Taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni oʻzaro eʼtirof etish va ularning ekvivalentliligi haqida
18.04.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ukraina Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ukraina Hukumati, keyingi oʻrinlarda Tomonlar deb ataladi,
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Ukraina Hukumati oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida 1995-yil 20-iyunda tuzilgan Bitimga amal qilib;
taʼlim sohasidagi teng huquqli hamkorlikni rivojlantirishdan oʻzaro manfaatdorlikni hisobga olib;
fuqarolarga zarur taʼlim olishda kengroq imkoniyatlar berishdan oʻzaro manfaatdorlikni ifodalab;
oʻzlarining oʻzaro munosabatlarida Inson huquqlari umumiy deklaratsiyasida qayd etilgan umuminsoniy qadriyatlarning ustunligidan kelib chiqib;
taʼlim sohasida Tomonlar oʻrtasida ilgari erishilgan ahdlashuvlarga asoslanib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashdilar:
1-modda
Tomonlar oʻzaro ahdlashuviga koʻra belgilanadigan yoʻnalishlar boʻyicha taʼlim sohasidagi hamkorlikni sheriklik prinsiplari asosida rivojlantiradilar. Ular ushbu hamkorlikka uzoq muddatli va amaliy tus berish uchun kuch-harakatlar sarflaydilar.
2-modda
Tomonlar hamkorlikning quyidagi yoʻnalishlarini ustuvor deb tan oladilar:
oliy va oʻrta maxsus oʻquv yurtlari oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni rivojlantirish;
gumanitar, tabiiy-ilmiy va texnik taʼlimni rivojlantirishga koʻmaklashuvchi qoʻshma ilmiy va oʻquv dasturlari va loyihalarni tashkil etish;
yosh olimlar va professor-oʻqituvchilarni ayirboshlash yoʻli bilan akademik harakatchanlikni kengaytirish;
taʼlim tizimlarida litsenziyalash va akkreditatsiyaning qiyosiy tahlilini amalga oshirish;
axborot tarmoqlari va maʼlumotlar banklari tashkil etish, mavjud materiallarni ayirboshlash va masofadan turib oʻqitish boʻyicha yangi texnologiyalarni ishlab chiqish;
hamkor mamlakatning tili va madaniyatini oʻrganish.
3-modda
Tomonlar ham mavjud, ham boʻlajak xalqaro dasturlar va loyihalarning bir qismi boʻlishi mumkin boʻlgan qoʻshma dasturlar va loyihalarni ishlab chiqishga koʻmaklashadilar, har ikkala mamlakat olimlari va mutaxassislarini ularni amalga oshirishga faol jalb qilishga yordam beradilar.
Ular xalqaro dasturlar va loyihalar doirasida taʼlim mazmunini takomillashtirishni, fundamental taʼlimni rivojlantirishni, oʻquv fanlarining yangi kurslarini va oʻquv-uslubiy materiallar yaratishni nazarda tutuvchi ishlar bajarilishiga koʻmaklashish niyatidadirlar.
4-modda
Tomonlar oʻz davlati fuqarolarining boshqa davlatning davlat taʼlim muassasalarida oʻqishiga koʻmaklashadilar.
Oʻquv yurtlariga kirish oʻqitadigan mamlakatning oʻquv yurtlariga qabul qilish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi.
5-modda
Tomonlarning har biri ushbu Bitimning 6-9-moddalariga muvofiq boshqa Tomonning oʻquv yurtlari va ilmiy muassasalari tomonidan beriladigan taʼlim toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi hujjatlarini oʻzaro eʼtirof etadilar.
6-modda
Har ikkala Tomonning oʻquv yurtlari va ilmiy muassasalari tomonidan beriladigan taʼlim toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi hujjatlarning qonuniy kuchini, koʻrsatib oʻtilgan hujjatlarning egalariga har ikkala davlat hududida ham kasb-kor faoliyatini amalga oshirishda, ham taʼlimni yuqoriroq darajada davom ettirishda teng huquqlar berish maqsadida, oʻzarolik asosida eʼtirof etish.
7-modda
Taʼlim toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi hujjatlarning Tomonlarning vakolatli organlari tomonidan ekvivalentliligi belgilanishi ushbu hujjatlarning egalari tegishli mutaxassislik boʻyicha tayyorgarlikdan oʻtganliklarini va ularga taʼlim toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi milliy hujjatlarga ega boʻlgan shaxslarga beriladigan akademik va professional huquqlar berilishini anglatadi.
8-modda
Tomonlar taʼlim toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi hujjatlarni eʼtirof etish va ularning ekvivalentliligini belgilashning umumiy tizimini belgilaydilar, shu munosabat bilan ushbu Bitim kuchga kirgandan keyin ikki oy ichida:
taʼlim toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi hujjatlar eʼtirof etilishi va ularning ekvivalentliligini amalga oshiruvchi milliy organlarni belgilaydilar;
ushbu Bitimni amalga oshirish mexanizmini yaratadilar;
taʼlim toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi hujjatlarni eʼtirof etish va ularning ekvivalentliligini belgilash tartibi uchun umumiy terminologiyani va baholash mezonlarini ishlab chiqadilar va qabul qiladilar;
taʼlim toʻgʻrisidagi davlat namunasidagi hujjatlar eʼtirof etilishi va ekvivalentliligi belgilanishi bilan bogʻliq boʻlgan zarur axborotni toʻplash va ayirboshlashda hamkorlik qiladilar.
9-modda
Ushbu Bitimni qoʻllash yoki talqin qilish bilan bogʻliq nizoli masalalar oʻzaro maslahatlar va muzokaralar yoʻli bilan hal etiladi.
10-modda
Tomonlar ushbu Bitim imzolangan paytdan boshlab:
ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlarni attestatsiyadan oʻtkazish boʻyicha milliy organlar va taʼlimni boshqarish organlari;
Tomonlar oʻrtasidagi ikki tomonlama bitimlar va protokollar yordamida Bitim qoidalari soʻzsiz bajarilishini taʼminlash majburiyatini oʻz zimmalariga oladilar.
11-modda
Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi.
12-modda
Ushbu Bitim besh yil muddatga tuzilgan hamda, agar Tomonlardan hech biri uning amal qilish muddati tamom boʻlishidan kamida olti oy oldin ushbu Bitimdan chiqish haqidagi oʻz niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonga yozma bildirishnoma yubormasa, keyingi besh yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Kiyev shahrida 1997-yil 18-aprelda har biri oʻzbek, ukrain va rus tillarida ikki nusxada tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda rus tilidagi matn ustuvor kuchga ega boʻladi.
(imzolar)
