3-modda. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovida ishtirok etish huquqi
“Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-351-son) · Sana: 22.04.2013 · Amalda
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining (bundan buyon matnda fuqarolar deb yuritiladi) ishtirok etishi ixtiyoriy hamda erkindir. Fuqarolarga ularni saylovda ishtirok etishga yoki ishtirok etmaslikka majbur qilish maqsadida, shuningdek ularning oʻz xohish-irodasini erkin bildirishiga taʼsir koʻrsatishga hech kim haqli emas.
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilarini saylash huquqiga saylov kuni oʻn sakkiz yoshga toʻlgan hamda shaharcha, qishloq, ovul, shuningdek shahardagi, shaharchadagi, qishloqdagi, ovuldagi mahalla hududida (bundan buyon matnda tegishli hudud deb yuritiladi) doimiy yashovchi fuqarolar ega.
Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolarning fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovida ishtirok etishi mumkin emas.
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovida fuqarolarning ishtirok etish huquqlarini biron-bir tarzda bevosita yoki bilvosita cheklash taqiqlanadi.
