23-modda. Ovoz berishni oʻtkazish tartibi
“Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-351-son) · Sana: 22.04.2013 · Amalda
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilari saylovi ochiq ovoz berish orqali oʻtkazilayotganda ovoz berish har bir nomzod boʻyicha qoʻl koʻtarish yoʻli bilan oʻtkaziladi. Bunda fuqarolar yigʻinida (fuqarolar vakillarining yigʻilishida) raislik qiluvchi fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlarni alifbo tartibida ovozga qoʻyadi.
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlar boʻyicha ovoz berish oʻtkazilganidan keyin, fuqarolar yigʻinida (fuqarolar vakillarining yigʻilishida) raislik qiluvchi fuqarolar yigʻini raisining (oqsoqolining) maslahatchilari lavozimiga nomzodlarni alifbo tartibida ovozga qoʻyadi.
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilari saylovi yashirin ovoz berish orqali oʻtkazilayotganda fuqarolar yigʻini (fuqarolar vakillarining yigʻilishi) ishtirokchilariga sanoq komissiyasi tomonidan saylov byulletenlari (bundan buyon matnda byulleten deb yuritiladi) beriladi.
Byulletenga fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilari lavozimiga nomzodlarning familiyasi, ismi, otasining ismi alifbo tartibida kiritiladi.
Fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchilarini saylashda byulletenlarni berish bevosita ovoz berishdan oldin boshlanadi.
Byulleten ovoz beruvchi tomonidan yashirin ovoz berish kabinasida yoki xonasida toʻldiriladi. Ovoz beruvchi byulletenning oʻng tomonida oʻzi yoqlab ovoz berayotgan fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli) yoki uning maslahatchisi lavozimiga nomzodning familiyasi qarshisida joylashgan boʻsh kvadratga belgi-krestik qoʻyadi.
Ovoz beruvchi toʻldirilgan byulletenni saylov qutisiga tashlaydi.
Saylov qutilari ovoz berish tugaganidan keyin sanoq komissiyasi tomonidan ochiladi.
Byulletenlarning namunalari va shakllari Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi tomonidan belgilanadi.
