4 - modda. Davlat boji boʻyicha imtiyozlar — Davlat boji toʻgʻrisida (740-XII-son)
4 - modda. Davlat boji boʻyicha imtiyozlar
Davlat boji toʻgʻrisida (740-XII-son) · Sana: 09.12.1992 · Amalda
1. Sudlarda quyidagilar davlat bojini toʻlashdan ozod qilinadilar:
a) daʼvogarlar — ish haqini undirib olish toʻgʻrisidagi daʼvolar va mehnat huquqlari munosabatlaridan kelib chiqadigan boshqa talablar yuzasidan;
b) daʼvogarlar — mualliflik huquqlaridan kelib chiqadigan daʼvolardan, shuningdek yangilik ochish, ixtiro qilish, ratsionalizatorlik takliflari va sanoat namunalariga boʻlgan huquqlari toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
v) daʼvogarlar — alimentlar undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
g) daʼvogarlar — mayib boʻlishdan yoki sogʻliqqa yetkazilgan boshqa shikastlanishlardan, shuningdek boquvchisining oʻlimidan kelib chiqqan zararlarni qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
d) daʼvogarlar — qonunga zid tarzda mahkum etish, jinoiy javobgarlikka tortish, maʼmuriy jazo solish orqali fuqaroga yetkazilgan zararni toʻlash bilan bogʻliq nizolar yuzasidan;
e) ijtimoiy taʼminot boʻlimlari — zarar yetkazuvchidan regress daʼvolar boʻyicha quyidagilarni undirish yuzasidan:
— jabrlanuvchiga yoki uning oila aʼzolariga toʻlangan pensiyalar va nafaqalar summasini;
— benzinga, avtotransport vositalarini taʼmirlashga, ularga texnik xizmat koʻrsatishga va ehtiyot qismlar sotib olishga, nogironlarni avtotransport vositalarini haydashga oʻrgatishga ketadigan xarajatlarning summasini, shuningdek notoʻgʻri toʻlangan pensiya va nafaqa summalarini undirib olish toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
z) daʼvogarlar — jinoyat tufayli yetkazilgan moddiy zararni qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
i) shaxslar — mol-mulkni boʻlish bilan bogʻliq boʻlmagan nikohni bekor qilish toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha kassatsion shikoyatlardan;
k) yuridik va jismoniy shaxslar — jinoiy ishlar va alimentlarni undirish toʻgʻrisidagi ishlar bilan bogʻliq hujjatlarni ularga berganlik uchun;
l) Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi va uning mahalliy idoralari — koʻchib boruvchilarga nisbatan koʻchib borish joyiga bormaganliklari yoki koʻchib borgan joylarini oʻz holicha tark etganliklari uchun, koʻchib borish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
n) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, uning idoralari — Oʻzbekiston Respublikasi hududida amal qilayotgan suv toʻgʻrisidagi qonunlarni buzish natijasida davlatga yetkazilgan zararni qoplash uchun mablagʻlarni davlat foydasiga undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
o) shaxslar — jinoyat tufayli yetkazilgan moddiy zararni undirib olish toʻgʻri ekanligi bahslashilayotgan jinoiy ishlar yuzasidan kassatsion shikoyatlardan;
p) qonunda nazarda tutilgan hollarda boshqa shaxslarning qonun bilan muhofaza qilinadigan huquqlari va manfaatlarini himoya qilib sudga ariza bilan murojaat etgan yuridik va jismoniy shaxslar;
r) daʼvogarlar — oʻrmon xoʻjaligi daromadini undirish toʻgʻrisidagi ishlar yuzasidan (shu jumladan, daraxtlarni oʻsib turgan joyida sotish toʻgʻrisidagi qoidalarni buzganligi uchun koʻrilgan zarar va jarima, shuningdek oʻzboshimchalik bilan daraxtlarni kesganligi, pichan oʻrganligi va mollar oʻtlatganligi uchun undiriladigan jarimalar), jismoniy shaxslar mulki boʻlgan uy-joylarni, dala hovlilarni va boshqa mulklarni mahalliy oʻzini oʻzi boshqarish idoralari fondiga bepul olib qoʻyish toʻgʻrisidagi ishlar yuzasidan, shuningdek jismoniy shaxslardan ularga tegishli boʻlgan tarixiy, badiiy va boshqa jihatdan jamiyat uchun ahamiyatga ega boʻlgan mol-mulkni olib qoʻyish toʻgʻrisidagi ishlar yuzasidan — jismoniy shaxslar bu mulkka xoʻjasizlarcha munosabatda boʻlgan hollarda;
s) Oʻzbekiston Respublikasi moliya, soliq, bojxona organlari hamda monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash organlari — barcha ishlar va hujjatlar yuzasidan, shuningdek alohida ishlar boʻyicha sudga ariza berganlik uchun;
t) Oʻzbekiston Respublikasi davlat sugʻurta idoralari — majburiy sugʻurta qilish operatsiyalari bilan bogʻliq ishlar yuzasidan;
u) daʼvogar Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar idoralari — alimentlar va boshqa toʻlovlar toʻlashdan qochib yurgan shaxslarni qidirish uchun qilingan xarajatlarni undirish toʻgʻrisidagi ishlar yuzasidan;
f) yuridik va jismoniy shaxslar — sudning ishni toʻxtatish yoki uni qarab chiqishni qoldirish toʻgʻrisidagi, qaror ijrosini kechiktirish yoki choʻzish, ijro usuli va tartibini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi, daʼvoni qondirish yoki uni boshqasini qondirish bilan almashtirish toʻgʻrisidagi ajrimlarini bekor qilish haqidagi arizalar, yangi ochilgan holatlar munosabati bilan sudlov qarorini, ajrimni yoki qarorni qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisidagi arizalar, sud tomonidan belgilangan jarimalarni bekor qilish yoki kamaytirish toʻgʻrisidagi, sudlov qarori ijrosini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi, oʻtkazib yuborilgan muddatni tiklash toʻgʻrisidagi arizalar, sud ijrochisining xatti-harakatlari ustidan shikoyatlar, sudlarning jarimani bekor qilish va kamaytirishni rad etish toʻgʻrisidagi ajrimi ustidan xususiy shikoyatlar hamda sud ajrimi ustidan boshqa xususiy shikoyatlar;
x) prokuratura idoralari — jismoniy va yuridik shaxslar foydasini koʻzlab qilinadigan daʼvolar yuzasidan;
ts) nogironlar jamoat tashkilotlari, ularning muassasalari, oʻquv-ishlab chiqarish korxonalari va birlashmalari — hamma daʼvolar yuzasidan;
ch) Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va uning joylardagi idoralari — baliqchilik va baliq zaxiralarini muhofaza qilish qoidalarini buzish munosabati bilan baliq xoʻjaligiga; atrof muhitni ifloslantirish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanmaslik oqibatida ovchilik xoʻjaligiga va davlat ovchilik fondiga yetkazilgan zarar oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
e) adliya organlari — davlatning va Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslarining manfaatlarini koʻzlab qilinadigan daʼvolar yuzasidan.
yu) isteʼmolchilar — oʻzlarining huquqlari buzilishi bilan bogʻliq daʼvolar yuzasidan, shuningdek tovarlar (ishlar, xizmatlar) xavfsiz boʻlishi va sifati ustidan nazoratni amalga oshiruvchi davlat organlari, isteʼmolchilarning jamoat birlashmalari — isteʼmolchilarning (isteʼmolchilar nomuayyan doirasining) manfaatlarini koʻzlab qilinadigan daʼvolar yuzasidan;
ya) tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisida davlat organlari va boshqa organlarning qarorlari, mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) ustidan tadbirkorlik subyektlari sudga murojaat qilganlik uchun;
ya1) xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, kommunal-foydalanish tashkilotlari — majburiy badallarni toʻlash va kommunal xizmatlar toʻlovi boʻyicha qarzdorlikni undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha;
ya2) xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, kommunal-foydalanish tashkilotlari, shuningdek fuqarolar — tuzilgan shartnomalarning shartlari aholiga uy-joy-kommunal xizmatlar koʻrsatuvchi korxonalar tomonidan bajarilmaganligi yoki sifatsiz bajarilganligi oqibatida yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolar boʻyicha.
ya3) tumanlar va shaharlar (shahar tarkibiga kiruvchi tumanlar) hokimliklari — kommunal xizmatlar toʻlovi va majburiy badallarni toʻlash boʻyicha qarzlarni undirish toʻgʻrisidagi, kommunal xizmat koʻrsatuvchilar yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining taqdimnomasiga muvofiq kiritilgan daʼvolar yuzasidan.
ya4) nodavlat notijorat tashkilotlari oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan davlat organlarining gʻayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilganda.
2. Quyidagilar xoʻjalik sudlarida koʻriladigan ishlar boʻyicha davlat foydasiga boj toʻlashdan ozod qilinadilar:
a) ijtimoiy taʼminot boʻlimlari — zarar yetkazuvchidan regress daʼvolar boʻyicha quyidagilarni undirish yuzasidan:
— jabrlanuvchiga yoki uning oila aʼzolariga toʻlangan pensiyalar va nafaqalar summasini;
— benzinga, avtomobillar va motoaravachalarni taʼmirlashga, ularga texnik xizmat koʻrsatishga va ehtiyot qismlar sotib olishga, nogironlarni avtotransport vositalarini xaydashga oʻrgatishga ketadigan xarajatlarning summasini.
v) daʼvogarlar — oʻrmon xoʻjaligi daromadini undirish toʻgʻrisidagi ishlardan (shu jumladan, daraxtlarni oʻsib turgan joyida sotish toʻgʻrisidagi qoidalarni buzganligi uchun koʻrilgan zarar va jarima, shuningdek oʻzboshimchalik bilan daraxtlarni kesganligi, pichan oʻrganligi va mollar oʻtlatganligi uchun undiriladigan jarimalar);
g) Oʻzbekiston Respublikasi moliya, soliq, bojxona organlari hamda monopoliyadan chiqarish, raqobat va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash organlari — barcha ishlar va hujjatlar yuzasidan, shuningdek alohida ishlar boʻyicha sudga ariza berganlik uchun;
d) davlat sugʻurta idoralarining daʼvogarlari va javobgarlari — majburiy sugʻurta qilish operatsiyalari bilan bogʻliq barcha ishlar yuzasidan;
e) Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, uning idoralari — suv toʻgʻrisidagi qonunlarni buzish natijasida davlatga yetkazilgan zarar oʻrnini qoplash uchun mablagʻlarni davlat foydasiga undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
j) Oʻzstandart agentligi va uning idoralari — standartlarni, texnik shartlarni ishlab chiqish va ularga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi hamda mahsulotlar sifati ustidan nazorat qiluvchi idoralar yoki shunday vakolatlarga ega boʻlgan boshqa idoralar joʻnatishni man etgan mahsulotlarni yetkazib bergani uchun, korxonalar va tashkilotlardan budjet foydasiga jarimalar undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
z) Oʻzbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va uning joylardagi idoralari — quyidagi daʼvolar: baliqchilik, baliq zaxiralarini muhofaza qilish qoidalarini buzish, shuningdek baliqchilik xoʻjaligi suv havzalariga ifloslangan oqova suvlarni va boshqa chiqindilarni tashlash oqibatida baliq xoʻjaligiga yetkazilgan zararni qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolar, ovchilik xoʻjaligiga va davlat ovchilik fondiga yetkazilgan zararni qoplash uchun tashkilotlarga qilingan daʼvolar, atrof muhitni ifloslantirish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanmaslik oqibatida davlatga yetkazilgan zarar oʻrnini qoplash uchun mablagʻlarni davlat foydasiga undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
i) prokuratura idoralari — yuridik shaxslar manfaatini koʻzlab qilingan daʼvolar yuzasidan;
k) nogironlar jamoat tashkilotlari, ularning muassasalari, oʻquv-ishlab chiqarish korxonalari va birlashmalari — barcha daʼvolar yuzasidan;
l) tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar — pul mablagʻlari boʻlmagan va bu narsa bank muassasasi tomonidan tasdiqlangan taqdirda xoʻjalik sudi ajrimi yuzasidan.
m) adliya organlari — yuridik shaxslarning manfaatlarini koʻzlab qilinadigan daʼvolar yuzasidan.
n) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va uning joylardagi organlari — davlat mulkiga yetkazilgan zararni qoplash uchun davlat daromadi foydasiga mablagʻlar undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
p) “Oʻzagrosugʻurta” davlat-aksiyadorlik-sugʻurta kompaniyasi, uning direksiyasi va joylardagi boʻlimlari — qishloq xoʻjalik korxonalari tomonidan bank kreditlarini toʻlamaslik xavfini hamda qishloq xoʻjalik mahsuloti yetishtirish, shuningdek fyuchers kontraktlar boʻyicha ishlarni amalga oshirish uchun oldindan beriladigan mablagʻlarning qaytarilishini sugʻurta qilish shartnomalari boʻyicha toʻlangan sugʻurta tovoni uchun qishloq xoʻjalik korxonalaridan qarzni undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan.
r) arizachi va javobgar — qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda moliya-xoʻjalik faoliyatini amalga oshirmayotgan va (yoki) oʻz ustav fondini shakllantirmagan korxonalarni tugatishga doir ishlar yuzasidan;
s) tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi toʻgʻrisida davlat organlari va boshqa organlarning qarorlari, mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) ustidan tadbirkorlik subyektlari sudga murojaat qilganlik uchun.
t) qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilari — tayyorlov va xizmat koʻrsatuv tashkilotlari tomonidan shartnoma majburiyatlari bajarilmaganligi bilan bogʻliq daʼvolar yuzasidan;
u) tuman qishloq va suv xoʻjaligi boʻlimlari — qishloq xoʻjaligi tovar ishlab chiqaruvchilarining manfaatlarini koʻzlab kiritilgan daʼvolar yuzasidan.
f) xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, kommunal-foydalanish tashkilotlari — majburiy badallarni toʻlash va kommunal xizmatlar toʻlovi boʻyicha qarzlarni undirish toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
x) xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, kommunal-foydalanish tashkilotlari — tuzilgan shartnomalarning shartlari aholiga uy-joy-kommunal xizmatlari koʻrsatuvchi korxonalar tomonidan bajarilmaganligi yoki sifatsiz bajarilganligi oqibatida yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash toʻgʻrisidagi daʼvolar yuzasidan;
ts) tumanlar va shaharlar (shahar tarkibiga kiruvchi tumanlar) hokimliklari — kommunal xizmatlar toʻlovi va majburiy badallarni toʻlash boʻyicha qarzlarni undirish toʻgʻrisidagi, kommunal xizmat koʻrsatuvchilar yoki xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining taqdimnomasiga muvofiq kiritilgan daʼvolar yuzasidan.
ch) nodavlat notijorat tashkilotlari oʻz huquqlari va qonuniy manfaatlarini buzadigan davlat organlarining gʻayriqonuniy qarorlari, ular mansabdor shaxslarining gʻayriqonuniy harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilganda.
3. Notarial harakatlarni amalga oshiruvchi idoralarda quyidagilar davlat bojini toʻlashdan ozod etiladilar:
a) shaxslar — davlat pensiyalari va nafaqalarini olish uchun zarur boʻlgan, shuningdek vasiylik qilish va oʻgʻil (qiz) qilib olish toʻgʻrisidagi ishlar yuzasidan hujjatlar nusxalarining toʻgʻriligini tasdiqlab berganlik uchun;
b) shaxslar — mulklarini davlat foydasiga, shuningdek yuridik shaxslar foydasiga inʼom qilish toʻgʻrisidagi vasiyatnoma va shartnomalarni tasdiqlaganlik uchun;
v) soliq va moliya idoralari — ularga davlatning meros huquqi toʻgʻrisida guvohnomalar (guvohnomalar dublikatlari) berganlik uchun, shuningdek ana shu guvohnomalarni (guvohnomalar dublikatlarini) olish uchun kerakli hamma hujjatlar uchun;
g) nogironlar jamoat tashkilotlari, ularning muassasalari, oʻquv-ishlab chiqarish korxonalari va birlashmalari — barcha notarial harakatlar yuzasidan;
d) yuridik va jismoniy shaxslar — ularga meros huquqi toʻgʻrisida quyidagi guvohnomalar.
Vatanni himoya qilish chogʻida, davlat yoki ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan boshqa vazifalarni oʻtayotganda yoxud inson hayotini qutqarish, davlat mulkini asrash va huquq-tartibotni muhofaza qilishda fuqarolik burchini ado etish munosabati bilan halok boʻlgan shaxslarning mol-mulkiga meros huquqi toʻgʻrisida;
uy-joy (kvartira) uchun, uy-joy-qurilish kooperatividagi pay uchun meros huquqi toʻgʻrisida, agarda ular meros beruvchining vafot qilish kunigacha birga yashashgan, propiska qilingan boʻlsa va meros beruvchining vafotidan keyin ham shu uyda (kvartirada) yashayotgan boʻlishsa;
banklarga qoʻyilgan pul jamgʻarmalari toʻgʻrisida, shaxsiy va mulkiy sugʻurtalar shartnomalari boʻyicha sugʻurta pullari toʻgʻrisida, davlat zayom obligatsiyalari uchun, ish haqlari summalari uchun, mualliflik huquqi, kashfiyot, ixtiro, ratsionalizatorlik takliflari va sanoat namunalari uchun mualliflik qalam haqi va mukofot summalari uchun meros huquqi toʻgʻrisida guvohnoma berganlik uchun;
e) shaxslar — pensiya va nafaqalarni olish uchun ishonch qogʻozini tasdiqlatganliklari uchun;
j) onalar — koʻp bolalik uchun ularga ordenlar va medallar berilganligi haqidagi ishlar boʻyicha hujjatlar nusxalarining toʻgʻriligini tasdiqlab berganlik uchun;
z) maktab-internatlar — farzandlarining maktab-internatlardagi taʼminoti uchun ota-onalardan qarzlarni undirish toʻgʻrisidagi ijro koʻrsatmalarini amalga oshirganlik uchun;
i) moliya idoralari — farzandlarining Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligining maxsus maktablari va maxsus hunar-texnika bilim yurtlaridagi taʼminoti uchun ota-onalardan qarzlarni undirish toʻgʻrisidagi ijro koʻrsatmalarini amalga oshirganlik uchun;
k) ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisadan vafot etish va halok boʻlish hodisasiga korxonalar va tashkilotlar hisobidan sugʻurta qilingan fuqarolarning merosxoʻrlari — sugʻurta puliga meros huquqini tasdiqlovchi guvohnomalar berganlik uchun;
l) surunkali ruhiy kasallikka chalinganliklari tufayli qonunlarda belgilangan tartibda vasiylik oʻrnatilgan shaxslar — mulkka merosxoʻrlik qilishlari toʻgʻrisida guvohnomalar olganliklari uchun;
m) Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi hamda uning organlari — xodimlarni tashkiliy yoʻsinda ishga qabul qilish tartibida tuzilgan mehnat shartnomalarini tasdiqlab berganlik uchun;
n) Ulugʻ Vatan urushi nogironlari, Ulugʻ Vatan urushi janggohlarida yaralangan shaxslar, Ulugʻ Vatan urushi janggohlarida halok boʻlgan yoki bedarak yoʻqolgan shaxslarning oila aʼzolari, Ulugʻ Vatan urushi qatnashchilari hamda Vatanni himoya qilishda va Sovet Armiyasida oʻz xizmat burchini oʻtayotganda yaralangan shaxslar, Afgʻoniston Respublikasida baynalmilalchilik burchini oʻtagan shaxslar, 1986-1987-yillarda Chernobilʼ AESining zaharlangan mintaqasi doirasida falokat oqibatlarini tugatishda ishtirok etgan shaxslar, 1986-yilda Chernobilʼ AESidagi avariya munosabati bilan zaharlangan mintaqadan koʻchirilgan (shu jumladan, oʻz ixtiyori bilan chiqib ketgan) shaxslar, agar ular vafot etgan boʻlsalar, ularning oila aʼzolari — imtiyozlar berilishi uchun zarur boʻlgan hujjatlar nusxalarining toʻgʻriligini tasdiqlab berganlik uchun;
o) mualliflik huquqi boʻyicha agentlik va uning idoralari — mualliflik huquqi boʻyicha toʻlanishi kerak boʻlgan mukofotlarning undirilishi haqidagi ijro koʻrsatmalarini amalga oshirganlik uchun;
p) shaxslar — yoʻlovchilarning majburiy sugʻurtasi yuzasidan sugʻurta puliga hamda fuqarolarga qarashli mol-mulk majburiy sugʻurtasi yuzasidan sugʻurta qoplovi puliga boʻlgan meros huquqi toʻgʻrisida ularga guvohnomalar berganlik uchun.
r) fermer xoʻjaligida faoliyatni davom ettirayotgan merosxoʻrlar — ularga fermer xoʻjaligi mol-mulkiga meros huquqi toʻgʻrisidagi guvohnoma berilganligi uchun;
s) dehqon xoʻjaligida faoliyatni davom ettirayotgan merosxoʻrlar — ularga dehqon xoʻjaligi mol-mulkiga meros huquqi toʻgʻrisidagi guvohnoma berilganligi uchun.
t) xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, kommunal-foydalanish tashkilotlari — majburiy badallarni toʻlash va kommunal xizmatlar toʻlovi boʻyicha qarzlarni undirish toʻgʻrisidagi ijro xatlarini yozganlik uchun.
4. Fuqarolik holatlarini qayd etuvchi idoralarda quyidagilar davlat bojini toʻlashdan ozod qilinadilar:
a) xalq taʼlimi idoralari, balogʻatga yetmaganlar ishlari boʻyicha komissiyalar — yetim bolalarni va ota-onalar homiyligidan mahrum boʻlgan bolalarni barcha bolalar internat muassasalariga va oʻquv yurtlariga yuborish uchun tugʻilganlik toʻgʻrisida takroriy guvohnomalar berganlik uchun;
b) jismoniy shaxslar — tugʻilish, oʻlim qayd etilganligi uchun, farzandlikka olish, otalikni belgilash, jinsning oʻzgartirilishi hollarida, shuningdek fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish paytida yoʻl qoʻyilgan xatolar munosabati bilan tugʻilganlik toʻgʻrisidagi hujjatlar yozuvlari oʻzgartirilgan, tuzatilgan va toʻldirilgan taqdirda ularga guvohnomalar berganlik uchun;
v) jismoniy shaxslar — belgilangan tartibda daraksiz ketgan yoki ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi)tufayli faoliyatga yaroqsiz deb topilgan shaxslar bilan yoxud qilgan jinoyatlari uchun uch yildan kam boʻlmagan muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslar bilan boʻlgan nikohlarini bekor qilish toʻgʻrisida ularga sudlov qarori asosida guvohnomalar berganlik uchun;
g) jismoniy shaxslar — ularga oqlangan qarindoshlarining vafot etganligi toʻgʻrisidagi guvohnomalarni takroran berganlik yoki ilgari berilgan guvohnomalarni almashtirganlik uchun.
d) tabiiy ofatlar natijasida jabrlangan jismoniy shaxslar — ularga takroriy guvohnomalar berganlik uchun.
5. Oʻzbekiston Respublikasidan chet elga borish toʻgʻrisidagi ishlarda davlat bojini toʻlashdan quyidagilar ozod qilinadilar:
a) jismoniy shaxslar — ularga diplomatik pasportlar berganlik uchun;
b) jismoniy shaxslar — yaqin qarindoshlari vafot etganligi yoki ularning qabrlarini ziyorat qilish sababi bilan chet elga borish uchun chet el pasportlari yoki ularning oʻrnini bosuvchi hujjatlar berganlik uchun. Aytilgan imtiyozlar beriladigan fuqarolar qatoriga ota-onalar, farzandlar, er-xotinlar, tugʻishgan aka-ukalar va opa-singillar kiradi;
v) 16 yoshga toʻlmagan jismoniy shaxslar — ularga chet elga borish uchun hujjatlar berganlik uchun;
g) ajnabiy sayyohlar — chet el pasportlarini roʻyxatdan oʻtkazganlik uchun;
d) fuqarolik ishi, oilaviy va jinoiy ish boʻyicha huquqiy yordam koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomalarga binoan chet el sudlariga fuqarolik va jinoiy ishlar yuzasidan tomonlar, guvohlar va ekspertlar sifatida chaqiriladigan jismoniy shaxslar — chet elga borish uchun ularga hujjatlar berganlik uchun;
e) oʻqishga, stajirovkaga yoki ishlab chiqarish praktikasini oʻtish uchun chet elga boruvchi 16 yoshga toʻlgan oʻquvchilar — ularga chet el pasportlari berganlik uchun.
Chet elga chiqishga hujjatlar berganlik uchun boj toʻlashdan ozod qilingan shaxslar shu hujjatlarga biron-bir oʻzgartishlar kiritilganligi uchun davlat boji toʻlashdan ham ozod qilinadilar.
6. Turar joyga qayd etishda quyidagilar davlat bojini toʻlashdan ozod qilinadilar:
a) qarilar va nogironlar internat-uylarida yashovchi qarilar va nogironlar;
b) maktab-internatlar va hunar-texnika bilim yurtlarining butunlay davlat taʼminotida boʻlgan va yotoqxonalarda yashovchi oʻquvchilari.
7. Boj toʻlovchilarning ayrim guruhlari va toifalariga davlat boji toʻlashda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilab beradigan tartibda qoʻshimcha imtiyozlar berilishi mumkin.
O'qish oynasida ochishRangli belgilar, qaydlar, qidiruv va tanlangan matn bo'yicha test bilan.
Matn lex.uz dan avtomatik olingan va mazmunan u bilan bir xil: bu alohida tahrir emas, o'sha matnning o'zi. U ta'lim va ma'lumot maqsadida keltirilgan, normalar mazmuni o'zgartirilmaydi. Bu rasmiy nashr emas: sud, shartnoma va rasmiy javoblar uchun lex.uz dagi amaldagi tahrirni tekshiring. Loyiha haqida
Sayt haqida: NEOLEX (veoskill) — O'zbekiston Respublikasi huquqi bo'yicha ta'lim loyihasi. U lex.uz o'rnini bosmaydi, o'sha matnlarga har bir modda uchun alohida manzil, oddiy so'zlar bilan izohlar, atamalar lug'ati, testlar va uch tilda o'qishni qo'shadi. Aloqa: Telegram @neovixar.
Quyidagicha iqtibos keltiring: 4 - modda. Davlat boji boʻyicha imtiyozlar Davlat boji toʻgʻrisida (740-XII-son). neolex.uz/uz/laws/law-21658/4 (lex.uz/docs/-34504)