3-modda. Asosiy tushunchalar
“Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-348-son) · Sana: 10.04.2013 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
yoʻl — transport vositalarining harakatlanishi uchun qurilgan yoki moslashtirilgan va foydalaniladigan yer polosasi yoxud sunʼiy inshoot yuzasi. Yoʻl avtomobil yoʻllarini, shahar elektr transporti yoʻllarini va yoʻlkalarni oʻz ichiga oladi;
yoʻl harakati — odamlar va yuklarning transport vositalari yordamida yoki bunday vositalarsiz yoʻllar doirasida harakatlanishi jarayonida yuzaga keluvchi munosabatlar majmui;
yoʻl harakati qatnashchisi — yoʻl harakati jarayonida transport vositasining haydovchisi, yoʻlovchisi yoki piyoda sifatida bevosita ishtirok etayotgan shaxs;
yoʻl harakati xavfsizligi — yoʻl harakati qatnashchilarining yoʻl-transport hodisalari va ularning oqibatlaridan himoyalanganlik darajasini aks ettiruvchi yoʻl harakati holati;
yoʻl-transport hodisasi — transport vositasining yoʻlda harakatlanishi jarayonida roʻy bergan, fuqarolarning halok boʻlishiga yoki sogʻligʻiga zarar yetishiga, transport vositalari, inshootlar, yuklarning shikastlanishiga yoxud boshqa moddiy zarar yetishiga sabab boʻlgan hodisa;
yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash — yoʻl-transport hodisalari yuzaga kelishi sabablarining oldini olishga, bunday hodisalar oqibatlarining ogʻirligini kamaytirishga qaratilgan faoliyat;
yoʻl harakatini tashkil etish — yoʻllarda harakatni boshqarish boʻyicha huquqiy, tashkiliy-texnikaviy tadbirlar va boshqaruv harakatlari majmui;
transport vositasi — odamlarni, yuklarni tashishga yoki maxsus ishlarni bajarishga moʻljallangan qurilma;
transport vositasining egasi — transport vositasiga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar asosida egalik qiluvchi yuridik yoki jismoniy shaxs.
