122-modda. Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan shaxsning sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimida gʻayriixtiyoriy tartibda davolanishda boʻlishi muddatlari
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-352-son) · Sana: 30.04.2013 · Amalda
Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan shaxsning sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimida gʻayriixtiyoriy tartibda davolanishda boʻlishining davomiylik muddati olti oygacha etib belgilanadi.
Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan, sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimida gʻayriixtiyoriy tartibda turgan shaxs oʻzining mazkur muassasadan chiqarilishi yoki ushbu muassasada yotishi muddati uzaytirilishi masalasi hal etilishi uchun oʻzidan sil mikobakteriyalari ajralib chiqishi nuqtai nazaridan har oyda kamida bir marta belgilangan tartibda tibbiy tekshiruvdan oʻtkazilishi kerak.
Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan shaxsni sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimida gʻayriixtiyoriy tartibda yotishi muddatini uzaytirish toʻgʻrisidagi ariza ushbu muassasa tibbiy komissiyasining shaxs davolanishda boʻlgan muassasada yotishi muddatini uzaytirish zarurligi haqidagi xulosasi asosida sudga beriladi.
Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan shaxsning sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimida gʻayriixtiyoriy tartibda davolanishda boʻlishi muddati ushbu muassasa tibbiy komissiyasining xulosasi asosida sud tomonidan olti oygacha uzaytirilishi mumkin.
Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan, sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimida gʻayriixtiyoriy tartibda davolanishda boʻlgan shaxs mazkur muassasadan quyidagilar asosida chiqarilishi kerak:
oʻzidan sil mikobakteriyalari ajralib chiqishi barqaror ravishda tugagan taqdirda sil kasalligiga qarshi kurash muassasasi tibbiy komissiyasining xulosasi;
sudning sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan shaxsni sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimiga gʻayriixtiyoriy tartibda yotqizish muddatini uzaytirishni rad etish toʻgʻrisidagi hal qiluv qarori.
Sil kasalligining yuqumli shakliga chalingan, sil kasalligiga qarshi kurash muassasasining ixtisoslashtirilgan boʻlimida gʻayriixtiyoriy tartibda davolanishda boʻlgan shaxs mazkur muassasadan chiqarilganidan keyin yashash joyida dispanser kuzatuvida boʻlish va davolanishni davom ettirish uchun yuboriladi.
