Traktorlar, oʻziyurar shassilar, meliorativ yoʻl-qurilish mashinalari va traktor tirkamalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida (499-son)
05.05.2012
Surxondaryo viloyati Termiz shahar hokimining
Qarori
Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligining 2004-yil 15-noyabrdagi 248-sonli buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Traktorlar, oʻziyurar shassilar, meliorativ yoʻl-qurilish mashinalari va traktor tirkamalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 1432, 2004-yil 17-noyabr)ga asosan 2012-yilda yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan barcha traktorlar, oʻziyurar shassilar, meliorativ yoʻl-qurilish mashinalari va traktor tirkamalarini (keyingi oʻrinlarda “Mashinalar” deb yuritiladi) majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazishini tashkil qilish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6-moddasiga asoslanib qaror qilaman:
1. Barcha yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan va belgilangan tartibda shahar “Oʻzdavtexnazorat” inspeksiyasida roʻyxatdan oʻtkazilgan barcha mashinalarning 2012-yilda majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilishi taʼminlansin.
2. Shahardagi barcha mashinalarni texnik koʻrikdan oʻtkazish Termiz shahar “Davtexnazorat” inspeksiyasi (N. Shaymanov) zimmasiga yuklatilsin.
3. Mashinalar texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun quyidagi yigʻimlar undirilsin:
Traktorlar, oʻziyurar shassilar, meliorativ yoʻl-qurilish mashinalariga — eng kam oylik ish haqining 0,08 foizi;
Traktor tirkamalariga — eng kam oylik ish haqining 0,04 foizi;
Birinchi texnik koʻrikdan nosoz deb topilgan mashinalar takroriy texnik oʻtkazilganligi uchun belgilangan miqdorda yigʻim qayta undirilishi belgilab qoʻyilsin.
4. Texnik koʻrikni oʻtkazishda:
barcha mashinalarning texnik holati va jihozlari standart talablarga yoʻl harakati va texnika xavfsizligi qoidalariga hamda normalariga mos kelishi;
texnik koʻrik boshlangunga qadar barcha diagnostika apparatlari tekshirilishi, maxsus mashinalar, harakatlanuvchi taʼmirlash va tuzatish ustaxonalarining jihozlanganligiga alohida eʼtibor qaratilsin.
5. 2012-yilda texnik koʻrikni uyushqoqlik bilan sifatli oʻtkazish, mashinalarning texnik holati, ulardan foydalanish qoidalariga rioya etilishi ustidan samarali nazoratni tashkil etish maqsadida shahar hokimligining harakat xavfsizligini taʼminlash komissiyasi tuzilsin.
Komissiya aʼzolarining tarkibi 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*1-ilova berilmaydi.
6. Termiz shahar “Davtexnazorat” inspeksiyasi (N. Shaymanov)ga har bir korxona, tashkilot va muassasalarda transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazilishi boʻyicha 2-ilovaga asosan tasdiqlangan reja jadvalni tashkilotlar rahbarlariga yetkazish hamda oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash yuklatilsin.
7. Shahardagi har bir mashina egalari zimmasiga texnik koʻrik boʻyicha Termiz shahar “Davtexnazorat” inspeksiyasiga kerakli hujjatlarni oʻz vaqtida va toʻliq taqdim qilish yuklatilsin.
8. Shahardagi barcha traktorlar, oʻziyurar shassilar, meliorativ yoʻl-qurilish mashinalari va traktor tirkamalaridan tushadigan majburiy sugʻurta badalini undirish sugʻurta tashkilotlari rahbarlari zimmasiga yuklatilsin.
9. Ushbu qaror rasmiy nashrda eʼlon qilinganidan boshlab kuchga kirishi belgilab qoʻyilsin.
10. Shahar hokimining 2012-yil 9-fevraldagi 19-F-sonli farmoyishi bekor qilinsin.
11. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish shahar hokimining birinchi oʻrinbosari R. Ishboyev zimmasiga yuklatilsin.
Hokim N. SOATOV
Termiz sh.,
2012-yil 5-may,
499-son
Termiz shahar hokimining 2012-yil 5-maydagi 499-sonli qaroriga 2-ILOVA
Traktorlar, oʻziyurar shassilar, meliorativ yoʻl qurish mashinalari va traktor tirkamalarni yillik majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish
grafigi
