22-modda. Mehnat shartnomasi boʻyicha ishlayotgan haydovchilarning huquqlari
“Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-348-son) · Sana: 10.04.2013 · Amalda
Mehnat shartnomasi boʻyicha ishlayotgan haydovchilar quyidagi huquqlarga ega:
ish beruvchidan harakat yoʻnalishi, tashiladigan yuk, oʻz hayoti va sogʻligʻiga nisbatan mavjud boʻlgan tahdid toʻgʻrisida, shuningdek tashishni amalga oshirish chogʻida zararli va (yoki) xavfli omillar taʼsiridan oʻzining himoya qilinishiga doir chora-tadbirlar haqida ishonchli axborot olish;
belgilangan talablarga muvofiq shaxsiy himoya vositalari, maxsus kiyim-bosh bilan taʼminlanish;
yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash boʻyicha sharoitlarni yaxshilash bilan bogʻliq boʻlgan masalalarni koʻrib chiqishda ishtirok etish;
oʻz hayoti va sogʻligʻiga tahdid soladigan vaziyat yuzaga kelganda bevosita rahbarni yoki ish beruvchining boshqa vakilini bu haqda xabardor qilgan holda tashishni bajarishni rad etish;
yoʻl harakati xavfsizligi sohasida malakasini oshirish va kasbiy qayta tayyorgarlikdan oʻtish;
mehnat vazifalarini bajarishi chogʻida oʻz sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrni qoplanishi;
ish beruvchining yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash sohasidagi huquqqa xilof qarorlari va harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish.
Mehnat shartnomasi boʻyicha ishlayotgan haydovchilar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
