Axborot-kutubxonalar va arxiv fondlariga taqdim etish uchun zarur boʻlgan axborot materiallarini saralash va inventarizatsiya qilish sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (99-Q-son)
03.05.2013
Samarqand viloyati hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 20-martdagi F-3987-sonli “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi sinovi boʻyicha huquqiy eksperiment oʻtkazish haqida”gi Farmoyishi ijrosini hamda axborot — kutubxona va arxiv fondlarida boʻlgan Samarqand viloyati (huquqiy eksperiment subyekti) davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining faoliyati haqidagi hujjatlardan yuridik va jismoniy shaxslar foydalanishlarini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Samarqand viloyatida huquqiy eksperiment oʻtkazish subyektlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga axborot-tahlil va arxiv fondlari orqali axborot taqdim etishning Vaqtinchalik tartibi 1-ilovaga, Axborot-kutubxonalar va arxiv fondlariga taqdim etish uchun zarur boʻlgan axborot materiallarini saralash va inventarizatsiya qilish boʻyicha doimiy amaldagi komissiyasi tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*2-ilova berilmaydi.
2. Komissiyaning ishchi organi sifatida viloyat hokimligi “Kompyuterlashtirish Markazi” davlat unitar korxonasi belgilansin.
3. Komissiyaning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
huquqiy eksperiment oʻtkazilishi doirasida Samarqand viloyati davlat hokimiyati va boshqaruv organlari tomonidan taqdim etiladigan axborot materiallarini toʻplash, tizimlashtirish va tegishli axborot - kutubxona va arxiv fondlariga oʻtkazish;
har chorakda huquqiy eksperiment oʻtkazilishi doirasida Samarqand viloyati davlat hokimiyati va boshqaruv organlari tomonidan taqdim etilgan axborot - kutubxona va arxiv fondlariga oʻtkazilgan tezkor maʼlumotlarni statistik va hisobot maʼlumotlari bilan mutanosibligini solishtirish;
har chorakda axborot - kutubxona va arxiv fondlarida saqlanayotgan, huquqiy eksperiment oʻtkazilishi doirasida taqdim etilgan axborot resurslarning toʻliqliligi, aniqliligi, muvofiqliligi va sifatliligini inventarizatsiya qilish;
viloyat hokimligi “Kompyuterlashtirish Markazi” davlat unitar korxonasi bilan birgalikda, har xil tur va asosdagi elektron axborot hujjatlarini yagona elektron formatga oʻtkazish.
4. Quyidagilar elektron axborot resurslarining yagona formati deb belgilansin:
pdf-elektron grafikada qogʻoz hujjatlar uchun;
mr3-audiotasma hujjatlari uchun;
avi-videotasvirdagi hujjatlar uchun.
5. Samarqand viloyati axborot - kutubxona va arxiv muassasalari axborotdan foydalanuvchilar uchun axborot - kutubxona va arxiv fondlari axborotini shakllantirish va ulardan foydalanishni hamda har chorakda huquqiy eksperiment internet-saytida tegishli shakllarni toʻldirishni taʼminlasinlar.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosari V.Raximov zimmasiga yuklatilsin.
7. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim Z. MIRZAYEV
Samarqand sh.,
2013-yil 3-may,
99-Q-son
Viloyat hokimining 2013-yil 3-maydagi 99-Q sonli qaroriga 1-ILOVA
Samarqand viloyatida huquqiy eksperiment oʻtkazish subyektlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga axborot-tahlil va arxiv fondlari orqali axborot taqdim etishning
VAQTINChALIK TARTIBI
I. Umumiy qoidalar
1. Jismoniy va yuridik shaxslarga Samarqand viloyatida huquqiy eksperiment oʻtkazish subyektlari tomonidan axborot-tahlil va arxiv fondlari orqali axborot taqdim etishning Vaqtinchalik tartibi (keyingi oʻrinlarda — Vaqtinchalik tartib), axborot-kutubxona va arxiv fondlari orqali Samarqand viloyatida huquqiy eksperiment oʻtkazish subyektlari — davlat hokimiyati va boshqaruv organlari (keyingi oʻrinlarda — Huquqiy eksperiment subyektlari) faoliyatiga oid rasmiy axborot-tahlil maʼlumotlari va hujjatlashtirilgan axborotlardan (keyingi oʻrinlarda — axborot materiallari) jismoniy va yuridik shaxslar foydalanishiga ruxsat berish tartibini belgilaydi.
2. Huquqiy eksperiment doirasida jismoniy va yuridik shaxslarga axborot-kutubxona va arxiv fondlaridan foydalanishga ruxsat berish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 20-martdagi F-3987-sonli “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi sinovi boʻyicha huquqiy eksperiment oʻtkazish haqida”gi Farmoyishiga muvofiq davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati haqida jamiyatni keng xabardor qilish maqsadida amalga oshiriladi.
3. Vaqtinchalik tartib — Samarqand viloyatida huquqiy eksperiment oʻtkazish mobaynida amalda boʻladi.
II. Asosiy tushunchalar
4. Mazkur Tartibda quyidagi asosiy atamalar va tushunchalar qoʻllanilgan:
arxiv fondi — yuridik yoki jismoniy shaxslar faoliyati natijasida yaratilgan, tarixiy yoki mantiqiy jihatdan oʻzaro aloqador arxiv hujjatlari majmui. Tashkilotning arxiv fondi, yigʻmajildlar nomenklaturasiga muvofiq, ish yuritish bosqichi tugab, keyingi saqlovi idoraviy arxivda (idoraviy saqlov) va tegishli arxivda (arxiv saqlovi) qonunchilikda belgilangan tartibda va muddatlarda taʼminlanadigan hujjatlardan shakllantiriladi;
idoraviy arxiv — yuridik shaxsning arxiv hujjatlarini jamlash, hisobga olish, saqlash va ulardan foydalanishni amalga oshiruvchi tarkibiy boʻlinmasi;
hujjatlashtirilgan axborot — identifikatsiya qilish imkonini beruvchi rekvizitlar bilan moddiy asosga joylashtirilgan axborot;
hujjatning hayotiy davri — hujjat bilan ishlashda yaratilganidan boshlab, jismonan yoʻq qilingungacha boʻlgan bosqichlar ketma - ketligining majmui;
ish yuritish — yuridik shaxsning hujjatlashtirish va rasmiy hujjatlar bilan ishlashni tashkil etish boʻyicha faoliyatini taʼminlab beruvchi jarayon.
III. Axborot-kutubxona va arxiv fondlari orqali foydalanishni taʼminlashning asosiy vazifa va tamoyillari
5. Axborot-kutubxona va arxiv fondlari orqali foydalanishni taʼminlashning asosiy vazifasi, huquqiy eksperiment subyektlari faoliyatiga oid ish yuritish jarayonida yaratilgan, shuningdek ular faoliyatini tartibga solib turuvchi meʼyoriy-huquqiy hujjatlar, avvalo fuqarolarning huquqiy va qonuniy manfaatlariga taalluqli axborot materiallari bilan aholi, nodavlat-notijorat tashkilotlari, OAV va boshqalarning keng foydalanishini taʼminlashdan iborat.
6. Huquqiy eksperiment subyektlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotlardan foydalanishni taʼminlashning asosiy tamoyillari:
qonunda nazarda tutilgan holatlardan tashqari, ularning faoliyati toʻgʻrisidagi axborotning ochiqligi va oshkoraligi;
ular faoliyati toʻgʻrisida axborotning dolzarbligi va aniqligi;
ular faoliyati toʻgʻrisida axborotning qidiruvi, olinishi, oʻtkazilishi va tarqatilishi erkinligi;
fuqarolarning faoliyati toʻgʻrisida axborot berishda ularning xususiy hayoti, shaxsiy va oilaviy sirlari daxlsizligi huquqlari, gʻururi va ish mavqeining himoyasi, yuridik shaxslarning xizmatiga oid mavqeining himoyasi saqlanib qolinishi.
7. Koʻrsatilgan axborot qonun bilan oʻrnatilgan tartibda davlat siri yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa maʼlumotlardan tashkil topgan holatlarda huquqiy eksperiment subyektlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotning oshkor etilishi cheklanadi.
IV. Axborot-kutubxona va arxiv fondlari orqali foydalanishni tashkil etish uchun axborotni saralash va taqdim etishning tartibi
8. Huquqiy eksperiment subyekti har chorakda — hisobot davridan soʻng 1 oy davomida, axborot-kutubxona va arxiv fondlariga oʻtkazish uchun zarur axborot materiallarini inventarizatsiya qilib, saralab oladi.
9. Axborot-kutubxona va arxiv fonlariga quyidagilar kiradi:
Samarqand viloyati axborot-kutubxona markazining kutubxona fondi;
Samarqand viloyat hokimligi idoraviy arxivining arxiv fondi;
Samarqand viloyati Davlat arxivining arxiv fondi.
10. Zarur axborot materiallarini saralashni eksperiment subyekti qoshida davlat organlari rahbarlari, hokimiyat axborot (matbuot) va axborot-tahlil xizmati vakillari, shuningdek moliyaviy va iqtisodiy boʻlinmalar, statistika, arxiv ishi boshqarmalari va axborot-kutubxona markazi vakillaridan tarkib topgan komissiya amalga oshiradi.
11. Quyidagilar oʻtkaziladigan axborot materiallari hisoblanadi:
eksperiment subyektlarining vakolatli mansabdor shaxslarning chiqishlari va murojaatlari matnlari;
eksperiment subyektlarining axborot xizmati yoki vakolatli boʻlinmalari xabarlari;
ommaviy axborot vositalarida nashr etilgan axborotlar, xabarlar va chiqishlar;
eksperiment subyektlarining yigʻilishlar stenogrammalarini, chiqishlar matnlarini oʻz tarkibiga olgan ochiq kollegial yigʻilishlar materiallari va oʻtkazilgan yigʻilishning axborot materiallari hamda ushbu yigʻilishlarda qabul qilingan qarorlar nusxalari;
eksperiment subyektlari faoliyati toʻgʻrisida har choraklik tahliliy maʼruzalar, axborot mazmunidagi maʼlumotlar;
eksperiment subyekti tomonidan va uning vakolatiga taalluqli davlat dasturlari va boshqa dasturlarning amalga oshirilishi haqida axborotlar;
eksperiment subyektlariga kelib tushgan soʻrovlar va murojaatlarning koʻrib chiqilishi natijalari haqidagi maʼlumotlar.
12. Axborot materiallari axborot-kutubxona va arxiv fondlariga qogʻoz va yoki elektron koʻrinishida oʻtkaziladi.
Quyidagilarni oʻz tarkibiga olgan qogʻoz asosdagi axborot materiallari faqat Samarqand viloyati hokimiyatining idoraviy arxiviga oʻtkaziladi:
ish yuritish jarayoni tugamagan va yigʻmajildlar nomenklaturasi shakllanishi bosqichidagi axborot materiallarining tasdiqlangan nusxalari;
idoraviy arxivga oʻrnatilgan tartibda oʻtkazilishi lozim boʻlgan, ish yuritish jarayoni tugagan, axborot materiallarining asl nusxalari.
Quyidagi axborot materiallari elektron koʻrinishda oʻtkaziladi:
ish yuritish jarayoni tugallanmagan axborot materiallari nusxalari;
ish yuritish jarayoni tugallangan, lekin kalendar yili oxirigacha shakllanish bosqichi tugamagan yigʻmajildlar nomenklaturasida boʻlgan axborot materiallari nusxalari;
elektron hujjatlar nusxalari.
Huquqiy eksperiment muddatining tugashi bilan yigʻmajildlar nomenklaturasi shakllanishi boʻyicha kalendar yili tugashi muvofiqligidan kelib chiqib, huquqiy eksperiment subyektlari, ular faoliyatining ochiqligi bilan bogʻliq boʻlgan Samarqand viloyati Axborot-kutubxona markazi va Davlat arxiviga oʻtkaziladigan axborot materiallarini elektron formatga oʻtkazilishini taʼminlaydi.
13. Tegishli axborot-kutubxona va arxiv muassasalariga oʻtkazilishi lozim boʻlgan axborot materiallari:
birinchi va ikkinchi chorak yakunlari boʻyicha — 2013-yil 15-iyulgacha;
uchinchi chorak yakunlari boʻyicha — 2013-yil 15-oktabrgacha oʻtkaziladi.
14. Huquqiy eksperimentning amalga oshirilishi doirasida oʻtkazilgan materiallar haqida axborot belgilangan muddatlarda, shuningdek viloyat hokimligi “Kompyuterlashtirish Markazi” DUK ga ilovaga muvofiq, oʻrnatilgan elektron koʻrinish formatida taqdim etiladi.
V. Axborot-kutubxona va arxiv muassasalari orqali foydalanish xizmatlarini taqdim etish
15. Axborot-kutubxona va arxiv muassasalari oʻz fondlarini davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining ular faoliyati haqida axborotdan aholini keng foydalanishini taʼminlash maqsadida ishlarini aks ettirgan rasmiy hujjatlar (bosma va ularning raqamlashtirilgan nusxalari) bilan jamlaydilar.
16. Axborot-kutubxona va arxiv muassasalari quyidagilarni amalga oshirishlari shart:
huquqiy eksperimentni amalga oshirish doirasida olingan barcha hujjatlarning hisobini olib borish va ularni tezkor qidiruvini amalga oshirish uchun toʻliq maʼlumotlarni aks ettirgan maʼlumotlar bazasini tizimlashtirish;
bosma hujjatlarni pdf formatdagi raqamlashtirilgan nusxasini yaratilishini, zaruratga koʻra skaner qilish yoʻli bilan taʼminlash;
Pdf formatidagi elektron shakldagi hujjatlardan foydalanishni taʼminlash uchun raqamli muhitdagi (elektron kataloglar yoki maʼlumotlar bazasidagi) hujjatlardan bevosita foydalanishni taʼminlash;
foydalanuvchilarga oʻrnatilgan tartibda tanishish uchun vaqtincha foydalanishga hujjatlarni berish maqsadida barcha olingan hujjatlarning saqlovini taʼminlash.
17. Axborot-kutubxona va arxiv muassasalari foydalanuvchilarga hujjatlarni bosma koʻrinishdagi nusxasini va elektron hujjatlar nashrini taqdim etishda axborot-kutubxona va arxiv muassasasining rahbari tomonidan tasdiqlangan pulli xizmatlar ichki narxnomasiga asosan xizmat koʻrsatadi.
18. Eksperiment oʻtkaziladigan subyektlarning axborot-tahlil va arxiv fondlaridan foydalanish yuridik shaxslarning mavzu va muddati koʻrsatilgan murojaat xatlari va jismoniy shaxslarning soʻrovlari asosida amalga oshiriladi.
VI. Yuridik va jismoniy shaxslarning axborot-tahlil va arxiv fondlaridan foydalanish huquqi
19. Yuridik yoki jismoniy shaxslar, eksperiment oʻtkazish subyektlari haqidagi maʼlumotlarni qidirishni amalga oshirish jarayonida, axborot-kutubxona xizmati koʻrsatish qoidalariga, shuningdek arxiv oʻquv zallari ishiga muvofiq quyidagi huquqlarga ega:
eksperiment oʻtkazish subyektlari faoliyati haqidagi axborot resurslarini toʻliq yoki qisman qogʻoz nusxasini olish;
eksperiment oʻtkazish subyektlari faoliyati haqidagi elektron axborot resurslari nusxalarini toʻliq va qisman nusxasini olish;
eksperiment oʻtkazish subyekti tomonidan taqdim etilgan audiotasmalarni montaj qilish, qayta yozib olish, qisqartirish, tahrir qilish huquqisiz eshitish imkoniga ega, axborot resursi mulk egasining yozma kelishuvi bundan mustasno;
eksperiment oʻtkazish subyekti tomonidan taqdim etilgan videotasmalardan montaj qilish, qayta yozib olish, qisqartirish yoki tahrir qilish huquqisiz nusxa olish va koʻrish, axborot resursi mulk egasining yozma kelishuvi bundan mustasno.
20. Eksperiment oʻtkazish subyektlari faoliyati haqida axborot izlashni amalga oshiradigan yuridik va jismoniy shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham egadirlar.
Vaqtinchalik tartibga ILOVA
HISOBOT VA MONITORING ShAKLI
