Yetkazib berilgan elektr energiyasi hisob-kitoblarini takomillashtirish va toʻlov intizomini mustahkamlash toʻgʻrisida (188-Q-son)
16.08.2010
Navoiy viloyati hokimining
QarorI
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 22-avgustdagi 245-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ning 66-bandi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida 2010-yil 31-may kuni oʻtkazilgan 41-sonli yigʻilish bayoni ijrosini taʼminlash hamda isteʼmolchilarni elektr energiyadan foydalanishini tartibga solish, elektr tarmoqlariga ruxsatsiz ulanish va energiyadan noqonuniy foydalanish holatlariga yoʻl qoʻymaslik va hisob-kitob qilish mexanizmi samaradorligini oshirish, takomillashtirish, toʻlov intizomini mustahkamlash maqsadida qaror qilaman:
1. Viloyatning tuman va shaharlaridagi barcha toifadagi isteʼmolchilarning hisob-kitob hisoblagichlari balans boʻyicha mansublik nuqtasiga, koʻp qavatli uylarda yashovchi aholi isteʼmolchilarining hisoblagichlari kirish yoʻlaklariga, mahallalarda yashovchi aholi isteʼmolchilarining hisoblagichlari xonadonlarning tashqarisiga chiqarilib, elektr hisoblagichlar maxsus temir qutilar (elektr shkaflar)ga oʻrnatilsin.
2. Shahar va tuman hokimliklari xususiy uy-joy mulkdorlar shirkatlari, mahalla fuqarolari yigʻinlari va ichki ishlar boʻlimi uchastka nozirlari bilan hamkorlikda xonadonlar ichida joylashgan elektr hisoblagichlarni yoʻlaklar va xonadon tashqarisiga chiqarib, maxsus elektr shkaflarga oʻrnatishda tuman va shahar elektr taʼminoti korxonalariga amaliy yordam koʻrsatsin.
3. “Navoiy hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” OAJ (S.Hojiyev)ga tuman va shahar hokimlari bilan birgalikda:
oʻn besh kun muddatda hisoblagichlarni balans boʻyicha mansublik nuqtasiga, kirish yoʻlaklariga va xonadonlarning tashqarisiga chiqarish boʻyicha isteʼmolchilar soni va manziliy roʻyxatlarini tuzish, mahallalar, isteʼmolchilar kesimida oyma-oy reja-jadvalni tayyorlash va tasdiqlash;
oʻn besh kun muddatda barcha toifadagi isteʼmolchilarni ushbu masala boʻyicha yozma ravishda ogohlantirish;
isteʼmolchilarning hisoblagichlarini balans boʻyicha mansublik nuqtasiga chiqarish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish va amalga oshiriladigan ishlarni moliyalashtirish manbalarini aniq koʻrsatish vazifalari yuklatilsin.
4. Tuman va shahar hokimlariga:
har bir tuman va shaharlarda hisoblagichlarni balans boʻyicha mansublik nuqtasiga chiqarish bilan bogʻliq boʻlgan elektr jihozlari (elektron hisoblagich, maxsus shkaf, elektr oʻtkazgich, ajratgich va h.k.)ni barcha toʻlov turlari (jumladan plastik kartochka) orqali savdo qiluvchi xoʻjalik mollari doʻkonlarida ixtisoslashtirilgan boʻlimlar tashkil etish tavsiya qilinsin va doʻkonning faoliyati, manzili toʻgʻrisida isteʼmolchilarga ommaviy axborot vositalari orqali maʼlum qilib borish topshirilsin.
5. Viloyat teleradiokompaniyasi, “Doʻstlik bayrogʻi” va “Znamya drujbi” gazetalari, tuman va shaharlar televideniya va gazetalari tahririyati mazkur tadbirni amalga oshirishdan koʻzlangan maʼnaviy va iqtisodiy samaradorlik, “Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari”ga rioya etilishini taʼminlash hamda toʻlov intizomini mustahkamlash borasida olib borilayotgan ishlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borsinlar.
6. “Navoiy hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” OAJ, tuman va shahar hokimliklari:
barcha toifadagi isteʼmolchilarning elektr hisoblagichlarini balans boʻyicha mansublik nuqtasiga chiqarish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar boʻyicha doimiy tahlil olib borsin va oylik reja-jadvalning soʻzsiz bajarilishini nazoratga olsin hamda ushbu qarorning ijrosi yuzasidan har oyda belgilangan tartibda viloyat hokimligiga axborot berib borsin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari A.Eshonqulov zimmasiga yuklatilsin.
Navoiy viloyati hokimi E. TURDIMOV
Navoiy sh.,
2010-yil 16-avgust,
188-Q-son
