Investitsiyalarni oʻzaro himoyalash va ragʻbatlantirish toʻgʻrisida
18.05.1999
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Hindiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Hindiston Respublikasi Hukumati, (bundan buyon “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar),
ikkala tomonning uzoq muddat asosidagi oʻzaro manfaatdorligini koʻzlab, yanada kengroq iqtisodiy hamkorlikka koʻmaklashish istagida,
bir davlat investorlarining boshqa davlat hududidagi investitsiyalari uchun yanada qulayroq sharoitlar yaratish uchun,
bir Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlarining investitsiyalari uchun boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida qulay sharoitlar yaratish va ularni saqlash maqsadida investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoyalash oʻzaro manfaatga ega ekanligini eʼtirof etib,
investitsiyalarning barqaror asosi iqtisodiy manbalardan foydalanishning yanada samaradorligi va ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirishga xizmat qilishi borasida yakdil boʻlib,
quyidagilar xususida ahdlashib oldilar:
1-modda Taʼriflar
Ushbu Bitimda:
1. “Investor” atamasi boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida investitsiyalarni amalga oshirayotgan istalgan jismoniy yoki yuridik shaxsni anglatadi.
a) “Jismoniy shaxs” atamasi:
Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasi fuqaroligi yoki millatiga ega boʻlgan, yoxud uning qonunlariga muvofiq doimiy ravishda yashovchi jismoniy shaxslar;
Hindiston Respublikasiga nisbatan — Hindistonning amaldagi qonunchiligiga muvofiq Hindiston fuqarosi maqomini olgan shaxslar.
b) “Yuridik shaxs” atamasi ikkala Ahdlashuvchi Tomonga nisbatan har qanday yuridik tuzilmani — Ahdlashuvchi Tomon hududining istalgan qismida, uning amaldagi qonunchiligiga muvofiq roʻyxatdan oʻtkazilgan yoki taʼsis etilgan kompaniya, korporatsiya, firma, assotsiatsiya, korxonani anglatadi.
2. “Investitsiyalar” atamasi hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomonning milliy qonunchiligiga muvofiq tashkil etilgan yoki qoʻlga kiritilgan aktivlarning har qanday koʻrinishini, shu jumladan ularga taalluqli boʻlgan huquqlarni, xususan quyidagilarni, ammo nafaqat ularni, bildiradi:
a) mol-mulk va koʻchmas mulk, shuningdek ipoteka, garov va garovdan chegirib qolish huquqi singari oʻzga huquqlar;
b) kompaniyaning ulushlari, paylari, obligatsiyalari va kompaniyadagi ishtirokning shu singari har qanday boshqa shakllari, shuningdek hukumatning qimmatbaho qogʻozlari;
v) pul mablagʻlari boʻyicha yoki moliyaviy qiymatga ega boʻlgan, shartnoma boʻyicha har qanday boshqa harakat- tadbirlarni amalga oshirish uchun talabnomalar;
g) tegishli Ahdlashuvchi Tomonning qonunlariga muvofiq intellektual mulk, gudvill, texnik jarayonlar va nou-xauga boʻlgan huquqlar;
d) qonun yoki shartnoma asosida beriladigan konsessiyalar, shu jumladan neft va oʻzga tabiiy resurslarini izlash, tadqiqot qilish, qazib olish uchun konsessiyalar.
Aktivlar investitsiyalangan shakldagi oʻzgarish ularning investitsiya sifatidagi kvalifikatsiyasiga taʼsir koʻrsatmaydi.
3. “Daromadlar” atamasi investitsiyalar natijasida olingan foyda, foizlar, dividendlar, royalti, sarmoyalarning oʻsishidan kelgan daromadlar, litsenzion va komission mukofotlar kabi summalarni bildiradi.
4. “Hudud” atamasi:
Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan — Oʻzbekiston Respublikasining hududini, shu jumladan, hududiy suvlar va tabiiy boyliklarni izlash, tadqiq qilish va saqlash borasida Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari va xalqaro huquq normalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi oʻzining suveren huquqlarini amalga oshiradigan istalgan hududni anglatadi;
Hindistonga nisbatan — Hindiston Respublikasi hududini, shu jumladan uning hududiy suvlari va ular ustidagi havo fazosi hamda boshqa dengiz zonalarini, shuningdek Hindiston Respublikasi oʻzining amaldagi qonunchiligi, xalqaro huquq, shu jumladan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Dengiz huquqi toʻgʻrisida 1982-yildagi Konvensiyasiga muvofiq oʻz suvereniteti, suveren huquqlari yoki alohida yurisdiksiyasini amalga oshiradigan iqtisodiy zona va kontinental shelfni bildiradi.
2- modda Investitsiyalarni ragʻbatlantirish va himoyalash
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlarini ragʻbatlantiradi va ular uchun qulay sharoitlar yaratadi, shuningdek oʻzining qonunlari va investitsion siyosatiga muvofiq oʻz hududida investitsiyalarga ruxsat beradi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon doimo oʻz hududidagi investitsiyalar uchun, shuningdek bunday investitsiyalarni amalga oshiruvchi investorlar uchun teng huquqli va adolatli rejim, toʻliq himoya va xavfsizlikni barpo etadi.
3. Ahdlashuvchi Tomon davlati hududidagi investitsiyalar shu Ahdlashuvchi Tomon davlatining amaldagi qonunchiligida ruxsat etilgan tarzda mablagʻlar kiritish orqali amalga oshiriladi.
4. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz qonunchiligiga muvofiq uning hududida investitsiyalari uchun ruxsat berilgan boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlariga tegishli ruxsatnomalar olishda koʻmaklashadi.
3- modda Milliy rejim va eng qulay rejim
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalari uchun oʻz investorlarining investitsiyalari yoki istalgan uchinchi Davlat investorlarining investitsiyalari uchun yaratganidan kam boʻlmagan qulay rejim yaratadi.
2. Bundan tashqari, har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlari uchun, shuningdek ularning investitsiyalaridan olinadigan daromadlari uchun istalgan uchinchi Davlat investorlariga yaratilganidan kam boʻlmagan qulay rejimni yaratadi.
3. Ushbu moddaning 1- va 2-bandi qoidalari bir Ahdlashuvchi Tomonni quyidagilardan kelib chiquvchi har qanday rejim, yengilliklar yoki imtiyozlar afzalligini boshqa Ahdlashuvchi Tomonning investorlariga nisbatan tatbiq etishga majburlovchi omil sifatida talqin qilinmasligi lozim:
a) ulardan biri qatnashchisi boʻlgan yoki keyinchalik qatnashchisi boʻlishi mumkin boʻlgan, hozirda mavjud yoki kelgusida tashkil etiladigan bojxona ittifoqlari yoxud shu singari boshqa xalqaro bitimlar, yoki
b) butunlay yoki asosan soliq solishga taalluqli boʻlgan har qanday masala.
4- modda Boshqa qoidalar va alohida majburiyatlarning qoʻllanishi
Agar bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining qonunchiligidagi qoidalar yoki hozirda mavjud boʻlgan yoxud keyinchalik ushbu Bitimga qoʻshimcha ravishda tuzilgan, xalqaro huquqqa muvofiq majburiyatlar boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlarining investitsiyalari uchun ushbu Bitimda koʻzda tutilgandan koʻra yanada qulay rejim yaratish toʻgʻrisidagi umumiy yoki maxsus qoidalarni oʻz ichiga olsa, bunday qoidalar oʻzining yanada qulayroq boʻlgan hajmida ushbu Bitimga nisbatan ustun hisoblanadi.
5- modda Investitsiyalar va daromadlarni oʻtkazish
1. Hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlarining investitsiyalari amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomon, investor oʻzining barcha fiskal majburiyatlarini bajarganidan soʻng, investitsiyalarga yoki ulardan olinadigan daromadlarga taalluqli fondlarni sababsiz kechiktirmasdan va nodiskriminatsion asosda toʻsqinlik qilmasdan oʻtkazishiga ruxsat beradi. Bunday summalar xususan quyidagilarni, ammo nafaqat ularni, oʻz ichiga olishi mumkin:
a) investitsiyalarni quvvatlash va koʻpaytirish uchun sarflanadigan sarmoyalar va sarmoyalarning qoʻshimcha summalari;
b) sof foyda, shu jumladan ulushlarga mutanosib tarzdagi dividendlar va foizlar;
v) zayomlar toʻlovi, shu jumladan investitsiyalarga taalluqli boʻlgan zayomlar boʻyicha foizlar toʻlovi;
g) royalti boʻyicha toʻlovlar va investitsiyalarga taalluqli boʻlgan xizmatlar uchun mukofotlar;
d) oʻz ulushlarini sotishdan kelgan tushumlar;
e) investitsiyalar sotilgan, qisman sotilgan yoki tugatilgan holda investorlar oladigan daromadlar;
j) investitsiyalar munosabati bilan bir Ahdlashuvchi Tomonning boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida ishlovchi fuqarolariga toʻlanadigan ish haqi;
z) ushbu Bitimning 6- va 7-moddalariga muvofiq boʻlgan tovon toʻlashlar va ushbu Bitim doirasidagi har qanday investitsion nizolar bilan bogʻliq boshqa toʻlovlar.
2. Agar tomonlar oʻrtasidagi bitimda oʻzga holat koʻzda tutilmagan boʻlsa, ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq pul oʻtkazish, dastlabki investitsiyalar amalga oshirilgan valyutada, yoki hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomon davlatining xorijiy valyutani almashtirish qoidalarida koʻzda tutilgan tartibotlari va boshqa tegishli qonunlariga muvofiq, pul oʻtkazilayotgan sanada qoʻllanayotgan ustun bozor kursi boʻyicha erkin muomaladagi valyutada oʻtkaziladi.
6-modda Ekspropriatsiya
1. Ahdlashuvchi Tomonlar boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlariga tegishli boʻlgan investitsiyalarga nisbatan ekspropriatsiya qilish, natsionalizatsiya qilish yoki mohiyati shunga oʻxshash yoxud natijasi shunday oqibatlarga olib keluvchi bevosita yoki bilvosita harakat-tadbirlarni qoʻllamaydilar, ammo oʻz qonunchiligiga muvofiq jamoat manfaatlari yoʻlida ekspropriatsiya jihatdan kamsitmaydigan asosda qoʻllanadigan va tovon toʻlashlar bilan birgalikda amalga oshiriladigan choralar bundan mustasno.
2. Ushbu moddaning 1-bandida qayd etilgan vaziyatlar oqibatida investitsiyalarni ekspropriatsiya qilgan Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlarini adolatli va samarali tovon toʻlash bilan taʼminlaydi. Bunday tovon toʻlash ekspropriatsiya qilingan investitsiyalarning ekspropriatsiya qilinishiga yoki bundan avval qanday yuz berganligiga bogʻliq ravishda, ekspropriatsiya qilish xususidagi qaror barchaga ovoza qilingan vaqtgacha belgilangan bozor narxiga muvofiq boʻladi, hamda investitsiyalar ekspropriatsiya qilingan kundan boshlab erkin muomaladagi valyutada amalga oshiriladigan va erkin tarzda oʻtkaziladigan toʻlovlar sanasigacha asossiz kechiktirishlarsiz amalga oshirilgan bozor kursi boʻyicha tovon toʻlash summasining foizlarini qamrab oladi. Pul oʻtkazish bilan bogʻliq rasmiyatchiliklarni bajarish uchun taqozo etiladigan davr mobaynida oʻtkazilgan pul besabab kechiktirishsiz oʻtkazilgan hisoblanadi.
3. Investitsiyalari ekspropriatsiya qilingan investor, ekspropriatsiyani amalga oshiruvchi Ahdlashuvchi Tomonning qonunchiligiga muvofiq, oʻz ishini shu Ahdlashuvchi Tomonning sud yoki boshqa mustaqil organi tomonidan koʻrib chiqilishini talab qilish va oʻz investitsiyalarini baholash huquqiga ega. Ekspropriatsiyani amalga oshiruvchi Ahdlashuvchi Tomon bunday ishning tez fursatda koʻrib chiqilishini taʼminlash uchun bor imkoniyatlardan foydalanishi lozim.
4. Agar Ahdlashuvchi Tomon oʻz hududining istalgan qismida amalda boʻlgan qonunchilikka muvofiq tashkil etilgan yoki roʻyxatdan oʻtkazilgan hamda boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlari ulushlarga ega boʻlgan kompaniyaning aktivlarini ekspropriatsiya qilsa, u oʻsha ulushlarning egalari hisoblanuvchi boshqa Ahdlashuvchi Tomon investorlarining investitsiyalarini adolatli va aynan bir xil tovon toʻlash bilan taʼminlash uchun ushbu moddaning 1- va 2- bandlari qoidalari zarur darajada tatbiq etilishini kafolatlaydi.
7-modda Zararlar uchun tovon toʻlash
Bir Ahdlashuvchi Tomon davlatining investorlariga boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlatining hududida sodir boʻlgan urush yoki boshqa qurolli toʻqnashuv, inqilob, favqulodda holat vaziyati, isyon, qoʻzgʻolon yoki shunga oʻxshash boshqa voqealar oqibatida yetkazilgan zararlarni qoplash uchun ana shu Ahdlashuvchi Tomon tovon toʻlash, restitutsiya, ziyonni qoplash yoki boshqa talafot qiymati toʻlovlari borasida oʻz investorlari yoki istalgan uchinchi davlat investorlariga yaratganidan kam boʻlmagan rejim yaratiladi. Bunday toʻlovlar erkin ravishda oʻtkazilishi lozim.
8- modda Subrogatsiya
Agar Ahdlashuvchi Tomon yoxud uning vakolatli organi oʻz investorlarining boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududidagi investitsiyalari borasida notijorat xavfidan sugʻurtalashni kafolatlagan va bunday investorlarga ularning ushbu Bitimga muvofiq talabnomalari boʻyicha toʻlovlarni amalga oshirgan boʻlsa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon, subrogatsiya prinsiplariga muvofiq birinchi Ahdlashuvchi Tomon yoki uning vakolatli organi bunday investorlarning huquqlarini amalga oshirish va talablarini bajarish huquqiga ega ekanligiga rozilik bildiradi. Subrogatsiya huquqlari va talabnomalari bunday investorlarning dastlabki huquq va talablaridan ortiq boʻlmasligi lozim.
9- modda Maslahatlashishlar
Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonga mazkur Bitimni talqin qilish va qoʻllashga bogʻliq har qanday masala yuzasidan maslahatlashish oʻtkazishni taklif qilishi mumkin. Ahdlashuvchi Tomonlar diplomatik kanallar orqali bunday maslahatlashishni oʻtkazish tarzi, shuningdek ularning oʻtkaziladigan joyi hamda vaqtini kelishib oladilar.
10- modda Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolarni hal etish
1. Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish va qoʻllash borasida Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizolar imkon qadar muzokaralar orqali hal etiladi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi nizo, yuzaga kelgan vaqtidan boshlab olti oy mobaynida bunday tarzda hal etilmasa, nizo Ahdlashuvchi Tomonlardan birining talabiga binoan, koʻrib chiqish uchun arbitraj sudiga topshirilishi lozim.
3. Bunday arbitraj sudi har bir alohida holat uchun quyidagi tarzda tashkil etiladi. Arbitraj sudi toʻgʻrisida talabnoma olingan kundan boshlab ikki oy mobaynida har bir Ahdlashuvchi Tomon bittadan sud aʼzosini tayinlaydi. Soʻngra sudning bu ikki aʼzosi ikkala Ahdlashuvchi Tomonning maʼqulloviga binoan Sud raisi etib tayinlanadigan uchinchi davlat fuqarosini tanlaydi. Rais boshqa ikkita aʼzo tayinlangan kundan boshlab ikki oy mobaynida tayinlanadi.
4. Agar zaruriy tayinlovlar ushbu moddaning 3-bandida qayd etilgan davrda amalga oshirilmasa, boshqa kelishuvlar mavjud boʻlmagan holda, istalgan Ahdlashuvchi Tomon zaruriy tayinlovlarni oʻtkazish uchun Xalqaro Sud prezidentini taklif etishi mumkin. Basharti, Prezident Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa yoki boshqa sabablarga koʻra qayd etilgan vazifani bajarolmasa, zaruriy tayinlovlar Vitse-prezident tomonidan amalga oshiriladi. Agar Vitse-prezident ham Ahdlashuvchi Tomonlardan birining fuqarosi boʻlsa, yoki boshqa sabablarga koʻra mazkur vazifani bajarolmasa, zaruriy tayinlovlarni amalga oshirish uchun Ahdlashuvchi Tomonlardan hech qaysisining fuqarosi boʻlmagan, Xalqaro Sudning lavozimi yuqoriroq boʻlgan aʼzosi taklif etilishi mumkin.
5. Arbitraj Sudining qarorlari koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Bunday qarorlar har ikki Ahdlashuvchi Tomon uchun ham majburiy hisoblanadi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon arbitraj protseduralaridagi oʻzining sud aʼzosi va vakillari uchun sarflanadigan xarajatlarni oʻzi koʻtaradi; Rais uchun sarflanadigan va boshqa chiqimlar Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida teng taqsimlanadi. Ammo Sud oʻz qarorida Ahdlashuvchi Tomonlardan biri uchun koʻproq xarajatlar belgilashi mumkin va bunday qaror ikkala Ahdlashuvchi Tomon uchun ham majburiy hisoblanadi. Sud oʻz tartib-qoidalarini mustaqil tarzda belgilaydi.
6. Sudning qarorlari Ahdlashuvchi Tomonlar uchun tugal va majburiy hisoblanadi. Ushbu moddaga asosan Arbitraj sudining taʼsis etilishi Ahdlashuvchi Tomonlarga nizoni doʻstona tarzda hal etishga toʻsqinlik qilmaydi.
11-modda Investor bilan Ahdlashuvchi Tomon oʻrtasidagi nizolarni hal etish
1. Bir Ahdlashuvchi Tomonning investori bilan boshqa Ahdlashuvchi Tomon oʻrtasida shu investorning mazkur Bitimga muvofiq amalga oshirgan investitsiyalariga taalluqli har qanday nizo imkon qadar doʻstona tarzda muzokaralar orqali hal etilishi lozim.
2. Agar bunday nizo olti oy mobaynida doʻstona tarzda hal etilmagan boʻlsa, ikkala Ahdlashuvchi Tomonning kelishuviga binoan, nizo hal etish uchun:
a) investitsiyalarga ruxsat bergan Ahdlashuvchi Tomon davlatining qonunchiligiga muvofiq, uning vakolatli sud yoki maʼmuriy organiga;
b) Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xalqaro Savdo huquqi boʻyicha komissiyasining Yarashtirish qoidalariga muvofiq, xalqaro yarashtirishga taqdim etiladi.
3. Agar Tomonlar nizoni hal etish xususida mazkur moddaning 2-bandida koʻzda tutilgan protseduralar borasida bir qarorga kela olmasalar, yoki nizo yarashtirishga topshirilgan boʻlsa-yu, lekin yarashtirish protsedurasi nizoni hal etish bitimini imzolash bilan yakunlanmagan boʻlsa, nizo koʻrib chiqish uchun Arbitrajga topshirilishi mumkin. Arbitraj protsedurasi quyidagi tarzda boʻlishi lozim:
a) Agar investorning Ahdlashuvchi Tomoni ham, boshqa Ahdlashuvchi Tomon ham “Turli davlatlarning yuridik va jismoniy shaxslari oʻrtasidagi investitsion nizolarni hal etish toʻgʻrisida” 1965-yilning 18-martida Vashingtonda imzolash uchun ochilgan Konvensiya qatnashchilari hisoblansa hamda investor nizoni koʻrib chiqish uchun ana shu Konvensiyaga muvofiq taʼsis etilgan Investitsion nizolarni hal etuvchi Xalqaro markazga topshirishga yozma ravishda rozilik bersa, bunday nizo koʻrib chiqish uchun Markazga yuborilishi zarur; yoki:
b) nizodagi ikkala tomonning kelishuviga binoan — Yarashtirishni boshqarish boʻyicha Yordam Xizmati, Arbitraj va faktlarni aniqlash protsedurasiga asosan;
v) nizodagi istalgan tomon 1976-yildagi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xalqaro Savdo huquqi boʻyicha komissiyasining quyidagi tarzda oʻzgartiriladigan Arbitraj qoidalariga muvofiq ad hoc arbitraj sudiga topshirishi mumkin:
1) mazkur Qoidalarning 7-moddasiga muvofiq Prezident, Vitse-prezident yoki hech qaysi Ahdlashuvchi Tomonning fuqarosi boʻlmagan, Xalqaro sudning lavozimi yuqoriroq sudyasi shunday qoidalarni tayinlovchi organ hisoblanadi. Uchinchi arbitr Ahdlashuvchi Tomonlardan hech qaysisining fuqarosi boʻlmasligi lozim;
2) Tomonlar oʻz arbitrlarini ikki oy mobaynida tayinlaydilar;
3) Arbitraj qarori ushbu Bitim qoidalariga muvofiq chiqariladi va har ikki Tomon uchun majburiy hisoblanadi;
4) Arbitraj sudi oʻz qarorini asoslaydi va istalgan Tomonning soʻroviga binoan uning sabablarini izohlab beradi.
12- modda Xorijlik xodimlarning kelishi va boʻlib turishi
Ahdlashuvchi Tomon, fuqarolikka ega boʻlmagan shaxslarning kelishi va mamlakatda vaqtincha boʻlishlari munosabati bilan qoʻllanadigan qonunlar va qoidalarga muvofiq investitsiyalarga bogʻliq faoliyatni amalga oshirish maqsadida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning jismoniy shaxslariga va boshqa Ahdlashuvchi Tomonning kompaniyalari yollagan xodimlarga uning hududiga kelish va u yerda qolish uchun ruxsat berishi lozim.
13- modda Qoʻllanadigan qonunlar
1. Agar ushbu Bitimda oʻzga holatlar koʻzda tutilmagan boʻlsa, unga muvofiq barcha investitsiyalar, hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomon davlatining amaldagi qonunchiligi asosida tartibga solib boriladi.
2. Ushbu moddaning 1-bandi qoidalaridan qatʼi nazar, hech qanday holat hududida investitsiyalar amalga oshirilgan Ahdlashuvchi Tomonning oʻz qonunlariga muvofiq nodiskriminatsion asosda uning hayotiy manfaatlari va xavfsizligi masalalarini muhofaza etishga qaratilgan chora- tadbirlar qoʻllashga toʻsqinlik qilolmaydi.
14- modda Bitimni qoʻllash
Ushbu Bitim, istalgan Ahdlashuvchi Tomon davlati investorlarining mazkur Bitim kuchga kirishidan avval yoki undan soʻng boshqa Ahdlashuvchi Tomon davlati hududida uning amaldagi qonunlariga muvofiq amalga oshirgan barcha investitsiyalariga nisbatan qoʻllanadi.
15-modda Bitimning kuchga kirishi, amal qilish muddati va toʻxtatilishi
1. Ushbu Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki tartibotlar tugallanganligi toʻgʻrisida Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlariga oxirgi xabarnoma yuborgan sanadan 30 (oʻttiz) kun oʻtgach, kuchga kiradi. Soʻnggi xabarnoma yuborilgan kun oxirgi sana hisoblanadi.
2. Ushbu Bitim kuchga kirgandan soʻng, u istalgan vaqtda ikkala Ahdlashuvchi Tomonning yozma ravishda oʻzaro roziligi bilan oʻzgartirilishi mumkin.
3. Ushbu Bitim oʻn yil mobaynida amal qiladi. Ana shu muddat tugaganidan soʻng Ahdlashuvchi Tomonlardan birontasi boshqa Ahdlashuvchi Tomonni ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi oʻz niyatidan yozma ravishda xabardor etmasa, ushbu Bitimning amal qilish muddati oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik davrlarga uzayadi. Shunday xabarnoma olingan sanadan boshlab oʻn ikki oy oʻtgach, ushbu Bitimning amal qilishi toʻxtatiladi.
4. Ushbu Bitimning amal qilishi toʻxtatilsa, uning qoidalari ushbu Bitim harakatdan toʻxtatilgan vaqtgacha amalga oshirilgan investitsiyalarga nisbatan keyingi oʻn yillik davr mobaynida oʻz kuchini saqlab qoladi.
Toshkent shahrida 1999-yil 18-mayda, ikki asl nusxada, oʻzbek, hind va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, ingliz tilidagi matn ustun kuchga ega hisoblanadi.
(imzolar)
