Tumanda geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (Q-11/649-son)
02.11.2012
NAVOIY VILOYaTI Qiziltepa tumani hokimining
Qarori
“Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi 295-sonli “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi qarori hamda viloyat hokimining 2012-yil 23-oktabrdagi Q-167-sonli qarorini ijro etish, shuningdek geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash sohasidagi davlat siyosatini yanada takomillashtirish va samarali amalga oshirish maqsadida, “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi 295-sonli va viloyat hokimining 2012-yil 23-oktabrdagi Q-167-sonli qarorlari rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha Qiziltepa tuman komissiyasi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga;
Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha tuman komissiyasining (keyingi oʻrinlarda tuman hududiy komissiyasi deb yuritiladi) tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova berilmaydi.
3. Tuman komissiyasi oʻz vakolatiga muvofiq quyidagilarni taʼminlasinlar:
geografik obyektlarning tarixiy-madaniy meros, Oʻzbekiston xalqining maʼnaviy-etnik qadriyatlari bilan bogʻlik nomlarini asrash, ularni asossiz qayta nomlashning oldini olish;
geografik obyektlarni Oʻzbekiston xalqining milliy anʼanalari va mentalitetiga yot boʻlgan nomlar bilan qayta nomlashga va ularga nom berishga yoʻl qoʻymaslik;
geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlashda mahalliychilik, oshna-ogʻaynigarchilik, xizmat martabasini suiisteʼmol qilish hollarini istisno qilish;
qarorlar qabul qilishda holislik va oshkoralik, shuningdek geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni koʻrib chiqish tartib-qoidasi va muddatlariga rioya qilish;
geografik obyektlarni odamlarning ismlari bilan, shuningdek tarixiy voqealar sharafiga nomlash va qayta nomlash sohasida belgilangan cheklovlarga rioya qilish;
mahalliy aholining geografik, tarixiy, milliy, etnik, tilga oid va boshqa xususiyatlariga oʻrganish hamda hisobga olish;
bir maʼmuriy-hududiy birlik doirasida geografik obyektlarga bir xil nomlar berilishiga yoʻl qoʻymaslik;
beriladigan nomlarning geografik obyektlar nomlarining geografik obyekt joylashgan joydagi mavjud tizimiga muvofiqligini taʼminlash;
geografik obyektlar nomlarining yanglishishlarga sabab boʻluvchi oʻxshashligini, ushbu nomlar mazmunlarining Oʻzbekiston xalqining tarixi, anʼanalari va madaniyatiga toʻgʻri kelmasligini nazarda tutgan holda, istisno qilish.
4. Tuman maʼnaviyat targʻibot boʻlimi (M.Azimov) va tuman Yer resurslari va Davlat kadastri boʻlimi (M.Abdusattorov) hamda tegishli tashkilotlar bilan birgalikda:
2013-yil 25-noyabrgacha “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasi talablariga muvofiq rasmiy kartografiya va maʼlumotnoma nashrlari, statistika, arxiv, tarixiy va boshqa manbalar maʼlumotlari asosida qishloqlar, koʻchalar, aholi punktlari hamda ularning tarkibiy qismlari nomlarini xatlovdan oʻtkazish va maqbullashtirish ishlarini amalga oshirsin;
amalga oshirilgan ishlar yakunlari boʻyicha tuman komissiyasiga, xalq deputatlari tuman Kengashiga belgilangan tartibda tegishli takliflar kiritsin.
5. Tuman komissiyasi 2014-yil 15-yanvargacha boʻlgan muddatda “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha viloyat komissiyasiga geografik obyektlarni nomlash sohasidagi ishlarni tartibga solish borasida bajarilgan ishlarning yakunlari toʻgʻrisida axborot va paydo boʻlayotgan masalalarni hal etish hamda qonun talablarining ijro etilishini nazorat qilishga oid tegishli umumlashtirilgan takliflar kiritsin.
6. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining quyidagi qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
2004-yil 8-sentabrdagi Q-9/1009-sonli “Tumandagi maʼmuriy-hududiy birliklar, aholi punktlari, tashkilotlarga va boshqa toponimik obyektlarga nom berish ishlarini tartibga solish toʻgʻrisida”gi qaror;
2010-yil 4-iyundagi Q-6/319-sonli “Toponimik obyektlarga nom berish masalalarini muvofiqlashtiruvchi tuman komissiyasining yangi tarkibini tasdiqlash toʻgʻrisida” qaror.
7. Mazkur qaror rasmiy nashrda eʼlon qilinishi hamda adliya boshqarmasiga davlat hisobiga olish uchun taqdim etilishi taʼminlansin.
Qiziltepa tumani hokimi Sh. NABIYEV
Qiziltepa t.,
2012-yil 2-noyabr,
Q-11/649-son
Tuman hokimining 2012-yil 2-noyabrdagi Q-11/649-sonli qaroriga 1-ilova
Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha Qiziltepa tuman komissiyasi toʻgʻrisidagi NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha Qiziltepa tuman komissiyasi (keyingi oʻrinlarda tuman komissiyasi deb ataladi) geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalarini koʻrib chiquvchi, shuningdek “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablarining bajarilishini nazorat qiluvchi maxsus organlar hisoblanadi.
2. Tuman komissiyasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, viloyat hokimining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
Tuman komissiyasining tarkibi manfaatdor davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari hamda xodimlaridan, fuqarolik jamiyati institutlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari vakillaridan, shuningdek fan va madaniyat arboblaridan, ekspertlardan, mutaxassislardan xamda tegishli faoliyat sohalarida maxsus bilimlarga ega boʻlgan boshqa shaxslardan shakllantiriladi.
II. Tuman komissiyasining vazifalari va funksiyalari
3. Quyidagilar tuman komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
geografik obyektlarning Oʻzbekiston xalqining tarixiy-madaniy qadriyatlari va merosi bilan bogʻliq nomlari asralishini taʼminlash, ularning asossiz qayta nomlanishining oldini olish;
geografik obyektlarni Oʻzbekiston xalqining milliy anʼanalari hamda mentalitetiga yot boʻlgan nomlar bilan qayta nomlashga va ularga nom berishga yoʻl qoʻymaslik;
geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlashda mahalliychilik, oshna-ogʻaynigarchilik, xizmat martabasini suiisteʼmol qilish hollarini istisno qilinadi.
4. Tuman komissiyasi oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisida atroflicha oʻrganilgan takliflarni tayyorlaydi hamda ushbu takliflarni viloyat komissiyasiga taqdim etadilar;
qabul qilingan qarorlarning bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring olib boradilar;
toponimik va boshqa tadqiqotlar oʻtkazish, kartografik, arxivga oid, tarixiy va boshqa materiallarni atroflicha oʻrganish, geografik obyektlarning nomlarini maqbullashtirish ishlarini muvofiqlashtiradilar;
geografik obyektlarni asossiz qayta nomlashning, ularga Oʻzbekiston xalqining milliy anʼanalari va mentalitetiga yot boʻlgan nomlar berilishining oldini olish, ushbu sohada mahalliychilik, oshna-ogʻaynigarchilik, xizmat martabasini suiisteʼmol qilish hollariga yoʻl qoʻymaslik maqsadida geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash jarayonining xolisona hamda oshkora boʻlishini taʼminlash boʻyicha kompleks tadbirlarni ishlab chiqadilar va tasdiqlaydilar;
oʻz vakolatlari doirasida geografik obyektlarning nomlaridan foydalanish va ularni asrash yuzasidan nazoratni amalga oshiradilar;
“Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qoidalarini samarali amalga oshirishga qaratilgan boshqa funksiyalarni amalga oshiradilar.
III. Tuman komissiyasining huquqlari va javobgarligi
5. Tuman komissiyasi unga yuklangan vazifalarning ijro etilishini taʼminlash uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlaridan, korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlardan geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni atroflicha oʻrganish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
zarurat boʻlganda, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlar mutaxassislarini, yetakchi olimlarni, fan va madaniyat arboblarini, shuningdek tegishli faoliyat sohalarida maxsus bilimlarga ega boʻlgan boshqa shaxslarni geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni atroflicha oʻrganish uchun jalb etish;
oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, korxonalar, muassasalar hamda tashkilotlar rahbarlarining hisobotlarini eshitish.
6. Tuman komissiyasi oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun javob beradilar.
Tuman komissiyasi oʻz faoliyati toʻgʻrisida har yili tegishli ravishda xalq deputatlari Qiziltepa tuman Kengashiga hisobot beradilar.
Tuman komissiyasi har chorakda oʻz faoliyati toʻgʻrisida geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha Navoiy viloyat komissiyasiga axborot taqdim etadilar.
IV. Tuman komissiyasining faoliyatini tashkil qilish
7. Tuman komissiyasiga uning raisi hisoblanadigan Qiziltepa tuman hokimi boshchilik qiladi.
8. Tuman komissiyasi raisi:
tuman komissiyasi faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va unga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
tuman komissiyasi aʼzolarining vazifalarini belgilaydi va ularga yuklangan vazifalarni bajarish ishlarini muvofiqlashtiradi;
tuman komissiyasining ish rejalarini, tushgan hujjatlarni koʻrib chiqish jadvallarini tasdiqlaydi;
tuman komissiyasi majlislarining kun tartibini va chaqirilishini belgilaydi;
tuman komissiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishi yuzasidan nazoratni tashkil etadi;
tuman komissiyasining samarali ishlashini taʼminlash boʻyicha boshqa ishlarni amalga oshiradi.
9. Tuman komissiyasining aʼzolari:
tuman komissiyasi majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilishda va hal etishda ishtirok etadilar;
tuman komissiyasi tomonidan muhokama qilinadigan masalalar boʻyicha xulosalar taqdim etadilar.
tuman komissiyasi aʼzolari komissiyadagi oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradilar.
10. Tuman komissiyasi kotibi:
tuman komissiyasining navbatdagi majlisiga barcha zarur hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
kun tartibidagi masalalar boʻyicha tuman komissiyasining majlislari oʻtkazilishini tashkil etadi;
majlislarning oʻtkaziladigan vaqti va joyini, shuningdek taklif etiladiganlar kontingentini tuman komissiyasi raisi bilan kelishadi;
tuman komissiyasi aʼzolarini va taklif etilgan shaxslarni majlisning oʻtkaziladigan sanasi, vaqti, joyi toʻgʻrisida xabardor qiladi;
tuman komissiyasi qarorlarining bajarilishi monitoringini yuritadi va uning natijalarini komissiya majlisida koʻrib chiqish uchun taqdim qiladi;
tuman komissiyasining protokollarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan protokollarni hududiy komissiyaning aʼzolariga hamda boshqa manfaatdor tashkilotlarga joʻnatadi.
11. Tuman komissiyasi oʻz ishini oʻzi tasdiqlagan rejalar asosida tashkil qiladi va oʻz majlislarini zaruratga koʻra oʻtkazadi. Tuman komissiyasi raisi tomonidan tuman komissiyasi aʼzolarining navbatdan tashqari majlis oʻtkazish uchun sabablar va asoslar bayon etilishi lozim boʻlgan yozma iltimosnomalari asosida navbatdan tashqari majlislar chaqirilishi mumkin.
12. Tuman komissiyasining majlisini uning raisi olib boradi. Tuman komissiyasi raisi boʻlmagan taqdirda majlisni komissiya aʼzolaridan biri boshqaradi. Tuman komissiyasining majlisi uning aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashganda qonuniy hisoblanadi.
Tuman komissiyasining majlisi uning aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashganda qonuniy hisoblanadi.
Majlisni oʻtkazish uchun kvorum yigʻilmagan taqdirda tuman komissiyasining yangi majlisi oʻtkaziladigan sana eʼlon qilinadi. Yangi majlisni oʻtkazishda kun tartibini oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
13. Tuman komissiyasining majlisida koʻrib chiqiladigan masalalarning xususiyatiga qarab davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mutaxassislari taklif etilishi mumkin.
V. Tuman komissiyasi tomonidan qarorlar qabul qilish va ularning bajarilishini tashkil etish
14. Tuman komissiyasining qarori majlisda qatnashayotgan hududiy komissiya aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda hududiy komissiya raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Tuman komissiyasining har bir aʼzosi qabul qilinadigan qarorlar boʻyicha oʻz fikrini yozma ravishda bildirishga haqlidir.
15. Tuman komissiyasining raisi qarorlarni tezkor qabul qilish maqsadida tuman komissiyasining qarorlarini uning aʼzolari bilan soʻrov oʻtkazish yoʻli bilan kelishilgan ayrim masalalar boʻyicha tasdiqlashi mumkin.
16. Tuman komissiyasining qarorlari tuman komissiyasi majlisining protokoli bilan rasmiylashtiriladi. Tuman komissiyasi majlisining protokoliga uning barcha aʼzolari tomonidan viza qoʻyiladi, uni kotib imzolaydi, tuman komissiyasining raisi tasdiqlaydi va u bir hafta muddatda tuman komissiyasining aʼzolariga hamda manfaatdor tashkilotlarga joʻnatiladi.
17. Tuman komissiyasi protokolining asl nusxasi va unga tegishli materiallar tegishli ravishda tuman hokimligining ijro etuvchi apparatida saqlanadi.
18. Tuman komissiyasi kotibi komissiya aʼzolari yordamida komissiya qarorlarining bajarilishini muntazam oʻrganib boradi, zarurat boʻlganda tuman komissiyasi raisiga tegishli takliflar kiritadi.
19. Tuman komissiyasi qabul qilingan qarorlarning bajarilishini muntazam ravishda oʻz majlislarida koʻrib chiqadi.
20. Tuman komissiyasining ish tartibi Reglament bilan belgilanadi. Reglament tuman komissiyasi tomonidan qabul qilinadi.
21. Tuman komissiyasiga taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish muddati uch oydan oshmasligi kerak.
VI. Tuman komissiyasining atributlari
22. Tuman komissiyasi belgilangan namunadagi, oʻz nomi yozilgan blankalarga ega boʻladilar va tegishli ravishda tuman hokimligining muhridan foydalanadilar.
Tuman maʼnaviyat targʻibot boʻlimi rahbari, komissiya kotibi M. AZIMOV
