
12-modda
Ushbu Bitimni amalga oshirish uchun quyidagilar javobgar hisoblanadi:
Oʻzbekiston Respublikasida — Oʻzbekiston Respublikasi mualliflik huquqini himoya qilish davlat agentligi (OʻzRAAD);
Ozarbayjon Respublikasida — Ozarbayjon Respublikasi mualliflik huquqini himoya qilish agentligi (AAPAzR).
Tegishli organlarning hamkorlik qilish tartibi va shartlari ular oʻrtasidagi alohida bitimlar bilan belgilanadi.
13-modda
Ushbu Bitimdan kelib chiqadigan yoki uni bajarish bilan bogʻliq masalalar boʻyicha anglashilmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda Tomonlarning vakillari tegishli Maslahatlashuvlarni oʻtkazadilar hamda ushbu anglashilmovchiliklarni bartaraf etishga erishishga zarur kuch-gʻayratlarini sarflaydilar.
14-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning boshqa davlatlar bilan mualliflik huquqini muhofaza qilish sohasidagi ikki tomonlama va koʻp tomonlama hamkorligiga daxl qilmaydi.
15-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning uni kuchga kiritish uchun zarur boʻlgan ichki davlat tartiblarini bajarganligi toʻgʻrisidagi oxirgi yozma bildirishi kunidan kuchga kiradi va Tomonlardan biri boshqa Tomonning ushbu Bitim harakatlarini toʻxtatish istagi toʻgʻrisida yozma bildirishini olgan kundan olti oy oʻtgunga qadar amalda boʻladi.
Toshkent shahrida 1997-yil 18-iyunda ikki nusxada, har biri oʻzbek, ozarbayjon va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga egadir. Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(podpisi)
