Daromad va mol-mulk soliqlariga nisbatan ikkiyoqlama soliq solinishining oldini olish toʻgʻrisida
01.04.1997
Oʻzbekiston Respublikasi va Gretsiya Respublikasi oʻrtasida
Konvensiya
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gretsiya Respublikasi Hukumati,
daromad va mol-mulk soliqlariga nisbatan ikkiyoqlama soliq solinishining oldini olish toʻgʻrisida Konvensiya tuzish istagini bildirib,
quyidagilar haqida ahdlashib oldilar:
1-modda Qoʻllanish doirasi
Mazkur Konvensiya Ahdlashuvchi Davlatlarning biri yoki har ikkisining rezidenti boʻlgan shaxslarga nisbatan qoʻllaniladi.
2-modda Konvensiya tatbiq etiladigan soliqlar
1. Mazkur Konvensiya Ahdlashuvchi Davlat yoki uning mahalliy hokimiyatlari nomidan olinayotgan daromad va mol-mulk soliqlariga nisbatan, ularni undirish uslubidan qatʼi nazar, tatbiq etiladi.
2. Daromad va mol-mulk soliqlariga umumiy daromaddan yoki daromadning bir qismidan, butun mol-mulk yoki uning bir qismidan olinadigan barcha soliqlar, shu jumladan koʻchar va koʻchmas mulkni sotishdan olingan daromadlardan, shuningdek mol-mulk qiymatining oshishidan olingan daromadlardan undiriladigan soliqlar kiradi.
3. Ushbu Konvensiya qoʻllaniladigan amaldagi soliqlar,jumladan, quyidagilardir:
a) Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan:
i) korxonalar, birlashmalar va tashkilotlar daromadidan olinadigan soliq;
ii) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi;
iii) mol-mulk soligʻi;
(bundan keyin — “Oʻzbekiston soliqlari” deb ataladi);
b) Gretsiya Respublikasiga nisbatan:
i) jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va sarmoya soligʻi;
ii) yuridik shaxslardan olinadigan daromad soligʻi va sarmoya soligʻi;
(bundan keyin — “Gretsiya soliqlari” deb ataladi).
4. Ushbu Konvensiya imzolangandan soʻng soliqlarga qoʻshimcha yoki mavjudlari oʻrniga kiritilgan har qanday munosib yoki aslida oʻxshash istalgan Ahdlashuvchi Davlat oladigan soliqlarga nisbatan ham qoʻllaniladi. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari oʻzlarining tegishli soliq qonunchiligida boʻlgan har qanday katta oʻzgarishlar haqida bir-birlariga xabar beradilar.
3-modda Umumiy taʼriflar
1. Ushbu Konvensiyaning maqsadlari uchun, agar matnning mazmunidan oʻzga maʼno chiqmasa:
a) “Ahdlashuvchi Davlat” va “boshqa Ahdlashuvchi Davlat” atamalari matnda ishlatilish oʻrniga qarab Oʻzbekistonni yoki Gretsiya Respublikasini anglatadi;
b) “Oʻzbekiston” atamasi Oʻzbekiston Respublikasini bildiradi va jugʻrofiy maʼnoda ishlatilganda uning hududini, hududiy suvlarini va osmon kengliklarini oʻz ichiga oladi, ana shu hududlarda Oʻzbekiston Respublikasi xalqaro huquqqa va Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq, oʻzining suveren huquqlari va yurisdiksiyasini, shu jumladan yer osti boyliklardan va tabiiy resurslardan foydalanish huquqini amalga oshiradi;
s) “Gretsiya Respublikasi” atamasi Gretsiya Respublikasi hududini, va Gretsiya Respublikasi xalqaro huquqqa muvofiq shunday zonalardagi tabiat resurslarini razvedka qilish, qazib olish va ishlatish maqsadida suveren huquqlarga ega boʻlgan dengizning bir qismini, dengiz tubini va uning Oʻrta yer dengizidagi yer ostini anglatadi;
d) “shaxs” atamasi jismoniy shaxsni, kompaniyani yoki shaxslarning boshqa har qanday birlashmasini anglatadi;
e) “kompaniya” atamasi soliqqa tortish maqsadlarida har bir Ahdlashuvchi Davlatning qonunlariga muvofiq korporativ tuzilma sifatida qaraladigan har qanday korporativ tuzilma, yoki har qanday tashkilotni anglatadi;
f) “Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi” va “boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasi” atamalari oʻz oʻrni bilan Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boshqaruvi ostida ish yuritayotgan korxonani va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boshqaruvi ostida ish yuritayotgan korxonani anglatadi;
g) “milliy shaxs” atamasi:
a) Ahdlashuvchi Davlat fuqaroligiga ega boʻlgan har qanday jismoniy shaxsni;
b) Ahdlashuvchi Davlatning amaldagi qonunlariga muvofiq oʻz maqomini olgan har qanday yuridik shaxsni, shirkat yoki assotsiatsiyani anglatadi;
h) “xalqaro tashish” atamasi dengiz yoki havo kemasida har qanday tashishni anglatadi, dengiz va havo kemalari faqat boshqa Ahdlashuvchi Davlatdagi punktlar oʻrtasidagina foydalanilishi bundan mustasno;
i) “vakolatli organ” atamasi:
i) Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasini anglatadi;
ii) Gretsiya Respublikasiga nisbatan — Moliya vazirini yoki uning vakolatli vakilini anglatadi.
2. Ahdlashuvchi Davlatlardan biri ushbu Konvensiyani qoʻllaganda, unda belgilanmagan atama Konvensiya tatbiq etiladigan soliqlarga nisbatan shu Davlatning qonunida ega boʻlgan ahamiyatga egadir, shu Davlatning soliq qonunchiligida qoʻllaniladigan har qanday atama shu Davlatning boshqa qonunida mazkur atamaga berilgan ahamiyatdan ustun boʻladi.
4-modda Rezident
1. Ushbu Konvensiyaning maqsadlari uchun “Ahdlashuvchi Davlat rezidenti” atamasi shu Davlatning qonunchiligi boʻyicha oʻzining turar joyi, doimiy istiqomat qilishi, boshqaruv joyi yoki oʻzga har qanday shunga oʻxshash mezonlar asosida soliqqa tortiladigan har qanday shaxsni anglatadi va shu Davlatni va uning har qanday mahalliy hokimiyat organini oʻz ichiga oladi. Biroq bu atama ushbu Ahdlashuvchi Davlatda faqat mazkur Davlatda joylashgan manbalardan yoki mol-mulkdan daromad olayotgani uchun soliqqa tortiladigan har qanday shaxsni oʻz ichiga qamramaydi.
2. Agar 1-band qoidalariga muvofiq jismoniy shaxs Ahdlashuvchi Davlatlarning har ikkisining rezidenti boʻlsa, uning maqomi quyidagi tarzda belgilanadi:
a) jismoniy shaxs toʻsiqsiz yashashi mumkin boʻlgan doimiy uyi joylashgan Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti hisoblanadi; agar u har ikki Ahdlashuvchi Davlatda toʻsiqsiz yashashi mumkin boʻlgan doimiy uyga ega boʻlsa, u shaxsiy va iqtisodiy aloqalari eng chuqur boʻlgan (hayotiy manfaatlar markazi) Davlatning rezidenti hisoblanadi;
b) agar uning hayotiy manfaatlari markazi joylashgan Davlatni aniqlab boʻlmasa, yoki Davlatlarning hech birida toʻsiqsiz yashashi mumkin boʻlgan doimiy uyi boʻlmasa, u odatda yashab turgan Davlatining rezidenti hisoblanadi;
s) agar shaxs odatda har ikki Davlatda yashasa yoki ularning hech birida yashamasa, u Ahdlashuvchi Davlatlarning qay birining milliy shaxsi boʻlsa, shu Davlatning rezidenti hisoblanadi;
d) agar u har ikkala Davlatning milliy shaxsi boʻlsa yoki shunday boʻlmasa, Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli tashkilotlari bu masalani oʻzaro kelishuv yoʻli bilan hal qiladilar.
3. Agar 1-band qoidalariga muvofiq shaxs, jismoniy shaxsdan tashqari, Ahdlashuvchi Davlatlarning har ikkisining rezidenti boʻlsa, u oʻzining amaldagi boshqaruv organi joylashgan Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti hisoblanadi.
5-modda Doimiy muassasa
1. Mazkur Konvensiya maqsadlari uchun “doimiy muassasa” atamasi Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatlarda toʻliq yoki qisman tadbirkorlik faoliyatini olib boradigan doimiy faoliyat joyini bildiradi.
2. “Doimiy muassasa” atamasi, jumladan, quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
a) boshqaruv joyi;
b) boʻlim;
s) ofis;
d) fabrika;
e) ustaxona, va
f) shaxta, neft yoki gaz koni, karyer yoki tabiiy resurslar qazib olinadigan har qanday boshqa joy.
3. a) Qurilish maydonchasi, montaj yoxud yigʻma obyekt oʻz faoliyatini 12 oydan koʻproq davom ettirib turgan boʻlsagina, doimiy muassasa deb hisoblanadi.
b) Korxonada band boʻlgan xizmatchilar yoki boshqa xodimlar orqali korxona tomonidan xizmatlar, shu jumladan, maslahat xizmatlarini koʻrsatish, biroq bunday xizmatni shu turdagi faoliyat Davlat doirasida har qanday 24 oylik davr doirasida jami 12 oydan koʻproqni tashkil etuvchi davr va davrlar mobaynida davom etgan taqdirda (xuddi shunday yoki u bilan bogʻliq obyekt uchun).
4. Ushbu moddaning avvalgi qoidalariga qaramay, “doimiy muassasa” atamasi quyidagilarni oʻz ichiga olmaydi:
a) inshootlardan shu korxonaga tegishli tovarlar yoki buyumlarni faqat saqlash, namoyish qilish maqsadlarida foydalanish;
b) shu korxonaga tegishli tovarlar yoki buyumlar zaxirasining faqat saqlash yoki namoyish qilish maqsadlarida ushlab turilishi;
s) shu korxonaga tegishli tovarlar yoki buyumlar zaxirasini faqat boshqa korxona tomonidan qayta ishlov berilishi maqsadlarida ushlab turilishi;
d) doimiy faoliyat joyining faqat tovarlar yoki buyumlar sotib olish yoki mazkur korxona uchun axborot yigʻish maqsadlarida ushlab turilishi;
e) doimiy faoliyat joyining ushbu korxona uchun faqat boshqa har qanday tayyorgarlik yoki yordamchi tusdagi faoliyatni amalga oshirish maqsadlarida ushlab turilishi;
f) doimiy faoliyat joyining a)-e) kichik bandlarida eslatib oʻtilgan faoliyat turlarini har qanday uygʻunlashuvi uchungina saqlab turilishi, bunday uygʻunlashuv natijasida vujudga kelgan ana shu doimiy faoliyat joyining butun faoliyati tayyorgarlik yoki yordamchi tusda boʻlgan taqdirda.
5. 1- va 2-bandlardagi qoidalariga qaramay, agar 7-bandda koʻrsatilgan mustaqil maqomli agentdan oʻzga boʻlgan shaxs Ahdlashuvchi Davlatlardan birida boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasi nomidan ish yuritsa va shu Davlatda korxona nomidan shartnomalar tuzish vakolatiga ega boʻlsa va shu vakolatlardan odatda foydalansa, bu korxona birinchi eslatilgan Davlatda doimiy muassasaga, uning uchun shaxs tomonidan koʻrsatilgan xizmat doirasida ega deb hisoblanadi, lekin ushbu shaxsning faoliyati 4-bandda koʻrsatilgan faoliyat turlari bilan cheklanib qolmasa va bu faoliyat doimiy faoliyat joyi orqali amalga oshirilsa, bu doimiy faoliyat joyini ushbu bandning qoidalariga asosan doimiy muassasaga aylantirmaydi.
6. Ushbu moddaning avvalgi qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlatlardan birining sugʻurta kompaniyasi, qayta sugʻurta qilish bundan mustasno, boshqa Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga ega deb hisoblanadi, agar u boshqa Davlat hududida mukofot toʻplasa yoki 7-band taalluqli boʻlgan mustaqil maqomli agentdan oʻzga shaxs orqali tavakkalni sugʻurta qilsa.
7. Ahdlashuvchi Davlatdan birining korxonasi, agar boshqa Ahdlashuvchi Davlatda broker, komissioner yoki har qanday boshqa mustaqil maqomli agent orqali tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirsa, bu shaxslar oʻzining odatdagi faoliyati chegarasida ish yuritgan taqdirda, bu Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga ega deb qaralmaydi.
8. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlgan kompaniya boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlgan, yoki ana shu boshqa Davlatda tijorat faoliyatini amalga oshirayotgan (doimiy muassasa orqali yoki boshqa tarzda) kompaniya nazorat qilsa yoki nazorat qilinsa, bu fakt oʻz-oʻzidan bu kompaniyalarning birini boshqasi uchun doimiy muassasaga aylantirib qoʻymaydi.
6-modda Koʻchmas mulkdan olinadigan daromadlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan koʻchmas mulkdan olgan daromadlari (qishloq va oʻrmon xoʻjaligidan olinadigan daromadlar ham shu jumlaga kiradi) ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. “Koʻchmas mulk” atamasi koʻrib chiqilayotgan mulk joylashgan Ahdlashuvchi Davlatning soliq qonunchiligida ifodalangan ahamiyatga egadir. Har qanday holda ham ushbu atama yer ustidagi mulk haqidagi umumiy qonunchilikning qoidalari bilan haq-huquqi belgilangan koʻchmas mulkka tegishli boʻlgan mulkni, chorva mollari, qishloq xoʻjaligi va oʻrmon xoʻjaligi vositalari, koʻchmas mulk natijasi boʻlgan atrof mulkni (uzufrukt) ishlatganlik uchun badal sifatida toʻlanadigan oʻzgaruvchan yoki qatʼiy belgilangan toʻlovlarga boʻlgan huquq yoki minerallar, manbalar joylashgan yerga va boshqa tabiiy resurslarni ishlashga boʻlgan huquqni oʻz ichiga qamraydi: kemalar va havo kemalari koʻchmas mulk sifatida qaralmaydi.
3. 1-band qoidalari koʻchmas mulkdan toʻgʻridan toʻgʻri foydalanish, ijaraga berish yoki oʻzga har qanday shaklda foydalanib olingan daromadga nisbatan qoʻllaniladi.
4. 1- va 3-band qoidalari korxonaning koʻchmas mulkdan olgan daromadiga va mustaqil xususiy xizmatlarni amalga oshirishda ishlatiladigan koʻchmas mulkdan olgan daromadlariga ham qoʻllaniladi.
7-modda Tadbirkorlik faoliyatidan olinadigan foyda
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasining foydasi faqat shu Davlatda soliqqa tortiladi, faqat korxona oʻz tadbirkorlik faoliyatini boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u yerda joylashgan doimiy muassasa orqali amalga oshirmayotgan boʻlsa. Agar korxona yuqorida aytilganidek, oʻz faoliyatini amalga oshirayotgan boʻlsa, korxonaning foydasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi, ammo shu doimiy muassasaga tegishli boʻlgan qismidagina soliqqa tortilishi mumkin.
2. 3-band qoidalariga muvofiq, agar Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi tadbirkorlik faoliyatini boshqa Ahdlashuvchi Davlatda, u yerda joylashgan doimiy muassasa orqali, amalga oshirayotgan boʻlsa, foyda har bir Ahdlashuvchi Davlatda shu doimiy muassasaga oʻtkaziladi, doimiy muassasa alohida va mustaqil korxona sifatida faoliyati xuddi shunday yoki shunga oʻxshash faoliyatni, xuddi shunday yoki shunga oʻxshash shartlar asosida amalga oshirayotgan boʻlsa va u korxonaning doimiy muassasasi boʻlgani holda, mutlaqo mustaqil ravishda ish koʻrsa, ushbu foydani olishi mumkin.
3. Doimiy muassasa foydasini aniqlashda mazkur doimiy muassasa maqsadlari uchun sarflangan xarajatlarni, shuningdek doimiy muassasa joylashgan Davlatda, hamda har qanday oʻzga yerda sarflangan boshqaruv va umumiy maʼmuriy xarajatlar chiqarib tashlashga yoʻl qoʻyiladi. Biroq doimiy muassasa tomonidan korxonaning bosh ofisiga yoki uning istalgan boshqa ofislaridan biriga royalti, gonorarlar yoki boshqa shunga oʻxshash toʻlovlar tarzida patentlardan yoki boshqa huquqlardan foydalanganlik oʻrniga yoki muayyan xizmatlar uchun yoki menedjmentlik uchun komission toʻlovlar tarzida, yoxud, bank korxonasidan tashqari, doimiy muassasaga berilgan qarz uchun foizlar tarzida toʻlangan summalarga, agar ular umuman boʻlsa (haqiqiy xarajatlarni qoplashdan tashqari), nisbatan hech qanday chegirmalarga yoʻl qoʻyilmaydi.
4. Ahdlashuvchi Davlatda korxona foydasining umumiy summasini uning turli boʻlinmalariga mutanosib tarzda taqsimlash negizida doimiy muassasaga tegishli foydani belgilash oddiy hol ekanligiga qaramay, 2-banddagi hech narsa Ahdlashuvchi Davlatga soliqqa tortiladigan foydani amaldagi shunday taqsimot vositasida aniqlashga xalaqit bermaydi; tanlangan taqsimot uslubi ushbu moddaga tegishli tamoyillarga munosib natijalar berishi lozim.
5. Korxona uchun doimiy muassasa tomonidan tovarlar yoki buyumlarning xarid qilinishigagina asoslanib doimiy muassasaga biron-bir foyda yozilmaydi.
6. Avvalgi bandlar maqsadlari uchun doimiy muassasaga tegishli foyda, agar boshqasi uchun salmoqli va yetarli sabablar boʻlmasa, har yili bir xil uslubda aniqlanadi.
7. Agar foyda, mazkur Konvensiyaning boshqa moddalarida alohida aytib oʻtilgan foyda turlarini qamrab oladigan boʻlsa, mazkur moddalarning qoidalariga ushbu modda qoidalari taʼsir etmaydi.
8-modda Dengiz va havo transporti
1. Xalqaro tashishlarda dengiz kemalaridan foydalanishdan olingan daromadga, ana shu dengiz kemalari Ahdlashuvchi Davlatda roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki kema hujjatlari bilan taʼminlangan boʻlsa, faqat shu Davlatda soliq solinadi.
2. Xalqaro tashishda havo kemalaridan foydalanishdan olingan foyda korxonaning samarali boshqaruv joyi joylashgan Ahdlashuvchi Davlatdagina soliqqa tortilishi mumkin.
3. 1- va 2-bandlarning qoidalari quyidagilarga nisbatan qoʻllaniladi:
a) xalqaro tashishlarda foydalaniladigan dengiz va havo kemalarini ijaraga berishdan (ekipajsiz kemalarni fraxt qilish asosida ham) olingan kutilmagan foydaga;
b) konteynyerlardan (shu jumladan treylyerlar va konteynyerlarni tashish uchun boshqa uskunalar) foydalanish, ularni saqlab turish va ijaraga berishdan olingan foydaga, agar bunday foyda 1- va 2-bandlar tatbiq etiladigan foydaga nisbatan qoʻshimcha yoki kutilmagan boʻlsa.
4. 1- va 2-bandlar qoidalari transport vositalaridan foydalanish boʻyicha pulda xalqaro tashkilotda yoki qoʻshma korxonada ishtirok etishdan olgan foydalariga ham qoʻllaniladi.
9-modda Birlashgan korxonalar
1. Agar:
a) Ahdlashuvchi Davlatning korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasini boshqarishda, nazorat qilishda yoki uning sarmoyasida bevosita yoki bilvosita qatnashsa, yoki
b) oʻsha shaxslar Ahdlashuvchi Davlatlarning unisining ham korxonasini, bunisining ham korxonasini boshqarishda, nazorat qilishda yoki uning sarmoyasida bevosita yoki bilvosita qatnashsa, ikki korxona oʻrtasida ularning tijorat va moliyaviy munosabatlarida mutlaqo mustaqil boʻlgan korxonalar oʻrtasida boʻladigandan farqli sharoitlar vujudga keltirilsa yoki belgilansa, ularning birortasiga hisoblanishi mumkin boʻlgan, lekin yuqoridagi sharoitlar tufayli zarur hajmda hisoblanmagan har qanday foyda ushbu korxona foydasiga qoʻshilishi va umumiy miqdorda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Ahdlashuvchi Davlatlardan biri shu davlat korxonasi foydasiga boshqa Ahdlashuvchi Davlat korxonasi boʻyicha ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortiladigan foydani kiritsa shu tariqa kiritilgan foyda birinchi eslatilgan Davlat korxonasiga hisoblanishi mumkin boʻlgan foydalar deb hisoblanadi, agar ikkala korxona oʻrtasida vujudga keltirilgan munosabatlar ikki mustaqil korxona oʻrtasidagi munosabatlar kabi boʻlsa, u holda ana shu boshqa Davlat tegishli foydadan soliqlar summasiga tegishli tuzatishlarni kiritishi kerak. Bunda shunday tuzatishlarni belgilashda ushbu Konvensiyaning boshqa qoidalariga tegishlicha eʼtiborni qaratish kerak va Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari, zarur boʻlsa, oʻzaro maslahatlashuvlarni boshlashlari lozim.
10-modda Dividendlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlgan kompaniya tomonidan boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga toʻlangan dividendlar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Biroq bunday dividendlar ularni toʻlayotgan kompaniya qaysi Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, mazkur Davlatning qonunlariga binoan ham soliqqa tortilishi mumkin, ammo dividendlarni oluvchi ularning haqiqiy egasi boʻlsa, undiriladigan soliq miqdori dividendlar yalpi summasining 8% dan oshmasligi kerak.
Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari ana shu cheklashlarni qoʻllash usulini oʻzaro kelishuvga binoan belgilaydilar. Bu band dividendlar toʻlanadigan foydaga nisbatan kompaniyani soliqqa tortishga taalluqli emas.
3. “Dividendlar” atamasi mazkur moddada qoʻllanilganda, aksiyalardan yoki aksiyalardan “foydalanishdan” yoki huquqlardan “foydalanishdan”, kon qazish sanoati aksiyalari, muassislarning aksiyalari yoki qarz talablari hisoblanmagan va foydada ishtirok etish huquqini beruvchi boshqa huquqlardan olinadigan daromadni, shuningdek foydani taqsimlovchi kompaniya rezident boʻlgan Davlatning qonunlariga muvofiq, aksiyalardan olinadigan daromad singari soliq bilan boshqariladigan daromadni anglatadi.
4. Agar dividendlarning haqiqiy egasi Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlgani holda ana shu dividendlarni toʻlayotgan kompaniya rezidenti boʻlgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda faoliyatini unda joylashgan doimiy muassasa orqali amalga oshirsa yoki ushbu boshqa Davlatda u yerda joylashgan doimiy bazadan mustaqil xususiy xizmatlar koʻrsatsa va xolding, dividendlar unga nisbatan toʻlanadi, aslida shu doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan bogʻliq boʻlsa, 1- va 2-band qoidalari qoʻllanilmaydi. Bunday holda vaziyatga qarab 7-modda yoki 14-modda qoidalari qoʻllaniladi.
5. Agar Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlgan kompaniya boshqa Ahdlashuvchi Davlatda foyda yoki daromad olayotgan boʻlsa, bu boshqa Ahdlashuvchi Davlat kompaniya toʻlayotgan dividendlardan soliq olishi mumkin emas, ana shu boshqa Davlat rezidentiga toʻlanadigan bunday dividendlar yoki xolding, dividendlar unga nisbatan toʻlanadi, shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan haqiqatda bogʻliq boʻlgan xollardan tashqari, shuningdek kompaniyaning taqsimlanmagan foydasidan soliqlar olinmaydi, hatto-ki toʻlanayotgan dividendlar yoki taqsimlanmagan foyda ana shu boshqa Davlatda toʻla yoki qisman hosil boʻlgan foyda yoki daromaddan tashkil topgan boʻlsa ham.
11-modda Foizlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning birida hosil boʻlgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga toʻlanadigan foizlar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Ammo bunday foizlar ular hosil boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatda shu Davlatning qonunlariga binoan ham soliqqa tortilishi mumkin, ammo foizlarni oluvchi ularning haqiqiy egasi boʻlsa, u xolda soliq miqdori foizlar yalpi summasining 10 foizidan oshmasligi kerak. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari bunday cheklashlarni qoʻllash usulini oʻzaro kelishuvga binoan belgilaydilar.
3. 2-bandning qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlatlardan birida hosil boʻlgan foizlar ana shu davlatda soliq toʻlashdan ozod qilinishi kerak, agar foizlarga boshqa Ahdlashuvchi Davlat yoki uning mahalliy hokimiyat organlari yoki shu Davlatning Markaziy banki ega boʻlsa.
4. “Foizlar” atamasi mazkur moddada qoʻllanilganda qarzdor foydasida qatnashishga huquq beradigan yoki bermaydigan, badal bilan taʼminlangan yoki taʼminlanmagan har qanday turdagi qarz talablaridan olinadigan daromadni va, xususan, hukumat qimmatbaho qogʻozlari, obligatsiyalar yoki qarz majburiyatlaridan olinadigan daromadni, shu jumladan, ushbu qimmatbaho qogʻozlar, obligatsiyalar va qarz majburiyatlari boʻyicha olinadigan mukofotlar va yutuqlarni, shu jumladan bunday daromad paydo boʻladigan oʻsha Ahdlashuvchi Davlatning soliq qonunlari boʻyicha foizlar sifatida koʻrib chiqiladigan har qanday daromadni bildiradi. Oʻz vaqtida toʻlanmagan toʻlovlar uchun jarimalar ushbu modda maqsadlarida foizlar sifatida koʻrib chiqilmaydi.
5. Agar foizlarning haqiqiy egasi Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻla turib, u yerda joylashgan doimiy muassasa orqali foizlar hosil boʻlayotgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda tadbirkorlik faoliyati olib borayotgan boʻlsa, yoki mazkur boshqa Davlatda joylashgan doimiy baza orqali mustaqil shaxsiy xizmatlar koʻrsatayotgan boʻlsa va foizlar toʻlanayotgan qarz talabnomalari shunday doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan haqiqatan ham bogʻliq boʻlsa, 1- va 2-band qoidalari qoʻllanilmaydi. Bu holda vaziyatga qarab 7-modda yoki 14-modda qoidalari qoʻllaniladi.
6. Foizlarni toʻlovchi Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, foizlar mazkur Davlatda hosil boʻlgan deb hisoblanadi. Lekin foizlarni toʻlovchi shaxs, Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlishi yoki boʻlmasligidan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlatda doimiy muassasaga yoki doimiy bazaga ega boʻlib, shu tufayli qarzlar uchun foizlarni toʻlash majburiyati vujudga kelgan boʻlsa, va bu foizlar doimiy muassasa yoki doimiy baza tomonidan toʻlanadigan boʻlsa, bunday holda foizlar doimiy muassasa yoki doimiy baza joylashgan Ahdlashuvchi Davlatda vujudga kelgan, deb hisoblanadi.
7. Agar toʻlovchi va amalda foizlar huquqiga ega boʻlgan shaxs oʻrtasidagi, yoki ular ikkalasi va qandaydir oʻzga shaxs oʻrtasidagi alohida munosabatlar oqibatida qarz talabnomasiga nisbatan toʻlanayotgan foizlar miqdori toʻlovchi va amalda foizlar huquqiga ega shaxs oʻrtasida kelishilgan miqdordan oshiq boʻlsa, bunday munosabatlar yoʻq boʻlgan taqdirda mazkur modda qoidalari faqat oxirgi eslatilgan miqdorga nisbatan qoʻllaniladi. Bunday holda toʻlovning ortiqcha qismidan mazkur Konvensiyaning boshqa qoidalari inobatga olingan holda, har bir Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligiga muvofiq ilgarigidek soliq olinadi.
12-modda Royalti
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birida hosil boʻladigan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga toʻlanadigan royaltilar ushbu oʻzga Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Biroq bunday, royaltilar ular vujudga keladigan Ahdlashuvchi Davlatda uning qonunlariga muvofiq ham soliqqa tortilishi mumkin, lekin agar royaltining egasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, unda bu tariqa undiriladigan soliq royaltining yalpi summasining 8 foizidan ortiq boʻlmasligi kerak. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari bunday cheklashni qoʻllanish usulini oʻzaro kelishuv boʻyicha belgilaydilar.
3. “Royalti” atamasi mazkur moddada qoʻllanilganda adabiy, badiiy yoki ilmiy asarlar, shu jumladan kinomatografik filmlar, radioeshittirish yoki televideniye uchun tasmalar yoki kassetalarga mualliflik huquqlaridan foydalanish yoki bunday huquqlardan foydalanish huquqlarini berganlik uchun, har qanday patent, tovar belgisi, chizma yoki model, reja, maxfiy formula yoki jarayon yoki sanoat, tijorat yoki ilmiy uskunadan foydalanishga mualliflik huquqlari yoki sanoat, tijorat yoki ilmiy tajribaga mansub axborot uchun mukofot tarzida olingan har qanday koʻrinishdagi toʻlovlarni bildiradi.
4. Royaltiga nisbatan amalda huquqqa ega boʻlgan shaxs Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlib, royalti hosil boʻlayotgan boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u yerda joylashgan doimiy muassasa orqali tadbirkorlik faoliyatini yuritayotgan boʻlsa yoki ushbu boshqa Davlatda u yerda joylashgan doimiy baza orqali mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirsa va royalti toʻlanayotgan huquq yoki mulk amalda shunday doimiy muassasa yoki doimiy baza bilan bogʻliq boʻlsa, 1- va 2-band qoidalari qoʻllanilmaydi. Bunday holda 7-modda yoki 14-modda qoidalari vaziyatga qarab qoʻllaniladi.
5. Agar toʻlovchi Ahdlashuvchi Davlatning rezidenti boʻlsa, royalti shu Ahdlashuvchi Davlatda hosil boʻlgan, deb hisoblanadi. Biroq, agar, royaltini toʻlovchi shaxs Ahdlashuvchi Davlatning rezidentimi, yoʻqmi, bundan qatʼi nazar, Ahdlashuvchi Davlatda royaltini toʻlash majburiyati zimmasiga tushgan doimiy muassasaga yoki doimiy bazaga ega boʻlsa va bu doimiy muassasa yoki doimiy baza toʻlov xarajatlarini toʻlasa, bunday royalti doimiy muassasa yoki doimiy baza joylashgan shu Ahdlashuvchi Davlatda hosil boʻlgan, deb hisoblanadi.
6. Agar toʻlovchi bilan amalda royalti huquqiga ega shaxs oʻrtasidagi, yoki ularning ikkovi va boshqa biron bir shaxs oʻrtasidagi alohida munosabatlar oqibatida royaltidan foydalanishga, foydalanish huquqiga yoki royalti toʻlanadigan axborotga taalluqli royaltining toʻlangan miqdori toʻlovchi va amaldagi shu daromadlar huquqiga ega shaxs oʻrtasida kelishilishi mumkin boʻlgan miqdordan oshiq boʻlsa, bunday munosabatlar yoʻq boʻlgan taqdirda, mazkur modda qoidalari faqat oxirgi eslatilgan miqdorga nisbatan qoʻllaniladi. Bunday holda toʻlovning ortiqcha qismiga mazkur Konvensiyaning boshqa qoidalari inobatga olingan holda, har bir Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligiga muvofiq avvalgidek soliq solinadi.
7. Agar royalti toʻlanadigan huquqlarni yaratish yoki oʻzgaga oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan har qanday shaxsning asosiy maqsadi yoki asosiy maqsadlaridan biri mazkur moddadan huquqlarni yaratish yoki oʻzgaga oʻtkazish orqali naf orttirish boʻlsa, mazkur moddaning qoidalari qoʻllanilmaydi. Bunday holda har bir Ahdlashuvchi Davlatning ichki qonunlari qoʻllaniladi.
13-modda Mol-mulkdan olinadigan daromadlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti 6-moddada eslatib oʻtilgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatda boʻlgan koʻchmas mulkni sotishdan olinadigan daromadlarga oʻsha boshqa Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasa amaliy mulkining bir qismini tashkil etuvchi koʻchar mulkni begonalashtirishdan olingan yoki Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boshqa Ahdlashuvchi Davlatda mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirishida bemalol foydalanishi mumkin boʻlgan doimiy bazaga tegishli koʻchar mulkni begonalashtirishdan olingan daromadlarga, bunga shu doimiy muassasani (alohida yoki korxona bilan birgalikda) yoki shunday doimiy bazani begonalashtirishdan olingan daromadni ham qoʻshib mana shu boshqa Davlatda soliq solinishi mumkin.
3. Xalqaro tashishlarda foydalaniladigan kemalar yoki samolyotlarni begonalashtirish va shunday kemalar yoki samolyotlardan foydalanishga taalluqli koʻchar mol-mulkni sotishdan olingan daromadlar faqat ana shunday dengiz yoki havo kemalaridan olinadigan foyda 8-moddaning qoidalariga muvofiq soliq solinadigan Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortiladi.
4. Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan kompaniyada 15 foiz ishtirok etgan aksiyalarni begonalashtirishdan olingan daromadlarga shu Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin.
5. 1-, 2-, 3- va 4-bandlarda eslatilganlardan farqli oʻlaroq, Ahdlashuvchi Davlatning mol-mulkni begonalashtiruvchi shaxs hisoblangan rezidenti har qanday mulkni begonalashtirishdan olgan daromadga faqat shu Davlatda soliq solinadi.
14-modda Mustaqil shaxsiy xizmatlar
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti kasb xizmatlarini koʻrsatish yoki mustaqil tusdagi boshqa faoliyatdan olgan daromadiga faqat mana shu Davlatdagina soliq solinishi mumkin, agar u oʻz xizmati maqsadlari uchun boshqa Ahdlashuvchi Davlatda oʻzi uchun doimiy qulay boʻlgan doimiy bazaga ega boʻlsa. Agar uning shunday doimiy bazasi boʻlsa, soliq boshqa Davlatda, faqat doimiy bazaga taalluqli hajmdagina olinadi.
2. “Kasb xizmatlari” iborasi jumladan mustaqil ilmiy, adabiy, badiiy, maʼrifiy yoki oʻqituvchilik faoliyatlarini, shuningdek vrachlar, yuristlar, muhandislar, meʼmorlar, stomatologlar va buxgaltyerlarning mustaqil faoliyatini ham qamrab oladi.
15-modda Yollash bilan bogʻliq shaxsiy xizmatlar
1. 16-, 18- va 19-moddalar qoidalarini hisobga olib, Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti yollash boʻyicha oladigan maoshi, ish haqi va shunga oʻxshash taqdirlash pullariga, yollash bilan bogʻliq ish boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshirilmayotgan boʻlsa, mana shu Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin. Agar yollanma ish shu tariqa bajariladigan boʻlsa, unda shu munosabat bilan olingan taqdirlash puliga ana shu oʻzga Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. 1-bandning qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti Ahdlashuvchi Davlatlardan boshqasida amalga oshiradigan yollash boʻyicha ishi uchun oladigan taqdirlash pullariga faqat birinchi eslatilgan Davlatda soliq solinadi, bunda:
a) taqdirlash puli oluvchi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda koʻrib chiqilayotgan taqvimiy yilda boshlanayotgan yoki tugayotgan istalgan 12 oylik davr doirasida jami 183 kundan oshmaydigan davr yoki davrlar mobaynida yashayotgan boʻlsa;
b) taqdirlash puli yollovchi tomonidan yoki boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlmagan yollovchi nomidan toʻlanadi; va
s) taqdirlash puli boʻyicha xarajatlarni yollovchi boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasa yoki doimiy baza oʻz zimmasiga olmaydi.
3. Mazkur moddaning avvalgi qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlat korxonasi xalqaro yuk tashishlarda foydalanadigan dengiz, havo kemalari, temir yoʻl yoki avtomobil transporti vositasida amalga oshiriladigan yollanma ish uchun olinadigan taqdirlashlarga ana shunday dengiz yoki havo kemalaridan olinadigan foyda 8-moddaning qoidalariga muvofiq soliq solinadigan Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin.
16-modda Direktorlarning gonorarlari
Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻlgan kompaniyaning Direktorlar Kengashi aʼzosi sifatida oladigan gonorarlar va boshqa shu kabi toʻlovlar ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
17-modda Sanʼat xodimlari va sportchilar
1. 14- va 15-moddalar qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti teatr, kino, radio yoki televideniye artisti yoki musiqachi kabi sanʼat xodimi sifatida yoki sportchi sifatida boshqa Ahdlashuvchi Davlatda amalga oshirayotgan shaxsiy faoliyati tufayli oladigan daromadiga shu boshqa Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. Sanʼat xodimi yoki sportchi amalga oshirgan shaxsiy faoliyatidan olinadigan daromad sanʼat xodimi yoki sportchining oʻziga emas, boshqa shaxsga yozilsa, 7-, 14- va 15-moddalar qoidalariga qaramay, ushbu daromadga sanʼat xodimi yoki sportchi faoliyat koʻrsatayotgan oʻsha Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin.
3. Ushbu moddaning 1- va 2-bandlarining qoidalariga qaramay, Ahdlashuvchi Davlatlar oʻrtasidagi madaniy bitim yoki kelishuvga muvofiq amalga oshiriladigan 1-bandda koʻrsatilgan faoliyatdan olinadigan daromad ushbu faoliyat amalga oshiriladigan Ahdlashuvchi Davlatda soliqdan ozod qilinadi.
18-modda Pensiyalar
1. 19-moddaning 2-bandi qoidalariga muvofiq, Ahdlashuvchi Davlatning rezidentiga uning ilgarigi yollanish boʻyicha ishlagan ishi uchun tovon sifatida toʻlanadigan pensiyalar va boshqa shu singari ragʻbatlantirish pullariga faqat shu Davlatda soliq solinadi.
19-modda Hukumat xizmati
1. a) Ahdlashuvchi Davlatning oʻzi yoki uning mahalliy hokimiyatlari Ahdlashuvchi Davlatning oʻzi yoki uning mahalliy hokimiyatlariga koʻrsatgan xizmatlariga nisbatan jismoniy shaxsga toʻlaydigan pensiyadan tashqari maosh, ish haqi va shu kabi taqdirlash puliga faqat ana shu Davlatda soliq solinadi.
b) Biroq bunday maosh, ish haqi va shu kabi taqdirlash puliga agar xizmatlar mana shu Davlatda amalga oshirilsa va jismoniy shaxs shu Davlatning rezidenti:
i) va shu Davlatning milliy shaxsi boʻlsa; yoki
ii) faqat xizmatlarni amalga oshirish maqsadida shu Davlatning rezidenti boʻlmagan boʻlsa, faqat ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin.
2. a) Ahdlashuvchi Davlatning oʻzi yoki uning mahalliy hokimiyatlari tuzgan fondlardan shu Davlatga yoki uning mahalliy hokimiyatlariga koʻrsatgan xizmatlariga nisbatan har qanday jismoniy shaxsga toʻlanadigan har qanday pensiyaga faqat mana shu Davlatdagina soliq solinadi.
b) Biroq agar jismoniy shaxs ushbu Davlatning rezidenti va milliy shaxsi boʻlsa, unda bunday pensiyaga faqat boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin.
3. 15-, 16-, 17- va 18-moddalarning qoidalari Ahdlashuvchi Davlat yoki uning mahalliy hokimiyatlari amalga oshiradigan amaliy faoliyati munosabati bilan koʻrsatiladigan xizmatlarga nisbatan toʻlanadigan maoshlar, ish haqi va shunga oʻxshagan taqdirlash pullariga nisbatan qoʻllanadi.
20-modda Professorlar va talabalar
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boshqa Ahdlashuvchi Davlatda oliy darajada ilmiy yoki tadqiqotchilik faoliyatini oshirganligi yoki universitet, ilmiy tadqiqotchilik instituti yoki shunga oʻxshagan boshqa muassasada ikki yildan oshmaydigan davr mobaynida oliy maʼlumot uchun taʼlim berganligi uchun oladigan taqdirlash pullariga ushbu boshqa Davlatda soliq solinmaydi.
2. Ahdlashuvchi Davlatga kelgunga qadar boshqa Ahdlashuvchi Davlatning hozirda rezidenti hisoblanib turgan yoki boʻlgan va birinchi eslatilgan Davlatda faqat oʻqish yoki maʼlumot olish maqsadlardagina yashab turgan student yoki praktikantning yashash, oʻqish va maʼlumot olish uchun moʻljallanib oladigan toʻlovlariga mana shu birinchi eslatilgan Davlatda, agarda bunday toʻlovlar shu Davlat hududidan tashqaridagi manbalardan olib toʻlanadigan boʻlsa, soliq solinmaydi.
21-modda Boshqa daromadlar
1. Ahdlashuvchi Davlat rezidentining mazkur Konvensiyaning oldingi moddalarida tilga olinmagan daromad turlariga faqat mana shu Davlatdagina soliq solinishi mumkin.
2. 1-bandning qoidalari 6-moddaning 2-bandida belgilangan daromadga nisbatan, koʻchmas mulkdan olingan daromaddan tashqari, qoʻllanilmaydi, agarda bunday daromadni oluvchi Ahdlashuvchi Davlat rezidenti boʻla turib, boshqa Ahdlashuvchi Davlatda u yerdagi doimiy muassasa orqali oʻz faoliyatini amalga oshirsa yoki u yerdagi doimiy baza orqali mustaqil shaxsiy xizmatlarni amalga oshirsa va daromad toʻlanadigan huquq yoki mulk haqiqatan ham bunday doimiy muassasa yoki baza bilan bogʻlangan boʻlsa. Bu holatda vaziyatga qarab 7-modda yoki 14-modda qoidalari qoʻllaniladi.
22-modda Mol-mulk
1. 6-moddada eslatib oʻtilgan koʻchmas mol-mulk tarzidagi va Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga tegishli boʻlgan va boshqa Ahdlashuvchi Davlatda joylashgan mol-mulk ana shu boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin.
2. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlatdagi doimiy muassasasining tadbirkorlikka oid mol-mulkining bir qismi boʻlgan koʻchar mulkka yoki Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidentiga boshqa Ahdlashuvchi Davlatda mustaqil yakka tartibdagi xizmatlarini koʻrsatish uchun lozim boʻlgan doimiy bazaga tegishli mol-mulkka ushbu boshqa Davlatda soliq solinishi mumkin.
3. Xalqaro tashishlarda foydalaniladigan dengiz yoki havo kemalari sifatidagi mulkka va bunday dengiz va havo kemalaridan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan koʻchar mulkka ana shunday dengiz yoki havo kemalaridan olinadigan foyda 8-moddaning qoidalariga muvofiq soliq solinadigan Ahdlashuvchi Davlatda soliq solinishi mumkin.
4. Ahdlashuvchi Davlat rezidenti mulkining boshqa barcha elementlariga faqat ushbu Davlatda soliq solinadi.
23-modda Ikki tomonlama soliqqa tortishni bartaraf etish
1. Agar Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezident mazkur Konvensiya qoidalariga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan daromad olsa va mol-mulkka ega boʻlsa, unda oldin tilga olingan Davlat:
a) ushbu rezidentning daromadidan olinadigan soliqdan boshqa Davlatda toʻlangan daromad soligʻiga teng summani chegirib qolishi,
b) ushbu rezidentning mol-mulk soligʻidan boshqa Davlatda toʻlangan mol-mulk soligʻiga teng summani chegirib qolishi mumkin.
Bunday hisoblar har qanday holda ham vaziyatga qarab boshqa Davlatda soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan daromad yoki mulkka taalluqli hisoblar taqdim qilingunga qadar hisoblab chiqiladigan daromad yoki mol-mulkdan olinadigan soliq qismidan ortiq boʻlmasligi kerak.
2. Agar Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti mazkur Konvensiyaning 7-modda va 14-modda qoidalariga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Davlatda soliqqa tortilishi mumkin boʻlgan daromad olsa, unda oldin tilga olingan Davlat bunday daromadni soliqqa tortishdan ozod qiladi.
3. Agar Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidenti boʻlgan kompaniya boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga dividendlarni toʻlasa, unda kompaniyaning dividendlar toʻlanadigan foydaga nisbatan toʻlagan soligʻi kreditda hisobga olinishi lozim (1-bandning (a) kichik bandi qoidalariga muvofiq kreditlanishi lozim boʻlgan har qanday soliqqa qoʻshimcha ravishda).
4. Agar bir Ahdlashuvchi Davlatning qonunlariga muvofiq ushbu Konvensiya tegishli boʻlgan har qanday soliq ushbu Davlatning iqtisodiy rivojlantirilishini chuqurlashtirish uchun alohida qoidalar oqibatida toʻlashdan toʻliq yoki qisman ozod qilingan boʻlsa, unda boshqa Ahdlashuvchi Davlatda bundan oldingi bandlarda koʻrsatilganidek soliqdan chegirmani hisob-kitob qilish maqsadlarida toʻlashdan ozod qilingan soliq toʻlangan deb hisoblanadi.
24-modda Kamsitmaslik
1. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining milliy shaxslari boshqa Ahdlashuvchi Davlatda boshqa Davlat milliy shaxslariga ayni bir xil sharoitlarda, jumladan rezidensiyaga nisbatan solinishi mumkin boʻlgandan ortiq har qanday soliq yoki unga aloqador majburiyatlarga, soliq solishdan koʻra mushkulroq yoki unga aloqador holatlarga duchor qilinmaydilar. 1-moddaning qoidalariga qaramasdan ushbu qoidalar, shuningdek bir yoki ikkala Ahdlashuvchi Davlat rezidentlari boʻlmagan shaxslarga nisbatan ham qoʻllanadi.
2. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidentlari boʻlgan fuqarolikka ega boʻlmagan shaxslar koʻrib chiqilayotgan Davlatda boshqa Davlat milliy shaxslariga ayni bir xil sharoitlarda solinishi mumkin boʻlgandan ortiq har qanday soliq yoki unga aloqador majburiyatlarga, soliq solishdan koʻra mushkulroq yoki unga aloqador holatlarga duchor qilinmaydilar.
3. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ega boʻlgan doimiy muassasasiga soliq solish ana shu boshqa Ahdlashuvchi Davlatda ushbu Ahdlashuvchi boshqa Davlatning aynan shunday faoliyatni amalga oshiruvchi korxonalariga soliq solishdan koʻra yomonroq boʻlmaydi. Mazkur qoida bir Ahdlashuvchi Davlatni boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga soliq solish maqsadlarida oʻz rezidentlariga ularning fuqarolik mavqeyi yoki oilaviy majburiyatlari asosida beradigan har qanday xususiy imtiyozlar, ozod qilishlar yoki chegirmalar berishga majburlovchi tarzida talqin qilinmasligi lozim.
4. 9-moddasining 1-bandi, 11-moddasining 6-bandi yoki 12-moddasining 6-bandi qoidalari qoʻllaniladigan hollardan tashqari, Ahdlashuvchi Davlat korxonasi boshqa Ahdlashuvchi Davlatlardan birining rezidentiga bunday korxonaning soliqqa tortiladigan daromadini aniqlash maqsadida toʻlaydigan foizlar, royaltilar va boshqa qarz toʻlovlari, agar bunday toʻlovlar birinchi eslatilgan Davlat rezidentiga toʻlangan boʻlsa, bunday sharoitda chegirib tashlanadi. Shu singari Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonasining boshqa Ahdlashuvchi Davlat rezidentiga har qanday qarzlari shu korxonaning soliqqa tortiladigan mol-mulkini aniqlash maqsadida birinchi eslatilgan Davlat rezidentining qarzi singari shartlar asosida chegirib tashlanishi kerak.
5. Ahdlashuvchi Davlatlardan birining korxonalari, qaysiki ularning kapitali toʻliq yoki qisman boshqa Ahdlashuvchi Davlatning bir yoki undan koʻp rezidentlariga tegishli boʻlsa yoki ular tomonidan bevosita yoki bilvosita nazorat qilinsa, birinchi eslatilgan Davlatda birinchi eslatilgan Davlatning shunday korxonalariga solinadigan yoki solinishi mumkin boʻlgan har qanday soliq yoki unga aloqador holatlar, boshqa yoki soliq solishdan koʻra mushkulroq holatlarga duchor qilinmaydi.
6. Mazkur moddaning qoidalari 2-modda qoidalariga qaramay, turli xil va taʼrifdagi soliqlarga nisbatan qoʻllaniladi.
25-modda Oʻzaro kelishuv tartiblari
1. Agar shaxs Ahdlashuvchi Davlatlardan biri yoki har ikkalasining xatti-harakatlari unga mazkur Konvensiya qoidalarida nazarda tutilganga muvofiq kelmaydigan soliq solinishiga olib keladi yoki olib kelishi mumkin deb hisoblasa, u mazkur Davlatlarning soliq qonunchiligida nazarda tugilgan himoya vositalaridan qatʼi nazar, oʻz arizasini oʻzi rezident boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organiga yoki agarda uning holati 24-modda 1-bandiga muvofiq kelsa, oʻzi milliy shaxsi boʻlgan Ahdlashuvchi Davlatga taqdim etishi mumkin. Bunday ariza mazkur Konvensiya qoidalariga nomuvofiq soliq solinishiga olib keluvchi xatti-harakatlar toʻgʻrisida birinchi bor bildirilgan kundan boshlab uch yil mobaynida berilishi kerak.
2. Vakolatli organ ushbu eʼtirozni asosli deb topsa va uning oʻzi qoniqtiradigan qarorga kela olmasa, masalani Konvensiyaga muvofiq kelmaydigan soliq solinishidan qochish maqsadlarida boshqa Ahdlashuvchi Davlatning vakolatli organi bilan oʻzaro kelishib hal qilishga harakat qiladi. Erishilgan har qanday kelishuv Ahdlashuvchi Davlat ichki qonunchiligida nazarda tutilgan har qanday vaqtincha cheklashlardan qatʼi nazar, bajarilishi kerak.
3. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari mazkur Konvensiyani talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga keladigan har qanday qiyinchilik va ikkilanishlarni oʻzaro kelishuv asosida hal qilishga harakat qiladilar. Ular mazkur Konvensiyada koʻzda tutilmagan hollarda ikki tomonlama soliqqa tortishni bartaraf etish maqsadida ham bir-birlari bilan maslahatlashishlari mumkin.
4. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari avvalgi qoidalar xususida kelishuvga erishish maqsadida bir-birlari bilan bevosita muloqotga kirishishlari mumkin, shu jumladan, ular yoki ularning vakillaridan iborat qoʻshma komissiya doirasida.
26-modda Axborot almashish
1. Ahdlashuvchi Davlatlarning vakolatli organlari mazkur Konvensiya yoki Ahdlashuvchi Davlatlarning ushbu Konvensiya qoʻllaniladigan soliqlarga tegishli boʻlgan ichki qonunlari qoidalarini qoʻllash uchun ushbu qonunlarga muvofiq soliq solinishi mazkur Konvensiyaga zid kelmaydigan darajada zarur axborot bilan almashib turadilar. Axborot almashish 1-modda bilan cheklanib qolmaydi. Ahdlashuvchi Davlat olayotgan har qanday axborot ushbu Davlatning ichki qonunlariga binoan olingan axborot singari maxfiy hisoblanadi hamda faqat aniqlash, olib qoʻyish, majburiy chora koʻrish, sud orqali taʼqib etish bilan bogʻliq yoki mazkur Konvensiya taalluqli boʻlgan soliqlarga nisbatan apellatsiyalarni koʻrib chiquvchi shaxslar va organlargagina (sudlar va maʼmuriy organlarga ham) ochiladi. Bunday shaxslar yoki organlar axborotdan faqat shunday maqsadlarda foydalanadilar. Ular bunday axborotni ochiq sud majlisi paytida yoki yuridik qarorlarni qabul qilishda ochishi mumkin.
2. Hech qanday holatda ham mazkur moddaning 1-bandi qoidalari Ahdlashuvchi Davlatlar vakolatli organlari zimmasiga quyidagi majburiyatlarni yuklovchi qoidalar sifatida talqin qilinmaydi:
a) u yoki boshqa Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligi yoki maʼmuriy amaliyotiga zid maʼmuriy choralar oʻtkazish;
b) u yoki bu Ahdlashuvchi Davlat qonunchiligiga koʻra yoki odatdagi maʼmuriy amaliyotga muvofiq olinishi mumkin boʻlmagan axborotni taqdim etish;
s) savdo, sanoat, tijorat yoki xizmat siri yoki savdo jarayonini fosh etuvchi axborotni yoki ochilishi davlat siyosatiga zid keluvchi axborotni taqdim etish.
27-modda Diplomatik vakolatxonalar xodimlari va konsullik muassasalari xizmatchilari
Mazkur Konvensiyaning hech bir qoidasi diplomatik vakolatxonalar xodimlari yoki konsullik muassasalari xodimlarining xalqaro huquq umumiy normalariga yoki maxsus bitimlar qoidalariga muvofiq belgilab qoʻyilgan soliq imtiyozlariga daxl qilmaydi.
28-modda Bitimning kuchga kirishi
Ahdlashuvchi Davlatlarning har biri mazkur Konvensiyaning kuchga kirishi uchun ularning ichki qonunlariga koʻra talab qilinadigan zarur rasmiyatchiliklar tugaganligi toʻgʻrisida bir-birlariga diplomatik yoʻllar orqali maʼlum qiladilar. Mazkur Konvensiya aytib oʻtilgan ana shunday oxirgi xabar olingan kundan boshlab kuchga kiradi va shundan keyin ushbu Konvensiya kuchga kirgan yildan keyingi taqvimiy yilning birinchi yanvaridan boshlab yoki shu sanadan keyin olinadigan daromadga yoki egalikdagi mol-mulkka nisbatan taʼsir kuchiga ega boʻladi.
29-modda Konvensiyaning amal qilishini toʻxtatish
Mazkur Konvensiya Ahdlashuvchi Davlatlardan biri uning amal qilishini toʻxtatgunigacha oʻz kuchini saqlab qoladi. Har bir Ahdlashuvchi Davlat Konvensiyaning amal qilishini boshqa Ahdlashuvchi Davlatga diplomatiya yoʻllari boʻyicha Konvensiya amal qilinishini toʻxtatish toʻgʻrisida Konvensiya kuchga kirgan kundan boshlab besh yil oʻtganidan keyin har qanday taqvimiy yilning tugashiga kamida olti oy qolgunigacha yozma xabarnoma yuborish orqali toʻxtatishi mumkin. Bunday holda Konvensiyaning amal qilishi uning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi xabarnoma berilgan yildan keyingi taqvimiy yilning birinchi yanvarida yoki birinchi yanvaridan soʻng olinadigan daromadga yoki egaligidagi mol-mulkka nisbatan oʻz taʼsirini toʻxtatadi.
Tegishli tartibda vakolat berilgan quyidagi imzo chekuvchilar shunga guvohlik berib mazkur Konvensiyani imzoladilar.
Afina shahrida 1997-yil 1-aprelda ikki nusxada, har biri oʻzbek, grek va ingliz tillarida tuzildi, bunda hamma matnlar ham bir xil kuchga ega. Shubhalar paydo boʻlganida ingliz tilidagi matn asos uchun qabul qilinadi.
(imzolar)
