Sugʻurtalovchining, sugʻurta brokerining hamda ular alohida boʻlinmalarining rahbariga va bosh buxgalteriga qoʻyiladigan malaka talablari toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida (2462-son)
30.05.2013
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRINING
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 30-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2462]
Oʻzbekiston Respublikasining “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 68-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-noyabrdagi PQ–1438-sonli “2011 — 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting koʻrsatkichlariga erishishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 48-son, 442-modda) muvofiq buyuraman:
1. Sugʻurtalovchining, sugʻurta brokerining hamda ular alohida boʻlinmalarining rahbariga va bosh buxgalteriga qoʻyiladigan malaka talablari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2008-yil 11-iyundagi 61-sonli “Sugʻurtalovchining (sugʻurta brokerining) rahbariga va bosh buxgalteriga qoʻyiladigan malaka talablari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 1827, 2008-yil 18-iyun) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 24-25-son, 241-modda) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 30-aprel,
42-son
Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2013-yil 30-apreldagi 42-sonli buyrugʻiga ILOVA
Sugʻurtalovchining, sugʻurta brokerining hamda ular alohida boʻlinmalarining rahbariga va bosh buxgalteriga qoʻyiladigan malaka talablari toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2002-y., 4-5-son, 68-modda) va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-noyabrdagi PQ–1438-sonli “2011 — 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting koʻrsatkichlariga erishishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 48-son, 442-modda) muvofiq sugʻurtalovchining, sugʻurta brokerining hamda ular alohida boʻlinmalarining rahbariga va bosh buxgalteriga qoʻyiladigan malaka talablarini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
sugʻurtalovchining (sugʻurta brokerining) rahbari — qonunchilik hujjatlari va sugʻurtalovchining (sugʻurta brokerining) taʼsis hujjatlariga muvofiq tayinlanishi yoki saylanishi natijasida, tuzilgan mehnat shartnomasiga asosan sugʻurtalovchining (sugʻurta brokerining) yagona ijro etuvchi organi boʻlib hisoblanadigan yoki sugʻurtalovchining (sugʻurta brokerining) kollegial ijro etuvchi organi ustidan boshqaradigan jismoniy shaxs;
sugʻurtalovchining (sugʻurta brokerining) alohida boʻlinmasining rahbari — tayinlanishi natijasida, tuzilgan mehnat shartnomasi va berilgan ishonchnomaga asosan sugʻurtalovchining (sugʻurta brokerining) alohida boʻlinmasining yagona ijro etuvchi organi boʻlib hisoblanadigan jismoniy shaxs;
sugʻurtalovchining (sugʻurta brokerining) bosh buxgalteri — sugʻurtalovchining (sugʻurta brokerining) buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqaruvi funksiyalarini amalga oshiruvchi, buxgalteriya hisobini yuritishni hamda moddiy va moliyaviy resurslarni oqilona, tejamkorlik bilan ishlatilishini nazorat qilishni taʼminlaydigan jismoniy shaxs;
sugʻurtalovchining (sugʻurta brokerining) alohida boʻlinmasining bosh buxgalteri — sugʻurtalovchining (sugʻurta brokerining) alohida boʻlinmasining buxgalteriya hisobi va moliyaviy boshqaruvi funksiyalarini amalga oshiruvchi, buxgalteriya hisobini yuritishni hamda moddiy va moliyaviy resurslarni oqilona, tejamkorlik bilan ishlatilishini nazorat qilishni taʼminlaydigan jismoniy shaxs;
alohida boʻlinma — sugʻurtalovchining (sugʻurta brokerining) Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi filiali (vakolatxonasi).
2. Sugʻurtalovchilarning, sugʻurta brokerlarining hamda ular alohida boʻlinmalarining rahbarlari va bosh buxgalterlari lavozimlariga tavsiya etilayotgan nomzodlar (bundan buyon matnda nomzodlar deb yuritiladi) mazkur Nizomda belgilangan malaka talablariga mos kelgan taqdirda tayinlanadi (saylanadi).
3. Sugʻurtalovchi (sugʻurta brokeri) Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (bundan buyon matnda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi deb yuritiladi) nomzodning mazkur Nizomda belgilangan malaka talablariga mos kelishini tasdiqlovchi hujjatlarni u sugʻurtalovchining, sugʻurta brokerining hamda ular alohida boʻlinmalarining rahbari va bosh buxgalteri lavozimlariga tayinlanishidan (saylanishidan) avval taqdim etishga majbur.
4. Sugʻurtalovchining alohida boʻlinmalarining shtatdagi soni 2 tadan kam boʻlmasligi lozim (sugʻurtalovchining alohida boʻlinmasining rahbari va bosh buxgalteri).
5. Sugʻurtalovchining, sugʻurta brokerining hamda ular alohida boʻlinmalarining rahbari va bosh buxgalterining boʻsh oʻrinlari 3 oy muddat ichida butlanishi lozim.
2-bob. Malaka talablari
6. Sugʻurtalovchining (sugʻurta brokerining) rahbari quyidagi malaka talablariga mos kelishi lozim:
a) Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarida olingan oliy maʼlumotga yoki xorijiy davlatlarning taʼlim muassasalarida olingan, hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasida tan olingan oliy maʼlumotga ega boʻlishi;
b) sugʻurta sohasida 3 yildan kam boʻlmagan ish stajiga ega boʻlishi (sugʻurta agenti sifatidagi, shuningdek yordamchi, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar lavozimlaridagi ish staji hisobga olinmaydi);
v) quyidagi yoʻnalishlardagi bilimlarga ega boʻlishi:
Oʻzbekistonda demokratik jamiyat qurish nazariyasi va amaliyoti;
sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari.
7. Sugʻurtalovchining (sugʻurta brokerining) bosh buxgalteri quyidagi malaka talablariga mos kelishi lozim:
a) Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarida olingan oliy (buxgalterlik, moliyaviy, iqtisodiy) maʼlumotga yoki xorijiy davlatlarning taʼlim muassasalarida olingan, hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasida tan olingan oliy (buxgalterlik, moliyaviy, iqtisodiy) maʼlumotga ega boʻlishi;
b) buxgalter sifatida 4 yildan kam boʻlmagan ish stajiga ega boʻlishi, shundan sugʻurta sohasida buxgalter sifatida 2 yildan kam boʻlmagan ish stajiga ega boʻlishi;
v) quyidagi yoʻnalishlardagi bilimlarga ega boʻlishi:
sugʻurta faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari;
buxgalteriya hisobi toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlari.
8. Sugʻurtalovchining (sugʻurta brokerining) alohida boʻlinmasining rahbari quyidagi malaka talablariga mos kelishi lozim:
a) Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarida olingan oliy maʼlumotga yoki xorijiy davlatlarning taʼlim muassasalarida olingan, hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasida tan olingan oliy maʼlumotga ega boʻlishi;
b) sugʻurta sohasida 1 yildan kam boʻlmagan ish stajiga ega boʻlishi (sugʻurta agenti sifatidagi, shuningdek yordamchi, texnik va xizmat koʻrsatuvchi xodimlar lavozimlaridagi ish staji hisobga olinmaydi).
9. Sugʻurtalovchining (sugʻurta brokerining) alohida boʻlinmasining bosh buxgalteri quyidagi malaka talablariga mos kelishi lozim:
a) Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim muassasalarida olingan oliy (buxgalterlik, moliyaviy, iqtisodiy) maʼlumotga yoki xorijiy davlatlarning taʼlim muassasalarida olingan, hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasida tan olingan oliy (buxgalterlik, moliyaviy, iqtisodiy) maʼlumotga ega boʻlishi;
b) buxgalter sifatida 1 yildan kam boʻlmagan ish stajiga ega boʻlishi.
10. Sugʻurtalovchining, sugʻurta brokerining hamda ular alohida boʻlinmalarining rahbari (bosh buxgalteri) etib, rahbar (bosh buxgalter) tomonidan amalga oshirilgan harakatlar yuridik shaxsni bankrotlikka yoki uni majburiy tugatish toʻgʻrisida sud tomonidan qaror chiqarilishiga olib kelganligi boʻyicha maʼlumotlar mavjud boʻlgan hollarda, bankrot deb topilgan yoki sud tomonidan uni majburiy tugatish toʻgʻrisidagi qaror chiqarilgan paytgacha 1 yil mobaynida yuridik shaxsning rahbari (bosh buxgalteri) boʻlib hisoblangan shaxs tayinlanishi (saylanishi) mumkin emas.
3-bob. Nomzodlarning malaka talablariga mos kelishini aniqlash
11. Sugʻurtalovchi (sugʻurta brokeri) Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
mazkur Nizomning ilovasiga muvofiq keltirilgan shakl boʻyicha toʻldirilgan anketa;
oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi diplomning ish joyida tasdiqlangan nusxasi yoki oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi xorijiy hujjatning tan olish toʻgʻrisida vakolatli davlat organi guvohnomasining ish joyida tasdiqlangan nusxasi (xorijiy davlatlarning taʼlim muassasalarida olingan oliy maʼlumot mavjud boʻlgan taqdirda);
mehnat daftarchasining ish joyida tasdiqlangan nusxasi. Oʻrindoshlik boʻyicha mehnat staji mavjud boʻlgan taqdirda, bu haqda mehnat daftarchasida qayd qilingan boʻlishi lozim.
Koʻrsatilgan hujjatlar bir nusxada taqdim qilinadi.
12. Nomzodning mazkur Nizom bilan belgilangan malaka talablariga mos kelishini aniqlash uchun Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan Komissiya tashkil etiladi.
13. Sugʻurtalovchining (sugʻurta brokerining) rahbarlari va bosh buxgalterlari lavozimlariga tavsiya etilayotgan nomzodlar mazkur Nizom bilan belgilangan malaka talablariga mos kelishi taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish va nomzodlar bilan suhbat oʻtkazish yoʻli bilan aniqlanadi. Nomzodlar bilan suhbat Istiqbolli loyihalar milliy agentligi tomonidan tasdiqlangan va Istiqbolli loyihalar milliy agentligining veb-saytida joylashtirilgan savolnoma asosida oʻtkaziladi.
Sugʻurtalovchining (sugʻurta brokerining) alohida boʻlinmalarining rahbari va bosh buxgalteri lavozimlariga tavsiya etilayotgan nomzodlar mazkur Nizom bilan belgilangan malaka talablariga mos kelishi taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish orqali aniqlanadi.
14. Komissiya rais, rais oʻrinbosari va kamida uchta aʼzodan iborat boʻladi, shu jumladan kotib.
Komissiyasi tarkibiga Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xodimlari kiritiladi.
15. Komissiya toʻgʻrisidagi nizom va uning shaxsiy tarkibi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Komissiya, Komissiyaning 50 foizdan kam boʻlmagan tarkibda Komissiya raisi yoki rais oʻrinbosarining majburiy ishtirokida yigʻilishlarni oʻtkazishga haqlidir.
16. Komissiya ishi yigʻilish shaklida amalga oshiriladi va bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnomalar Komissiya raisi tomonidan tasdiqlanadi (u boʻlmagan taqdirda esa — uning oʻrinbosari tomonidan) va yigʻilishlarda ishtirok etgan Komissiya aʼzolari tomonidan imzolanadi.
17. Komissiyaning ishini tashkil etish masalalari boʻyicha Komissiya kotibi tayinlanadi.
18. Taqdim etilgan hujjatlar ishchi organga kelib tushgan kundan boshlab 2 kun muddatda Komissiyaga koʻrib chiqish uchun kiritiladi.
Komissiya 10 kun muddatda taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi (suhbat oʻtkazadi) va nomzodning mazkur Nizom bilan belgilangan malaka talablarga mos kelishi yoki mos kelmasligi haqida qaror qabul qiladi.
19. Mazkur Nizomning 11-bandida koʻrsatilgan hujjatlar taqdim etilmagan va/yoki oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirilmagan holda taqdim etilgan taqdirda (ulardan biri yoki bir nechtasi), taqdim etilgan hujjatlar sugʻurtalovchi (sugʻurta brokeri) barcha zarur hujjatlarni oʻrnatilgan tartibda rasmiylashtirilgan holda taqdim etmaguniga qadar Komissiyaga koʻrib chiqish uchun kiritilmaydi, bu haqda ishchi organ 2 kun muddatda sugʻurtalovchini (sugʻurta brokerini) yozma ravishda ogohlantiradi.
4-bob. Yakuniy qoidalar
20. Nomzodlar mazkur Nizomda belgilangan malaka talablariga mos kelgan taqdirda, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bu haqda sugʻurtalovchiga (sugʻurta brokeriga) Komissiya qaror qabul qilgan kundan boshlab 3 kun muddatda yozma ravishda xabar beradi.
21. Nomzodlar mazkur Nizomda belgilangan malaka talablariga mos kelmagan taqdirda, Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bu haqda sugʻurtalovchiga (sugʻurta brokeriga) mos kelmaganlik sabablarini koʻrsatgan holda Komissiya tomonidan qaror qabul qilingan kundan boshlab 3 kun muddatda yozma ravishda xabar beradi.
22. Sugʻurtalovchi (sugʻurta brokeri) mazkur Nizom talablarini buzgan taqdirda, sugʻurtalovchiga (sugʻurta brokeriga) qonunchilik hujjatlariga muvofiq choralar koʻriladi.
23. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Sugʻurtalovchining, sugʻurta brokerining hamda ular alohida boʻlinmalarining rahbariga va bosh buxgalteriga qoʻyiladigan malaka talablari toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
(ilova Oʻzbekiston Respublikasi moliya vazirining 2020-yil 13-avgustdagi 37-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 2462-1, 25.08.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.08.2020-y., 10/20/2462-1/1221-son)
