Yoʻlovchilar va yuklarni avtomobil transportida xalqaro tashishlar toʻgʻrisida
20.04.1999
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Chexiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Chexiya Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikki davlatning oʻzaro manfaatli savdo va iqtisodiy aloqalarini taraqqiy ettirishga koʻmaklashish niyatida,
hamjihatlik asosida yoʻlovchilar va yuklarni avtomobil transportida ikkala davlat oʻrtasida va ular hududidan tranzit tarzda tashishni rivojlantirish va bunda qatnovni yengillatish istagida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Ushbu Bitimga muvofiq ikkala davlat oʻrtasida hamda ularning hududidan tranzit tarzida xalqaro avtomobil qatnovlari uchun ochiq boʻlgan yoʻllarda Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari hududida roʻyxatga olingan avtotransport vositalarida yoʻlovchilar va yuklarni nomuntazam tashishlar amalga oshiriladi.
I. Taʼriflar 2-modda
Ushbu Bitimda:
a) “tashuvchi” atamasi Ahdlashuvchi Tomonlardan biri davlatining hududida muassasasi yoki jismoniy shaxsga nisbatan olganda yuridik adresga ega boʻlgan, oʻz mamlakati qonunlariga muvofiq faoliyat yuritadigan, avtomobil transportida yoʻlovchilar va yuklarni tashishga vakil qilingan jismoniy yoki yuridik shaxsni anglatadi;
b) “transport vositasi” atamasi:
yoʻlovchilarni tashishda: konstruksiyasi yoʻlovchilarni tashishga moʻljallangan, haydovchi oʻrnidan tashqari yana kamida toʻqqizdan ortiq oʻrindiqqa ega boʻlgan mexanik transport vositasi, shuningdek bagajlarni tashish uchun tirkama yoki maxsus transport vositasini anglatadi;
yuklarni tashishda: yuk avtomobili, tirkamali yuk avtomobili, shatakchi yoki yarim tirkamali shatakchi;
v) “nomuntazam tashishlar” atamasi yuridik yoki jismoniy shaxslarning buyurtmasi boʻyicha yoʻlovchilar va yuklarni (turistlar, yopiq eshikli tashishlar, mokisimon qatnashlar va h.) belgilangan joyga yetkazish uchun tashishlarni anglatadi;
g) “tranzit tashishlar” atamasi yoʻlovchilar va yuklarni bir Ahdlashuvchi Tomon davlati hududi oralab shunday tashishlarni anglatadiki, bunda joʻnash va etib borish manzillari Ahdlashuvchi Tomonlardan biri hududidan tashqarida joylashgan boʻladi.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlarning ushbu Bitimning tegishli qoidalarini bajarishga masʼul vakolatli organlari qilib:
Oʻzbekiston Respublikasida:
Oʻzbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, “Oʻzavtoyoʻl” konserni;
Chexiya Respublikasida:
Transport va kommunikatsiya vazirligi, Moliya vazirligi tayinlanadi.
II. Yoʻlovchilarni tashish 4-modda
1. Yoʻlovchilarni ikkala davlat oʻrtasida va ularning hududidan tranzit tashishlarni amalga oshirish uchun Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari beradigan ruxsatnomalar kerak boʻladi, bundan ushbu Bitimning 5-moddasida koʻzda tutilgan tashishlar mustasno.
2. Ushbu Bitimning 5-moddasida koʻzda tutilgan tashishlarni istisno qilganda, yoʻlovchilarni har gal tashishda, agar ruxsatnomaning oʻzida boshqacha tartib belgilanmagan boʻlsa, muayyan joyga borib qaytishga huquq beradigan alohida ruxsatnoma olish kerak.
Ruxsatnomada tashishlarning tarzi va transport vositasining belgilangan davlatda boʻlishi muddati toʻgʻrisida maʼlumot hamda transport vositasining qaydlov nomeri koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
3. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari yoʻlovchilarni nomuntazam tashish uchun beriladigan ruxsatnomalarning oʻzaro kelishilgan nusxalari miqdorini bir-biriga har yili berib turadilar. Bunday nusxalarda ruxsatnomani bergan vakolatli organning muhri va vakolatli shaxsning imzosi boʻlishi kerak.
5-modda
1. Yoʻlovchilarni tashish boʻyicha kuyidagi nomuntazam tashishlarni bajarish uchun ruxsatnoma olish shart emas:
a) tarkibi oʻzgarmaydigan guruh muayyan avtomobil transportining oʻzida shu avtomobil transporti vositasi roʻyxatga olingan Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida boshlanadigan va tugaydigan yoʻnalish boʻylab tashilsa;
b) tashish transport vositasi roʻyxatga olingan Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida boshlanib, ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonlar davlati hududida tugaydigan yoʻnalishda amalga oshirilsa, shu shart bilanki, transport vositasi oʻzi roʻyxatga olingan davlatga boʻsh holda qaytsa;
v) transport vositasi ilgari shu tashuvchi oʻz transport vositasida eltib qoʻygan yoʻlovchilar guruhini oʻzi roʻyxatga olingan davlat hududiga olib kelish uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga boʻsh holda joʻnasa.
2. Shuningdek, buzuq transport vositasi boshqasiga almashtirilayotganida ham ruxsatnoma talab qilinmaydi.
3. Ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatilgan tashishlar amalga oshirilayotganida transport vositasining haydovchisida yoʻlovchilarning roʻyxati boʻlishi lozim.
III. Yuklarni tashish 6-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlaridan birining hududidan boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga, shuningdek uchinchi davlatdan tranzit tarzida yuk tashishlar, ushbu Bitimning 7-moddasida koʻzda tutilgan tashishlardan tashqari, Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari tarafidan beriladigan ruxsatnomalar asosida amalga oshiriladi.
2. Har bir yuk tashishga, agar ruxsatnomaning oʻzida boshqacha tartib koʻrsatilmagan boʻlsa, bir marta borish-kelish huquqini beradigan alohida ruxsatnoma berilishi kerak.
Ruxsatnoma har bir transport vositasiga beriladi va u faqat ruxsatnoma berilgan tashuvchi uchun yaroqli boʻladi.
7-modda
1. Quyidagi toifalarga mansub tashishlar uchun ushbu Bitimning 6-moddasida koʻrsatilgan ruxsatnomalar talab qilinmaydi (ularga bogʻliq ravishda transport vositalarining boʻsh qatnovlari ham shunga kiradi):
a) koʻchib ketayotganda mol-mulkni tashish;
b) yarmarka va koʻrgazmalar uchun moʻljallangan eksponatlar, uskuna va materiallar;
v) sport tadbirlarini oʻtkazish uchun transport vositalari, jonivorlar, shuningdek turli anjomlar va mol-mulklar;
g) teatr dekoratsiyalari va rekvizitlari cholgʻu asboblari, kinoga olish, telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlar uchun uskuna va anjomlar;
d) oʻlgan kishilarning jasadi va xoki;
e) 3,5 tonna yuk koʻtaradigan va ogʻirligi 6 tonnaga qadar boʻlgan avtomobillarda;
j) buzilgan va ishdan chiqqan avtomobil vositalarini tashish;
z) pochta;
i) insonparvarlik yordami uchun moʻljallangan yuklar.
2. Ushbu modda 1-bandining b), v) hamda g) tagbandlarida darj etilgan istisnolar faqat yuk transport vositasi roʻyxatga olingan davlatga qaytarilishi kerak boʻlsa yoki yuk uchinchi davlat hududiga tashib oʻtilsagina amal qiladi.
8-modda
1. Xavfli yuklarni Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlari hududida tashish Ahdlashuvchi Tomonlar milliy qonunlari doirasida hamda vakolatli organlar beradigan maxsus ruxsatnoma asosidagina amalga oshiriladi.
2. Agar ortilgan yuk yoxud boʻsh transport vositasining oʻlchamlari yoki vazni boshqa Ahdlashuvchi Tomon milliy qonunlarida belgilangan chegaralardan ortiq boʻlsa, tashuvchi boshqa Ahdlashuvchi Tomon vakolatli organlarining maxsus ruxsatnomasini olishi kerak.
3. Ushbu moddaning 1- va 2-moddalarida koʻrsatib oʻtilgan ruxsatnomalarda harakat yoʻnalishi belgilangan boʻlsa, tashish shu yoʻnalishlarga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
9-modda
Ushbu Bitimda koʻrsatilgan yuk tashishlar umumeʼtirof etilgan xalqaro namunaga muvofiq keladigan yukxatlar boʻyicha amalga oshirilishi kerak.
IV. Umumiy qoidalar 10-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning davlatlarida roʻyxatga olingan transport vositalari ushbu Bitimning 6- yoki 7-moddasiga binoan tashishlarni amalga oshirayotgan boʻlsa import uchun, transport vositasini boshqarish va unga egalik qilganlik uchun boshqa davlat hududida solinadigan soliq hamda yigʻimlardan, shuningdek yoʻllardan foydalanganlik uchun undiriladigan maʼmuriy yigʻim hamda soliqlardan ozod qilinadi.
2. Ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatib oʻtilgan ozod qilishlar quyidagilarda tatbiq etilmaydi:
a) yonilgʻi narxiga qoʻshilgan soliqlarga;
b) ikkala Ahdlashuvchi Tomon davlatlarining hududida roʻyxatga olingan transport vositalariga baravar qoʻllanadigan yigʻimlar hamda boshqa talabnomalarga, ayrim yoʻl seksiyalari va toifalaridan, koʻprik va tunnellardan foydalanganlik uchun;
v) 8-moddaga muvofiq yuzaga chiqadigan tashishlarga daxldor maxsus yigʻimlarga;
g) boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida amalga oshirilgan transport vositasini taʼmirlashda taʼmir narxiga qoʻshilgan soliqlarga.
11-modda
1. Xalqaro tashishlarni amalga oshiradigan transport vositalari oʻz davlatining roʻyxatga olinganlik va taniqlik belgilariga ega boʻlishi kerak. Yuk avtomobillari va shatakchi avtomobillar Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining roʻyxatga olinganlik va taniqlik belgilariga ega boʻlsa, tirkama va yarim tirkamalar boshqa davlatning roʻyxatga olinganlik va taniqlik belgilariga ega boʻlishi mumkin.
2. Ushbu Bitimga muvofiq tashishlar oʻz davlatining qonunlariga muvofiq xalqaro tashishlarni amalga oshirishga ijozat olgan tashuvchilar tomonidan bajariladi.
12-modda
Bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining tashuvchilariga boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida joylashgan ikki manzil orasida, shuningdek boshqa Ahdlashuvchi Tomon vakolatli organining maxsus ruxsatnomasi olingan boʻlmasa boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududidan uchinchi davlat hududiga va uchinchi davlat hududidan boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududiga yoʻlovchilar va yuklarni tashishga ruxsat berilmaydi.
13-modda
Yoʻlovchilar va yuklarni ushbu Bitimga muvofiq tashishlar tashuvchining uchinchi shaxslarga yetkazilgan zarar uchun fuqarolik masʼulligining majburiy sugʻurtasiga soʻzsiz amal qilinganidagina amalga oshiriladi. Mazkur tashishlarni amalga oshirayotgan har bir transport vositasi sugʻurta qilinishi kerak.
14-modda
1. Ushbu Bitim qoidalarining har qanday buzilishi hollarida transport vositasi roʻyxatga olingan Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organlari davlati hududida qoidabuzarlik yuz bergan Ahdlashuvchi Tomon vakolatli organlarining iltimosiga binoan, amaldagi qonunlardan qatʼi nazar, quyidagi tadbirlardan birini bajarishi kerak;
a) tashuvchini ogohlantirishi;
b) qoidabuzarlik yana takrorlansa, ushbu moddaning v) tagbandida koʻrsatilgan tarzda ruxsatnoma vaqtincha yoki butunlay bekor qilinishidan xabardor qilib ogohlantirish;
v) ushbu Bitimga muvofiq berilgan ruxsatnomani vaqtincha yoki butunlay bekor qilish.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli organlari koʻrilgan choralar toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qiladilar.
3. Ushbu moddaning qoidalari davlatning sud va ijro organlarini shu davlatda yuz bergan qoidabuzarliklar yuzasidan milliy qonunlarga binoan choralar koʻrish huquqini cheklamaydi.
15-modda
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning milliy qonunlaridagi qoidalar, shuningdek ikkala Ahdlashuvchi Tomon davlatlari ishtirok etgan xalqaro shartnomalarning qoidalari chegarani kesib oʻtishga daxldor chegaraviy, bojxonaga oid, sanitariya va nabotot sanitariyasi nazoratiga nisbatan qoʻllanadi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli organi tomonidan davlat chegarasini kesib oʻtgan holda har qanday yuklarni tranzit tarzda olib oʻtish va tashishlar toʻla yoki qisman toʻxtatiladigan boʻlsa, Tomonlar bu haqda bir-birini oʻz vaqtida xabardor qilishlari kerak.
16-modda
Ahvoli ogʻir bemorlar, shuningdek jonivorlar va tez buziladigan yuklarni tashishda chegara, bojxona va sanitariya tekshiruvidan oʻtkazish navbatdan tashqari amalga oshiriladi.
17-modda
1. Ushbu Bitimga muvofiq amalga oshiriladigan tashishlar chogʻida quyidagi materiallar bahamjihat ravishda bojxona yigʻimlari, bojlari va ruxsatnomalardan ozod qilinadi:
a) har qanday modeldagi transport vositasi uchun koʻzda tutilgan, texnologik va konstruktiv jihatdan dvigatelning isteʼmol tizimiga aloqador boʻlgan idishlardagi yonilgʻi. Bu qoida faqat avtomobillar va shatakchi avtomobillarga oʻrnatilgan idishlardagi, shuningdek tirkama va yarim tirkamalarga refrijeratorlarning ishlashi uchun moʻljallab oʻrnatilgan idishlardagi yonilgʻiga taalluqli;
b) tashish davomida ilatish uchun zarur boʻladigan moylash materiallari;
v) tashishlarni amalga oshirayotgan transport vositasini taʼmirlashga moʻljallangan ehtiyot qismlar va asboblar.
2. Ishlatilmagan ehtiyot qismlar qayta eksport qilinishi va almashtirilgan ehtiyot qismlar ham davlatdan olib chiqilishi yoki tegishli Ahdlashuvchi Tomonlar davlati hududida belgilangan tartibga muvofiq topshirilishi yoxud yoʻq qilinishi kerak.
18-modda
1. Transport vositasining haydovchisi oʻzi boshqarayotgan transport vositasining toifasiga muvofiq keladigan milliy yoki xalqaro haydovchilik guvohnomasiga hamda transport vositasi roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida milliy hujjatlarga ega boʻlishi kerak.
2. Milliy va xalqaro haydovchilik guvohnomalari Yoʻl harakati toʻgʻrisida 1968-yil 8-noyabrdagi xalqaro konvensiyada belgilangan namunaga muvofiq kelishi lozim.
3. Ushbu Bitim qoidalariga muvofiq talab etiladigan ruxsatnoma va boshqa hujjatlar tegishli transport vositasiga qoʻyilgan boʻlishi hamda vakolatli tekshiruv organlarining talabiga muvofiq taqdim etilishi kerak.
19-modda
Ushbu Bitimga koʻra, toʻlovlar Ahdlashuvchi Tomonlarning milliy qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi.
20-modda
Ahdlashuvchi Tomonlardan birining davlati hududida roʻyxatga olingan tashuvchi va transport vositasining ekipaji etib kelgan davlatining yoʻl harakati qoidalari hamda qonunlariga rioya qilishga majburdirlar.
21-modda
Ushbu Bitim, shuningdek ikkala Ahdlashuvchi Tomon davlatlari qatnashgan xalqaro shartnomalar orqali tartibga solinmagan masalalar Ahdlashuvchi Tomonlar davlatlarining milliy qonunlariga muvofiq hal qilinadi.
22-modda
1. Ushbu Bitimni bajarish, shuningdek ushbu Bitimni qoʻllash yoki talqin etish bilan bogʻliq boʻlgan barcha bahsli masalalarni hal etish uchun Ahdlashuvchi Tomonlar Tomonlar tarkibi vakolatli organlar vakillaridan iborat boʻlgan Qoʻshma komissiya tuzadilar.
2. Qoʻshma komissiya Ahdlashuvchi Tomonlardan birining iltimosiga koʻra Oʻzbekiston Respublikasi va Chexiya Respublikasi hududida navbatma-navbat chaqiriladi.
3. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan biri ushbu Bitimni oʻzgartirish yoki unga qoʻshimchalar kiritishni taklif qilsa, Qoʻshma komissiya ehtimolda tutilayotgan oʻzgartish va qoʻshimchalar yuzasidan muzokaralar oʻtkazadi.
23-modda
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlarning ular ishtirok etgan xalqaro shartnomalaridan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
24-modda
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlarning uni kuchga kiritish uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali oxirgi bildirishnoma olinganidan 30 (oʻttiz) kun oʻtgach kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitim besh yil muddatga tuziladi. Agar Ahdlashuvchi Tomonlardan hech qaysisi tegishli muddat tugashidan kamida olti oy ilgari boshqa Ahdlashuvchi Tomonni ushbu Bitim faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisida oʻz niyatidan yozma ravishda xabardor qilmasa, uning faoliyati oʻz-oʻzidan kelgusi bir yillik davrlarga uzayadi.
Toshkent shahrida 1999-yil 20-aprelda ikki nusxada, oʻzbek, chex va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda har xilliklar kelib chiqsa, rus tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
