2012-yilda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida (253-Q-son)
25.10.2012
NAVOIY VILOYaTI Tomdi tumani hokimining
QarorI
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasi, “Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 25-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomining ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun tumandagi korxona, tashkilot va muassasalar xodimlarining roʻyxat boʻyicha oʻrtacha sonidan 125 kishini tashkil etadigan 7 foiz miqdorida, shu jumladan:
nogironlar uchun 3,2 foiz — 4 kishi;
14 yoshga toʻlmagan bolalari va nogiron bolalari bor yolgʻiz hamda koʻp bolali ota-onalar uchun 12 foiz — 15 kishi;
taʼlim muassasalarini bitirgan yoshlar uchun 68,0 foiz — 85 kishi;
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlar uchun 7,2 foiz — 9 kishi;
Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 4,0 foiz — 5 kishi;
jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy yoʻsindagi majburlov choralari qoʻllanilgan shaxslar uchun 2,4 foiz — 3 kishi;
boshqalar uchun 3,2 foiz — 4 kishi, shu jumladan safarbarlik chaqiruvi zaxirasiga kiritilgan shaxslar uchun 0 kishi, kichik yoshli bolalari boʻlgan ishlamayotgan ayollar uchun 4 kishi, atrofdagilar uchun xavfli boʻlmagan ijtimoiy ahamiyatli kasalliklar bilan ogʻriyotgan shaxslar uchun 0 kishi miqdorida ish oʻrinlari zaxirasi belgilansin.
2. 2012-yilda ijtimoiy muhofazaga muhtoj ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish lozim boʻlgan korxonalar roʻyxati ilovaga* asosan tasdiqlansin.
* Ilova berilmaydi.
3. Korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlariga ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ish bilan taʼminlash uchun har bir kvota toifasi boʻyicha ish oʻrinlari band qilib qoʻyiladigan kasblar va lavozimlar, mutaxassisliklar kesimidagi maʼlumotlarni va qaror boʻyicha chiqarilgan buyruq nusxalarini Tomdi tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga taqdim etish vazifalari yuklatilsin.
4. Korxona, tashkilot va muassasalarning rahbarlari ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslar uchun ish joylarining koʻrsatib oʻtilgan miqdorini Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq belgilangan muddatlarda va tartibda yaratilishini (ajratilishini yoki band etib qoʻyilishini) hamda ish joylari sanitariya-gigiyena normalariga va xodim oʻz mehnat majburiyatlarini bemalol bajarishini taʼminlaydigan mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishini taʼminlasinlar.
5. Ushbu qaror bajarilmagan taqdirda tashkilotning mansabdor shaxslariga “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 15-bandiga muvofiq jarima solinadi.
6. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (A.Eshjanov) bir hafta muddatda qarorni tegishli korxona va tashkilot rahbarlariga yetkazsin hamda mazkur qarorning bajarilishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin.
7. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (A.Eshjanov) ushbu qaror ijrosini taʼminlash jarayonida tuman hokimining 2011-yil 13-sentabrdagi “2012-yilda tumanda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi K-239-sonli qarori bilan tashkil etilgan ish oʻrinlarini ham inobatga olsin.
8. Tomdi tuman hokimining 2011-yil 13-sentabrdagi “2012-yilda tumanda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi K-239-sonli qarori bekor qilinsin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimi oʻrinbosari S.Sadenov zimmasiga yuklatilsin.
10. Mazkur qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Tomdi tumani hokimi K. ALDABERGENOV
Tomdi t.,
2012-yil 25-oktabr,
253-Q-son
