Hukumat aloqasi sohasida hamkorlik yuzasidan
18.11.1999
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikkala davlat oʻrtasidagi mavjud doʻstona munosabatlarni yanada mustahkamlashga intilib,
davlatlararo hukumat aloqasini saqlash va rivojlantirishdan Tomonlarning manfaatdor ekanligini hisobga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda
Ushbu Bitimda mazkur atamalar quyidagi maʼnoda qoʻllanadi:
“vakolatli tashkilotlar” — Oʻzbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Hukumat aloqasi xizmati hamda Rossiya Federatsiyasi Prezidenti huzuridagi Hukumat aloqasi va axborot federal agentligi;
“hukumat aloqasi” — shifrlangan telefon aloqasi va hujjatli aloqa;
“davlatlararo hukumat aloqasi” — Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi hukumat aloqasi mijozlari oʻrtasida axborot almashish uchun hukumat aloqasi tizimi;
“shifrlash vositalari” — shifrlovchi texnika (shifrlash apparati, dasturli-apparat, shifrlashning dasturli vositalari) hamda maxsus himoya qurilmalari, ehtiyot mulk va ularning jihozlari, normativ va texnik hujjatlar, qoʻl shifrlari, shifr hujjatlari (shifr kalitlari) hamda ularni tayyorlash uchun uskuna.
2-modda
Tomonlar doimiy ravishda ishlovchi davlatlararo hukumat aloqasini taʼminlaydilar va mukammallashtiradilar.
Tomonlardan har biri boshqa Tomon manfaatlariga daxldor boʻlgan davlatlararo hukumat aloqasini tashkil etish, texnik ishlatish va xavfsizligini taʼminlash masalalarini hal etishda teng huquqqa ega.
Davlatlararo hukumat aloqasini tashkil etish, undan texnik foydalanish, xavfsizligini taʼminlash va uzluksiz ishlashi masalalari vakolatli tashkilotlar tomonidan hal etiladi.
3-modda
Agar Tomonlarning boshqa bitim va shartnomalarida soʻz yuritilmagan boʻlsa, Tomonlardan har biri ayni davlat qonunlarida koʻzda tutilgan tartibga muvofiq, oʻz davlati hududida boshqa Tomonning mansabdor shaxslari uchun hukumat aloqasini taqdim etadi.
4-modda
Oʻz davlati hududi doirasida davlatlararo hukumat aloqasini barpo etish, ishga tushirish, texnik ishlatish va yanada mukammallashtirish boʻyicha xarajatlarni Tomonlardan har biri mustaqil ravishda qoplaydi.
Uchinchi davlatlarning hududidan oʻtadigan aloqa kanallarining ijara xarajatlari teng ravishda qoplanadi.
5-modda
Vakolatli tashkilotlar:
davlatlararo hukumat aloqasi, shuningdek hukumat aloqasi milliy tarmoqlari uchun yangi tizim hamda vositalarni ishlab chiqish sohasida ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini oʻzaro foydali asoslarda birgalikda oʻtkazadilar;
hukumat aloqasi vositalarini ishlab chiqarish sohasida birgalikda harakat qiladilar;
hukumat aloqasi tizimlari va vositalarida axborotni himoya qilish sohasida hamkorlik qiladilar;
kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish sohasida hamkorlikni amalga oshiradilar;
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Rossiya Federatsiyasi hukumat aloqasi radioelektron vositalarining elektromagnit sigʻishimliligini taʼminlash maqsadida oʻz davlatlari hududida chiqarilgan chastota spektridan foydalanish masalalarida hamkorlikni amalga oshiradilar.
Mazkur yoʻnalishlar boʻyicha hamkorlik vakolatli tashkilotlar oʻrtasida kelishilgan alohida hujjatlarda belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
6-modda
Tomonlar ikkala davlat qonunlariga muvofiq davlatlararo hukumat aloqasini, shuningdek hukumat aloqasi milliy tarmoqlarini tashkil etish hamda ishlatish uchun zarur boʻlgan shifrlash vositalari, aloqa texnikasi va vositalari, butlovchi jihozlar va ehtiyot qismlarni kelishilgan hajmlarda yetkazib berishni taʼminlaydilar.
7-modda
Shifrlash vositalari, aloqa texnikasi va vositalarini, butlovchi jihoz va ehtiyot qismlarni oʻzaro yetkazib berishlar, shuningdek ularni taʼmirlashni tashkil etish va maxsus xizmatlar koʻrsatish tuzilgan shartnoma (kontrakt)larga muvofiq amalga oshiriladi.
8-modda
Tomonlarning ushbu Bitimni amalga oshirish yuzasidan faoliyatida rus tili ish tili hisoblanadi.
9-modda
Tomonlar vakolatli tashkilotlarga ushbu Bitim yuzasidan majburiyatlarni bajarish yuzasidan kelib chiqadigan masalalar boʻyicha ikki tomonlama muzokaralar (maslahatlashishlar) oʻtkazishga vakolat beradilar.
10-modda
Tomonlarning oʻzaro kelishuvi boʻyicha ushbu Bitimga bayonnomalar tarzida rasmiylashtiriladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
11-modda
Ushbu Bitim besh yil muddatga tuziladi. Agar Tomonlarning birontasi oʻzgacha fikr bildirmasa, uning amal qilishi oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik davrlarga uzayadi. Tomonlarning har biri boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor etgan holda ushbu Bitimni bekor qilishi mumkin. Bitimning amal qilishi shunday bildirishnoma olingan kundan olti oy oʻtgach toʻxtatiladi.
Toshkent shahrida 1999-yil 18-noyabrda ikki nusxada, oʻzbek va rus tillarida tuzildi, har ikkala matn bir xil kuchga ega.
(imzolar)
