24-modda. Yoʻl harakati xavfsizligini tashkil etish
“Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-348-son) · Sana: 10.04.2013 · Amalda
Yoʻl harakati xavfsizligini tashkil etish qoʻllanilishi yoʻl harakati xavfsizligi sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan hamda yoʻl harakatini tashkil etish loyihalari va sxemalarida nazarda tutilgan tartibga solishning texnik vositalaridan hamda ularning konstruksiyalaridan kompleks foydalanish asosida amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasining barcha hududlaridagi yoʻl harakatining yagona tartibi Yoʻl harakati qoidalarida belgilanadi. Oʻzbekiston Respublikasi yoʻllarida transport vositalarining oʻng tomonlama harakatlanishi belgilanadi.
Yoʻl harakatining tashkil etilishini yoʻllarning oʻtkazuvchanlik qobiliyatini oshirish yoki boshqa maqsadlar uchun yoʻl harakati xavfsizligi darajasini pasaytirish hisobiga oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
