Havo qatnovi toʻgʻrisida
23.12.1999
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Italiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Italiya Respublikasi Hukumati, bundan buyon ushbu Bitimda Ahdlashuvchi Tomonlar deb ataluvchilar;
1944-yilning 7-dekabrida Chikago shahrida imzolash uchun ochilgan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyaning qatnashchilari boʻlgan holda;
ikki mamlakat oʻrtasidagi havo qatnovini tartibga solish maqsadida Bitim tuzish istagida;
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda Taʼriflar
Agar matnda boshqa mazmun koʻzda tutilmagan boʻlsa, ushbu Bitimning maqsadlari uchun:
a) “Konvensiya” atamasi 1944-yilning 7-dekabrida Chikago shahrida imzolash uchun ochilgan Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi Konvensiyani anglatadi va oʻsha Konvensiyaning 90-moddasiga binoan qabul qilingan Ilovani va har ikki Ahdlashuvchi Tomon uchun qay darajada kuchga egaligi yoki eʼtirof etilganligiga qarab 90- va 94(a)-moddalarga binoan Konvensiyaga yoki uning Ilovalariga kiritilgan har qanday tuzatishni oʻz ichiga oladi;
b) “aviatsiya maʼmurlari” atamasi Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan — Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat inspeksiyasini va ushbu Bitimga taalluqli boʻlgan ishlarni bajarish vakolatiga ega boʻlgan shaxs yoki tashkilotni anglatadi; Italiya Respublikasiga nisbatan — Transport va navigatsiya vazirligini va ushbu Bitimga taalluqli boʻlgan vazifalarni bajarish vakolatiga ega boʻlgan shaxs yoki tashkilotni;
s) “tayinlangan aviakorxona” atamasi ushbu Bitimning 4-moddasiga muvofiq tayinlangan va vakolatga ega boʻlgan aviatsiya korxonasini anglatadi;
d) “hudud” atamasi davlatga nisbatan Konvensiyaning 2-moddasida berilgan maʼnoni anglatadi.
e) “havo qatnovi”, “xalqaro havo qatnovi”, “aviakorxona” va “notijorat maqsadlarda toʻxtash” atamalari Chikago Konvensiyasining 96-moddasida ular yuzasidan tegishli ravishda koʻrsatib oʻtilgan maʼnolarni anglatadi;
f) “Bitim” atamasi ushbu Bitimni, uning Ilovasini va unga kiritilgan barcha tuzatishlarni anglatadi.
2-modda Chikago Konvensiyasining qoʻllanilishi
Ushbu Bitimning qoidalari Konvensiyaning qoidalariga xalqaro havo qatnovlariga nisbatan qay darajada qoʻllanilishiga qarab boʻysunadi.
3-modda Huquqlarning berilishi
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonga yoʻnalishlar jadvalida belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha havo qatnovlarini oʻrnatish va ulardan foydalanish maqsadida ushbu Bitimda belgilangan huquqlarni beradi (quyida bular “kelishilgan qatnovlar” va “belgilangan yoʻnalishlar” deb ataladi).
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxona quyidagi huquqlardan foydalanadi:
a) boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududidan qoʻnmagan holda uchib oʻtish;
b) boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida notijorat maqsadlarda qoʻnish; va
s) belgilangan yoʻnalishlardan foydalanish chogʻida shu tariqa belgilangan boshqa manzillardan qaytayotgan yoki manzillarga uchayotgan yoʻlovchilarni, yuklarni va pochtani yoʻnalishlar jadvalida belgilangan manzillarda olish va tushirish maqsadida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida qoʻnish.
3. Ushbu modda 2-bandining hech bir qoidasi bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga haq evaziga yoki yollanish yoʻli bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududidagi bir manzildan ikkinchi bir manzilga olib borish uchun yoʻlovchilar, yuk va pochtani olish huquqini beradi deb qaralmasligi lozim.
4-modda Aviakorxonalarni tayinlash va vakolat berish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha kelishilgan qatnovlardan foydalanish maqsadida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni yozma ravishda xabardor qilgan holda bitta aviakorxonani tayinlash huquqiga ega boʻladi.
2. Bunday tayinlashni olganidan soʻng har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga parvozlar uchun zarur boʻlgan ruxsatnomani ushbu modda 3 va 4-bandlarining qoidalariga muvofiq kechiktirmasdan beradi.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasidan xalqaro havo qatnovlaridan foydalanish chogʻida Konvensiyaning qoidalariga muvofiq shunday maʼmurlar tomonidan odatda va oqilona tarzda qoʻllaniladigan qonun va qoidalardan kelib chiqadigan shartlarni bajarishga qodir ekanligini isbotlovchi dalillarni talab qilishga haqlidir.
4. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri parvoz qiladigan aviakorxonaga ustunlik qilish va uning ustidan haqiqiy nazorat oʻrnatish huquqi aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonga yoki uning fuqarolariga qarashli ekanligini isbotlovchi dalillarga ega boʻlmagan har qanday holda yuqorida aytib oʻtilgan Ahdlashuvchi Tomon ushbu moddaning 2-bandida koʻrsatilgan parvozlar uchun ruxsatnoma berishni rad etishi yoki tayinlangan aviakorxonadan ushbu Bitimning 3-moddasida belgilangan huquqlardan foydalanishi chogʻida bajarilishi zarur deb hisoblangan shartlarni bajarishni talab qilish huquqiga ega boʻladi.
5. Shu tarzda tayinlangan va ruxsatnoma olgan har bir Ahdlashuvchi Tomonning aviakorxonasi ushbu Bitimning qoʻllaniladigan qoidalariga rioya qilish sharti bilan kelishilgan qatnovlardan foydalanishni istagan vaqtida boshlashi mumkin.
5-modda Huquqlardan foydalanishni bekor qilish yoki toʻxtatib qoʻyish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga parvozlar uchun berilgan ruxsatnomani bekor qilish, ushbu Bitimning 3-moddasida keltirilgan huquqlardan foydalanishni toʻxtatib qoʻyish yoki bunday huquqlardan foydalanishda oʻzi zarur deb bilgan shartlarning bajarilishini quyidagi hollarda talab qilish huquqiga ega boʻladi:
a) mazkur aviakorxonaga ustun darajada egalik qilish va uning ustidan haqiqiy nazorat oʻrnatish aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonga yoki uning fuqarolariga qarashli ekanligiga ishonch hosil qilmagan har qanday holda;
b) mazkur aviakorxona ushbu huquqlarni bergan Ahdlashuvchi Tomonning qonun va qoidalariga rioya qilmayotgan taqdirda;
s) aviakorxona ushbu Bitimning shartlariga muvofiq harakat qilmagan holda;
2. Agarda huquqlardan foydalanishni darhol bekor qilish, toʻxtatib qoʻyish yoki ushbu moddaning 1-bandida belgilangan shartlarning bajarilishini talab qilish bundan buyon qonun va qoidalar buzilishining oldini olish uchun yetarli boʻlmasa, bunday huquqlardan boshqa Ahdlashuvchi Tomon bilan maslahatlashishdan soʻnggina foydalanish mumkin.
6-modda Bojxona bojlari va boshqa yigʻimlardan ozod qilish
1. Bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi tomonidan kelishilgan qatnovlarda foydalanilayotgan havo kemalarini, shuningdek ularning roʻyxatidagi buyumlarini, dvigatellarni oʻz ichiga olgani holda, ehtiyot qismlarni, yoqilgʻi zaxiralarini va moylash vositalarini hamda havo kemasining zaxiralarini (oziq-ovqat, ichimliklar va tamaki mahsulotlarini) boshqa Ahdlashuvchi Tomon bojxona bojlaridan, nozirlik yigʻimlaridan va boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududiga uchib kirish chogʻida solinadigan barcha boshqa soliqlardan ozod qiladi, basharti roʻyxatdagi mulk va boshqa bunday buyumlar havo kemasi sahnida saqlanib tursa.
2. Xuddi shunday bojlar, yigʻimlar va xarajatlardan quyidagilar ozod qilinadi, ammo koʻrsatilgan xizmat bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar bundan mustasnodir:
a) bir Ahdlashuvchi Tomonning hududiga boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonasining havo kemasi tomonidan olib kirilgan va faqat yuqorida aytib oʻtilgan aviakorxonaning havo kemasi tomonidan foydalanish uchun moʻljallangan yoqilgʻi, moylash vositalari, tayyora zaxiralari, dvigatellarni oʻz ichiga olgani holda, ehtiyot qismlar va roʻyxatdagi mulk;
b) bir Ahdlashuvchi Tomonning hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonasining havo kemasi kelishilgan qatnovlardan foydalanish chogʻida oʻsha boshqa Ahdlashuvchi Tomonning vakolatli maʼmurlari belgilagan miqdorda va shartlariga koʻra qabul qilib olgan va faqat parvoz vaqtida ishlatish va foydalanish uchun moʻljallangan yoqilgʻi, moylash vositalari, havo kemasining zaxiralari, dvigatellarni oʻz ichiga olgani holda ehtiyot qismlar va roʻyxatdagi mulk.
3. Yuqoridagi bandlarda qayd etilgan bojxona bojlaridan va boshqa moliyaviy xarajatlardan ozod qilingan materiallar xalqaro havo qatnovlarini amalga oshirish maqsadidan tashqari boshqa maqsadlarda foydalanilmasligi lozim va foydalanilmagan taqdirda qayta olib chiqib ketilishi lozim, agarda ularni boshqa xalqaro aviakorxonaga foydalanish uchun oʻtkazish huquqi berilmagan boʻlsa yoki ularni doimiy olib kirishga ruxsat bundan manfaatdor boʻlgan Ahdlashuvchi Tomonning hududida kuchga ega boʻlgan qoidalarga muvofiq berilmagan boʻlsa.
4. Ushbu moddada koʻzda tutilgan soliqlardan ozod boʻlish huquqi yuqorida qayd etilgan buyumlarning bu huquqni bergan Ahdlashuvchi Tomonning hududi ustidan uchib oʻtish vaqtida foydalanish uchun moʻljallangan qismiga ham taalluqli boʻlib oʻzarolik asosida beriladi va bu huquqdan foydalanish odatda oʻsha aytib oʻtilgan hududda qoʻllaniladigan maxsus tartibotlarga, shuningdek bojxona nazoratiga boʻysunishi mumkin.
7-modda Kelishilgan qatnovlardan foydalanish tamoyillari
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha kelishilgan havo qatnovlaridan foydalanish uchun haqqoniy va teng sharoitlar yaratib beriladi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi kelishilgan qatnovlardan foydalanish chogʻida oʻzidan keyin shu yoʻnalishdan toʻla yoki uning qismidan foydalanadigan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasining qatnovlariga asossiz ziyon yetkazmaslik maqsadida uning manfaatlarini ham eʼtiborga olishi lozim.
3. Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari tomonidan belgilangan yoʻnalishlarda amalga oshiriladigan kelishilgan qatnovlar aholining havo tashuviga boʻlgan ehtiyojlarini qondirishi lozim va har bir aviakorxona Ahdlashuvchi Tomonlarning hududlari oʻrtasida yoʻlovchilarni, yuk va pochtani tashishga boʻlgan mavjud va oqilona moʻljallangan ehtiyojlariga javob bera oladigan hajmni ish yuklashning moʻtadil miqdorida taʼminlashni birinchi darajali masala deb bilishi lozim.
4. Bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi uchish jadvallarini, shuningdek foydalaniladigan havo kemalarining turini tasdiqlash uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlariga har yozgi va qishki uchish mavsumlari boshlanishidan kamida 60 (oltmish) kun avval taqdim etishi lozim.
8-modda Tariflar
1. Keyingi bandlar maqsadida, “tarif” atamasi agentlik shartlarini va boshqa qoʻshimcha qiymatlarni oʻz ichiga olgani holda yoʻlovchi va yuklarni tashish uchun sarflangan qiymatni hamda bu qiymatlarni qoʻllash shartlarini anglatadi, biroq pochta tashish qiymati va shartlari bunga kirmaydi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomonning aviakorxonasi tomonidan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududiga yoki hududidan tashish uchun belgilangan tariflar barcha mavjud omillarni, xususan, parvozni amalga oshirish qiymatini, foydaning oqilona miqdorini va xuddi shu yoʻnalishdan yoki uning bir qismidan foydalanayotgan boshqa aviakorxonalarning tarif mezonlarini hisobga olgan holda oqilona meʼyorda oʻrnatilishi lozim.
3. Ushbu moddaning 2-bandiga tegishli tariflar, imkon qadar, har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi oʻrtasidagi maslahatlashuvlarda muhokama qilinishi lozim.
4. Har ikki Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlariga tariflar tasdiqlash uchun ularni amalda joriy qilish moʻljallangan kunga kamida 90 (toʻqson) kun qolganda taqdim etilishi lozim. Maxsus hollarda bu muddat nomlari zikr etilgan maʼmurlarning kelishuvi asosida qisqartirilishi mumkin.
5. Bu tasdiq toʻgʻrisidagi xabar yozma ravishda berilishi mumkin. Agarda tariflar tasdiqlash uchun taqdim etilgan kundan eʼtiboran 30 (oʻttiz) kun ichida aviatsiya maʼmurlaridan hech biri oʻz noroziligini bildirmasa, bu tarif tasdiqlangan deb hisoblanadi. Ushbu moddaning 4-bandida qayd etilganidek tasdiqlash muddati qisqartirilsa, norozilik bildirish muddati ham 30 (oʻttiz) kundan qisqaroq boʻlishi borasida aviatsiya maʼmurlari bir-birlari bilan ahdlashib olishlari mumkin.
6. Agarda tariflar borasida ushbu moddaning 3-bandiga muvofiq kelishuvga erishilmasa, yoxud ushbu moddaning 5-bandiga muvofiq qoʻllaniladigan muddat mobaynida bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari boshqa Ahdlashuvchi Tomonining aviatsiya maʼmurlariga ushbu moddaning 3-bandiga muvofiq kelishib olingan tarif bilan rozi emasligi toʻgʻrisida xabar bersa, har ikki Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari maslahati foydali deb topilgan biron-bir boshqa davlatning aviatsiya maʼmurlari bilan maslahatlashishlardan soʻng oʻzaro kelishuv orqali bu tarifni belgilashga harakat qiladilar.
7. Ushbu moddaning qoidalariga muvofiq oʻrnatilgan tarif yangi tarif oʻrnatilgunga qadar oʻz kuchini saqlab qoladi.
9-modda Qonun va qoidalar
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning xalqaro havo qatnovlarida mashgʻul boʻlgan havo kemalarining oʻz hududiga uchib kirishini, u yerda boʻlishini yoki u yerdan joʻnab ketishini tartibga soluvchi yoki oʻzining hududi doirasida bunday havo kemalaridan foydalanishga va ularning havo qatnovlarida mashgʻul boʻlishiga taalluqli boʻlgan qonunlar, qoidalar va maʼmuriy koʻrsatmalar boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonasining havo kemalariga nisbatan bunday havo kemalari birinchi Ahdlashuvchi Tomonning hududiga uchib kirishi, u yerda boʻlishi yoki u yerdan joʻnab ketishi chogʻida qoʻllaniladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomonning oʻz hududiga havo kemalaridagi yoʻlovchilarning, ekipaj aʼzolarining, yuklarning yoki pochtaning kirishini, unda boʻlib turishini yoki undan joʻnab ketishini tartibga soluvchi qonunlarga, qoidalarga va maʼmuriy koʻrsatmalarga, xususan, mamlakatga kirish, bojlarni toʻlab bitirish, immigratsiya, pasport, bojxona va karantin masalalariga oid boʻlgan qoidalarga boshqa Ahdlashuvchi Tomonga qarashli boʻlgan aviakorxonaning yoʻlovchilari tomonidan yoki ularning nomidan birinchi Ahdlashuvchi Tomonning hududiga kirish, u yerdan joʻnab ketish yoki u yerda boʻlish vaqtida rioya qilinadi hamda ekipaj aʼzolariga, yuklarga va pochtaga nisbatan qoʻllaniladi.
10-modda Guvohnoma va ruxsatnomalarni tan olish
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri bergan yoki kuchga ega deb bilgan uchishga yaroqlilik toʻgʻrisidagi guvohnomalarni, malaka toʻgʻrisidagi guvohnomalarni va ruxsatnomalarni ushbu modda 2-bandining qoidalariga boʻysungan holda ularning amal qilish muddati chogʻida boshqa Ahdlashuvchi Tomon haqiqiy deb tan oladi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzining hududi doirasida parvoz qilish uchun uning fuqarolariga boshqa Ahdlashuvchi Tomon yoki uchinchi davlat bergan yoki haqiqiy deb topgan uchishga yaroqlilik toʻgʻrisidagi guvohnomalarni, malaka toʻgʻrisidagi guvohnomalarni va ruxsatnomalarni tan olmaslik huquqini saqlab qoladi.
11-modda Aviakorxona vakolatxonasi
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzarolik asosida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga oʻzining hududida yoʻnalishlar jadvalida belgilangan manzillarda tayinlangan aviakorxonaning ehtiyojlari uchun zarur boʻlgan bir yoki har ikki Ahdlashuvchi Tomonning fuqarolaridan olingan tijorat va texnik xodimlardan iborat boʻlgan vakolatxonalarni ochish huquqini beradi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan har birining hududida uchinchi davlat fuqarolarining mehnatidan foydalanish masʼul maʼmurlarning ruxsati bilan amalga oshiriladi.
3. Yuqorida qayd etilgan xodimlar boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududiga kirish va u yerda boʻlib turishga oid qonunlarga, shuningdek oʻsha hududda joriy etilgan qonunlar, qoidalar va maʼmuriy koʻrsatmalarga amal qilishlari lozim.
4. Bunday xodimlarning soni tayinlangan aviakorxonalar oʻrtasidagi kelishuv asosida belgilangan boʻlib, ikkala Ahdlashuvchi Tomonning tegishli maʼmurlariga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
5. Har bir Ahdlashuvchi Tomon qayd etilgan vakolatxonalarni va ularning xodimlarini barcha zarur yordam va vositalar bilan taʼminlaydi.
12-modda Aviatsiya xavfsizligi
1. Xalqaro qonunlardan kelib chiqadigan oʻzlarining huquqlariga va majburiyatlariga muvofiq Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining oʻzaro munosabatlarida gʻayriqonuniy aralashuv xatti-harakatlaridan fuqaro aviatsiyasining xavfsizligini taʼminlashga doir zimmaga oladigan oʻzaro majburiyatlari ushbu Bitimning ajralmas qismini tashkil qilishini tasdiqlaydilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlarining iltimoslariga binoan havo kemasini gʻayriqonuniy tutqun qilishning hamda bunday havo kemasiga, undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga, tayyoragohlar va havo qatnovlarini taʼminlash vositalariga xavf tugʻdiruvchi boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlarning, shuningdek fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga tahdid qilishning har qanday koʻrinishining oldini olishda bir-birlariga koʻmak beradilar.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar 1963-yil 14-sentabrda Tokioda imzolangan Havo kemalari sahnida sodir etiladigan jinoyatchilik va boshqa harakatlar toʻgʻrisidagi Konvensiya, 1970-yil 16-dekabrda Gaagada imzolangan Havo kemalarini gʻayriqonuniy ravishda egallab olishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi Konvensiya, hamda 1971-yil 23-sentabrda Monrealda imzolangan Fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga qarshi noqonuniy harakatlar bilan kurashish haqidagi Konvensiya va 1971-yil 23-sentabrda Monrealda imzolangan Fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga qarshi noqonuniy harakatlar bilan kurashish haqidagi Konvensiyaga qoʻshimcha qilib 1988-yil 24-fevralda Monrealda imzolangan Xalqaro fuqaro aviatsiyasiga xizmat koʻrsatadigan tayyoragohlarda sodir etiladigan noqonuniy zoʻravonlik harakatlariga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi Bayonnoma qoidalariga va keyinchalik Ahdlashuvchi Tomonlar fuqaro aviatsiyasining xavfsizligiga oid imzolaydigan barcha boshqa Konvensiyalarning qoidalariga muvofiq harakat qiladilar.
4. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro munosabatlarida aviatsiya xavfsizligi talablariga muvofiq va oʻzlariga nisbatan qay darajada qoʻllanilishiga qarab Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti tomonidan oʻrnatilgan va Konvensiyaga Ilova etib tayinlangan tavsiyanomalarga binoan ish koʻradilar va ular asosiy faoliyat joyi yoki doimiy turar joyi oʻz hududlarida joylashgan havo kemalarining foydalanuvchilaridan va oʻz hududlarida joylashgan xalqaro tayyoragohlarning foydalanuvchilaridan aviatsiya xavfsizligining yuqoridagi qoidalariga muvofiq ish koʻrishlarini talab qiladilar. Ushbu bandga tegishli aviatsiya xavfsizligi talablari tegishli Ahdlashuvchi Tomon koʻrsatgan har bir farqni oʻz ichiga oladi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon bunday xavfsizlik talablarida mavjud boʻlgan farq borasida ogohlantirish niyatida ekanligi toʻgʻrisida boshqa Ahdlashuvchi Tomonga oldindan xabar berishi lozim.
5. Har bir Ahdlashuvchi Tomon bunday havo kemasidan foydalanuvchilarga nisbatan boshqa Ahdlashuvchi Tomon oʻz hududining chegaralariga havo kemasi kirib kelayotganida, undan chiqib ketayotganida yoki u yerda boʻlib turgan vaqtida aviatsiya xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini talab qilishi mumkin. Har bir Ahdlashuvchi Tomon havo kemalarini himoya qilish va yoʻlovchilarni, ekipaj aʼzolarini, yoʻlovchilarning yengil yuklarini, bagajni, yuklarni va havo kemasining zaxiralarini yuk ortish vaqtidan oldin va yuk ortish va tushirish vaqtida tekshirish uchun oʻz hududi doirasida samarali chora-tadbirlar koʻrilishini taʼminlaydi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning, basharti, aniq tahdid mavjud boʻlsa, oqilona doiralarda xavfsizlikni taʼminlash yuzasidan maxsus chora-tadbirlar koʻrishga doir iltimoslarini ham xayrixohlik bilan koʻrib chiqadilar.
6. Basharti, fuqaro havo kemasi tutqun qilib olinsa yoki uni tutqun qilish tahdidi mavjud boʻlsa yoki havo kemasi undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga tayyoragohlar va qatnovni taʼminlash vositalariga boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlar bilan tahdid qilinsa, Ahdlashuvchi Tomonlar aloqani yengillatish orqali bir-birlariga turlicha koʻmak beradilar va bunday koʻngilsizlik yoki tahdidga jadal, hamda beshikast barham berishning barcha zarur chora-tadbirlarini koʻradilar.
7. Bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon ushbu moddaning aviatsiya xavfsizligi qoidalariga rioya qilmayapti deb hisoblash uchun yetarli asosga ega boʻlsa, birinchi Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon bilan kechiktirmasdan maslahatlashishlar oʻtkazishni soʻrashi mumkin. Maslahatlashishlarni oʻtkazish toʻgʻrisida iltimos tushgan kundan boshlab 15 (oʻn besh) kun ichida qoniqarli kelishuvga erishilmagan taqdirda, 90 (toʻqson) kun ichida ushbu Bitim 5-moddasining qoidalarini qoʻllash asosi yuzaga keladi. Yoʻlovchilarning, ekipaj aʼzolarining yoki havo kemasining xavfsizligini aniq xatarga qoʻyuvchi favqulodda hodisaning oldini olish uchun zarurat deb hisoblanmasa va boshqa Ahdlashuvchi Tomon ushbu moddaning 4- yoki 5-bandlariga muvofiq zimmalariga olgan majburiyatlarini bajarmasa, Ahdlashuvchi Tomon tahdidga barham berish uchun zarur boʻlgan vaqtinchalik xavfsizlik choralarini koʻrishi mumkin. Ushbu bandga muvofiq koʻrilgan har bir chorani boshqa Ahdlashuvchi Tomon ushbu moddaning qoidalariga binoan toʻxtatishi mumkin.
13-modda Sotuvlarni amalga oshirish va daromadlarni oʻtkazish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga belgilangan yoʻnalishlarda havo tashuv xizmatlarini, shu jumladan koʻrsatilgan qoʻshimcha xizmatlarni hamda oʻzining yoʻnalishlari boʻyicha yoki boshqa aviakorxonalarning yoʻnalishlari boʻyicha amalga oshiriladigan barcha boshqa xizmatlarni milliy valyutada va/yoki erkin almashtiriladigan valyutada bevosita yoki agentlar orqali sotishi mumkin.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi yoʻlovchilar, yuklar va pochta tashuvini sotish orqali topgan mablagʻlarining xarajatlaridan ortgan foyda qismini, shu jumladan, bank xarajatlarini kechiktirmasdan yoki cheklamasdan chet elga erkin oʻtkazish huquqiga ega boʻladi.
3. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi bunday oʻtkazishni ariza tushgan kundan eʼtiboran koʻpi bilan 30(kun) ichida erkin almashtiriladigan valyutada oʻtkazib berishni taʼminlaydi. Yuqorida qayd etilgan oʻtkazishlarga nisbatan sotuvlar amalga oshirish kunida kuchga ega boʻlgan valyuta almashtirishning qiymati qoʻllaniladi.
4. Yuqoridagi bandlarda qayd etilgan imtiyozlar faqat aniq oʻzarolik asosida berilishi lozim. Agar, Ahdlashuvchi Tomonlardan biri boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasining oʻtkazishlarini cheklasa yoki kechiktirsa, oʻsha boshqa Ahdlashuvchi Tomon oʻz oʻrnida birinchi Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga ushbu moddaning 2- va 3-bandlarida koʻrsatilgan huquqlardan foydalanishni toʻxtatib qoʻyish huquqiga ega boʻladi.
5. Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻrtasidagi toʻlovlar tartibi maxsus shartnomaga koʻra belgilanadigan boʻlsa, shu shartnoma qoʻllanilishi lozim.
14-modda Maslahatlashishlar
1. Yaqindan hamkorlik qilish ruhida Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari vaqti-vaqti bilan ushbu Bitim va unga kiritilgan Ilovalarning qoidalari bajarilishini va ularga qoniqarli darajada amal qilishni taʼminlash nuqtai nazaridan oʻzaro maslahatlashishlar oʻtkazib turadilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri ushbu Bitimning biron-bir qoidasini oʻzgartirishni lozim topsa, u istagan vaqtida boshqa Ahdlashuvchi Tomonga bunday oʻzgartishlarni yozma ravishda taklif qilishi mumkin. Taklif qilingan oʻzgartishlar borasidagi maslahatlashishlar Ahdlashuvchi Tomonlarning oʻrtasida muzokaralar yoki yozishmalar orqali oʻtishi mumkin va biron-bir boshqa kelishuv boʻlmagan holda, Ahdlashuvchi Tomonlarning biridan maslahatlashish oʻtkazish toʻgʻrisida yozma ravishdagi iltimos tushgan koʻndan eʼtiboran 60 (oltmish) kun ichida boshlanishi lozim.
3. Ushbu Bitimga ushbu moddaning 2-bandiga muvofiq kiritiladigan barcha oʻzgartishlar diplomatik kanallar orqali notalar almashish yoʻli bilan tasdiqlanganidan soʻng kuchga kiradi.
4. Ahdlashuvchi Tomonlardan biri ushbu Bitimning Ilovasini oʻzgartirishni lozim deb topsa, bunday oʻzgartirish ikki Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasidagi maslahatlashishlarda kelishib olinishi mumkin.
15-modda Bahslarni hal qilish
1. Ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash yuzasidan Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida kelib chiqqan nizoni Ahdlashuvchi Tomonlar birinchi navbatda muzokaralar orqali hal qilishga intilishlari lozim.
2. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlar muzokaralar orqali murosaga kela olmasalar, ular bu bahsni hal etishni bir shaxsga yoki tashkilotga topshirishlari mumkin; agarda bu yoʻl bilan ham kelisha olmasalar, bu bahs Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan birining talabiga binoan har bir Ahdlashuvchi Tomon bittadan tayinlaydigan ikki hakam va ana shu ikki hakam tayinlaydigan yana bir hakamdan iborat, jami uch hakamdan tashkil topadigan hakamlar sudiga topshirilishi lozim. Har bir Ahdlashuvchi Tomon diplomatik kanallar orqali boshqa Ahdlashuvchi Tomonning bahsni hakamlikda hal qilish toʻgʻrisidagi talabini olganidan soʻng oltmish (60) kun ichida bittadan hakam tayinlashi lozim, uchinchi hakam esa yuqoridagi ikki hakam maʼlum boʻlgan kundan eʼtiboran keyingi oltmish (60) kun ichida tayinlanishi lozim. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlardan biri belgilangan muddat ichida oʻz hakamini tayinlay olmasa yoki uchinchi hakam belgilangan muddat ichida tayinlanmasa Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti Kengashining Prezidenti Ahdlashuvchi Tomonlardan istalgan birining iltimosiga koʻra zaruriyatga qarab hakamni yoki hakamlarni tayinlashi mumkin.
Bunday holda uchinchi hakam uchinchi davlat fuqarosi boʻlishi shart va hakamlik tribunali Prezidenti sifatida ish koʻradi.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu moddaning 2-bandiga muvofiq qabul qilingan har bir qarorga amal qilishlari lozim.
4. Bojxona bojlarining biron-bir turi va boshqa moliyaviy xarajatlar bilan bogʻliq boʻlgan bahslar hech qanday holda ushbu moddaning 2-bandida koʻzda tutilgan tartibotlarga muvofiq tuzilgan hakamlar sudiga topshirilmaydi.
16-modda Koʻp tomonlama Konvensiyaga muvofiqlashtirish
Har ikki Ahdlashuvchi Tomon rioya qilishi lozim boʻlgan havo transporti toʻgʻrisida koʻp tomonlama Konvensiya yoki Bitim tuzilgan taqdirda ushbu Bitim ikki Ahdlashuvchi Tomonning oʻzaro maslahatlashishlar orqali bunday Konvensiyaning yoki Bitimning qoidalariga muvofiqlashtirish nuqtai nazaridan oʻzgartiriladi.
17-modda Statistika maʼlumotlari bilan taʼminlash
Har bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlarini ularning iltimosiga binoan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududiga yoki hududidan tegishli tayinlangan aviakorxona tomonidan kelishilgan qatnovlarda amalga oshirilayotgan tashuvlarga taalluqli boʻlgan davriy hisobot yoki boshqa shu singari maʼlumotlar bilan taʼminlashi lozim.
18-modda Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkilotida roʻyxatga olish
Ushbu Bitim va unga kiritilgan har bir oʻzgartish Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkilotida roʻyxatga olinishi lozim.
19-modda Amal qilishining toʻxtatilishi
Har bir Ahdlashuvchi Tomon istalgan vaqtda boshqa Ahdlashuvchi Tomonni ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida xabardor qilishi mumkin; bunday xabarnoma bir vaqtning oʻzida Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkilotiga ham yuborilishi lozim. Bu holda boshqa Ahdlashuvchi Tomon bunday xabarnomani olgan sanadan boshlab 12 (oʻn ikki) oy oʻtganidan soʻng, agar Bitimning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi koʻrsatilgan xabarnoma bu davr tugaguniga qadar oʻzaro rozilik boʻyicha qaytarib olinmasa, Bitimning amal qilishi toʻxtatiladi. Basharti, boshqa Ahdlashuvchi Tomon xabarnoma olganining tasdigʻi boʻlmasa, Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti xabarnoma olganidan soʻng 14 (oʻn toʻrt) kun oʻtgach boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tasdigʻi olingan deb hisoblanadi.
20-modda Kuchga kirishi
Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar ratifikatsiyaga oid oʻzlarining hujjatlarini bir-birlariga taqdim etganlaridan soʻng kuchga kiradi.
Tegishli tartibda oʻz hukumatlaridan vakolat olgan quyida imzo chekuvchilar shunga guvohlik berib ushbu Bitimni imzoladilar.
Toshkent shahrida 1999-yil 23-dekabrda ikki nusxada, oʻzbek, italyan va ingliz tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega. Bajarishda, talqin qilishda yoki qoʻllashda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda ingliz tilidagi matn ustuvor deb hisoblanadi.
(imzolar)
ILOVA
Yoʻnalishlar jadvali
1-QISM
Italiya Respublikasining tayinlangan aviakorxonasi foydalanadigan yoʻnalishlar:
Italiyadagi manzillar — oraliq manzillar — Toshkent — Osiyoda joylashgan tashqaridagi manzillar.
2-QISM
Oʻzbekiston Respublikasining tayinlangan aviakorxonasi foydalanadigan yoʻnalishlar:
1-YOʻNALISh
Oʻzbekistondagi manzillar — Oraliq manzillar — Rim — Yevropada joylashgan tashqaridagi manzillar.
Eslatma:
Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi bir yoki barcha parvozlarni amalga oshirish chogʻida yuqorida koʻrsatilgan oraliq va / yoki tashqaridagi manzillardan istaganini tushirib qoldirishi mumkin, basharti, yoʻnalishdagi kelishilgan qatnovlar aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonning hududida boshlansa yoki tugasa.
