Oʻzbekiston Respublikasi vazirlar mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli qaroriga asosan tuman hududidagi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan avtomototransport vositalarini 2012-yilda majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida (278-son)
18.04.2012
Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori hamda 2012-yil 10-fevraldagi 03-05/004-sonli yigʻilish bayoni talablaridan kelib chiqqan holda 2012-yilda tuman hududidagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan avtomototrasport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazishni tashkil etish maqsadida qaror qilaman:
1. Tumandagi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga, shu jumladan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan va belgilangan tartibda YHX organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgan transport vositalari majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilishi taʼminlansin.
2. Tumandagi avtobuslar, mikroavtobuslar, avtomobillar, mototsikllar va tirkama ulamalarni davlat texnik koʻrigidan oʻtkazish tuman Ichki ishlar boʻlimining yoʻllarda harakatlanish xavfsizligi boʻlinmasi (E. Toʻychiyev) va tuman Mudofaa ishlar boʻlimi (A. Baratov)lar zimmasiga yuklatilsin.
3. Mazkur texnik koʻrikdan oʻtkazishda:
mulkchilik shakli va sigʻimidan qatʼi nazar, yoʻlovchi tashish bilan shugʻullanuvchi transport vositalarining majburiy texnik koʻrigi;
birinchi marta 1-martdan 31-iyungacha, ikkinchi marta 1-sentabrdan 31-oktabrgacha oʻtkazilishi shakllantirilsin;
korxonalar, muassasalar, xususiy korxonalardagi mavjud avtobuslar, mikroavtobuslar, avtomashinalar, mototsikllar va tegishli ulov vositalari 1-martdan 30-iyungacha texnik koʻrikdan oʻtkazilsin;
tuman fuqarolariga tegishli boʻlgan barcha turdagi shaxsiy transport vositalari 1-yanvardan 31-avgustga qadar texnik koʻrikdan oʻtkazilsin;
yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan transport vositalari texnik koʻrik uchun muddatidan oldin belgilangan tartibda rioya qilingan holda taqdim qilinishi mumkin.
4. Texnik koʻrikdan oʻtkazishda:
barcha transport vositalarining texnik holatini tekshirishda ularni tayyorlagan zavod koʻrsatmalariga asosan ishlatish qoida qoʻllanmalariga har bir harakatlanish qismini talabga javob berilishi;
korxona va tashkilotlar rahbarlaridan yoʻl harakatlari qoidalarida koʻrsatilganidek transport vositalaridan foydalanishni taqiqlovchi shartlarga asosan texnik soz holda taʼminlanishi;
maxsus mashinalar, harakatlanuvchi taʼmirlash va tuzatish ustaxonalarining jihozlanganligiga alohida eʼtibor qaratish topshirilsin.
5. 2012-yilda texnik koʻrikni uyushqoqlik bilan sifatli oʻtkazish maqsadida, tuman hokimligining yoʻllarda harakat xavfsizligini taʼminlash komissiyasi tuzilsin. Komissiya aʼzolari 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*1-ilova berilmaydi.
6. Tuman Ichki ishlar boʻlimining yoʻllarda harakatlanish xavfsizligi boʻlinmasi (E. Toʻychiyev)ga har bir korxona, tashkilot va muassasalarda transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazilishi boʻyicha 2-ilovaga* asosan tasdiqlangan reja jadvalni tashkilotlar rahbarlariga yetkazish hamda oʻz vaqtida bajarilishini taʼminlash yuklatilsin.
*2-ilova berilmaydi.
7. Tuman “Avtomotohavaskor” jamiyati (N. Jumayev), Oʻzbekiston mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti (A. Eshboyev), tuman Ichki ishlar boʻlimining yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmasi (E. Toʻychiyev) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 2-avgustdagi 156-sonli qaroriga asosan yoʻlovchilar tashish bilan shugʻullanuvchi transport vositalari haydovchilarini bir yilda bir marta yoʻl harakati qoidalari va yoʻl harakat xavfsizligi fanidan 30 soatlik dastur asosida mashgʻulot oʻtishlari uchun shart-sharoitlar yaratgan holda toʻliq jalb etilishini taʼminlasinlar.
8. Tumandagi har bir tashkilot, korxona va muassasa rahbarlari hamda shaxsiy avtomashina egalari zimmasiga:
avtoulovlarni texnik pasporti bilan birgalikda texnik koʻrikdan oʻtkazilishini, ularning texnik jihatdan sozligini va oʻz vaqtida reja jadval asosida koʻrikdan oʻtkazish;
korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlariga alohida tartib oʻrnatish va xalq xoʻjaligi boʻlgan ishga yaroqsiz tiklanmaydigan va ishlatilmaydigan mashinalarni hisobdan chiqarish choralarini texnik koʻrikka qadar koʻrib chiqish vazifalari yuklatilsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorining 3-bandi talablaridan kelib chiqib, tuman Mudofaa ishlar boʻlimi, Ichki ishlar boʻlimi transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻz yuqori tashkilotlarining qarori va ish reja asosida amalga oshirish nazarda tutilsin.
10. Tuman Ichki ishlar boʻlimining yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmasi (E. Toʻychiyev)ga texnik koʻrikni oʻtkazish sharti boʻyicha tegishli tartibda tuman hokimligi yigʻilishi muhokamasiga kiritish topshirilsin.
11. Tumanda mototsikllar, tirkama-ulamalar hamda shaxsiy transport vositalaridan tushadigan majburiy sugʻurta badalini undirish sugʻurta tashkilotlari rahbarlari zimmasiga yuklatilsin.
12. Ushbu qaror rasmiy nashrda eʼlon qilingandan soʻng kuchga kiradi.
13. Tuman hokimining 2012-yil 21-fevraldagi 152-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
13. Ushbu qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari F. Umarov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim H. MINGBOYEV
Sariosiyo sh.,
2012-yil 18-aprel,
278-son
