Traktorlar, oʻziyurar shassilar, meliorativ yoʻl-qurilish mashinalari va traktor tirkamalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida (443-son)
13.08.2012
Surxondaryo viloyati Boysun tumani hokimining
QarorI
Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining 2004-yil 15-noyabrdagi 248-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Traktorlar, oʻziyurar shassilar, meliorativ yoʻl-qurilish mashinalari va traktor tirkamalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 1432, 2004-yil 17-noyabr)ga asosan 2012-yilda yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan barcha traktorlar, oʻziyurar shassilar, meliorativ yoʻl-qurilish mashinalari va traktor tirkamalarini (keyingi oʻrinlarda “Mashinalar” deb yuritiladi) majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazishni tashkil qilish maqsadida qaror qilaman:
1. Barcha yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan va belgilangan tartibda tuman “Oʻzdavtexnazorat” inspeksiyasida roʻyxatdan oʻtkazilgan barcha mashinalarning 2012-yilda majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilishi taʼminlansin.
2. Tumandagi barcha mashinalarni texnik koʻrikdan oʻtkazish tuman “Oʻzdavtexnazorat” inspeksiyasi boʻlimi (S. Quvondiqov) zimmasiga yuklatilsin.
3. Mashinalar texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun quyidagi yigʻimlar undirilsin:
traktorlar, oʻziyurar shassilar, meliorativ yoʻl-qurilish mashinalariga — eng kam oylik ish haqining 0,08 foizi;
traktor tirkamalariga — eng kam oylik ish haqining 0,04 foizi;
birinchi texnik koʻrikdan nosoz deb topilgan mashinalar takroriy texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun belgilangan miqdorda yigʻim qayta undirilishi belgilab qoʻyilsin.
4. Texnik koʻrikni oʻtkazishda:
barcha mashinalarning texnik holati va jihozlari standart talablariga, harakati va texnika xavfsizligi qoidalari hamda normalariga mos kelishi;
texnik koʻrik boshlangunga qadar barcha diagnostika apparatlari tekshirilishi, maxsus mashinalar, harakatlanuvchi taʼmirlash va tuzatish ustaxonalarining jihozlanganligiga alohida eʼtibor qaratilsin.
5. 2012-yilda texnik koʻrikni uyushqoqlik bilan sifatli oʻtkazish, mashinalarning texnik holati, ulardan foydalanish qoidalariga rioya etilishi ustidan samarali nazoratni tashkil etish maqsadida tuman hokimligining harakat xavfsizligini taʼminlash komissiyasi tuzilsin.
Komissiya aʼzolarining tarkibi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
6. Tuman “Oʻzdavtexnazorat” inspeksiyasi (S. Quvondiqov)ga har bir korxona tashkilot va muassasalarda transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazilishi boʻyicha 2-ilovaga* asosan tasdiqlangan reja jadvalni tashkilotlar rahbarlariga yetkazish hamda oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash yuklatilsin.
*1, 2-ilovalar berilmaydi.
7. Tumandagi har bir mashina egalari zimmasiga texnik koʻrik boʻyicha tuman “Oʻzdavtexnazorat” inspeksiyasiga kerakli hujjatlarni oʻz vaqtida va toʻliq taqdim qilish yuklatilsin.
8. Tumandagi barcha traktorlar, oʻziyurar shassilar, meliorativ yoʻl-qurilish mashinalari va traktor tirkamalaridan tushadigan majburiy sugʻurta badalini undirish sugʻurta tashkilotlari rahbarlari zimmasiga yuklatilsin.
9. Ushbu qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingandan boshlab kuchga kirishi belgilab qoʻyilsin.
10. Tuman hokimining 2012-yil 18-yanvardagi 9-f-sonli farmoishi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Hokim v.v.b B. ShOIMQULOV
Boysun sh.,
2012-yil 13-avgust,
443-son
