29-modda. Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari takroriy saylovi
“Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-351-son) · Sana: 22.04.2013 · Amalda
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari takroriy saylovi quyidagi hollarda oʻtkaziladi, agar:
avvalgi saylov oʻtmagan yoki haqiqiy emas deb topilgan boʻlsa;
takroriy ovoz berish fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilari saylanganligini aniqlash imkonini bermasa;
fuqarolar yigʻinida (fuqarolar vakillarining yigʻilishida) fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilari lavozimiga koʻpi bilan ikki nafar nomzod koʻrsatilgan hamda ulardan birontasi ham saylanmagan boʻlsa.
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari takroriy saylovi ushbu Qonunning talablariga rioya etilgan holda bir oylik muddatdan kechiktirmasdan oʻtkaziladi.
