Navoiy viloyatida tashqi reklamani joylashtirishni tartibga solish haqida (Q-163-son)
12.10.2012
Navoiy viloyati hokimining
QARORI
“Reklama toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga asosan hamda viloyatda tashqi reklamani joylashtirish tartibini tasdiqlash maqsadida qaror qilaman:
1. “Navoiy viloyatida tashqi reklamani joylashtirish Tartibi” 1-ilovaga*, “Navoiy viloyat hokimiyatining reklama-axborot faoliyati boʻyicha komissiya tarkibi” (keyingi oʻrinlarda “Komissiya” deb yuritiladi) 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-va 2-ilovalar berilmaydi.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
komissiya majlislarini tayyorlash va oʻtkazish, shuningdek komissiya qarorlari asosida tashqi reklama vositalarini joylashtirishga ruxsatnoma hujjatlarini berish, ularni joylashtirishdan tushadigan mablagʻlarni undirilishini taʼminlash va reklama beruvchilar bilan aloqalarni amalga oshirish Komissiyaning masʼul organi “Tasviriy oyna” viloyat uyushmasi tomonidan amalga oshiriladi;
tashqi reklama vositalarini joylashtirish huquqini berish yigʻimi “Tasviriy oyna” viloyat uyushmasi hisob raqamiga tushadi;
reklama joyining ijarasi, reklama vositalarini joylashtirish uchun oʻz hududi yoki inshootlarini bergan tashkilotlar va reklama beruvchi yoki uni tarqatuvchi orasidagi munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga asosan tuzilgan ijara shartnomasi orqali amalga oshiriladi.
3. Komissiya, viloyat Monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish boshqarmasi hamda “Tasviriy oyna” viloyat uyushmasiga hamkorlikda reklamalarni qonuniyligini taʼminlash boʻyicha ishlarni olib borish hamda oʻzboshimchalik bilan oʻrnatilgan reklama egalariga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda choralar koʻrish topshirilsin.
4. Navoiy viloyat hokimining 2002-yil 14-oktabrdagi “Viloyatda tashqi reklamani va transport vositalarida reklamani joylashtirish toʻgʻrisida”gi Q-216-sonli hamda 2006-yil 24-maydagi “Viloyat hokimining 2002-yil 14-oktabrdagi “Viloyatda tashqi reklamani va transport vositalarida reklamani joylashtirish toʻgʻrisida”gi Q-216-sonli qaroriga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi 123-Q-sonli qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
5. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
6. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosari S. Samadov zimmasiga yuklatilsin.
Navoiy viloyati hokimi E. TURDIMOV
Navoiy sh.,
2012-yil 12-oktabr,
Q-163-son
