Tumandagi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli transport vositalarini navbatdagi 2013-yil majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida (133-k-son)
19.02.2013
Andijon viloyati Izboskan tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida Nizomini tasdiqlash haqida”gi 54-sonli qarori ijrosini taʼminlash hamda Izboskan tuman ichki ishlar boʻlimi yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmasining 2013-yil 29-yanvardagi 34/1-sonli xatini koʻrib chiqib qaror qilaman:
1. Izboskan tuman ichki ishlar boʻlimi yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmasining 2013-yil 29-yanvardagi 34/1-sonli xati inobatga olinsin.
2. Tumandagi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli transport vositalarini navbatdagi 2013-yil majburiy texnika koʻrigidan oʻtkazilsin.
3. Texnika koʻrigini oʻz vaqtida va sifatli oʻtkazish uchun tuzilgan ishchi guruhi tarkibi ilovaga* asosan tasdiqlansin.
*Ilova berilmaydi.
4. Tuman mudofaa ishlari boʻlimi (Z. Roʻzimov), tuman Mashina-traktor parki aksiyadorlik jamiyati (A. Xalilov), “Oʻzagrosugʻurta” Davlat aksiyadorlik sugʻurta kompaniyasi Izboskan tumani boʻlimi (A. Komilov) ga 2013-yil 10-martdan oylik maoshi saqlangan holda bittadan xodim ajratish hamda tuman ichki ishlar boʻlimi ixtiyoriga yuborish vazifasi yuklatilsin.
5. Tuman ichki ishlar boʻlimi yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmasi (S. Isroilov)ga:
tashkilot, korxona, muassasa va fermer xoʻjaliklari, kichik korxonalardagi mavjud barcha transport vositalarini belgilangan jadval asosida texnik koʻrikka tayyorlanishi va oʻz vaqtida taqdim etilishini nazorat qilish;
tuman hududidagi fuqarolarga tegishli boʻlgan shaxsiy avtotransport vositalarini 2013-yil 1-yanvardan 31-avgustga qadar toʻla texnik koʻrikdan oʻtkazilishini taʼminlash vazifasi topshirilsin.
6. Tuman ichki ishlar boʻlimi yoʻl harakati xavfsizligi boʻlinmasi (S. Isroilov) va tuman “Avtohavaskorlar” jamiyati (D. Abdumannopov)ga texnik koʻrikdan oʻtayotgan har bir transport vositasining yoritqich chiroqlari oynalariga avtomashina davlat raqami belgilarini takror yozilishini (grapirovka yoʻli bilan) taʼminlash yuklatilsin.
7. Tuman “Paxtakor” roʻznomasi muharririyati (A. Komilov)ga yillik texnik koʻrigini oʻtish jarayonini roʻznoma sahifalarida yoritib borilishi tavsiya etilsin.
8. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2012-yil 21-yanvardagi 4-F-sonli farmoyishi oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari D. Usmonov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim U. ABDULLAYEV
Poytugʻ sh.,
2013-yil 19-fevral,
133-k-son
