Oʻzbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi ommaviy axborot vositalari muxbirlarining va Rossiya Federatsiyasining Oʻzbekiston Respublikasidagi muxbirlarining maqomi toʻgʻrisida
06.05.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati, bundan keyin Tomonlar deb ataluvchilar,
ikkala mamlakatning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayoti toʻgʻrisidagi axborot keng va erkin tarqatilishi uchun sharoitlar barpo etishning zarurligidan kelib chiqib,
jurnalistlar va ommaviy axborot vositalarining boshqa xodimlari kasb faoliyatlarini amalga oshirishlari uchun huquqiy himoya va eng yaxshi sharoitlarni taʼminlashning zarurligini hisobga olib,
1948-yilda qabul qilingan Inson huquqlari umumiy deklaratsiyasi va 1966-yilda qabul qilingan Fuqaro va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro pakt qoidalariga rioya qilib,
1975-yilda qabul qilingan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik boʻyicha Yakunlovchi aktning va YEXHTning axborot sohasi va gumanitar sohadagi hamkorlikka tegishli keyingi hujjatlari qoidalarining bajarilishiga koʻmaklashishni istab,
keng axborot almashuviga koʻmaklashishni va koʻrsatilgan oʻzaro harakat qilish sohasida bitimlar tuzish zaruriyatini koʻzda tutadigan 1991-yilda qabul qilingan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligini tuzish toʻgʻrisidagi bitimning 4-moddasiga, MDH doirasida va ikki tomonlama asosda erishilgan boshqa ahdlashuvlarga muvofiq harakat qilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
1. Ushbu Bitim maqsadlarida:
1) «xorijiy muxbirlar» atamasi Oʻzbekiston Respublikasida qayd qilingan, Rossiya Federatsiyasida akkreditatsiya qilinadigan ommaviy axborot vositalari (agentliklar, gazetalar, jurnallar, boshqa davriy bosma nashrlar, nashriyotlar, radio, televideniye) muxbirlarini va Rossiya Federatsiyasida qayd qilingan, Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiya qilinadigan ommaviy axborot vositalarining muxbirlarini anglatadi;
2) «akkreditatsiya davlati» atamasi «xorijiy muxbir» akkreditatsiya qilingan davlatni anglatadi.
2. Xorijiy muxbirlar sifatida akkreditatsiya davlatining fuqarolari, shuningdek uchinchi davlat fuqarolari akkreditatsiya qilinishi mumkin.
2-modda
Akkreditatsiya davlatidagi xorijiy muxbirlarning huquqlari, majburiyatlari va masʼuliyati xalqaro huquqning umum tan olingan normalari, akkreditatsiya davlati qonunlari va ushbu Bitim qoidalari bilan aniqlanadi va tartibga solinadi.
3-modda
Tomonlar vakolatli organ va tashkilotlar orqali milliy qonunlar doirasida xorijiy muxbirlar akkreditatsiya davlatining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayoti toʻgʻrisida obʼektiv axborot olishlariga va tarqatishlariga, umum tan olingan jurnalistik etikani hurmat qilishlariga har tomonlama koʻmaklashadilar.
4-modda
Tomonlar vakolatli organ va tashkilotlar orqali milliy qonunlar doirasida xorijiy muxbirlar uchun ular oʻz kasb majburiyatlarini amalga oshirishlarida axborotning rasmiy manbalaridan erkin foydalanishlarini, shuningdek xorijiy muxbirlarning axborot manbasi maxfiyligi huquqiga rioya qilishni taʼminlaydilar.
5-modda
Tomonlar vakolatli organ va tashkilotlar orqali oʻz mamlakatlarida matbuot markazlarining tashkil etilishi va faoliyat koʻrsatishiga koʻmaklashadilar, shuningdek milliy matbuot uchun rasmiy matbuot konferensiyalari va boshqa shu kabi tadbirlar xorijiy muxbirlar uchun ochiq boʻlishini taʼminlaydilar.
6-modda
Akkreditatsiya davlati milliy qonunlari talablarini inobatga olgan holda xorijiy muxbirlarga oʻzaro asosda mos ravishda Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hududida qonunga zid kelmaydigan erkin koʻchish va harakat qilish huquqi beriladi, borib koʻrish uchun maxsus tartib oʻrnatilgan rayon va obʼektlar bundan istisno.
7-modda
Tomonlar vakolatli organ va tashkilotlar orqali xorijiy muxbirlarning oʻz materiallari, radio-, video- va tele- axborotlarini hech qanday senzurasiz erkin oʻtkazish huquqlariga rioya qilishni taʼminlaydilar.
Muxbir akkreditatsiya qilinmagan holda ommaviy axborot vositalarida unga akkreditatsiya qilingan muxbir sifatida tayanish mumkin emas.
8-modda
Tomonlar vakolatli organ va tashkilotlar orqali murojaatnoma olingan kundan boshlab ikki oydan oshmaydigan muddatda xorijiy ommaviy axborot vositalarining muxbirlik punktlarini ochish va xorijiy muxbirlarni akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi qarorlarni qabul qilishni taʼminlaydilar.
Xorijiy muxbirlarni akkreditatsiya qilish va xorijiy ommaviy axborot vositalarining muxbirlik punktlarini ochish toʻgʻrisidagi qarorlarni qabul qilish akkreditatsiya qiluvchi davlatning vakolatli organlari tomonidan xalqaro huquq normalariga va ulardan kelib chiqadigan milliy qonunlar normalariga muvofiq amalga oshiriladi.
9-modda
Zarur boʻlgan hollarda Tomonlar vakolatli organ va tashkilotlar orqali doimiy akkreditatsiya qilingan xorijiy muxbirlarga muxbirlik punktlarini joylashtirish uchun binolar ajratishda koʻmaklashadilar, shuningdek kutilmagan hollarda (tabiiy ofat, baxtsiz hodisa va shunga oʻxshash hollarda) moddiy yordam koʻrsatadilar.
Turar joy bilan bogʻliq boʻlgan masalalar boʻyicha esa xorijiy muxbirlar va ularning oilalari oʻzlari, yoki oʻzlarining vakillari orqali ushbu muammolarni hal etishlari mumkin.
10-modda
Tomonlarning tegishli organ va tashkilotlari xorijiy muxbirlarga nisbatan cheklash tadbirlarini qabul qilishdan oʻzlarini tiyadilar, ular tomonidan akkreditatsiya davlatining qonunlari va ushbu Bitim qoidalarini buzish hollari bundan istisno.
11-modda
Tomonlar ushbu Bitim bajarilishining borishini davriy ravishda koʻrib chiqadilar.
Ushbu Bitimning talqin qilinishi va qoʻllanilishi bilan bogʻliq boʻlgan masalalar Tomonlarning vakolatli organlari tarafidan muzokaralar va maslahatlashishlar yoʻli bilan hal qilinadi.
12-modda
Ushbu Bitim u imzolangan sanadan kuchga kiradi.
Bitim besh yillik muddatga tuzildi va Tomonlardan biri uning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida tegishli muddat tutashidan kamida olti oy ilgari boshqa Tomonga yozma ravishda xabarnoma yubormagunicha, u har gal keyingi besh yillik davrlarga oʻz-oʻzidan uzaytiriladi.
Moskva shahrida 1998-yil 6-mayda ikki nusxada, har biri oʻzbek va rus tillarida tuzildi, ikkala matn bir xil kuchga ega.
(imzolar)
