Temir yoʻl transporti sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisida
02.06.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qozogʻiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Qozogʻiston Respublikasi Hukumati, bundan keyin Ahdlashuvchi Tomonlar deb ataluvchilar,
har ikkala davlat oʻrtasida temir yoʻl transporti bilan yoʻlovchilar va yuklarni xalqaro, shuningdek ular hududi orqali uchinchi mamlakatlarga hamda ulardan tranzit tashib oʻtishni amalga oshirishga muhim ahamiyat berib,
teng huquqlilik va oʻzaro foyda asosida temir yoʻl transporti sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ikki tomonlama qiziqishni taʼkidlab, yoʻlovchilar va yuklarni tashishning maʼqul topilgan jarayonini taʼminlash maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar har ikki davlat oʻrtasida temir yoʻl transporti orqali yoʻlovchilar va yuklarning, ular hududi orqali tranzitda tashishning, yuklarni tushirib, boshqasiga ortishning toʻsiqsiz amalga oshirilishiga, yuklarning harakatlanishi va saqlanishi, shuningdek davlat chegaralari va bojxona tartiblaridan Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarning amaldagi meʼyoriy hujjatlarga, shuningdek qonunchiligiga muvofiq oʻtkazish xavfsizligini taʼminlashda hamma joyda yordam koʻrsatish majburiyatini oldilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar boshqa Ahdlashuvchi Tomonga eksport-import tranzit operatsiyalari uchun oʻz chegara stansiyalarini qarshiliksiz berishga oʻz roziliklarini tasdiqlaydilar.
2-modda
Temir yoʻl transporti faoliyati bilan bogʻliq masalalarni muvofiqlashtirish uchun Ahdlashuvchi Tomonlar quyidagi vakolatli organlarni tayinlaydilar:
Oʻzbekiston Respublikasida — "Oʻzbekiston temir yoʻllari" davlat-aksionerlik kompaniyasi yoki u vakolatlagan boshqa organ,
Qozogʻiston Respublikasida "Kazaxstan temir joli" respublika davlat korxonasi yoki u vakolatlagan boshqa organ.
3-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar hududi boʻylab temir yoʻl transportida yoʻlovchilar va yuklarni, shuningdek uchinchi davlatlardan yoki uchinchi davlatlarga tranzitda tashishni tashkil etishda Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz harakatlarini Ahdlashuvchi Tomonlar aʼzo boʻlgan xalqaro bitimlarni, har ikki davlat milliy qonunchiliklarini hisobga olib muvofiqlashtiradilar, zarur hollarda esa alohida bitimlar tuzadilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar temir yoʻl transporti sohasida boshqa davlatlar bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomon manfaatlariga taalluqli boʻlgan bitimlar tuzgan taqdirda uni bu haqda xabardor etadi.
4-modda
1. Qozogʻiston Respublikasi hududi orqali Oʻzbekiston Respublikasiga va Oʻzbekiston Respublikasi hududi orqali Qozogʻiston Respublikasiga temir yoʻlda tranzit tashish tartibi Ahdlashuvchi Tomonlar aʼzo boʻlgan xalqaro bitimlar bilan belgilanadi.
2. Xalqaro yoʻlovchi va yuk tashishlar haqida koʻrsatilgan xizmatlar uchun hisob-kitoblar tartibi Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasida tuzilgan bitimlar bilan belgilanadi.
3. Tashishlar bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni tezkor hal etish uchun Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida oʻz vakilliklarini ochishlari mumkin.
5-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi temir yoʻllari oʻrtasida vujudga kelgan axborotlarning oʻzaro harakatlanishini saqlab qoladilar va uning yanada rivojlanishiga yordam beradilar. Oʻzgarishlar zarur boʻlganda vakolatli organlarning oʻzaro kelishuviga asosan amalga oshiriladi.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar temir yoʻl xodimlariga ikkinchi davlat hududida boʻlgan vaqtlarida ular oʻz xizmat vazifalarini bajarishlariga koʻmaklashish, shuningdek toʻsatdan kasal boʻlib qolganlari yoki jarohat olganlarida zarur tibbiy yordam koʻrsatish majburiyatini oʻz zimmalariga oladilar.
7-modda
Ahdlashuvchi Tomonlardan birining vakolatli organlari ularning aybi bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomon temir yoʻllariga keltirilgan moddiy zarar uchun Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarning amaldagi meʼyoriy hujjatlarga, shuningdek qonunchiligiga muvofiq moddiy javobgar boʻladilar.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz vakolatli organlariga yoʻlovchilar va yuklarni tashish, oʻzaro harakat tarkibini, texnika, uskunalar, ularga ehtiyot qismlar, temir yoʻl transporti ehtiyojlari uchun zarur boʻlgan moddiy resurslarni oʻzaro yetkazib berish, harakat tarkibini, asbob-uskunalar va texnikalarni taʼmirlash va boshqa temir yoʻl transporti faoliyatini muvofiqlashtiruvchi masalalarni tashkil etishga doir ikki tomonlama bitimlar tuzishni topshiradilar.
9-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar vakolatli organlarga iqtisodiy baholash va oʻzaro manfaatlarni hisobga olish, tashish ishining texnologik parametrlarini tayyorlash va tasdiqlash tartibini belgilash boʻyicha muzokaralar oʻtkazish huquqini beradilar.
10-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlarini temir yoʻl transportidagi ilmiy-texnikaviy siyosat sohasida qabul qilingan yoki tayyorlanayotgan qarorlar toʻgʻrisida xabardor qiladilar.
11-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar temir yoʻl transporti mutaxassislarini tayyorlash sohasida hamkorlik qiladilar hamda har bir Ahdlashuvchi Tomondan berilgan malaka hujjatlarini eʼtirof etadilarki, ular har ikki davlat hududida teng yuridik kuchga ega boʻladi hamda rasmiylashtirish talab etilmaydi.
12-modda
1. Ushbu Bitimni talqin qilish va qoʻllashda yuzaga keladigan bahsli masalalar Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar va maslahatlashuvlar yoʻli bilan hal etiladi.
2. Ushbu Bitimga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra qabul qilinishi mumkin hamda ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlib qoladigan maxsus protokol bilan rasmiylashtiriladi.
13-modda
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlarning ular tomonidan buning uchun zarur boʻlgan ichki davlat tartiblari bajarilganligi toʻgʻrisidagi oxirgi bildirishlari sanasidan boshlab kuchga kiradi va Ahdlashuvchi Tomonlardan birining uning harakatlarini toʻxtatish istagi toʻgʻrisidagi yozma bildirishi sanasidan olti oy oʻtgunga qadar amalda boʻladi.
Almati shahrida 1997-yil 2-iyunda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, qozoq va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga egadir.
Matnlarning turli talqin etilishi hollarida Bitimning rus tilidagi matni asos qilib qabul qilinadi.
(imzolar)
