Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 20-martdagi F-3987-sonli “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi sinovi boʻyicha huquqiy eksperiment oʻtkazish haqida”gi Farmoyishi ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (100-Q-son)
03.05.2013
Samarqand viloyati hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 20-martdagi F-3987-sonli “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi sinovi boʻyicha huquqiy eksperiment oʻtkazish haqida”gi Farmoyishi ijrosini hamda Samarqand viloyati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari veb-saytlarida axborotni joylashtirish va yangilab borish, huquqiy eksperimentni oʻtkazish doirasida axborotdan foydalanuvchilarning soʻrovlarini muntazam koʻrish, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida keng ommani xabardor qilish, yuridik va jismoniy shaxslarni bevosita davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiq yigʻilishlarida ishtirokini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Quyidagilar:
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Qonunining normalarini aprobatsiya qilish boʻyicha huquqiy tajribani amalga oshirish doirasida Samarqand viloyati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining Internet tarmogʻidagi veb-saytiga axborotni joylashtirishga doir Yoʻriqnoma 1-ilovaga muvofiq,
huquqiy eksperimentni oʻtkazish doirasida axborotdan foydalanuvchilarning soʻrovlari asosida Samarqand viloyati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisida ogʻzaki va yozma shaklda axborot taqdim etish tartibiga doir Yoʻriqnoma 2-ilovaga muvofiq;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish Reglamenti 3-ilovaga muvofiq;
huquqiy eksperiment oʻtkazish doirasida Samarqand viloyati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining. ochiq yigʻilishlarida bevosita qatnashishni taʼminlash boʻyicha Yoʻriqnoma 4-ilovaga muvofiq;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni barcha kirishi mumkin boʻlgan binolar va joylarda joylashtirish tartibi haqida Muvaqqat nizom 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, huquqiy eksperiment oʻtkazish doirasida Samarqand viloyati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbarlari ushbu normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilinishi va bajarilishi yuzasidan shaxsan javobgardir.
3. Mazkur Qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
4. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosari V.Raximov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim Z. MIRZAYEV
Samarqand sh.,
2013-yil 3-may,
100-Q-son
Viloyat hokimining 2013-yil 3-maydagi 100-Q sonli qaroriga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Qonunining normalarini aprobatsiya qilish boʻyicha huquqiy tajribani amalga oshirish doirasida, Samarqand viloyati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining Internet tarmogʻidagi veb-saytiga axborotni joylashtirishga doir
YOʻRIQNOMA
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2013-yil 20-martdagi F-3987-sonli “Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni loyihasi sinovi boʻyicha huquqiy eksperiment oʻtkazish haqida”gi Farmoyishiga muvofiq qonun loyihasida koʻzda tutilgan hokimiyat, boshqaruv strukturalari faoliyatining ochiqligini taʼminlash shakllari va usullarini ishlab chiqish, shuningdek jamoatchilikni Samarqand viloyati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari huquqiy eksperiment subyektining faoliyati toʻgʻrisida keng xabardor qilish maqsadida davlat hokimiyati va boshqaruvi organi (bundan keyin — DH va BO)ning Internet tarmogʻidagi rasmiy veb-saytini yaratish, rivojlantirish, muntazam ravishda qoʻllab-quvvatlash va axborot bilan taʼminlashga doir umumiy talablarni belgilaydi.
2. DH va BOning Internet tarmogʻidagi veb-sayti hokimlikning Internet tarmogʻidagi rasmiy davlat axborot resursi boʻlib hisoblanadi.
3. DH va BOning veb-sayti tashkilotlar, shuningdek yuridik va jismoniy shaxslar oʻrtasida elektron-axborotga oid oʻzaro hamkorligi infratuzilmasining tizim hosil qiluvchi elementi boʻlib hisoblanadi.
II. Axborotni veb-saytda joylashtirishda ishlarni bajarish tartibi
4. DH va BOning mustaqil tarkibiy boʻlinmalari axborotni tayyorlaydilar va ularni DH va BO veb-saytida joylashtirilishini rahbariyat bilan kelishadilar.
Kelishilganidan keyin elektron axborot resurslari hokimlikning veb-saytida joylashtirish uchun javobgar boʻlgan tarkibiy boʻlinmaga yuboriladi.
5. DH va BOning veb-saytida joylashtiriladigan axborot quyidagi koʻrinishda taqdim etiladi:
1) Word, Excel, NTML va boshqa. matn formatlarida;
2) JPG, GIF va boshqa formatlardagi grafik fayllar.
6. Veb-saytda joylashtirish uchun axborot manbalari:
axborot xizmatlari, tashkilotlar tomonidan taqdim etiladigan axborot, ommaviy axborot vositalaridan, shu jumladan elektron ommaviy axborot vositalaridan olinadigan axborot;
Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga zid boʻlmagan boshqa manbalar.
7. Tashkilotlarning axborot materiallarini veb-saytda joylashtirish uchun ruxsatni rahbar yoki rahbar tomonidan oʻrnatilgan tartibda belgilanadigan boshqa shaxs beradi.
8. Veb-saytda joylashtirish uchun taqdim etiladigan axborot dolzarb, ishonchli, yaxlit, mavzu bloklari boʻyicha aniq strukturalangan va taqsimlangan boʻlishi kerak.
III. Veb-sayt ishini tashkil qilish
9. Axborotni veb-saytda joylashtirish uchun javobgar boʻlib, DH va BOning Axborot xizmati (matbuot xizmati) hisoblanadi.
10. Axborotni veb-saytda joylashtirishda DH va BO Axborot xizmatining asosiy funksiyalari va vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
DH va BOning axborot xizmati tashkilotlar va hokimlik tarkibiy boʻlinmalari tomonidan muntazam taqdim etiladigan, ommaviy axborot vositalari, shu jumladan elektron ommaviy axborot vositalaridan olinadigan axborot materiallarini eʼlon qilish;
“Uzinfokom” markazi boʻlinmalari bilan uzviy hamkorlikda veb-saytning axborot xavfsizligi va uzluksiz ishlashini taʼminlash;
veb-saytning amaldagi qonun hujjatlari talablariga muvofiqligining doimiy monitoringini yuritish;
veb-saytni rivojlantirish va faoliyatini takomillashtirish, veb-sayt orqali koʻrsatiladigan interfaol xizmatlar roʻyxatini kengaytirish va sifatini oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish va kiritish;
jamoatchilik, tadbirkorlik strukturalarining vakillari va Internet tarmogʻi boshqa foydalanuvchilarining veb-sayt faoliyati, koʻrsatiladigan interfaol davlat xizmatlari toʻgʻrisidagi fikrini oʻrganish boʻyicha tahliliy ishni oʻtkazish;
axborot foydalanuvchilariga elektron koʻrinishdagi soʻrovlarni olish va tegishli javoblarni yuborish servisiga oʻz faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni axborot foydalanuvchilariga taqdim etilganligi uchun javobgar DH va BO rahbarlarni va mansabdor shaxslarini ulash;
huquqiy eksperiment saytida DH va BOning rasmiy Internet faoliyati toʻgʻrisidagi hisobot shakllarini oʻz vaqtida toʻldirish.
11. Axborot xizmati DH va BO faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni veb-saytda muntazam joylashtirishi kerak. DH va BO veb-saytida joylashtirilishi majburiy boʻlgan axborotga quyidagilar kiradi:
a) DH va BOning huquqiy maqomi, shu jumladan DH va BO, uning tarkibiy boʻlinmalari va buysunuvidagi tashkilotlarning tashkiliy strukturasi, funksiyalari va vazifalarini belgilovchi normativ-huquqiy hujjatlar;
b) DH va BO tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar;
v) DH va BOning kuchini yoʻqotgan normativ-huquqiy hujjatlarining tan olinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
g) Hukumat va davlat organlari tomonidan qabul qilingan davlat organining faoliyati sohasidagi dasturlar toʻgʻrisidagi umumiy maʼlumotlar (nomi, maqsadi, asosiy vazifalari, buyurtmachilar, asosiy bajaruvchilar, amalga oshirish muddatlari va kutiladigan natijalar);
d) DH va BO tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar (yigʻilishlar, majlislar, uchrashuvlar, matbuot-konferensiyalari, seminarlar va brifinglar, “davra suhbatlari”, rasmiy tashriflar), hokimlikning kundalik faoliyati toʻgʻrisidagi boshqa axborot;
e) DH va BOning davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek chet el va xalqaro tashkilotlar bilan oʻzaro ishlashi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
j) amalga oshirilishida DH va BO ishtirok etadigan xalqaro shartnomalar toʻgʻrisidagi axborot;
z) asosiy koʻrsatkichlar, shu jumladan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish koʻrsatkichlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
i) DH va BO, uning tashkilotlari tomonidan tovarlarni yetkazib berish (ishlarni bajarish, xizmatlar koʻrsatish) boʻyicha oʻtkaziladigan ochiq konkurslar (tenderlar) va kimoshdi savdolari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
k) vakant ish joylari va ishga qabul qilish shartlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
l) rasmiy saytning axborot materiallaridan foydalanilganda, ushbu rasmiy saytga havolani majburiy koʻrsatish toʻgʻrisidagi talab;
m) hokimlik veb-saytga joylashtirishni zarur deb hisoblaydigan boshqa hamma foydalanishi mumkin boʻlgan axborot va maʼlumotlar.
12. Veb-sayt orqali majburiy tartibda DH va BO tomonidan koʻrsatiladigan asosiy axborot xizmatlari roʻyxatiga quyidagilarni taqdim etish kiradi:
a) DH va BOning rahbarlari toʻgʻrisidagi maʼlumot axboroti (familiyalari, ism-shariflari, biografik va murojaat qilish maʼlumotlari, fuqarolarni qabul qilish kunlari);
b) DH va BO fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash boʻyicha telefon nomerlari va manzil rekvizitlari (pochta va elektron manzil va b.), uning ish tartibi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, maʼlumot xizmatining telefon nomerlari va ishonch telefonlari;
v) DH va BO tomonidan qabul qilinadigan arizalar, blanklar va statistik hisobot shakllari;
g) fuqarolarning arizalari, shikoyatlari va boshqa murojaatlarini qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi axborot;
d) DH va BOning faoliyati toʻgʻrisidagi tahliliy maʼruzalar va axborot xarakteridagi sharhlar;
e) DH va BOning rasmiy nutqlari va bayonotlari matnlari;
j) DH va BOning rasmiy statistik axborotlari;
z) boshqa tegishli saytlarga havolalar;
i) elektron raqamli imzoning qoʻllanilishi bilan yuridik va jismoniy shaxslardan hisobotlar, xatlar, arizalar, shikoyatlar va murojaatlarning boshqa shakllarini qabul qilish imkoniyati.
13. Faqat axborot manbai koʻrsatilgan holdagina boshqa manbalardagi axborotni veb-saytga joylashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
IV. Rasmiy veb-saytga qoʻyiladigan talablar
14. Veb-saytda joylashtirilgan asosiy axborotdan foydalanish erkin va bepul boʻlishi kerak.
15. Veb-saytda joylashtiriladigan axborotga sana qoʻyilishi va muntazam yangilanishi kerak. Axborotni yangilab borish muddati davlat organi tomonidan belgilanadi, ammo haftasiga bir martadan kam boʻlmasligi kerak.
DH va BOning normativ-huquqiy hujjatlari ularning veb-saytida rasmiy nashrda eʼlon qilinganidan hamda viloyat Adliya boshqarmasida davlat roʻyxatiga olinganidan keyin ikki kundan kechiktirmay joylashtirilishi kerak.
16. DH va BO buyrugʻi bilan rasmiy saytdagi axborotni shakllantirish, joylashtirish, shuningdek yangilash uchun javobgar boʻlgan shaxslar (boʻlinmalar)ni belgilaydi.
17. DH va BOning veb-sayti belgilangan tartibda “.UZ” domen zonasida va Oʻzbekiston Respublikasining Internet tarmogʻidagi Hukumat portalida roʻyxatga olinishi kerak, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida server (xosting)da fizik joylashtirilishi kerak.
18. Veb-saytdagi axborot Oʻzbekiston Respublikasining davlat tilida taqdim etilishi kerak. Bunda veb-sayt rus va ingliz tillaridagi, shuningdek boshqa tillardagi teng qiymatli yoki qisqartirilgan versiyalarga ega boʻlishi mumkin.
19. DH va BO tomonidan uning veb-saytida joylashtirilgan axborotni yoʻq qilish, blokirovka qilish, buzib koʻrsatish, qalbakilashtirishning oldini olish va ruxsatsiz aralashuvning boshqa shakllaridan himoya qilish boʻyicha tegishli choralar qabul qilinishi kerak.
V. Veb-saytda joylashtirilgan maʼlumotlarga qoʻyiladigan talablar
20. Veb-sayt axborotining mazmuni uning faoliyatining obyektiv yoritilishini taʼminlashi kerak.
21. Veb-saytda joylashtirilgan axborot ishonchli boʻlishi kerak. DH va BOning rahbarlari veb-saytda joylashtiriladigan axborotning ishonchliligi uchun javobgar boʻladi.
22. Veb-saytda joylashtiriladigan axborot ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinadigan axborot bilan teng qiymatli kuchga ega.
23. Veb-saytda joylashtirish uchun taqdim etiladigan axborotda Oʻzbekiston Respublikasining davlat sirlaridan iborat maʼlumotlar yoki qonun hujjatlariga muvofiq foydalana olish boʻyicha cheklovlarga ega boshqa maʼlumotlar boʻlmasligi kerak.
Viloyat hokimining 2013-yil 3-maydagi 100-Q sonli qaroriga 2-ILOVA
Huquqiy eksperimentni oʻtkazish doirasida axborotdan foydalanuvchilarning soʻrovlari asosida Samarqand viloyati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisida ogʻzaki va yozma shaklda axborot taqdim etish tartibiga doir
YOʻRIQNOMA
I. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Ushbu Yoʻriqnoma Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi sinovi boʻyicha huquqiy eksperiment oʻtkazish haqida”gi Farmoyishiga muvofiq ishlab chiqilgan.
1.2. “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, axborotdan foydalanuvchilarga Samarqand viloyatining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga ularning faoliyati toʻgʻrisida axborot taqdim etilishi haqidagi soʻrovlar bilan Oʻzbekiston Respublikasining davlat tilida murojaat etish, shuningdek ularga davlat tilida javoblar olish huquqi taʼminlanadi. Axborotdan foydalanuvchilarning boshqa tillarda ham murojaat etish, davlat tilida javoblar olish huquqi taʼminlanadi.
II. MUROJAATLARNI KOʻRIB ChIQISh
2.1. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisida axborot taqdim etilishi haqida belgilangan tartibda berilgan soʻrovlar albatta koʻrib chiqilishi kerak.
2.2. Axborotdan foydalanuvchilarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati toʻgʻrisida axborot taqdim etilishi haqidagi soʻrovlarini koʻrib chiqish mazkur organlarning rahbarlari tomonidan amalga oshiriladi.
2.3. Eksperimentda ishtirok etayotgan Samarqand viloyati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rahbarlari tadbirlarning oʻz vaqtida oʻtkazilishi, shuningdek axborotdan foydalanuvchilarning soʻrovlari boʻyicha taqdim etiladigan tahliliy materiallarning va oʻz faoliyati haqida axborot taqdim etish bilan bogʻliq tadbirlarga oid boshqa axborotning sifati uchun shaxsan javobgardir.
2.4. Axborotdan foydalanuvchi davlat hokimiyati va boshqaruvi organining faoliyati haqidagi soʻrov bilan davlat hokimiyati va boshqaruvi organiga ham bevosita, ham qonun hujjatlarida belgilangan tartibda vakolatlari rasmiylashtiriladigan oʻz vakili orqali ogʻzaki yoki yozma (shu jumladan elektron shaklda) murojaat etish huquqiga ega.
2.5. Axborotdan foydalanuvchining soʻrovi agar qonun hujjatlarida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, u roʻyxatga olingan kundan eʼtiboran oʻn besh kundan oshmagan muddatda koʻrib chiqilishi kerak.
Ommaviy axborot vositasining davlat hokimiyati va boshqaruvi organining faoliyati toʻgʻrisida axborot olish uchun soʻrovi, shuningdek mansabdor shaxslar bilan suhbat (intervyu) tashkil etish toʻgʻrisidagi soʻrovi yetti kundan oshmaydigan muddatda koʻrib chiqiladi.
Agar soʻrov davlat hokimiyati va boshqaruvi organining vakolatiga taalluqli boʻlmasa, u soʻrovni roʻyxatga olingan kundan eʼtiboran uch kun ichida soʻralayotgan axborotni berish qaysi organ vakolatiga kiritilgan boʻlsa, shu organga yuboradi va bu haqda foydalanuvchini xabardor qiladi.
Agar davlat hokimiyati va boshqaruvi organi olingan soʻrov boʻyicha boshqa davlat hokimiyati va boshqaruvi organining vakolati haqida maʼlumotlarga ega boʻlmasa, unda soʻrov roʻyxatga olingan kundan eʼtiboran uch kun ichida foydalanuvchiga tegishli javob yoʻllanadi.
2.6. Foydalanuvchining davlat hokimiyati va boshqaruvi organining faoliyati toʻgʻrisida axborot taqdim etish haqidagi soʻrovi rad etilgan taqdirda, foydalanuvchiga rad etish sabablari asoslantirilgan holda tegishli javob yoʻllanadi.
2.7. Jismoniy shaxsning soʻrovida fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilishi, soʻrovning mohiyati bayon etilgan boʻlishi kerak. Yuridik shaxsning soʻrovida mazkur soʻrovni amalga oshirayotgan tashkilotning nomi, yuridik manzili, mansabdor shaxsining familiyasi va ismi-sharifining bosh harflari koʻrsatilishi, soʻrovning mohiyati bayon etilgan boʻlishi kerak.
Axborotdan foydalanuvchining yuqorida koʻrsatilgan, shaxsini bilish imkoniyatini beruvchi maʼlumotlarni oʻz ichiga olmagan soʻrov anonim hisoblanadi va koʻrib chiqilmaydi.
Soʻrov davlat hokimiyati va boshqaruvi organi nomiga yoki uning soʻrovda qoʻyilgan masalalar yuzasidan axborot berish vakolatiga kiradigan mansabdor shaxsi nomiga yoʻllanadi.
Belgilangan tartibda berilgan soʻrov koʻrib chiqilishi shart.
2.8. Axborotdan foydalanuvchilarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi soʻrovlarini koʻrib chiqish chogʻida jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini kamsituvchi maʼlumotlarning oshkor etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
III. FUQAROLARNING YoZMA MUROJAATLARINI QABUL QILISh VA ROʻYXATDAN OʻTKAZISh
3.1. Huquqiy eksperimentni oʻtkazish doirasida axborotdan foydalanuvchilarning soʻrovlari boʻyicha amalga oshiriladigan ish yuritish huquqiy eksperiment subyektining vakolatli boʻlinmasi (bundan buyon matnda devonxona deb yuritiladi) tomonidan ish yuritishning boshqa turlaridan alohida hamda, Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasining davlat tilida yuritiladi.
3.2. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga axborot foydalanuvchilaridan ularning faoliyati yuzasidan tushadigan barcha soʻrovlar devonxona tomonidan qabul qilinadi va ular tushgan kuni maxsus jurnalda roʻyxatga olinadi. Roʻyxatga olish jurnalidagi yozuvlardagi maʼlumotlar har oyda huquqiy eksperiment saytidagi tegishli shakllarni toʻldirish yoʻli bilan elektron formatga oʻtkaziladi.
3.3. Axborotdan foydalanuvchining ayni bir shaxsdan va ayni oʻsha masala boʻyicha tushgan soʻrovi, agar birinchi soʻrov berilgan vaqtdan eʼtiboran Huquqiy eksperimentni oʻtkazish tartibida belgilangan soʻrovga javob berish muddati oʻtgan boʻlsa yoki axborotdan foydalanuvchi oʻziga berilgan javobdan qanoatlanmagan boʻlsa, takroriy deb hisoblanishi kerak.
Takroriy soʻrovga u tushgan paytda navbatdagi roʻyxatga olish indeksi beriladi, roʻyxatga olish-nazorat yozuvining tegishli ustunida “takroriy” degan belgi qoʻyiladi.
3.4. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organining faoliyati toʻgʻrisidagi axborot olish uchun bevosita organ nomiga (yaʼni aniq tarkibiy boʻlinma yoki mansabdor shaxs koʻrsatilmagan holda) yoʻllangan soʻrov huquqiy eksperiment subyektining rahbariga topshiriladi. Boshqa hollarda hujjatlar bevosita adresatga topshiriladi.
3.5. Soʻrovlar, rahbariyat tomonidan koʻrib chiqilganidan keyin, devonxona tomonidan roʻyxatga olish-nazorat kartochkasiga tegishli belgi qoʻyilgan holda masʼul ijrochilarga topshiriladi.
3.6. Agar axborot olishga doir soʻrovni koʻrib chiqish bir necha shaxsga topshirilsa, unda munosabat belgisida (rezolyutsiyada) birinchi koʻrsatilgan mansabdor shaxs masʼul ijrochi hisoblanadi.
IV. AXBOROTDAN FOYDALANUVChILARNING SOʻROVLARI HARAKATI VA KOʻRIB ChIQILIShI USTIDAN NAZORAT QILISh
4.1. Axborotdan foydalanuvchilarning huquqiy eksperiment subyektlarining faoliyati toʻgʻrisida axborot taqdim etilishi yuzasidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga tushgan barcha soʻrovlari devonxona tomonidan nazoratga olinadi.
4.5. Axborot taqdim etish haqidagi soʻrovlarni koʻrib chiqish soʻrovni amalga oshirayotgan axborotdan foydalanuvchiga barcha soʻralayotgan axborot taqdim etilganidan va ular koʻrib chiqish uchun topshiriq bergan huquqiy eksperiment subyektining rahbari nazoratidan chiqarilgandan keyingina tugallangan deb hisoblanadi.
4.6. Axborot taqdim etish haqidagi soʻrovlarga javoblar huquqiy eksperiment subyektining koʻrib chiqish uchun topshiriq bergan rahbari tomonidan yoki munosabat belgisiga (rezolyutsiyaga) muvofiq bunga vakolat berilgan boshqa mansabdor shaxs tomonidan imzolanadi.
4.7. Axborot taqdim etish haqidagi soʻrovga ogʻzaki javob berilgan hollarda roʻyxatga olish kartochkasiga tegishli yozuv yozib qoʻyiladi.
4.8. Koʻrib chiqish materiallari asosida masʼul ijrochi yoki nazoratni amalga oshiruvchi shaxs koʻrib chiqish natijalari haqida huquqiy eksperiment subyektining soʻrovni koʻrib chiqish haqida topshiriq bergan rahbariga nazoratdan chiqarish uchun maʼlumot beradi.
Koʻrib chiqishga doir barcha materiallar tizimlashtirish va arxiv hamda axborot-kutubxona saqlashini tashkil etish uchun devonxonaga topshiriladi.
V. AXBOROTDAN FOYDALANUVChILARNI ShAXSAN QABUL QILISh
5.1. Axborotdan foydalanuvchilarni huquqiy eksperiment subyektlarida qabul qilish rahbarlar, ularning oʻrinbosarlari, shuningdek bu ishga vakolat berilgan mansabdor shaxslar tomonidan belgilangan jadvalga muvofiq kunlar va soatlarda amalga oshiriladi.
5.2. Axborotdan foydalanuvchilarni qabul qilish amalga oshirilganligi haqidagi maʼlumotlar maxsus jurnalda qayd etib boriladi. Qayd etish jurnalidagi yozuvlarning maʼlumotlari huquqiy eksperiment saytidagi tegishli shakllarni toʻldirish yoʻli bilan elektron formatga oʻtkaziladi.
Viloyat hokimining 2013-yil 3-maydagi 100-Q sonli qaroriga 3-ILOVA
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish
REGLAMENTI
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Reglament “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasining 9-moddasi birinchi qismi birinchi xatboshisida belgilangan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni matbuot xizmatlari (keyingi oʻrinlarda Xizmat deb ataladi), shu jumladan, ommaviy axborot vositalarida, matbuot anjumanlari va brifinglarda vakolatli mansabdor shaxslarning intervyu va bayonotlari orqali eʼlon qilish tartibini belgilaydi.
2. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ommaviy axborot vositalari bilan aloqalari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari toʻgʻrisida”gi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining jamoatchilik bilan aloqalarini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori va sohaga tegishli boshqa huquqiy- meʼyoriy hujjatlarda belgilangan tartib va qoidalarga rioya qilingan holda amalga oshiriladi.
3. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari (keyingi oʻrinlarda idoralar) faoliyati toʻgʻrisida ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi lozim boʻlgan axborot, shu jumladan, mansabdor shaxslarning chiqishi va bayonotlari toʻgʻrisidagi maʼlumot, matbuot xabarnomasi (keyingi oʻrinlarda matbuot uchun tayyorlangan material) axborot xizmati (yoki vakolat berilgan shaxs) tomonidan davlat tilida (zaruratga koʻra boshqa tillarda) tayyorlanadi va idora va tashkilotlar rahbariyati tomonidan tasdiqlangach, chop etish uchun ommaviy axborot vositalariga tarqatiladi (Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 4-moddasi, Vazirlar Mahkamasining 22.09.2006-yildagi 203-son qarori).
II. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborot manbalari va ularni eʼlon qilishning asosiy prinsiplari
1. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisidagi axborot manbalari quyidagilardan iborat:
— davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatli mansabdor shaxsining chiqishi va bayonoti;
— davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatli mansabdor shaxsi, axborot xizmati yoki boshqa vakolatli tarkibiy boʻlinmasi tomonidan oʻtkazilgan matbuot anjumani va brifinglar;
— rasmiy veb-sayt;
— ommaviy axborot vositalari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
2. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan aholining, jamoat birlashmalarining qabul qilinayotgan qarorlar, avvalambor fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari bilan bogʻliq qarorlari haqidagi axborotlardan keng xabardor boʻlib borishini taʼminlanishi quyidagi asosiy prinsiplarga asoslanishi lozim:
— inson huquqining ustuvorligi — fuqarolarning axborot sohasidagi konstitutsion huquq va erkinliklarini taʼminlash;
— qonuniylik — axborot olish va axborot tarqatish borasida axborot makonining barcha subyektlarining qonuniy huquqlarini taʼminlash;
— ochiqlik — fuqarolarning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari bilan bogʻliq qarorlarini oʻz vaqtida tezkor va ochiq oshkor etish;
— ishonchlilik — jamoatchilikka taqdim etilayotgan axborotning toʻgʻriligi va aniqligini taʼminlash.
III. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi hamda oshkoraligini taʼminlashga doir vazifalar
1. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatiga doir Xizmat tomonidan ommaviy axborot vositalari uchun tayyorlangan materiallar idora va tashkilotlar rahbariyati tomonidan tasdiqlangach, ularning rasmiy nashrlarida, respublika, viloyat, tuman televideniye va radio dasturlarida, bosma nashrlarida eʼlon qilinadi.
2. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ommaviy axborot vositalari bilan tizimli va samarali aloqalarini taʼminlash maqsadida ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditatsiyadan oʻtkazilishi mumkin.
Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish uchun ommaviy axborot vositasi nomi, ommaviy axborot vositasi vakilining ismi, otasining ismi, familiyasi va egallab turgan vazifasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etish kifoya qiladi.
3. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organining vakolatli mansabdor shaxsining chiqishi va bayonoti hamda ular tomonidan oʻtkaziladigan matbuot anjumanlari va brifinglar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tegishli tadbir oʻtkaziladigan sanadan kamida 1 kun avval ommaviy axborot vositalari vakillariga maʼlum qilinadi.
4. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organi, Xizmat rahbarlari ommaviy axborot vositalari ishtirokida oʻtkaziladigan tadbirlarda quyidagi majburiyatlarni bajarishlari shart:
— jurnalistni tadbirga oid barcha zarur maʼlumotlar va maxsus press-reliz bilan taʼminlash;
— malakali mutaxassislarni intervyu berishga tayyorlash, intervyu beruvchilarni tanlash, ularning kiyinish va nutq madaniyatiga rioya qilishlarida jurnalistga koʻmaklashish;
— jurnalistning tadbirga oid qoʻshimcha savollariga batafsil, xolis va asoslangan javoblar berish;
— teleoperator va radioreportyorning televideniye va radioning texnik talablariga muvofiq ishlashlari uchun yetarli sharoitni yaratib berish.
5. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari vakolatli shaxsi ommaviy axborot vositalari tayyorlagan materiallarini takomillashtirish maqsadida ular eʼlon qilinishidan avval tegishli qoʻshimchalar, oʻzgarishlar kiritishi mumkin.
6. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining qarorlari rasmiy eʼlon qilinganda uning barcha rekvizitlari koʻrsatiladi.
Qarorlarni boshqa nashrlarda eʼlon qilishga, shuningdek ularni qonun hujjatlarining elektron maʼlumot tizimlari orqali tarqatishga normativ-huquqiy hujjat rasmiy manbalarda eʼlon qilinganidan soʻng, ularning barcha rekvizitlarini, eʼlon qilingan rasmiy nashrlarni va kuchga kirish sanasini koʻrsatish sharti bilan yoʻl qoʻyiladi. Bunda rasmiy nashrlarda eʼlon qilingan normativ-huquqiy hujjat matnining aniq takrorlanishi taʼminlanishi lozim. (“Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi qonun, 28-modda).
7. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tizimida roʻy bergan soʻnggi oʻzgarish va yangiliklarning eʼlon qilinishi mazkur idoralar muassisligidagi bosma hamda boshqa shakldagi ommaviy axborot vositalari orqali amalga oshiriladi.
Materialni ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilish kuni kelishib olinishi mumkin.
IV. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatiga doir maʼlumotlarni olishga qaratilgan tartib qoidalar
1. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatiga doir maʼlumotni ommaviy axborot vositalari tomonidan olinishi, uning yozma murojaatiga koʻra, amalga oshiriladi. Bunda mazkur maʼlumotlar Xizmat va davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining tegishli boʻlimi bilan hamkorligida tayyorlanadi hamda rahbariyat tasdigʻidan oʻtkaziladi.
2. Umumlashtirilgan maʼlumotlar tarkibiga — asos sifatida sohaga doir Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlari, ular asosida ishlab chiqilgan idora qarorlari, soʻralgan axborot (amalga oshirilgan ishlar haqidagi soʻnggi statistik faktlar) kiritiladi hamda unda materialning ishonchliligi va shaffofligini taʼminlash maqsadida maʼlumot beruvchining toʻliq ism-sharifi va lavozimi koʻrsatiladi.
V. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining huquqlari
1. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati yoritilishida noxolis, isbotlanmagan maʼlumotlar tarqatilishini oldini olish hamda axborot xavfsizligini taʼminlash maqsadida tarkibi hisoblanmish matbuot xizmati yoki tayinlangan vakolatli shaxs materialni uni biror turdagi ommaviy axborot vositasida eʼlon qilinishidan oldin oʻqib chiqish va uning yanada ishonchliligi, xolisligini taʼminlash maqsadida unga qoʻshimcha va oʻzgartishlar kiritish huquqiga ega.
VI. Yakunlovchi qoidalar
1. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati bilan bogʻliq materiallar davlat, tijorat yoki qonun bilan himoyalanuvchi axborotlar toifasiga kirmasligi shart.
2. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati bilan bogʻliq materialni ommaviy axborot vositalari orqali eʼlon qilishda yuzaga kelgan masalalar qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
3. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatli shaxsi va xizmat rahbari ommaviy axborot vositalari tayyorlagan materiallarining aniqligi va xolisligi uchun shaxsan javob beradi.
Viloyat hokimining 2013-yil 3-maydagi 100-Q sonli qaroriga 4-ILOVA
Huquqiy eksperiment oʻtkazish doirasida Samarqand viloyati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiq yigʻilishlarida bevosita qatnashishni taʼminlash boʻyicha
YOʻRIQNOMA
I. Umumiy qoidalar
1. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari (bundan keyin — DH va BO) fuqarolar (jismoniy shaxslar), shu jumladan tashkilotlar (yuridik shaxslar), jamoat birlashmalari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari vakillarining oʻz kollegial yigʻilishlarida ishtirok etishlari imkoniyatini taʼminlaydi.
2. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari kollegial yigʻilishlari jamoatchilik uchun ochiq hisoblanadi, yopiq yigʻilishlar bundan mustasno.
3. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organi rahbarining buyrugʻi bilan huquqiy eksperiment oʻtkazish doirasida Samarqand viloyati davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiq kengashlarida manfaatdor shaxslarning bevosita qatnashishini taʼminlash boʻyicha ushbu Yoʻriqnoma bilan belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun javobgar boʻlgan mansabdor shaxs (boʻlinma) belgilanadi.
II. Yigʻilishlar oʻtkazish toʻgʻrisida axborotdan foydalanuvchilarni xabardor qilish
4. DH va BO har oy oʻz veb-saytida yigʻilish kun tartibini, shuningdek uni oʻtkazish sanasi, vaqti va joyini koʻrsatgan holda yigʻilish oʻtkazish rejasini eʼlon qiladi.
5. DH va BO oʻzi joylashgan joylarda axborot stendini jihozlaydi, ushbu stendda yigʻilish kunidan kamida bir hafta oldin yigʻilishning kun tartibi, vaqti, shuningdek yigʻilish oʻtkazishning ochiq va yopiq rejimi toʻgʻrisida axborot joylashtiriladi.
III. Yigʻilishlarda qatnashishni tashkil qilish
6. Fuqarolar va (yoki) yuridik shaxslar vakillarining yigʻilishlarda ishtirokini taʼminlash maqsadida DH va BOda tegishli yigʻilishda ishtirok etishni xohlovchilar roʻyxatga olish jurnaliga yoziladi. Tashrif buyuruvchi toʻgʻrisidagi axborotni qayd qilish va uning shaxsini tasdiqlovchi hujjatning mavjudligi yigʻilishda qatnashish uchun asos boʻlib hisoblanadi. Yozuv yigʻilishda ishtirok etishni xohlovchi fuqaroning familiyasi, ismi, otasining ismi, yuridik shaxsning vakili uchun — yuridik shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi, nomi, shuningdek egallab turgan lavozimini oʻz ichiga oladi. Boshqa maʼlumotlar yoki hujjatlarni taqdim etish shart emas.
Har oy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining kollegial yigʻilishlarida ishtirok etuvchilarni roʻyxatga olish jurnalining maʼlumotlari huquqiy tajriba saytida tegishli shaklni toʻldirish yoʻli bilan elektron koʻrinishga koʻchiriladi.
7. Tashkiliy-texnik imkoniyatlardan kelib chiqib yigʻilish oʻtkazish zalida tashrif buyuruvchilar uchun joylar jihozlanadi. Tashrif buyuruvchilar uchun joylar soni yozilganlar sonidan kelib chiqib hisoblanadi. Joylarni taqdim etish ketma-ketligining ustuvorligi roʻyxatga olish jurnalidagi yozuvning ketma-ketligidan kelib chiqadi.
8. DH va BO signalni boshqa xonalarda joylashgan, DH va BO binosida joylashgan boshqa xonalardagi teleqabul qilgichlarga toʻgʻridan toʻgʻritranslatsiya qilish orqali yigʻilishlarda qatnashishni qoʻshimcha tashkil qilishlari mumkin.
IV. Tashrif buyuruvchilarning yigʻilishlarda qatnashish tartibi
9. DH va BO kollegial yigʻilishlarida jismoniy shaxslar va yuridik shaxslar vakillarining qatnashishi ularning oʻtkazilishiga xalaqit bermasligi kerak.
10. Yigʻilishda qatnashishning belgilangan tartibi buzilganda raislik qiluvchi tartib buzuvchiga tanbeh beradi, tartib qayta buzilganda esa uni yigʻilish zalidan chiqarib yuboradi.
11. Yigʻilishda ishtirok etuvchi tashrif buyuruvchilar yozish, shuningdek fotosuratga olish, audio va videoyozuvni oʻtkazish huquqiga egadirlar, agar bu yigʻilish oʻtkazilishiga xalaqit bermasa.
Viloyat hokimining 2013-yil 3-maydagi 100-Q sonli qaroriga 5-ILOVA
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni barcha kirishi mumkin boʻlgan binolar va joylarda joylashtirish tartibi haqida
MUVAQQAT NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Muvaqqat nizom davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni barcha kirishi mumkin boʻlgan binolar va joylarda joylashtirish tartibini belgilaydi.
2. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborot mazkur organlar faoliyatining ochiqligini taʼminlash maqsadida barcha kirishi mumkin boʻlgan binolar va joylarda joylashtiriladi.
3. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborot barcha kirishi mumkin boʻlgan binolar va joylarda qonun hujjatlarining, xususan ushbu Muvaqqat nizomning talablariga muvofiq joylashtiriladi.
4. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni barcha kirishi mumkin boʻlgan binolar va joylarda joylashtirishda “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat tili haqida”gi Qonunning qoidalari inobatga olinadi.
5. Jismoniy yoki yuridik shaxslar davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati toʻgʻrisidagi barcha kirishi mumkin boʻlgan binolar va joylarda joylashtirilgan axborotdan foydalanuvchilardir.
II. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni barcha kirishi mumkin boʻlgan binolar va joylarda joylashtirish
6. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborot:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari egallab turgan binolarda;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni joylashtirish mumkin boʻlgan, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa ajratilgan joylarda joylashtiriladi.
7. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari oʻzining faoliyati toʻgʻrisidagi joriy axborot bilan foydalanuvchilarni tanishtirish uchun egallab turgan binolarida va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa ajratilgan joylarda:
axborot stendlarini;
shunday maqsadga moʻljallangan boshqa texnika vositalarini joylashtiradilar.
8. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati toʻgʻrisidagi barcha kirishi mumkin boʻlgan binolar va joylarda joylashtirilgan axborotda quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organining ish tartibi, shu jumladan fuqarolarni qabul qilish tartibi;
fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organi tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar roʻyxati va tartibi;
qonun hujjatlariga muvofiq davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati toʻgʻrisidagi boshqa axborot.
9. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari barcha kirishi mumkin boʻlgan binolar va joylarda joylashtiriladigan mazkur organlarning faoliyati haqidagi axborotning toʻgʻriligini taʼminlashi shart.
III. Axborotni barcha kirishi mumkin boʻlgan binolar va joylarda joylashtirishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlashning asosiy prinsiplari
10. Axborotni barcha kirishi mumkin boʻlgan binolar va joylarda joylashtirishda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini taʼminlashning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotning shaffofligi, oshkoraligi, ochiqligi va toʻgʻriligi;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni olish, berish va tarqatish erkinligi;
davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni olish, berish va tarqatish erkinligi.
IV. Yakunlovchi qoidalar
11. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyati toʻgʻrisidagi qonunda belgilangan tartibda davlat sirini yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etuvchi maʼlumotlar jumlasiga kiritilgan axborotni barcha kirishi mumkin boʻlgan binolar va joylarda joylashtirish taqiqlanadi.
12. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari — huquqiy eksperiment subyektlari axborotdan foydalanuvchilarning barcha kirishi mumkin boʻlgan joylarda joylashtiriladigan axborotdan erkin foydalanishi tashkil etilishi haqidagi hisobotlarni yilning har choragida huquqiy eksperiment saytida toʻldirib boradi.
13. Ushbu Muvaqqat nizom 2014-yilning 1-yanvarigacha amal qiladi.
