Madaniyat, fan va maorif sohalaridagi hamkorlik toʻgʻrisida
07.04.1997
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Isroil Davlati Hukumati oʻrtasida
Bitim
Quyida Ahdlashuvchi Tomonlar deb ataluvchi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Isroil Davlati Hukumati,
madaniyat, fan va maorif sohalaridagi hamkorlik oʻz xalqlari oʻrtasidagi hamjihatlikni oshirishga va ikki mamlakat orasidagi oʻzaro manfaatli munosabatlarning rivojlanishiga imkon yaratishga ishonch bildirgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1- modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining vakolatli institut yoki tashkilotlari oʻrtasida madaniyat, sanʼat, fan, maorif, ommaviy axborot vositalari, kino, yoshlar tadbirlari va sport sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlaydilar va ragʻbatlantiradilar.
2- modda
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining ilmiy uyushmalari, tadqiqot institutlari va oliy oʻquv yurtlari oʻrtasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni ragʻbatlantiradilar va quyidagilarga imkon yaratadilar:
1. Konferensiya, simpozium, seminarlarda ishtirok etish uchun tadqiqotchilar, olimlar, oʻquv yurtlari talabalari, ekspertlar bilan oʻzaro manfaatdorlik asosida qoʻshma tadqiqot loyihalari bilan almashish.
2. Ilmiy va akademik adabiyotlar, oʻquv qoʻllanmalari, vaqtli matbuot, ilmiy texnika va taʼlim kinotasmalari hamda maorif va fan maqsadlaridagi boshqa materiallar bilan almashish.
3- modda
Ahdlashuvchi Tomonlar tasviriy sanʼat, musiqa, teatr, adabiyot, kino, nashr qilish, madaniy yodgorliklar, milliy muzey va milliy kutubxonalar sohalaridagi hamkorlikni ragʻbatlantiradilar.
4- modda
Ahdlashuvchi Tomonlar axborot agentliklari, radio, televideniye muassasalari bilan bevosita hamkorlik qilishni qoʻllab-quvvatlaydilar.
5- modda
Ahdlashuvchi Tomonlar sport va yoshlar tadbirlari, shuningdek yoshlar va sport taʼlimotida bevosita hamkorlik qilishni ragʻbatlantiradilar.
6- modda
Ushbu Bitim doirasidagi hamkorlikning barcha shakllari Ahdlashuvchi Tomonlarning tegishli qonun va qoidalariga muvofiq holda boʻladi. Ikkala Tomon ushbu Bitimning maqsad va shartlarini, shu jumladan ayirboshlash va hamkorlikni toʻliq amalga oshirishni qulay sharoit bilan taʼminlash uchun oʻzlarining barcha kuch-gʻayratlarini safarbar qiladilar.
7- modda
Ushbu Bitimni amalga oshirish maqsadida har uch yilda navbatma-navbat Oʻzbekiston Respublikasida va Isroil Davlatida majlislar oʻtkazadigan Qoʻshma Komissiya tuziladi. Bunday majlislarni oʻtkazish vaqti diplomatik kanallar orqali kelishib olinadi. Qoʻshma Komissiyaning vazifasi ishchi dasturlarni tayyorlash, ushbu Bitim shartlarini bajarishdagi tafsilotlarni aniqlash, uni amalga oshirish xususida kengashish va Bitim nazarda tutgan ayirboshlashlarni kuchda qolishining moddiy va maʼmuriy shartlarini aniqlash boʻladi.
8- modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimga binoan madaniyat, fan va maorif sohalaridagi ikkala mamlakatning boshqa manfaatdor institutlar, tashkilotlar yoki shaxslar oʻrtasidagi bevosita hamkorlikni ragʻbatlantiradilar.
9-modda
Ushbu Bitim har bir mamlakatning qonunchiligiga muvofiq Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimni tasdiqlovchi notalar haqida bir-birlarini xabardor qilgan kunning ertasidan boshlab kuchga kiradi.
Bitim besh yillik muddatga tuziladi va Ahdlashuvchi Tomonlarning biri ushbu Bitimning haqiqiyligini tugatish haqidagi niyatini yozma ravishda diplomatik kanallar orqali tegishli muddatning tugashidan kamida olti oy ilgari boshqa Tomonga maʼlum qilmagungacha uning haqiqiyligi avtomatik ravishda qoʻshimcha besh yillik muddatga uzaytiriladi.
Iyerusalim shahrida 1997-yil 7-aprelda, 5757 yilga muvofiq, ikki nusxada, oʻzbek, ivrit va ingliz tillarida tuzildi. Barcha matnlar bir xil kuchga ega. Matnlarni izoh qilishda tafovut boʻlgan holda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
