Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish toʻgʻrisida
13.04.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Jumhuriyati Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkiya Jumhuriyati Hukumati, bundan buyon Ahdlashuvchi Tomonlar deb ataluvchilar,
mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish va madaniy boyliklar bilan almashish sohasidagi hamkorlikni yaxshilashga intilib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Har bir Ahdlashuvchi Tomon muallif bilan yoki uning merosxoʻrlari roziligi boʻyicha har qanday vosita orqali nashr etiladigan, boshqa Ahdlashuvchi Tomon fuqarolari tomonidan uning hududida yaratiladigan ilmiy va adabiy ishlarni qoʻllab-quvvatlaydi.
2-modda
Har bir Ahdlashuvchi Tomon Ahdlashuvchi Tomonlarning mualliflari yoki ularning merosxoʻrlariga tegishli boʻlgan ilmiy va adabiy mualliflik va turdosh huquqlarni tan oladi.
Har bir Ahdlashuvchi Tomon qoidalarga taalluqli boʻlgan uning fuqarolari, shuningdek boshqa Ahdlashuvchi Tomon fuqarolari uning hududida foydalanadigan huquqlarni himoya qilishni oʻz zimmasiga oladi.
3-modda
Mualliflik va turdosh huquqlarning paydo boʻlishi, mazmuni va tugatilishi davlati hududida ulardan foydalanish yoki ularni buzish fakti boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonning milliy qonunlariga muvofiq belgilanadi.
Mualliflik huquqlari va ularning buzilmasligi har qanday vaqt jihatdan cheklashlarsiz himoya qilinadi.
4-modda
Mualliflik va turdosh huquqlarni himoya qilish uchun Ahdlashuvchi Tomonlarning masʼul etib tayinlangan tashkilotlari, Bitimni amaliyotda tatbiq etishni amalga oshiradilar. Tashkilotlar Bitimga muvofiq himoya qilingan huquqlardan foydalanishni taqdim etishga taalluqli boʻlgan bitimlarni imzolaydilar, mualliflik huquqlarini himoya qilishda mualliflarga koʻmaklashadilar, mualliflik huquqlarini taqdim etish boʻyicha hisobotni oʻzaro tashkil etadilar va tizimga soladilar.
5-modda
Ushbu Bitim 2-moddada koʻrsatilgan ishlar boʻyicha huquqlarni tartibga solishni va Bitim kuchga kirgandan keyin oʻz kuchini yoʻqotmaydigan huquqlarni himoya qilishni qamrab oladi.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimni amaliy tatbiq etish uchun muhim boʻlgan oʻz davlatlarining qonun va boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlari toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qiladilar.
7-modda
Ushbu Bitim boʻyicha barcha toʻlovlar har bir Ahdlashuvchi Tomonning amal qiluvchi milliy qonunlariga muvofiq erkin konvertatsiya qilinadigan valyutada amalga oshiriladi. Biroq tegishli huquq egasining istagi boʻyicha toʻlovlar va hisoblar toʻlayotgan Ahdlashuvchi Tomonning milliy valyutasida amalga oshirilishi mumkin.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlariga yuboradigan barcha hujjatlar ishchi til hisoblanuvchi ingliz tilida taqdim etiladi.
9-modda
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlarning ular ishtirokchilar boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga taʼsir koʻrsatmaydi.
10-modda
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro yozma roziligi boʻyicha toʻldirilishi yoki oʻzgartirilishi mumkin.
11-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va besh yillik davrda amal qiladi.
Bundan keyin Ahdlashuvchi Tomonlardan hech biri uning boshlangʻich yoki tegishli amal qilish muddati tugashidan olti oy oldin yozma bildirishnoma orqali uni denonsatsiya qilmaguncha, u besh yillik davrlarga oʻz kuchini saqlaydi.
Toshkent shahrida 1998-yil 13-aprelda ikki nusxada, oʻzbek, turk va ingliz tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil autentikdir. Kelishmovchiliklar boʻlgan holda, ingliz tilidagi matn ustuvor boʻladi.
(imzolar)
