6-modda. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish hududlari
“Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-350-son) · Sana: 22.04.2013 · Amalda
Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarishi Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida amalga oshiriladi. Shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek shaharlardagi, shaharchalardagi, qishloqlardagi hamda ovullardagi mahallalar fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarishining hududiy birliklaridir (bundan buyon matnda tegishli hudud deb yuritiladi).
Shaharchalar, qishloqlar, ovullarni tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish, shuningdek ularning chegaralarini belgilash va oʻzgartirish, ularga nom berish va ularning nomini oʻzgartirish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Shaharlardagi, shaharchalardagi, qishloqlardagi va ovullardagi mahallalarni tuzish, birlashtirish, boʻlish va tugatish, shuningdek ularning chegaralarini belgilash va oʻzgartirish, ularga nom berish hamda ularning nomini oʻzgartirish fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining iltimosnomalari asosida mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilagan tartibda amalga oshiriladi.
