Davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslardan qatʼiy belgilangan soliqni undirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2463-son)
31.05.2013
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT SOLIQ QOʻMITASINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 31-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2463]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 25-dekabrdagi PQ–1887-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-yil, 52-son, 587-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi qaror qiladilar:
1. Davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslardan qatʼiy belgilangan soliqni undirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 26-aprel,
41-son
Davlat soliq qoʻmitasi raisi B. PARPIYEV
Toshkent sh.,
2013-yil 26-aprel,
2013-24-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2013-yil 26-apreldagi 41, 2013-24-son qaroriga ILOVA
Davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslardan qatʼiy belgilangan soliqni undirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 25-dekabrdagi PQ–1887-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-yil, 52-son, 587-modda) muvofiq davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslardan qatʼiy belgilangan soliqni undirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2012-yil 25-dekabrdagi PQ–1887-son “Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari prognozi va Davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq jismoniy shaxslar tomonidan yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtmasdan faoliyat turlarini amalga oshirish holatlari aniqlangan taqdirda, davlat soliq xizmati organlari tegishli faoliyat turi boʻyicha belgilangan stavkadan kelib chiqqan holda hisoblangan qatʼiy belgilangan soliqni yillik hajmda bir yoʻla undiradilar.
2. Jismoniy shaxslar tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish holatlarini aniqlash davlat soliq xizmati organlari tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
3. Mazkur Nizom yakka tartibdagi tadbirkorlar shugʻullanishi mumkin boʻlmagan faoliyat turlarini amalga oshirayotgan jismoniy shaxslarga tatbiq etilmaydi.
2-bob. Qatʼiy belgilangan soliqning yillik summasini hisoblash va undirish
4. Jismoniy shaxslar tomonidan tadbirkorlik faoliyatini davlat roʻyxatidan oʻtmasdan amalga oshirish holatlari aniqlangan taqdirda, davlat soliq xizmati organi xodimi Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1995-yil, 3-son, 6-modda) belgilangan tartibda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnoma rasmiylashtiradi.
5. Jismoniy shaxs tomonidan tadbirkorlik faoliyatini davlat roʻyxatidan oʻtmasdan amalga oshirish holatini aniqlagan davlat soliq xizmati organi xodimi ikki ish kuni davomida tadbirkorlik faoliyatini davlat roʻyxatidan oʻtmasdan amalga oshirgan jismoniy shaxsga mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi Qatʼiy belgilangan soliqning yillik summasini toʻlash toʻgʻrisidagi talabnomani belgilangan tartibda taqdim etadi.
Agar jismoniy shaxsning tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish joyi uning doimiy yashash joyidan farq qilsa, u holda ushbu jismoniy shaxsni aniqlagan davlat soliq xizmati organi ikki ish kuni davomida mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda Tadbirkorlik faoliyatini davlat roʻyxatidan oʻtmasdan amalga oshiruvchi jismoniy shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qatʼiy belgilangan soliqning yillik summasini hisoblash uchun jismoniy shaxsning doimiy yashash joyidagi davlat soliq xizmati organiga yuboradi.
6. Jismoniy shaxsning doimiy yashash joyidagi davlat soliq xizmati organi Qatʼiy belgilangan soliqning yillik summasini toʻlash toʻgʻrisidagi talabnomani taqdim etgan yoki boshqa davlat soliq xizmati organidan Davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxs toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni olgan kundan boshlab uch ish kuni ichida joriy yilning 1-yanvari holatidagi eng kam ish haqi miqdori va jismoniy shaxs tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish holati aniqlangan sanaga qatʼiy belgilangan soliq stavkasidan kelib chiqib hisoblangan qatʼiy belgilangan soliqning yillik summasini ushbu soliq toʻlovchining shaxsiy kartochkasida aks ettiradi. Agar qatʼiy belgilangan soliqning doimiy yashash joyi boʻyicha stavkasi tadbirkorlik faoliyatni amalga oshirish joyidagi stavkasidan farq qilsa, u holda yuqorida koʻrsatilgan stavkalar ichidan eng yuqorisi qoʻllaniladi. Bunda qatʼiy belgilangan soliqning yillik summasini hisoblab chiqarishda imtiyozlar qoʻllanilmaydi.
7. Davlat soliq xizmati organlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini davlat roʻyxatidan oʻtmasdan amalga oshiruvchi sifatida aniqlangan jismoniy shaxs tadbirkorlik faoliyatini davlat roʻyxatidan oʻtmasdan amalga oshirish holati aniqlangan sanadan boshlab oʻttiz kun ichida qatʼiy belgilangan soliqning yillik summasini toʻlashi yoki ushbu muddat davomida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtishi lozim.
Agar davlat soliq xizmati organlari tomonidan tadbirkorlik faoliyatini davlat roʻyxatidan oʻtmasdan amalga oshiruvchi sifatida aniqlangan jismoniy shaxs davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish holati aniqlangan sanadan boshlab oʻttiz kun ichida qatʼiy belgilangan soliqning yillik summasini toʻlamagan va ushbu muddat davomida yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtmagan boʻlsa, u holda qarz summasi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2007-y., 52 (I)-son) belgilangan tartibda undiriladi.
8. Yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat roʻyxatidan oʻtgan jismoniy shaxsga qatʼiy belgilangan soliqning hisoblangan yillik summasini oʻn ikki oy davomida ushbu davr uchun qatʼiy belgilangan soliq boʻyicha kelgusi soliq majburiyatlari hisobiga toʻlash huquqi beriladi.
Agar jismoniy shaxs davlat roʻyxatidan oʻtmasdan amalga oshirgan tadbirkorlik faoliyati turidan farqli ravishda boshqa faoliyat turi boʻyicha davlat roʻyxatidan oʻtgan boʻlsa, u holda amalga oshirayotgan tadbirkorlik faoliyat turi boʻyicha qatʼiy belgilangan soliq boʻyicha majburiyatlarini bajarish bilan birga, unga qatʼiy belgilangan soliqning hisoblangan yillik summasini oʻn ikki oy davomida teng ulushlarda toʻlash huquqi beriladi.
9. Qatʼiy belgilangan soliq boʻyicha soliq majburiyatlarini uzish har oy teng ulushlarda har oyning 10-sanasidan kechiktirmay amalga oshiriladi. Agar toʻlanishi lozim boʻlgan qatʼiy belgilangan soliq yillik summasining toʻlanmagan qismi kelgusi yilga oʻtadigan boʻlsa, u holda ushbu toʻlanmagan summa eng kam ish haqining kelgusi yildagi 1-yanvar holatidagi miqdoridan kelib chiqib qayta hisoblanishi lozim. Oʻn ikki oy tugagunga qadar yakka tartibdagi tadbirkor faoliyatini toʻxtatganda yoki tugatganda qatʼiy belgilangan soliqning toʻlanmagan summasi Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan tartibda undiriladi.
10. Yakka tartibdagi tadbirkorlar zimmasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga fuqarolarning sugʻurta badallarini toʻlash boʻyicha majburiyatlari saqlanib qolinadi.
3-bob. Yakuniy qoidalar
11. Qatʼiy belgilangan soliqning boʻlib-boʻlib toʻlanadigan summasi oʻz vaqtida toʻlanmagan taqdirda unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksida nazarda tutilgan tartibda penya hisoblanadi.
12. Davlat soliq xizmati organlari qonun hujjatlariga muvofiq mazkur Nizom bajarilishi ustidan nazoratni amalga oshiradilar.
Davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslardan qatʼiy belgilangan soliqni undirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2018-yil 7-martdagi 53 va 2018-25-sonli qarori (roʻyxat raqami 2463-1, 12.03.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2018-y., 10/18/2463-1/0888-son)
Davlat roʻyxatidan oʻtmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy shaxslardan qatʼiy belgilangan soliqni undirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining 2018-yil 7-martdagi 53 va 2018-25-sonli qarori (roʻyxat raqami 2463-1, 12.03.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2018-y., 10/18/2463-1/0888-son)
