Savdo va iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisida
15.09.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Isroil Davlati Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Isroil Davlati Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
barqaror, adolatli va uzoq muddatli asosdagi ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishda savdo va iqtisodiy hamkorlik muhim va zarur omil ekanligini eʼtirof etib,
ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo va iqtisodiy aloqalarni adolat va oʻzaro foyda asosida rivojlantirishni istab,
ikkala mamlakatning xoʻjalik yurituvchi subyektlari oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarning rivojlanishi uchun qulay sharoitlar yaratish hamda oʻzaro manfaatli sohalarda savdo va iqtisodiy hamkorlikni ragʻbatlantirishga intilib,
Tariflar va savdo boʻyicha bosh bitim (GATT 1994) hamda Jahon savdo tashkiloti (JST)ni taʼsis etish toʻgʻrisidagi Bitimning asosiy prinsiplariga muvofiq oʻz savdo aloqalarini rivojlantirish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda Maqsadlar
Mazkur Bitimning maqsadi Tomonlar oʻrtasidagi oʻzaro savdo va iqtisodiy aloqalarni amalga oshirish prinsiplari, qoidalari va tartibini oʻrnatishdan iborat. Tomonlar oʻzlarining ichki qonunchiliklari va xalqaro majburiyatlar doirasida ikki tomonlama savdoni, shuningdek savdo va iqtisodiy hamkorlikning turli shakllarini ragʻbatlantirish va uygʻunlikda rivojlantirish majburiyatini oladilar.
2-modda Eng qulay rejim
1. Tomonlar quyidagilarga taalluqli barcha sohalarda bir-birlari uchun eng qulay rejim yaratadilar:
a) import va eksportga nisbatan qoʻllaniladigan boj toʻlovlari va har qanday turdagi yigʻimlar, shu jumladan bunday toʻlov va yigʻimlarni undirish usullari;
b) tovarlarning bojxona rasmiylashtirilishi, tranziti, ularni joylash, qayta yuklash va shu singari boshqa xizmatlarga taalluqli boʻlgan nizomlar va qoidalar;
v) bir Tomonning boshqa Tomon hududiga import qilinadigan tovarlari borasida bevosita yoki bilvosita qoʻllaniladigan soliqlar va har qanday turdagi boshqa ichki yigʻimlar;
g) bir Tomonning tovarlarini boshqa Tomonning ichki bozorida sotish, sotib olish, transportirovka qilish, taqsimlash, joylashtirish va foydalanish;
d) tovarlar savdosiga taalluqli boʻlgan toʻlovlar va shunday toʻlovlarni oʻtkazish usullari.
2. Har bir Tomon boshqa Tomon hududida ishlab chiqarilgan yoki uning hududiga eksport qilinadigan mahsulotlar uchun miqdoriy cheklovlar, litsenziyalar berish hamda valyutani tartibga solish qoidalari va tartibotlari borasida nodiskriminatsion rejim yaratadi.
3. Ushbu modda 1- va 2-bandlarining qoidalari istalgan Tomonning:
a) chegara yaqinida yuk tashishni yengillashtirish maqsadida qoʻshni mamlakatlar uchun;
b) 1994 GATTning 24-moddasida belgilanganidek, istalgan Tomon aʼzosi hisoblanadigan yoki kelgusida aʼzo boʻlishi mumkin boʻlgan bojxona ittifoqi, erkin savdo zonasi yoki mintaqaviy iqtisodiy tashkilotda ishtirok etish maqsadida;
s) GATT/JSTga muvofiq rivojlanayotgan mamlakatlar uchun yaratgan yoki yaratadigan imtiyozlariga tatbiq etilmaydi.
3-modda Nodiskriminatsiya
Boshqa Tomon hududida eksport yoki importga nisbatan taqiqlash yoki miqdoriy cheklovlar, shu jumladan litsenziyalash choralari qoʻllanilmaydi, agar uchinchi davlatlardan import qilinadigan yoki uchinchi davlatlarga eksport qilinadigan shu singari tovarlar borasida bunday taqiqlash yoki cheklovlar tatbiq etilmasa. Bunday choralarni qoʻllovchi Tomon ularni boshqa Tomonga imkon qadar kam zarar yetkaziladigan tarzda tatbiq etishi lozim.
4-modda Tranzit
1. Tomonlar tovarlarning erkin tranziti prinsipi mazkur Bitim maqsadlariga erishishning muhim sharti hisoblanishiga rozilik bildirdilar.
2. Shu munosabat bilan, 1994 GATTning 5-moddasiga muvofiq va uning qonunlari hamda normativ hujjatlariga muvofiq har bir Tomon uning hududi orqali yoki hududi boʻylab boshqa Tomonning bojxona hududidan kelib chiquvchi yoxud bojxona hududi uchun moʻljallangan tovarlarning cheksiz tranzitini taʼminlaydi.
5-modda Milliy rejim
Bir Tomon hududidan boshqa Tomon hududiga import qilinadigan tovarlar uchun ichki soliqlar va boshqa ichki yigʻimlarga hamda 1994 GATTning 3-moddasiga muvofiq ularning ichki sotuviga, ularni sotish, xarid qilish. transportirovka qilish, taqsimlash yoki ulardan foydalanish xususidagi takliflarga taʼsir koʻrsatuvchi barcha qonunlar, normativ hujjatlar va talablar borasida mahalliy tovarlarga yaratilgan rejimdan kam boʻlmagan qulay rejim yaratiladi.
6-modda Liberalizatsiya
Har bir Tomon oʻzining qonunlari va normativ hujjatlariga muvofiq boshqa Tomonning tovarlar importi borasida eng yuqori darajali liberalizatsiya yaratadi. Liberalizatsiya jarayoni Tomonlar oʻrtasidagi savdoning rivojlanishini, bozor sharoitlarini, Oʻzbekistonda va Isroilda savdoga taalluqli boʻlgan qoidalardagi oʻzgarishlarni hamda ushbu Bitimni bajarish maqsadida amalga oshiriladigan taraqqiyotni nazarda tutadi.
7-modda Kelib chiqish mamlakati
Kelib chiqish mamlakati har bir Tomonning qonunlari va normativ hujjatlari asosida hamda ikkala Tomon ham qatnashchisi boʻlgan xalqaro bitimlarga muvofiq belgilanadi.
8-modda Toʻlovlar
1. Ikki mamlakat oʻrtasidagi tovarlar savdosi va ularga taalluqli xizmatlar bilan bogʻliq toʻlovlar erkin muomaladagi valyutada, agar xoʻjalik faoliyati yurituvchi subyektlar oʻrtasida maxsus ravishda oʻzga tarzda kelishilgan boʻlmasa, har bir Tomonning qonunlari va valyutani tartibga solish qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi
2. Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Isroil Davlati rezidentlari oʻrtasida mazkur Bitim qoidalariga muvofiq amalga oshiriladigan tovarlar harakati bilan bogʻliq har qanday joriy toʻlovlarni amalga oshirishga ruxsat berish majburiyatini oladilar.
9-modda Antidemping va kompensatsiya choralari
Ushbu Bitimning hech qaysi qoidasi 1994 GATTning 6-moddasiga, GATTning 6-moddasini qoʻllash boʻyicha bitimga hamda Subsidiyalar va kompensatsiya choralari toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq istalgan Tomonning har qanday antidemping yoki kompensatsiya choralarini amalga oshirishiga zarar yetkazmaydi yoxud unga hech qanday tarzda taʼsir koʻrsatmaydi.
10-modda Boshqa amaliy sharoitlar
1. Tomonlarning xoʻjalik faoliyati yurituvchi subyektlari oʻrtasida tovarlar savdosi bozorga moʻljallangan narxlar boʻyicha amalga oshiriladi. Davlat organlari va davlat korxonalari narxlar, sifat va miqdorni oʻz ichiga oluvchi har qanday importni sotib olish va eksportga sotishni faqatgina tijorat maqsadlarida amalga oshiradilar. Shunday bitishuvlar va ommaviy savdolarda ishtirok etish maqsadida har bir Tomon raqobat uchun boshqa Tomonning korxonalariga nodiskriminatsion rejim va aynan shunday imkoniyatlar yaratadi.
2. Hech qaysi Tomon barter bitishuvlari yoki oʻzaro savdo bitishuvlarini amalga oshirish uchun Tomonlardan yakka tartibdagi bitishuvlarni talab qilmaydi, hech qaysi Tomon bu borada ularni quvvatlamaydi. Barter bitishuvlari yoki davlat xaridi boʻyicha oʻzaro savdo bitishuvlari amalga oshirilgan holda har bir Tomon boshqa Tomonning yetkazib beruvchilari uchun eng qulay rejim va bir xil foydalanish imkoniyatlarini beradi.
11-modda Import va eksport soliqlaridan maxsus tarzda ozod etish
Tomonlar har bir mamlakatda amalda boʻlgan qonunlar va normativ hujjatlarga muvofiq boj toʻlovlari, qoʻshimcha qiymat soliqlari, aksiz soliqlari yoki shu singari boshqa soliqlar yoxud yigʻimlarni undirmagan holda maʼlum predmetlarning vaqtinchalik importi va eksportiga ruxsat beradilar. Bunday predmetlar, xususan, tijorat maqsadlari uchun moʻljallanmagan namunalar va reklama materiallarini, vaqtinchalik asosda import qilinadigan, yarmarkalar va koʻrgazmalar uchun moʻljallangan predmetlarni, xalqaro konvensiyalarga muvofiq, almashuv asosida xalqaro savdoda qoʻllaniladigan maxsus konteynyerlar va oʻrov-taxlov vositalarini oʻz ichiga oladi.
12-modda Iqtisodiy hamkorlik
1. Tomonlar ularning savdo va iqtisodiy hamkorligini rivojlantirishga xizmat qiluvchi barcha masalalar boʻyicha, xususan, savdoga taʼsir koʻrsatuvchi qonunchilik va tartibotlarga taalluqli axborot, shuningdek statistik maʼlumotlar bilan almashishni ragʻbatlantiradilar.
2. Tomonlar oʻzaro savdoni yengillashtirish maqsadida choralar koʻrish yoʻli bilan savdo va iqtisodiy hamkorlikni ragʻbatlantirishga, shu jumladan quyidagilarga kelishdilar:
yarmarkalar, koʻrgazmalar, konferensiyalar, reklama kompaniyalari, maslahatlashishlar va boshqa tijorat xizmatlari koʻrsatishni tashkil etish va oʻtkazish;
ikkala mamlakatning ishlab chiqarish assotsiatsiyalari, savdo palatalari va boshqa tadbirkorlik assotsiatsiyalari oʻrtasidagi aloqalarni ragʻbatlantirish va rivojlantirish;
qoʻshma iqtisodiy va sanoat hamkorligini rivojlantirish.
13-modda Favqulodda choralar
1. Boshqa Tomon hududida ishlab chiqarilgan mahsulotlar importi mamlakatdagi shu singari yoxud bevosita raqobatlashuvchi mahsulotlar ishlab chiqaruvchilari uchun zarar yetkazgan yoki zarar yetkazish xavfi tugʻilgan hollarda Tomonlar muammolarni bevosita hal qilish maqsadida istalgan Tomonning talabiga muvofiq darhol maslahatlashadilar.
2. Agar qayd etilgan maslahatlashishlar natijasida Tomonlar maʼlum vaqt mobaynida zararning oldini olish vositasi yoki zarardan sud himoyasi vositasini tanlash xususida murosaga kelolmasalar, import qiluvchi Tomon import hajmi va zarar yetkazish holatining oldini olish uchun qancha vaqt zarurligi borasida mahsulot importiga doir tegishli choralarni erkin ravishda amalga oshiradi.
3. Bunday zararning oldini olish yoki uni qoplash uchun favqulodda choralar talab qilinadigan keskin vaziyatlarda, agar shunday choralar koʻrilgandan soʻng darhol maslahatlashishlar oʻtkazish taklif etilgan boʻlsa, import qiluvchi Tomon dastlabki maslahatlashishlarsiz tegishli choralarni amalga oshirishi mumkin.
4. Mazkur moddaga muvofiq vositalarni tanlashda Tomonlar imkon qadar ushbu Bitim amal qilishini buzmaydigan choralar koʻrishga harakat qiladilar.
14-modda Maslahatlashishlar
Tomonlar mazkur Bitimni talqin qilish yoki qoʻllash borasida yuzaga keladigan har qanday kelishmovchiliklarni muzokaralar yoʻli bilan hal etishga harakat qiladilar.
15-modda Tijorat vakolatxonalari
Tomonlar mamlakatlarining amaldagi qonunlari va normativ hujjatlariga muvofiq oʻz mamlakatlari hududida boshqa mamlakat yuridik shaxslarining tijorat vakolatxonalarini ochishga ruxsat beradilar hamda bunday faoliyatni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar bilan taʼminlash borasida barcha zaruriy ishlarni bajaradilar.
16-modda Asosiy istisnolar
1. Ushbu Bitimning hech bir qoidasi Tomonlarga xavfsizlik, jamiyat axloqi va jamoat tartibi manfaatlarini himoyalash; inson hayoti va salomatligini, oʻsimliklar va hayvonlarni muhofaza qilish; milliy sanʼat asarlarini, shuningdek tarixiy va arxeologik ahamiyatga ega boʻlgan boyliklarni muhofaza qilishga qaratilgan choralarni, yoxud 1994 GATTning 20-moddasida sanab oʻtilgan boshqa har qanday chora-tadbirlarni amalga oshirishga toʻsqinlik qilolmaydi. Bunday taqiqlar, har qanday holatda ham, ixtiyoriy yoki asossiz diskriminatsiya yoxud Tomonlar oʻrtasidagi savdoni yashirincha cheklash vositalarini yuzaga keltirmaydi.
2. Mazkur Bitim istalgan Tomonning 1994 GATTning 21- moddasiga muvofiq asoslangan har qanday harakatlarni amalga oshirish huquqini cheklamaydi.
17-modda Intellektual mulk
1. Savdo va iqtisodiy hamkorlikni ragʻbatlantirish uchun intellektual mulkning muhim ahamiyatga ega ekanligini eʼtiborga olgan holda, Tomonlarning ichki qonunchiliklari intellektual mulkka boʻlgan huquqning toʻliq va samarali muhofazasini, shu jumladan ixtirochilik sohasi, sanoat namunalari, integral sxemalar topografiyasi va nou-xau toʻgʻrisidagi maxfiy maʼlumotlar borasida mualliflik va oʻzaro bogʻlangan huquqlar, savdo markalari, geografik koʻrsatkichlar, patentlarning diskriminatsiyasiz, aynan bir xil va samarali muhofazasini taʼminlaydi.
2. Tomonlar kelgusida intellektual mulkka boʻlgan huquqni muhofaza qilish sohasidagi xalqaro konvensiyalarga qoʻshilishga harakat qiladilar.
18-modda Investitsiyalar
1994-yil 4-iyuldagi Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va oʻzaro himoyalash toʻgʻrisidagi bitimga muvofiq va undan soʻng investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoyalash toʻgʻrisida Tomonlar tuzgan boshqa har qanday bitimga muvofiq har bir Tomon boshqa Tomonning fuqarolari va yuridik shaxslari investitsiyalarining huquqiy himoyasini taʼminlashini tasdiqlaydi.
19-modda Standartlar
1. Har bir Tomon boshqa Tomonning iltimosiga binoan standartlar bilan bogʻliq chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadi.
2. Tomonlar savdodagi texnik toʻsiqlarni kamaytirish maqsadida standartlar sohasida, shu jumladan sifat standartlari sohasida hamkorlik qiladilar va muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlarni oʻzaro eʼtirof etish toʻgʻrisidagi bitimlar yuzasidan muzokaralar oʻtkazadilar.
20-modda Qoʻshma komissiya
1. Mazkur Bitimni amalga oshirish jarayoniga koʻmaklashish maqsadida Tomonlar Savdo va iqtisodiy hamkorlik boʻyicha qoʻshma komissiya taʼsis etishga kelishdilar. Komissiya istalgan Tomonning iltimosiga binoan navbatma-navbat Toshkentda va Quddusda yigʻiladi. Bunday uchrashuvlar vaqtini Tomonlar hamkorlikda belgilaydilar.
2. Komissiya:
a) ushbu Bitimning bajarilish jarayonini koʻrib chiqadi va uning qoidalarini bajarish maqsadida amalga oshirilishi mumkin boʻlgan chora-tadbirlarni qabul qiladi;
b) ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo va iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish va kengaytirishni koʻrib chiqadi;
v) savdo va iqtisodiy aloqalarni, shu jumladan oʻzaro manfaatdorlik asosidagi sanoat va investitsion hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash imkoniyatlarini oʻrganadi hamda shunday hamkorlik uchun yangi sohalarni belgilaydi;
g) ikki mamlakat oʻrtasida iqtisodiy va savdo aloqalarini rivojlantirish jarayonida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan muammolar xususida maslahatlar beradi;
d) yangicha rivojlanishni eʼtiborga olish maqsadida mazkur Bitimga kiritiladigan tuzatishlarni ifodalaydi hamda koʻrib chiqish uchun ularni Tomonlarning maʼmurlariga taqdim etadi.
3. Komissiya oʻzarolik asosida Tomonlarga yuqorida qayd etilgan masalalar xususidagi axborot va tavsiyalarni taqdim etadi.
21-modda Evolyutsion band
Ushbu Bitimning amalda qoʻllanishini lozim tarzda taʼminlash, shuningdek Tomonlar oʻrtasidagi savdoni yanada liberalizatsiyalash maqsadida istalgan Tomonning iltimosiga binoan oʻzaro kelishuv boʻyicha zaruriy oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
22-modda Kuchga kirish
Ushbu Bitim uning kuchga kirishi uchun talab qilinadigan ichki protseduralar yakunlanganligi toʻgʻrisida Tomonlar diplomatik kanallar orqali bir-birini xabardor qilib soʻnggi nota yuborgan kundan keyingi oyning birinchi kunida kuchga kiradi va istalgan Tomon boshqa Tomonni Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati toʻgʻrisida yozma tarzda diplomatik kanallar orqali xabardor qilmagunicha oʻz kuchini saqlaydi. Bunday holda boshqa Tomondan yuqorida qayd etilgan xabarnoma olingan sanadan boshlab 6 oy oʻtganidan soʻng Bitim amal qilishini toʻxtatadi.
Ushbu Bitimning amal qilishi toʻxtatilgan holda uning qoidalari mazkur Bitim xususida tuzilgan, ammo uning amal qilishi toʻxtatilgunicha tugatilmagan barcha kelishuvlarga nisbatan oʻz kuchini saqlab qoladi.
Quddus shahrida 1998-yilning 15-sentabrida, bu 5758 yilning 24 Eluliga toʻgʻri keladi, ikki asl nusxada oʻzbek, ivrit va ingliz tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida ingliz tilidagi matn ustuvor kuchga ega boʻladi.
(imzolar)
