20-modda. Faoliyati transport vositalaridan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan yuridik shaxslarga qoʻyiladigan asosiy talablar
“Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-348-son) · Sana: 10.04.2013 · Amalda
Faoliyati transport vositalaridan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan yuridik shaxslar:
haydovchilarning ishini yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlovchi talablarga muvofiq tashkil etadi;
haydovchilarning qonunchilikda belgilangan mehnat qilish va dam olish tartibiga rioya etadi;
haydovchilarning malakasini oshirish uchun zarur sharoitlar yaratadi;
yoʻl harakati xavfsizligiga tahdid soluvchi texnik nosozliklar mavjud boʻlganda transport vositalaridan foydalanishga yoʻl qoʻymaydi;
oʻziga tegishli transport vositalari ishtirokida sodir boʻlgan yoʻl-transport hodisalarining va yoʻl harakati qoidalari buzilishlarining sabablarini tahlil qiladi hamda ularni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlarni koʻradi;
sogʻliqni saqlash muassasalari xodimlarini jalb etgan holda haydovchilarning tibbiy koʻriklarini, haydovchilarning yoʻl-transport hodisalarida jabrlanganlarga birinchi yordam koʻrsatish boʻyicha koʻnikmalarini takomillashtirishga doir tadbirlarni tashkil etadi va oʻtkazadi;
fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilish boʻyicha qonunchilikda belgilangan majburiyatning bajarilishini taʼminlaydi;
transport vositalarining but saqlanishini taʼminlaydi.
Avtomobil transportida yoki yer usti shahar elektr transportida yoʻlovchilar, bagaj va yuk tashish faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik shaxslar yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq, tashishning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olgan holda, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash maqsadida haydovchilarga nisbatan qoʻshimcha talablar qoʻyishi mumkin.
Yuridik shaxslar transport vositalarining soniga bogʻliq holda yoʻl harakati xavfsizligi boʻyicha xizmatlarni tashkil etadi yoki lavozimlar joriy etadi. Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati xodimlarining sonini aniqlash normativlari qonunchilikda belgilanadi.
Yuridik shaxslar tomonidan oʻtkaziladigan yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga doir tadbirlarni moliyalashtirish ish beruvchining mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
