Oʻsimliklar karantini sohasida hamkorlik toʻgʻrisida
16.01.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ukraina Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Ukraina Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
karantin obyektlarini keltirilishi va tarqalishining oldini olishda hamkorlikning muhimligini eʼtirof etib,
oʻsimliklar karantini sohasida hamkorlikni davom ettirish va kengaytirish hamda davlat karantin tadbirlari muvofiqlashtirilishini taʼminlash istagiga amal qilib,
Tomonlar oʻrtasida kontraktlarni amalga oshirishda hamda xoʻjalik va savdo aloqalarini rivojlantirishda hududlarni karantin organizmlarining keltirilishi va tarqalishidan oʻzaro saqlash manfaatlaridan kelib chiqib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ushbu Bitimda keltirilgan atamalar quyidagi maʼnoga egadir:
karantin obyektlari — mamlakatlarning hududlarida boʻlmagan yoki cheklangan ravishda tarqalgan, oʻsimliklarga yoki oʻsimlik mahsulotlariga sezilarli darajada zarar yetkazishi mumkin boʻlgan zararkunanda, oʻsimlik kasalligi qoʻzgʻatuvchilar va begona oʻtlar turlari;
entomofaglar — hasharotlar bilan oziqlanuvchi organizmlar;
feromonlar — hasharotlar ishlab chiqarib, boshqa jinsdagilariga taʼsir etish uchun atrof-muhitga tarqatadigan biologik aktiv modda;
biopreparatlar — mikroorganizmlardan yoki ular yashash jarayonida ishlab chiqaradigan mahsulotdan tayyorlanadigan biologik preparatlar;
karantindagi materiallar — koʻmaklashadigan yoki ular yordamida karantin obyektlari tarqalishi mumkin boʻlgan barcha materiallar (urugʻlar, koʻchatlar, oʻsimliklar va ularning boʻlaklari, boshqa oʻsimlik mahsulotlari).
2-modda
Tomonlarning ushbu Bitimni amalga oshirish boʻyicha faoliyatini muvofiqlashtiruvchi vakolatli organlari quyidagilardir:
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan — Oʻsimliklar karantini boʻyicha bosh davlat inspeksiyasi;
Ukraina tomonidan — Oʻsimliklar karantini boʻyicha bosh davlat inspeksiyasi.
3-modda
Tomonlar ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlgan 1- va 2-ilovalarga* muvofiq sanab oʻtilgan karantin obyektlari boʻyicha Tomonlar chegaralarida oʻsimliklar karantini boʻyicha import, eksport va tranzit qilishda karantindagi materiallarni karantin tekshiruvi boʻyicha zarur tadbirlarni amalga oshiradilar.
* 1 va 2-ilovalar berilmaydi.
Karantindagi materiallarning karantin tekshiruvi boʻyicha xarajatlarini Tomonlar hududida qabul qilingan tariflar boʻyicha yukning egasi koʻtaradi.
4-modda
Tomonlar bir mamlakatdan boshqa mamlakatga yuboriladigan karantindagi materiallarning importi, eksporti va tranziti boʻyicha ikkala Tomon qonunchiligiga asosan tasdiqlangan fitosanitar qoidalariga rioya qilish majburiyatini oladilar.
5-modda
Tomonlar oʻsimlik karantini sohasida samarali hamkorlikni taʼminlash maqsadida quyidagilarni oʻz zimmalariga oladilar:
import, eksport va tranzit qilishda karatin materiallarining bir Tomon hududidan boshqa hududga kirib ketishini oldini olish boʻyicha zarur tadbirlarni koʻrish;
ular hududlarida oʻsimliklar karantini boʻyicha tadbirlarni tartibga soluvchi qoida, nizom va qoʻllanmalar bilan ayirboshlash;
Tomonlar hududlarida karantin obyektlarning paydo boʻlganligi va tarqalganligi toʻgʻrisida axborot almashish;
oʻsimliklar karantini sohasida ilmiy-tadqiqot ishlari toʻgʻrisida axborot almashish;
karantin obyektlariga qarshi kurash uchun entomofagamlar, mikroorganizmlar, feromonamlar va boshqa moddalar bilan ayirboshlashni amalga oshirish;
mutaxassislarni karantindagi materiallarni tanlab karantin tekshiruvini amalga oshirish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash joylariga xizmat safariga yuborish, chegara punktlarida oʻsimliklar karantini masalalarini tezkor hal etish, shuningdek oʻsimliklar karantini sohasida fan va amaliyot yutuqlarini oʻrganish maqsadida mutaxassislarni safarga yuborish yoʻli bilan ayirboshlash;
oʻsimliklar karantini boʻyicha tadbirlarni oʻtkazishda, oʻchoqlarni aniqlash, kengaytirishni oldini olish va tugatishda, karantin zararsizlantirishida bir-birlariga ilmiy, texnik va boshqa yordam koʻrsatish va boshqalar;
Tomonlardan birining iltimosiga qoʻshma shoshilinch choralar koʻrish uchun favqulodda vaziyatlarda oʻsimliklar karantini boʻyicha mutaxassislardan tuzilgan ekspeditsiyani koʻra xizmat safariga yuborish.
6-modda
Tomonlar import qiluvchi mamlakatning oʻsimliklar karantini boʻyicha amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq eksport yoki tranzit qilinadigan karantindan materiallar bilan karantin obyektlarining ular hududiga kirib kelishining oldini olish uchun barcha choralarni koʻrish majburiyatini oʻz zimmalariga oladilar.
Bir Tomon hududidan boshqa Tomon hududiga keltiriladigan karantindagi materialning har bir partiyasiga eksport qiluvchi mamlakatning davlat karantin xizmati tomonidan beriladigan fitosanitar sertifikat ilova qilinishi kerak. Sertifikatda karantindagi material import karantin ruxsatnomasida import qiluvchi tomon qoʻyadigan fitosanitar normalarga javob berishi tasdiqlanishi kerak.
Fitosanitar sertifikat va import karantin ruxsatnomasi berilishi boʻyicha xarajatlarni mamlakatda qabul qilingan tariflar boʻyicha yukning egasi koʻtaradi.
Tomonlarning vakolatli organlari karantindagi materiallarning ayrim partiyalarini xarid qilishda bunday mahsulotning fitosanitar holati boʻyicha qoʻshimcha shartlar qoʻyish huquqini oʻzida saqlab qoladi. Bunday hollarda karantindagi materiallarni eksport qilishda dastlabki nazorat eksport qiluvchi mamlakat hududida har ikkala Tomonning qoʻshma karantin inspektorlari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
Bir Tomon hududi orqali boshqa Tomon hududiga tranzit bilan tashiladigan karantindagi materialning har bir partiyasiga tashishlarning butun hajmiga beriladigan fitosanitar sertifikat va import karantin ruxsatnomasi ilova qilinishi kerak.
7-modda
Tomonlar oʻz hududlarida ularni tekshirish va karantin obyektlarining kirib kelishini oldini olish maqsadida karantindagi materiallar eksporti, importi, tranziti amalga oshiriladigan chegara punktlarini belgilaydilar.
8-modda
Karantindagi materiallarni eksport qilishda oʻrash materiali sifatida karantin yuklarni tashuvchilar boʻlishi mumkin boʻlmagan qirindilar, qipiqlar, qogʻoz, plastik va boshqa materiallar qoʻllaniladi va ular tuproqqa tegmasliklari kerak, somon, poxol, toʻpon, barglar va boshqa oʻsimlik materiallari Tomonlarning vakolatli organlari oldindan kelishuvisiz bu maqsadlarda foydalanilmaydi.
Karantindagi materialini bir Tomondan boshqa Tomon hududiga tashish uchun foydalanadigan transport vositalari tozalangan boʻlishi va zarur boʻlganda, zararsizlantirilishi kerak.
9-modda
Tomonlarning vakolatli organlari eksport qilayotgan mamlakatning chegara punktida fitosanitariya nazorati paytida karantin organizmlar aniqlangan hollarda karantindagi materialni eksport qiluvchiga qaytarish yoki zararsizlantirish, biroq qaytarish yoki zararsizlantirish mumkin boʻlmaganda esa — uning egasi bilan kelishuvga muvofiq uni yoʻq qilish huquqiga egadirlar, bu haqda har bir alohida holda boshqa Tomonning vakolatli organlari oldindan xabardor qilinishi kerak.
10-modda
Ushbu Bitimni bajarish bilan bogʻliq amaliy masalalarni hal etish uchun Tomonlarning vakolatli organlari zarur boʻlganda ikkala mamlakatda navbati bilan oʻtkaziladigan qoʻshma majlislar tashkil etadilar.
Ushbu Bitimni talqin qilish va qoʻllashda kelib chiqadigan munozarali masalalar Tomonlarning oʻzaro kelishuvi boʻyicha maslahat va muzokaralar oʻtkazish yoʻli bilan hal etiladi.
Tomonlarning kelishuviga binoan, Bitimga ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlib qoladigan, protokollar koʻrinishidagi, oʻzgarishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
11-modda
Ushbu Bitimning qoidalari Tomonlarning uchinchi mamlakat bilan tuzilgan shartnomalaridan kelib chiqadigan yoki ularning karantin va oʻsimliklarni himoya qilish boʻyicha xalqaro tashkilotlarga aʼzo boʻlishlari bilan bogʻliq huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
12-modda
Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki davlat protseduralarini bajarishgani toʻgʻrisida oxirgi bildirishnoma olingan kundan boshlab kuchga kiradi va besh yil muddat davomida amalda boʻladi. Tomonlardan biri uning amalda boʻlish muddatini toʻxtatish niyati haqida boshqa Tomonni belgilangan davr oʻtgunga qadar kamida olti oy oldin yozma ravishda xabardor qilmasa, uning amal qilishi oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik davrlarga uzaytirilaveradi.
Toshkent shahrida 1998-yil 16-yanvarda ikki nusxada, har biri oʻzbek, ukrain va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir. Ushbu Bitim moddalari matnlarini talqin qilishda kelishmovchiliklar paydo boʻlsa rus tilidagi matn asosiy sifatida qoʻllanadi.
(imzolar)
