Bojxona ishlarida oʻzaro koʻmaklashish toʻgʻrisida
05.10.1999
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATI BILAN KOREYA RESPUBLIKASI HUKUMATI OʻRTASIDA
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Koreya Respublikasi Hukumati (bundan keyin — Ahdlashuvchi Tomonlar deb ataluvchilar),
bojxona qonunchiligini buzish oʻz mamlakatlarining iqtisodiy, moliyaviy va tijoriy manfaatlariga ziyon yetkazadi, deb hisoblab,
bojxona bojlari, soliqlari, yigʻimlari va boshqa toʻlovlari aniq belgilanishini taʼminlash qanchalik muhim ekanligini anglab,
bojxona qonunchiligini qoʻllash va amal qilish sohalarida xalqaro hamkorlik zaruratini eʼtirof etib,
bojxona qonunchiligini buzishning oldini olishga qaratilgan xatti-harakatlar oʻz bojxona organlari hamkorligi tufayli yanada samarali boʻlishiga inonib,
bojxona hamkorligi kengashi (Butunjahon bojxona tashkiloti)ning Oʻzaro maʼmuriy koʻmaklashish toʻgʻrisida 1953-yil 5-dekabrdagi tavsiyalarini eʼtiborga olib,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda Taʼriflar
Ushbu Bitim maqsadi uchun:
1. “Bojxona qonunchiligi” atamasi amaldagi yoki Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona organlari tovarlar importiga, eksportiga, tranzitiga nisbatan qoʻllaydigan qonunlar va qoidalarni anglatadi, bunga taqiqlash, cheklash va nazorat qilishni oʻz ichiga olgan istalgan bojxona protseduralarini qoʻllash ham kiradi;
2. “Bojxona qonunbuzarligi” atamasi bojxona qonunchiligini istalgan tarzda buzish yoki buzishga urinishni anglatadi;
3. “Bojxona bojlari va soliqlari” atamasi tovarlarning importi yoki eksporti chogʻida undiriladigan bojlar, soliqlar va yigʻimlarni anglatadi; hamda
4. “Bojxona organlari” atamasi Oʻzbekiston Respublikasiga nisbatan — Davlat bojxona qoʻmitasini; va Koreya Respublikasiga nisbatan — Koreya bojxona xizmatini anglatadi.
2-modda Bitimni qoʻllash sohasi
1. Ushbu Bitim doirasida koʻmaklashish har ikkala Ahdlashuvchi Tomonlar tarafidan milliy qonunlarga muvofiq, bojxona organlarining vakolatlari hamda resurslari doirasida amalga oshiriladi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona organlari ushbu Bitim qoidalariga muvofiq, bojxona qonunbuzarligining oldini olish, tekshirish va unga qarshi kurashishda hamkorlik qiladilar va oʻzaro koʻmaklashadilar.
3-modda Koʻmaklashish sohalari
1. Bir Ahdlashuvchi Tomonning bojxona organi boshqa Ahdlashuvchi Tomon bojxona organining soʻroviga binoan, bojxona qonunchiligiga rioya qilishni taʼminlashda asqotishi mumkin boʻlgan barcha axborotni taqdim etadi, jumladan:
(a) bojxona bojlari va soliqlarining maqbul hisobi bilan taʼminlash;
(b) tovarlarning bahosini bojxona maqsadlari uchun aniq belgilash; hamda
(v) tovarlarning tarifli tasnifi hamda kelib chiqishini belgilash.
2. Ushbu Bitim doirasida koʻmaklashish, jumladan quyidagi axborotni ham oʻz ichiga oladi, lekin bu bilan cheklanmaydi:
(a) bojxona qonunbuzarligining oldini olishda asqotadigan huquq muhofazasi xatti-harakatlari, jumladan bojxona qonunbuzarligiga qarshi alohida kurash metodlariga oid;
(b) bojxona qonunlarini buzishning yangi metodlariga oid;
(v) bojxona qonunbuzarligiga qarshi kurashda yangi texnikaviy vositalar hamda metodlarning muvaffaqiyatli ravishda qoʻllanganligi tufayli qoʻlga kiritilgan tajriba va yutuqlar;
(g) yoʻlovchilar va yuklarni rasmiylashtirishning usuli va yangi metodlari.
4-modda Nazorat qilishda koʻmaklashish
1. Bir Ahdlashuvchi Tomonning bojxona organi ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon bojxona organining soʻroviga binoan, unga quyidagi masalalarga daxldor axborotni beradi:
(a) soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududiga ikkinchi Ahdlashuvchi Tomon hududidan keltirilayotgan tovar qonuniy eksportmi-yoʻqmi ekanligiga oid;
(b) soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududidan soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon hududiga chiqarilayotgan tovar qonuniy importmi-yoʻqmi ekanligiga oid.
2. Bunday axborotda tovarlarni bojxona tozalovidan oʻtkazishda qoʻllanadigan bojxona protseduralari koʻrsatilishi kerak.
5-modda Axborotning maxfiyligi
1 .Ushbu Bitim doirasida taqdim etilayotgan yoki olinayotgan har qanday axborot, hujjat va boshqa maʼlumotga maxfiylik maqomi beriladi hamda undan faqat ushbu Bitimda koʻrsatilgan maqsadlarda foydalanish mumkin. Ularni olgan mamlakatda ham ularga ushbu mamlakatning oʻz hududida olingan shunday axborot, hujjat va boshqa maʼlumotga nisbatan qoʻllanadigan maxfiylik qoʻllanadi.
2. Soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon ushbu Bitim doirasida olingan ashyoviy dalil yoki axborotdan soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning roziligini olmasdan turib soʻrovda koʻrsatilganidan boshqa maqsadda foydalanmaydi.
6-modda Koʻmaklashishdan voz kechish
1. Soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon soʻrovning bajarilishi uning suverenitetiga, xavfsizligi va boshqa muhim milliy manfaatlariga ziyon yetkazadi yoki milliy qonunlarini, shuningdek sanoatga, tijoratga yoxud ixtisoslikka oid maxfiylikni buzishga olib keladi deb hisoblasa, u koʻmaklashishni rad etishi yoki bunday yordamning berilishini muayyan shartlar yo talablarning bajarilishiga bogʻliq qilib qoʻyishi mumkin.
2. Koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov rad etiladigan boʻlsa, soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon zudlik bilan bunday qaror va uning sababi toʻgʻrisida yozma ravishda xabardor qilinadi.
3. Soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon soʻrovni bajarish oʻtkazilayotgan tekshiruv, jazolash yoki jarayonni amalga oshirishga xalaqit beradi, deb hisoblagan hollarda ham uni rad etishi mumkin. Bunday hollarda soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon bilan bunday koʻmak muayyan vaqtda, oʻzi qoʻyadigan maʼlum shartlar bajarilganida berilishi mumkinligi xususida maslahatlashib oladi.
4. Agar soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomonning bojxona organi oʻzi ana shunday soʻrov olganida koʻmaklashishga qodir boʻlmasa, u oʻz soʻrovida bu holga eʼtiborini qaratishi kerak. Bunday soʻrovnomani qondirish masalasini soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomon bojxona organining oʻzi hal qiladi.
7-modda Koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovnomaning shakli va mazmuni
1. Ushbu Bitimga muvofiq soʻrovnomalar yozma ravishda joʻnatiladi va asqotishi mumkin boʻlgan har qanday hujjatlar unga ilova qilinadi. Sharoit taqozo qilsa, ogʻzaki soʻrovlar ham qabul etiladi, biroq u zudlik bilan yozma ravishda tasdiqlanishi kerak.
2. Ushbu moddaning 1-bandida darj etilgan soʻrovnomalar quyidagi axborotni oʻz ichiga olishi kerak:
(a) soʻrayotgan bojxona organi;
(b) soʻrovning qisqacha tafsili;
(v) soʻrovning mazmuni va uning sababi;
(g) ishga tegishli qonunchilik, qoidalar va boshqa huquqiy meʼyorlar;
(d) soʻrovnomaga daxldor jismoniy yoki yuridik shaxslar toʻgʻrisida iloji boricha aniq va batafsil maʼlumot;
(e) tegishli dalillar yigʻmasi.
3. Yozma ravishdagi soʻrovnomalar ingliz tilida boʻlishi lozim. Lozim boʻlsa, soʻrovnomaga ilova etilayotgan hujjatlar ham inglizchaga tarjima qilinadi.
8-modda Aloqa kanallari
1. Ushbu Bitim doirasida koʻmaklashish tegishli bojxona organlari oʻrtasida bevosita aloqa orqali olib boriladi.
2. Soʻralayotgan Ahdlashuvchi Tomonning bojxona organi soʻrovni bajarishga qodir tashkilot boʻlmasa, tegishli maslaxatlashuvdan keyin u zudlik bilan soʻrovnomani vakolatiga muvofiq tegishli qonunlarga binoan bajaradigan tashkilotga beradi yoki soʻrayotgan Ahdlashuvchi Tomon bojxona organini bunday soʻrovnomani bajarishda amalga oshirish lozim boʻlgan tartiblardan xabardor qiladi.
9-modda Soʻrovnomalarni bajarish
1. Soʻralayotgan bojxona organi oʻz milliy qonunlariga binoan soʻrovnomani vaqtida bajarish uchun oqilona tadbirlarni amalga oshiradi.
2. Istalgan Ahdlashuvchi Tomonning bojxona organi boshqa Ahdlashuvchi Tomon bojxona organining soʻrovnomasiga binoan istalgan zarur soʻrovlarni oʻtkazadi, jumladan, lozim hollarda ekspertlar va guvohlardan soʻrash yoki bojxona qonunlarini buzishda gumon qilinayotgan shaxslarni soʻroq qilish ham shunga kiradi.
10-modda Hujjatlar
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon bojxona organi oʻz tashabbusi yoki soʻrovnomaga binoan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning bojxona organiga bu Ahdlashuvchi Tomon bojxona qonunchiligini buzgan yoki buzishi mumkin boʻlgan holda amalga oshirilgan yoki rejalashtirilayotgan oldi-sotdilar boʻyicha hisobotlar va/yoki hujjatlarning tasdiqlangan nusxalarini beradi.
2. Ushbu Bitim doirasida taqdim etiladigan hujjatlar oʻsha maqsadlar uchun istalgan shakldagi kompyuter axboroti bilan almashtirilishi mumkin. Bunday materiallarni talqin qilish yoki ulardan foydalanish uchun barcha tegishli axborotning hammasi bir vaqtda taqdim etiladi.
3. Hujjatlarning asl nusxasi faqat ularning nusxasi kifoya qilmaydi, deb hisoblangan chogʻdagina soʻrab olinadi. Boshqa Ahdlashuvchi Tomon bojxona organidan soʻrab olingan hujjatlarning asl nusxasi tezda qaytariladi.
11-modda Guvohlar va ekspertlar
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon bojxona organi soʻrovnomaga binoan oʻz xodimlarini ularning roziligiga koʻra, oʻz milliy qonunlariga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida koʻrib chiqilayotgan bojxona qonunbuzarligiga oid jinoiy yoki maʼmuriy tartibdagi ishlarda guvoh va/yoki ekspert sifatida qatnashish uchun vakil qilishlari mumkin.
2. Ushbu moddaning 1-bandiga muvofiq soʻrovda xodimning qaysi ish boʻyicha va kim sifatida qatnashishi koʻrsatiladi.
12-modda Bojxona hamkorligi
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona organlari mazkur Bitim qoidalariga muvofiq kuyidagi sohalarda hamkorlik qiladilar:
a) bojxona xodimlari oʻrtasida almashinuvlar oʻtkazish;
b) bojxona xodimlarini malakasini oshirish;
s) bojxona ishi bilan bogʻliq kasbiy, ilmiy va texnik maʼlumotlar almashinuvi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning Bojxona organlari bojxona masalalariga doir hamkorlikni quyidagi sohalarda tajriba almashish, ilgʻor amaliyotni oʻrganish, maslahatlashuvlar oʻtkazish va yangi ikki tomonlama bitimlar tuzish orqali ragʻbatlantiradi va rivojlantiradi:
a) olib oʻtilayotgan tovarlarga doir maʼlumotlarning toʻgʻriligini taʼminlash maqsadida yangi texnik vositalar va zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda bojxona tartib-taomillari va bojxona koʻrigida qoʻllaniladigan texnologiyalarni takomillashtirish;
b) bojxona nazorati samaradorligini oshirish va bojxona tartib-taomillarini jadallashtirish;
s) bojxona sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish, shu jumladan kontrabanda tovarlari va intellektual mulk huquqlarini buzuvchi tovarlar savdosiga qarshi kurashish sohasida huquqni muhofaza qilish boʻyicha hamkorlikni amalga oshirish;
d) ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida bojxona masalalari boʻyicha hamkorlikni kengaytirish yoʻllari va imkoniyatlarini oʻrganish;
e) tovarlarni chegaradan olib oʻtishni yengillashtirish, soddalashtirish va xavfsizlikni taʼminlash hamda samarali bojxona rasmiylashtiruvini taʼminlash maqsadida hamkorlik qilish;
f) bojxona siyosati va tartib-taomillari, huquqni muhofaza qilish funksiyalari, modernizatsiya dasturlari hamda yetkazib berish tizimi xavfsizligini taʼminlash yoʻnalishlarida bilim va ilgʻor tajriba almashish;
g) hamkorlikning oʻzaro manfaatli boʻlgan boshqa yoʻnalishlari.
13-modda Koʻmaklashishdagi alohida holatlar
Bir Ahdlashuvchi Tomonning bojxona organi boshqa Ahdlashuvchi Tomon bojxona organining soʻrovnomasiga binoan oʻz vakolati doirasida hamda imkoniyat mavjud boʻlsa soʻrayotgan Tomon hududida huquqbuzarlikni sodir etishda foydalanilayapti deb gumon qilinayotgan transport vositalari va soʻrayotgan Tomonga yuborilgan va u noqonuniy savdo predmeti deb hisoblayotgan tovarlar hamda bojxona qonunbuzarligini sodir etgan yoki shunda gumon qilinayotgan konkret shaxslar ustidan maxsus kuzatuv oʻrnatadi.
14- modda Xarajatlar
1. Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitimni bajarishga bogʻliq ravishda kelib chiqqan xarajatlarni qoplashni talab qilmaydilar, bundan davlat xizmatchilari boʻlmagan guvohlarni joʻnatish, ekspertlar va tarjimonlarga haq toʻlash xarajatlarini qoplash mustasno.
2. Soʻrovnomani bajarish katga xarajat va chiqimlarni taqozo qilsa, Ahdlashuvchi Tomonlar bunday soʻrovnomani bajarish shartlarini va xarajatlar qanday qoplanishini aniqlash maqsadida maslahatlashib oladilar.
15-modda Bitimni bajarish
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona organlari ushbu Bitimni bajarishga koʻmaklashish maqsadida boshqa ahdnomalar ham tuzishlari mumkin.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning bojxona organlari ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllashda kelib chiqadigan har qanday muammoni oʻzaro kelishib hal etadilar.
3. Hal etish amri mahol boʻlgan bahsli masalalar diplomatik kanallar orqali yechiladi.
16-modda Oʻzgartishlar kiritish
Ahdlashuvchi Tomonlar istalgan vaqtda oʻzaro kelishib, ushbu Bitimga oʻzgartish kiritishlari mumkin.
17-modda Kuchga kiritish va faoliyatini tugatish
1. Ushbu Bitim Ahdlashuvchi Tomonlar uni kuchga kiritish uchun lozim boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida diplomatik kanallar orqali olingan oxirgi xabarnoma sanasidan 30 kun oʻtgach kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitimning amal qilish muddati cheklanmaydi. U bir Ahdlashuvchi Tomon diplomatik kanallar orqali ikkinchi Ahdlashuvchi Tomonni ushbu Bitim faoliyatini tutatish toʻgʻrisidagi niyatidan xabardor qilgan yozma bildirishnomasi sanasidan uch oy oʻtgach oʻz faoliyatini tugallaydi. Ushbu Bitim faoliyati toʻxtatilgan vaqtgacha yakunlanmagan ishlar uning qoidalariga koʻra oxiriga yetkaziladi.
UShBUNI ShAHODATLAB, quyida imzo chekuvchi oʻz Hukumatlari tarafidan lozim tarzda vakolat berilganlar ushbu Bitimni imzoladilar.
Seul shahrida, 1999-yil 5-oktabrda, ikki nusxada, oʻzbek, koreys va ingliz tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda tafovutlar kelib chiqsa, ingliz tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
