Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini 2013 yil uchun band qilib qoʻyish toʻgʻrisida (752-Q-son)
11.10.2012
NAVOIY VILOYaTI Karmana tumani hokimining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasi, “Nogironlarni ijtimoiy himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 25-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomiga asosan ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish maqsadida hamda tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazining 2012-yil 8-oktabrdagi 539-06/01-04-sonli xatini inobatga olib, qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 17-moddasiga asosan ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun tumandagi korxonalar, tashkilotlar va muassasalar uchun xodimlarning roʻyxat boʻyicha oʻrtacha sonidan 824 kishini tashkil etadigan 7 foiz miqdorida, shu jumladan:
nogironlar uchun 3 foiz (25 kishi);
14 yoshga toʻlmagan bolalari va nogiron bolalari bor yolgʻiz hamda koʻp bolali ota-onalar uchun 11.9 foiz (98 kishi);
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun 69.5 foiz (573 kishi);
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilganlar uchun 9.5 foiz (78 kishi);
Karmana tuman hokimligi Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 0.4 foiz (3 kishi);
jazoni oʻtash muassasalaridan ozod qilingan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun 1.9 foiz (16 kishi);
Boshqalar uchun 3.8 foiz 31 kishi, shu jumladan safarbarlik chaqiruvi zaxirasiga kiritilgan shaxslar 13 kishi, kichik yoshli bolalari boʻlgan ishlamayotgan ayollar 13 kishi, atrofdagilar uchun xavfli boʻlmagan ijtimoiy ahamiyatli kasalliklar bilan ogʻriyotgan shaxslar uchun 5 kishi miqdorida ish oʻrinlari zaxirasi belgilansin.
2. 2012-yilda Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini 2013-yil uchun band qilib qoʻyish lozim boʻlgan korxonalar roʻyxati ilovaga asosan tasdiqlansin.
3. Korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlariga ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ish bilan taʼminlash uchun har bir kvota toifasi boʻyicha ish oʻrinlari band qilib qoʻyiladigan kasblar va lavozimlar, mutaxassisliklar kesimidagi maʼlumotlarni va qaror boʻyicha chiqarilgan buyruq nusxalarini Karmana tumani Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga taqdim etish vazifalari yuklatilsin.
4. Korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun ish joylarining koʻrsatib oʻtilgan miqdorini Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq 10 kundan kechikmay ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish qidirishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyilgan ish oʻrinlari umumiy sonining kamida 25 (yigirma besh) foizi hajmida ish oʻrinlari band qilib qoʻyilishini va tayyor boʻlishini taʼminlaydi, bu toʻgʻrisida tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish tuman markaziga yil boshlangungacha axborot beriladi. Belgilangan muddatlarda va tartibda yaratilishini (ajratilishini yoki band etib qoʻyilishini) hamda ish joylari sanitariya-gigiyena normalariga va xodim oʻz majburiyatlarini bemalol bajarishini taʼminlaydigan mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishini taʼminlasinlar.
5. Ushbu qaror bajarilmagan taqdirda tashkilotning mansabdor shaxslariga “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 15-bandiga muvofiq jarima solinadi.
6. Tuman Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (A. Allayev) bir hafta muddatda qarorni tegishli korxona va tashkilot rahbarlariga yetkazsin hamda mazkur qarorning bajarilishi ustidan qatʼiy nazoratni taʼminlasin.
7. Karmana tuman hokimining 2012-yil 25-iyuldagi “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini 2012-yil uchun band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi 646-Q-sonli qarori 2012-yil 31-dekabrdan oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari X. Joʻrayev zimmasiga yuklatilsin.
9. Mazkur qaror 2012-yil 11-oktabrdan kuchga kirishi belgilansin hamda rasmiy nashrda eʼlon qilinishi taʼminlansin.
Karmana tumani hokimi Sh.ISMATOV
Karmana t.,
2012-yil 11-oktabr,
752-Q-son
Karmana tuman hokimining 2012-yil 11-oktabrdagi 752-Q-sonli qaroriga 1-ilova
Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarining eng kam soni (kvota) belgilangan Karmana tumanidagi korxona, tashkilot va muassasalar ROʻYXATI
