Iqtisodiy va moliyaviy qonunbuzarliklarga qarshi kurash sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
26.02.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ozarbayjon Respublikasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
milliy qonunlarga amal qilib va oʻz davlatlarining xalqaro majburiyatlariga rioya etib,
iqtisodiy va moliyaviy qonunbuzarliklarning oldini olish, aniqlash va payini qirqish bilan bogʻliq boʻlgan masalalarning samarali hal etishga boʻlgan oʻzaro manfaatdorlikdan kelib chiqib,
ushbu maqsadlarda huquqiy usullarni ishlatishga muhim ahamiyat berib,
hamkorlik asosida tenglik, oʻzaro tushunish va oʻzaro foyda prinsiplari yotishini taʼkidlab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ushbu Bitim maqsadi boʻlib, moliyaviy-iqtisodiy qonunlarni buzishlarga qarshi samarali kurashni tashkil qilish va Tomonlar davlatlarining hududlariga gʻayriqonuniy oʻtkazilgan valyuta boyliklari va boshqa daromadlarni qaytarish maqsadida Tomonlar vakolatli organlarining hamkorligi hisoblanadi.
Ushbu Bitim amal qiluvchi fuqaro va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi, ularda Oʻzbekiston Respublikasi yoki Ozarbayjon Respublikasi Tomonlardan biri boʻlgan xalqaro bitimlarga taʼsir koʻrsatmaydi.
2-modda
Tomonlar ushbu Bitimni bajarish uchun masʼul vakolatli organlarining roʻyxatini belgilaydilar va uni bir-birlariga maʼlum qiladilar.
Tomonlar vakolatli organlarining rasmiy nomlari oʻzgargan yoki ular qayta tashkil qilingan holda ular bu toʻgʻrida bir-birlarini darhol xabardor qiladilar.
3-modda
Ushbu Bitim doirasida Tomonlar quyidagi hamkorlik shakllaridan foydalanadilar:
moliyaviy qonunbuzarliklarning oldini olish, aniqlash va payini qirqish boʻyicha choralar koʻrishda oʻzaro harakat qilish;
hamkorlik jarayonida yuzaga keladigan masalalarni hal etish boʻyicha faoliyatni muvofiqlashtirish, jumladan ishchi guruhlarini tashkil qilish, vakillar, ekspertlar bilan almashish va kadrlarni oʻqitish;
moliyaviy-iqtisodiy qonunbuzarliklarga qarshi kurash muammolari boʻyicha ilmiy-amaliy konferensiya va seminarlar tashkil qilish va oʻtkazish.
Ushbu Bitimni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan masalalar boʻyicha Tomonlarning vakolatli organlari bir-birlari bilan bevosita aloqada boʻladilar.
4-modda
Tomonlarning vakolatli organlari ushbu Bitim masalalari boʻyicha oʻz davlatlari qonunlaridagi oʻzgarishlar toʻgʻrisida bir-birlariga xabar qiladilar.
5-modda
Tomonlarning vakolatli organlari moliyaviy-iqtisodiy qonunlarni buzishlarga qarshi kurashni tashkil qilish maqsadida axborot tizimlarini barpo etish va ishlatish masalalari boʻyicha axborot, tajriba, metodik va ilmiy materiallar bilan almashishni bepul ravishda amalga oshiradilar.
6-modda
Tomonlarning vakolatli organlari oʻz oʻquv muassasalari bazasida kadrlarni oʻqitish va qayta tayyorlash masalalari boʻyicha hamkorlik qiladilar, moliyaviy-iqtisodiy qonunlarni buzishlarga qarshi kurashning dolzarb masalalari boʻyicha qoʻshma ilmiy tadqiqotlar oʻtkazadilar, ekspertlar bilan almashadilar.
Ushbu modda doirasidagi hamkorlikni amalga oshirishning aniq shakllari Tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasida tuziladigan tegishli bitimlar bilan belgilanadi.
7-modda
Iqtisodiy va moliyaviy qonunbuzarliklarga qarshi kurash sohasida koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovnoma yozma ravishda joʻnatiladi.
Kechiktirib boʻlmaydigan hollarda soʻrovnoma ogʻzaki ravishda, kechiktirmasdan uch kun davomida yozma ravishdagi tasdiqnomasi bilan berilishi mumkin.
Koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovnomada quyidagilar boʻlishi lozim:
soʻrovchi Tomon vakolatli organining nomlanishi;
soʻralayotgan Tomon vakolatli organining nomlanishi;
soʻrovnomaning mohiyatining qisqacha bayoni va asoslanishi, shuningdek boshqa zarur maʼlumotlar.
8-modda
Soʻrovnoma u olingan sanadan boshlab, bir oydan kechiktirmasdan bajariladi. Zarur holda Tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasidagi ahdlashuv boʻyicha soʻrovnomani bajarish muddati uzaytirilishi mumkin.
Soʻralayotgan Tomonning vakolatli organi zarur boʻlganda qoʻshimcha axborot soʻrashi mumkin.
Soʻrovnomani qondirishning iloji boʻlmagan holda, soʻralayotgan Tomonning vakolatli organi darhol bu haqda soʻrayotgan Tomonning vakolatli organiga xabar beradi.
Agar shunday soʻrovnoma bajarilishi soʻralayotgan Tomonning suvereniteti yoki xavfsizligiga ziyon keltirsa, yoxud milliy qonunlariga zid keladigan boʻlsa, soʻrovnomani bajarishni toʻliq yoki qisman rad etish mumkin.
Soʻrovnoma bajarilishini rad etishning sababi soʻrovchi Tomonning vakolatli organiga yozma ravishda etkaziladi.
9-modda
Soʻralayotgan Tomonning vakolatli organi soʻrovchi Tomonning muxtor vakillariga, agar bu tegishli davlat qonunlariga zid kelmasa, soʻrovnomani bajarishda oʻz davlatining hududida ishtirok etishga ruxsat berishi mumkin.
10-modda
Axborot olish uchun soʻrovnoma va unga javob Tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasida kelishilgan tilda tuziladi.
11-modda
Tomonlarning vakolatli organlari moliyaviy qonunbuzarliklarning oldini olish, aniqlash va payini qirqish bilan bogʻliq boʻlgan axborotning maxfiyligini kafolatlaydilar.
Ushbu Bitim doirasida olingan axborot axborotni bergan vakolatli organning yozma roziligisiz uchinchi tomonga berilishi mumkin emas.
12-modda
Gʻayriqonuniy oʻtkazilgan valyuta boyliklarini qaytarish mexanizmini Tomonlar oʻzaro ahdlashuv boʻyicha belgilaydilar.
13-modda
Tomonlarning vakolatli organlari ushbu Bitimni bajarish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni oʻzaro ahdlashuv boʻyicha qoplaydilar.
14-modda
Tomonlar vakolatli organlarining vakillari zarur boʻlganda ushbu Bitimning bajarilishi bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni muhokama qilish maqsadida ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazishlari mumkin.
15-modda
Ushbu Bitimga Tomonlar oʻzaro kelishuvi boʻyicha uning ajralmas qismi boʻladigan alohida protokollar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
16-modda
Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisidagi oxirgi yozma bildirishnoma olingan sanadan kuchga kiradi.
Ushbu Bitim Tomonlardan biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonning ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisidagi yozma ravishdagi bildirishnomasini olgan sanadan boshlab olti oy oʻtgunicha oʻz kuchini saqlaydi.
Baku shahrida 1998-yil 26-fevralda ikki nusxada, har biri oʻzbek, ozarbayjon va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadlari uchun rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
