Viloyatdagi dehqon, buyum va ixtisoslashtirilgan bozorlarda savdo joyi, xizmat haqi va ijara toʻlovlarining yangi miqdorlarini belgilash toʻgʻrisida (68-son)
30.03.2012
Surxondaryo viloyati hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-apreldagi “Dehqon bozorlari va savdo komplekslari faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-1326-sonli, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-avgustdagi “Bozorlar faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 315-sonli, 2003-yil 28-iyuldagi “Nooziq-ovqat isteʼmol tovarlari bilan savdo qilishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 330-sonli qarorlari va Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligidan 2012-yil 6-martda 2336-raqam bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan “Bozorlar va savdo komplekslarining maʼmuriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yigʻimlar, ijara toʻlovi va koʻrsatiladigan xizmatlar qiymatining minimal miqdorlarini belgilash toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash hamda mahalliy budjetga daromadlar tushumini koʻpaytirish maqsadida qaror qilaman:
1. Viloyatdagi barcha dehqon, buyum va ixtisoslashtirilgan bozorlarda (yarmarkalarda) sotuvchilardan (xizmat koʻrsatuvchilardan) undiriladigan savdo joyi, xizmat haqi va ijara toʻlovlarining yangi miqdorlari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi “Bozorlar va savdo komplekslari faoliyatini nazorat qilish” boshqarmasi viloyat boʻlimi (A. Oynazarov)ga viloyatdagi barcha dehqon, buyum va ixtisoslashtirilgan bozorlarda (yarmarkalarda) sotuvchilardan (xizmat koʻrsatuvchilardan) undiriladigan savdo joyi, xizmat haqi va ijara toʻlovlarini toʻgʻri va toʻliq undirilishi hamda tegishli qismini mahalliy budjetga oʻz vaqtida oʻtkazilishi ustidan doimiy nazorat olib borish vazifasi yuklatilsin.
3. Ushbu qaror tegishli tartibda matbuotda eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
4. Qaror Xalq deputatlari viloyat Kengashining navbatdagi sessiyasi tasdigʻiga kiritilsin.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosari P. Madiyev zimmasiga yuklatilsin.
Hokim v.b N. ChORIYEV
Termiz sh.,
2012-yil 30-mart,
68-son
Viloyat hokimining 2012-yil 30-martdagi 68-sonli qaroriga ILOVA
Viloyat hududidagi bozorlar va savdo komplekslarining maʼmuriyati tomonidan undirib olinadigan bir martalik yigʻimlar ijara toʻlovlari va koʻrsatilgan xizmatlar qiymatining
miqdori
Izoh:
1. Qishloq xoʻjalik mahsulotlari va xalq isteʼmol mollari bilan savdo qilinganda, bir joy (savdo oʻrni) oʻlchami 1-1,2 pogon metr deb belgilanadi va shu oʻlchamdan ortiq oʻrin uchun qoʻshimcha ravishda har bir savdo oʻrni uchun belgilangan toʻlov miqdorida joy haqi undiriladi.
2. Qishloq xoʻjalik mahsulotlari va xalq isteʼmol mollari aralash holda sotilganda, toʻlov sotiladigan mahsulot turi boʻyicha belgilangan eng yuqori stavka boʻyicha undiriladi.
Eslatma: bozor hududida faoliyat koʻrsatayotgan xususiy tijorat qurilmalar (oshxona, doʻkon, dorixona, somsaxona va boshqa pullik xizmat koʻrsatuvchi) kommunal toʻlovlarni oʻz hisobidan amalga oshiradi. Haftada bir kunlik bozorlarda faoliyat yurituvchi doʻkonlar bir oylik ijara haqining yarmini toʻlaydi.
