Bir martalik gastrol-konsert guvohnomasini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2447-son)
02.04.2013
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MADANIYAT VA SPORT IShLARI VAZIRINING
buyrugʻi
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2013-yil 2-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2447]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 29-iyundagi 285-sonli “Gastrol-konsert faoliyati sohasida soliq solishni va audio-video kassetalarni tarqatishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 12-son, 85-modda) 1-bandiga muvofiq buyuraman:
1. Bir martalik gastrol-konsert guvohnomasini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Vazir M.XODJIMATOV
Toshkent sh.,
2013-yil 4-mart,
203-son
Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat va sport ishlari vazirining 2013-yil 4-martdagi 203-sonli buyrugʻiga ILOVA
Bir martalik gastrol-konsert guvohnomasini berish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 29-iyundagi 285-son “Gastrol-konsert faoliyati sohasida soliq solishni va audio-video kassetalarni tarqatishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2001-y., 12-son, 85-modda) muvofiq, bir martalik gastrol-konsert guvohnomasini (bundan buyon matnda Guvohnoma deb yuritiladi) berish tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
talabgor — bir martalik gastrol-konsert guvohnomasini olish uchun murojaat qilgan yuridik shaxs;
Guvohnoma — Oʻzbekiston Respublikasi hududida tijorat yoki reklama maqsadlaridagi konsertlar va tomosha tadbirlarini (bundan buyon matnda tadbir deb yuritiladi) tashkil etish uchun “Oʻzbeknavo” estrada birlashmasi (keyingi oʻrinlarda “Oʻzbeknavo” deb yuritiladi) tomonidan yuridik shaxslarga beriladigan bir martalik hujjat.
2. Guvohnoma unda koʻrsatilgan sana uchungina haqiqiy hisoblanadi.
3. Guvohnoma “Oʻzbeknavo” Bosh direktorining Guvohnoma berish toʻgʻrisidagi buyrugʻiga asosan “Davlat belgisi” davlat-ishlab chiqarish birlashmasi tomonidan tayyorlanadigan bir xil seriyaga va zarur himoya darajalariga ega boʻlgan mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shakldagi maxsus blankaga rasmiylashtirib beriladi.
II bob. Guvohnoma olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar hamda ularni koʻrib chiqish
4. Guvohnoma olish uchun talabgor tomonidan “Oʻzbeknavo”ga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
Guvohnoma olish uchun mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shakldagi ariza;
yuridik shaxsning davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning nusxasi;
tadbirning talabgor tomonidan tasdiqlangan dasturi yoki ssenariysi;
Guvohnoma olish uchun yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat nusxasi.
Talabgor taqdim etgan hujjatlaridagi maʼlumotlarning haqiqiyligi va ishonchliligi uchun javobgardir.
5. Mazkur Nizomning 4-bandida nazarda tutilgan hujjatlar talabgor tomonidan “Oʻzbeknavo”ga bevosita topshiriladi yoki pochta aloqa boʻlimi orqali yuboriladi yoxud “Oʻzbeknavo”ning rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda joʻnatiladi.
6. Guvohnomalar:
bir necha kun mobaynida oʻtkaziladigan;
ayni bir dastur yoki ssenariy asosida turli vaqtlarda oʻtkaziladigan;
ayni bir talabgor tomonidan bir kunning oʻzida turli joylarda oʻtkaziladigan har bir tadbir uchun alohida beriladi va har biri uchun alohida yigʻim undiriladi.
7. Guvohnoma berganlik uchun:
Toshkent shahrida – eng kam oylik ish haqining 5 baravari;
viloyat markazlarida – eng kam oylik ish haqining 3 baravari;
boshqa aholi punktlarida – eng kam oylik ish haqining 1 baravari miqdorida yigʻim undiriladi.
8. Quyidagilar Guvohnoma berishning talablari va shartlari hisoblanadi:
tadbirni tashkil etishda qonun hujjatlari talablariga qatʼiy rioya etish;
tadbir davomida milliy anʼanalar va qadriyatlarni hurmat qilish hamda sahna madaniyatiga amal qilish;
tadbirni Guvohnomada koʻrsatilgan sana, belgilangan joy va vaqtda oʻtkazish;
“Oʻzbeknavo”ga taqdim etilgan dastur yoki ssenariyga qatʼiy rioya etish;
tadbir oʻtkaziladigan sana yoki joy, tadbir dasturi yoki ssenariysiga oʻzgartirish kiritish zarur boʻlganda, bu haqda “Oʻzbeknavo”ga darhol xabar berish.
9. Guvohnoma olish uchun hujjatlar tadbir oʻtkazilishidan kamida oʻttiz kun oldin taqdim etiladi.
10. Taqdim etilgan hujjatlar kelib tushgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida “Oʻzbeknavo” huzuridagi Ekspert komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi.
11. Ekspert komissiyasi hujjatlarni koʻrib chiqishda:
tadbir dasturi yoki ssenariysining gʻoyaviy-badiiy saviyasiga;
namoyish etilishi rejalashtirilgan repertuarning milliy anʼanalar va umumbashariy qadriyatlarga mos kelishiga;
tadbir dasturi yoki ssenariysida Vatanga sadoqat, Ona yurtga muhabbat kabi tuygʻularning aks ettirilganligiga eʼtibor qaratilishi lozim.
12. Ekspert komissiyasining tarkibi “Oʻzbeknavo” Bosh direktorining buyrugʻi bilan tasdiqlanadi.
Ekspert komissiyasi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish natijalari yuzasidan tegishli xulosa Ekspert komissiyasi yigʻilishining bayoni bilan tasdiqlanadi.
13. Guvohnoma Ekspert komissiyasi xulosasi asosida “Oʻzbeknavo” Bosh direktori tomonidan beriladi.
“Oʻzbeknavo” Bosh direktori tomonidan Ekspert komissiyasi xulosasi asosida uch kun ichida Guvohnoma berish yoki uni berishni rad etish toʻgʻrisida buyruq chiqariladi.
14. Ekspert komissiyasining Guvohnoma berish boʻyicha xulosasi salbiy boʻlgan hollarda, xulosada rad etish uchun asos boʻlgan sabablar va hujjatlarni koʻrib chiqish uchun qayta taqdim etish muddati koʻrsatiladi. Xulosa nusxasi u tasdiqlangan kundan eʼtiboran uch kun ichida talabgorga yuboriladi (topshiriladi).
15. Guvohnoma berishni rad etish uchun asos boʻlgan sabablar xulosada koʻrsatilgan muddat ichida bartaraf etilib, qayta koʻrib chiqish uchun taqdim etilgan taqdirda, hujjatlar Ekspert komissiyasi tomonidan uch ish kuni ichida qayta koʻrib chiqiladi.
Hujjatlar xulosada nazarda tutilgan muddat ichida qayta koʻrib chiqish uchun taqdim etilganda, talabgordan yigʻim undirilmaydi. Xulosada nazarda tutilgan muddat oʻtgach, Guvohnoma olish uchun umumiy asoslarda murojaat qilinadi.
16. Guvohnoma bitta asl nusxada rasmiylashtiriladi. Guvohnomaning nusxasi “Oʻzbeknavo”ning tegishli boshqarmasida saqlanadi.
III bob. Guvohnomani qayta rasmiylashtirish va dublikat berish
17. Talabgor tomonidan tadbir oʻtkaziladigan sana yoki joy, tadbir dasturi yoki ssenariysiga tegishli oʻzgartirishlar kiritish zarur boʻlgan hollarda (ayrim sanʼatkorlarning tadbirda ishtirok eta olmasligi hollari bundan mustasno), uning arizasiga asosan, Guvohnoma “Oʻzbeknavo” Bosh direktorining buyrugʻiga asosan uch kun ichida qayta rasmiylashtirib beriladi. Guvohnomaning ilgari berilgan asl nusxasi qayta rasmiylashtirib berish toʻgʻrisidagi arizaga ilova qilinadi.
18. Guvohnomaning amal qilish muddati tugamay yoʻqolgan yoki yaroqsiz holga kelgan taqdirda, talabgorning arizasiga asosan uning dublikati beriladi.
19. Guvohnomani qayta rasmiylashtirganlik va uning dublikatini berganlik uchun yigʻim undirilmaydi.
20. Talabgor tomonidan tadbirni oʻtkazishdan voz kechilganda undirilgan yigʻim qaytarib berilmaydi.
IV bob. Guvohnoma berishning talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish
21. Guvohnoma berishning talablari va shartlariga rioya etilishini nazorat qilish “Oʻzbeknavo” Bosh direktorining yozma koʻrsatmasi yoki tasdiqlagan rejasi asosida “Oʻzbeknavo” hududiy boʻlinmalarining yoki “Oʻzbeknavo” markaziy apparatining masʼul xodimlari tomonidan amalga oshiriladi.
22. Masʼul xodim(lar) quyidagi huquqlarga ega:
tadbirning repetitsiyalarida ishtirok etish;
tadbir tashkilotchisidan tadbirga doir zarur axborotlarni soʻrab olish;
belgilangan talablarning buzilish holatlari aniqlangan taqdirda, tadbir tashkilotchisidan ularni darhol bartaraf etishni talab qilish.
23. Tadbir tashkilotchisi Guvohnoma berishning talablari va shartlarini buzgan taqdirda, bu haqda masʼul xodim(lar) tomonidan dalolatnoma tuziladi.
V bob. Guvohnomalar reestri
24. Guvohnomalar reestri elektron shaklda “Oʻzbeknavo”ning tegishli boshqarmasi tomonidan yuritiladi. Mazkur reestrda quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
Guvohnoma seriyasi, tartib raqami va berilgan sanasi;
Guvohnoma berilgan tashkilot nomi;
tadbirning nomi va unda ishtirok etadigan asosiy xonanda(lar)ning familiyasi va ismi (taxallusi);
tadbir oʻtkaziladigan joy va sana;
Ekspert komissiyasi yigʻilishi bayoni va “Oʻzbeknavo” Bosh direktori buyrugʻining rekvizitlari;
Guvohnomani qayta rasmiylashtirish uchun asos va qayta rasmiylashtirib berilgan sana;
Guvohnomaning dublikatini berish uchun asos va dublikat berilgan sana;
yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatning tegishli rekvizitlari.
25. Guvohnomalar reestri yilning birinchi ish kunidan boshlab har yili alohida yuritiladi.
Guvohnoma nusxasi, shuningdek Guvohnoma berish bilan bogʻliq hujjatlar “Oʻzbeknavo”ning tegishli boshqarmasida kamida uch yil saqlanadi.
VI bob. Yakuniy qoida
26. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Bir martalik gastrol-konsert guvohnomasini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Bir martalik gastrol-konsert guvohnomasini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 14-son, 190-modda)
