Huquqiy axborot ayirboshlash toʻgʻrisida
06.05.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar eʼlon qilishga ochiq boʻlgan, davlatlararo ayirboshlanishi lozim boʻlgan normativ huquqiy aktlarning tematik roʻyxatida (ilova qilinadi) sanab oʻtilgan masalalar boʻyicha huquqiy aktlar bilan ikki tomonlama axborot ayirboshlashni amalga oshiradilar. Yuqorida koʻrsatilgan roʻyxat Tomonlarning oʻzaro kelishuvi boʻyicha oʻzgartirilishi yoki toʻldirilishi mumkin.
2-modda
Tomonlardan har biri boshqa Tomonga huquqiy aktlar toʻgʻrisidagi soʻralayotgan axborotni taqdim etadilar.
Hamkorlik davomida bir Tomon oladigan axborot uchinchi tomonga faqatgina bu axborotni taqdim etgan Tomonning roziligi bilan berilishi mumkin.
3-modda
Tomonlar huquqiy axborot ayirboshlash uchun milliy axborot resurslaridan foydalangan holda shaxsiy etalon maʼlumotlar bazasini yaratadilar. Ushbu Bitimning amalda bajarilishini amalga oshiradigan organlar boʻlib Oʻzbekiston Respublikasi uchun — Oʻzbekiston Respublikasining Adliya vazirligi, Rossiya Federatsiyasi uchun — Rossiya Federatsiyasining Adliya vazirligi hisoblanadi.
4-modda
Tomonlar huquqiy axborot ayirboshlash tizimini yaratish boʻyicha kelishilgan choralarni amalga oshira borib, mustaqil ravishda quyidagilarni aniqlaydilar:
subyektlar — axborotdan foydalanuvchilar roʻyxati;
axborotning huquqiy rejimi — axborotning ochiqlik darajasi, hujjatlashtirish tartibi, ishlatilish imkoniyati, saqlanishi, tarqatilishi va himoyasini aniqlaydigan normativ belgilangan qoidalar.
5-modda
Tomonlar birgalikda ishlatish uchun aniqlangan huquqiy axborotning milliy resurslaridan (etalon maʼlumotlar bazasidan) foydalanish imkoniyatini taʼminlaydilar, ularni aktual holatda saqlaydilar va axborot maʼlumotlarining toʻliqligi, ishonchliligi va oʻz vaqtida taqdim etilishi uchun masʼul boʻladilar.
6-modda
Tomonlar, oʻzaro kelishuv boʻyicha, xalqaro standartlar bilan belgilangan ochiq tizimlar uchun xabarlar va paketlar kommutatsiyasining usullariga rioya etgan holda hujjatlarni elektron yuborish yoʻli bilan yoki subyektga–huquqiy aktlardan foydalanuvchiga qogʻozli tashuvchilarda rus tilida taqdim etish yoʻli bilan huquqiy axborot bilan almashadilar.
7-modda
Tomonlar tizimlarning amal qiluvchi axborot-kommunikatsiya resurslaridan, shuningdek qayta yaratiladigan maxfiy aloqa tizimlaridan foydalangan holda huquqiy axborot bilan almashadilar.
8-modda
Huquqiy axborot ayirboshlash Tomonlarning milliy qonunlariga muvofiq amalga oshiriladi.
9-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning ular qatnashchilari boʻlgan boshqa xalqaro shartnomalar boʻyicha huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
10-modda
Ushbu Bitim u imzolangan vaqtdan boshlab kuchga kiradi.
Tomonlardan biri ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida boshqa Tomonni yozma ravishda xabardor qilgan sanadan boshlab olti oy oʻtguniga qadar Bitim oʻz kuchini saqlaydi.
Bitim oʻzaro kelishuv boʻyicha oʻzgartirilishi yoki toʻldirilishi mumkin. Barcha oʻzgartish va qoʻshimchalar ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlib hisoblanadigan Protokol bilan rasmiylashtiriladi.
Moskva shahrida 1998-yil 6-mayda ikki nusxada, har biri oʻzbek va rus tillarida tuzildi. Bitimning ikkala matni bir xil yuridik kuchga ega.
(imzolar)
1998-yil 6-maydagi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Rossiya Federatsiyasi Hukumati oʻrtasida huquqiy axborot ayirboshlash toʻgʻrisida Bitimga Ilova
Davlatlararo ayirboshlanishi lozim boʻlgan normativ huquqiy aktlarning tematik roʻyxati
