8-modda. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari
“Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-350-son) · Sana: 22.04.2013 · Amalda
Shaharchalar, qishloqlar va ovullar, shuningdek shaharlardagi, shaharchalardagi, qishloqlardagi hamda ovullardagi mahallalar fuqarolar yigʻinlari (bundan buyon matnda fuqarolar yigʻini deb yuritiladi) fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridir.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi hamda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni fuqarolarning manfaatlaridan, rivojlanishning tarixiy oʻziga xos xususiyatlaridan, shuningdek milliy qadriyatlardan, mahalliy urf-odatlar va anʼanalardan kelib chiqqan holda, qonunga muvofiq mustaqil ravishda hal etishga haqli.
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari yuridik shaxs huquqlaridan foydalanadi, oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladi, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda hisobga olinishi lozim.
