Navoiy viloyatida turizm sohasini rivojlantirish va koʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida (Q-128-son)
09.06.2011
Navoiy viloyati hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Turizm toʻgʻrisida”gi qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 28-noyabrdagi “Iqtisodiyotning real sektori korxonalarini qoʻllab-quvvatlash, ularning barqaror ishlashini taʼminlash va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-4058-sonli Farmoni, Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 28-iyuldagi “Oʻzbekturizm milliy kompaniyasi faoliyatini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi 360-sonli qarori va Bosh vazirning 2009-yil 30-yanvardagi “Respublikada turizmni yanada rivojlantirish, turistik xizmat koʻrsatish sifatini oshirish va yoʻnalishlarini kengaytirishga qaratilgan dolzarb masalalar toʻgʻrisida”gi 07-1-5 sonli, 2011-yil 10-maydagi “Navoiy viloyati Nurota tumanini 2011—2013-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish Dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 02-23-24-sonli yigʻilish qarorlarining ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qilaman:
1. “Oʻzbekturizm” milliy kompaniyasining Navoiy viloyatida turizm infratuzilmasini takomillashtirish, sayyohlarga zamonaviy transport xizmati koʻrsatilishini tashkil etish, sayyohlik va mehmonxona xizmati koʻrsatuvchi muassasalar faoliyatini yaxshilash, viloyatda turizmni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish Kengashi tuzish, 2011—2015-yillarda viloyatda turizmni rivojlantirish Dasturini qabul qilish, mazkur jarayonda viloyat “Sayohat va ekskursiyalar byurosi” davlat korxonasi rolini oshirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Navoiy viloyatida turizm industriyasini zamonaviy talablar asosida rivojlantirish, turizm infratuzilmasini takomillashtirish, viloyatda turizm siyosatini amalga oshirish maqsadida quyidagilar:
Navoiy viloyat turizmni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish Kengashi tarkibi 1-ilova*ga;
* 1-ilova berilmaydi.
Kengash Nizomi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Turizmni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish Kengashiga:
bir oy muddatda viloyat hududida turizm siyosatini amalga oshirishni nazarda tutgan holda 2011—2015-yillarda viloyatda turizmni rivojlantirish chora-tadbirlari Dasturini ishlab chiqish va tasdiqlash uchun taqdim etish topshirilsin.
4. Turizmni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish Kengashi shahar va tuman hokimliklari bilan birgalikda:
tegishli hududda joylashgan qadimiy yodgorliklar, tabiat qoʻynidagi dam olish maskanlari, muzeylar hamda turizm obyektlari va turizm xizmatini koʻrsatish holatini yaxshilash;
yangi dam olish va sayohat obyektlari barpo etish, turizm obyektlarida sayyohlarga xizmat koʻrsatishning sifatini oshirish;
hududlardagi tarixiy meʼmoriy obidalar, ziyoratgoh va tabiiy jihatdan eʼtiborga molik maskanlarni turizm bozorida kengroq targʻibot-tashviqot qilish ishlarini samarali tashkil etish;
xususiy sektorni yanada qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish maqsadida mahalliy tadbirkorlar uchun kichik va oʻrta uslubdagi jahon talabiga mos mehmonxona majmualarini, koʻngilochar maskanlarni barpo etish hamda tabiat landshaftlari mavjud hududlardagi amaldagi infratuzilmani yanada takomillashtirish;
turizm infratuzilmasini rivojlantirishga mahalliy sarmoyadorlarni, shu bilan birga xorijiy investitsiyalarni jalb etish;
viloyat magistral yoʻllarida sayyohlarga yuqori saviyada servis xizmatlarini koʻrsatishga moslangan yoʻl boʻyi kemping majmualarini barpo etish;
xususiy tadbirkorlar va turizm sohasi ishbilarmonlari sarmoyalari va shu bilan birga xorijiy investitsiyalar evaziga joylarda transport xizmatlari koʻrsatilishini yanada yaxshilash;
yangi ish joylarini barpo etish asosida turizm sohasida xizmat koʻrsatishni yanada kengaytirish;
turizm obyektlari atrofida zamonaviy xalq hunarmandchiligi, sanʼat namunalari yodgorliklari rastalari, ovqatlanish shoxobchalari, madaniy koʻngilochar maskanlar, sanitariya-gigiyena punktlarini oʻz ichiga qamrab olgan infratuzilma majmualarini barpo etish;
turizm obyektlarini malakali kadrlar bilan taʼminlash, ularning malakasini oshirish hamda aholi va sayyohlarga xizmat koʻrsatishni yuqori saviyada tashkil etish boʻyicha uslubiy qoʻllanmalar bilan taʼminlash, soha xodimlarining xorijiy tajribalarini oʻrganish asosiy yoʻnalishlar sifatida belgilansin va amalga oshirsin.
5. Viloyat “Sayohat va ekskursiyalar byurosi” davlat korxonasi” (M.Xamidov)ga hududdagi turistik firmalar, mehmonxonalar, mehmonxona xizmati koʻrsatuvchi muassasalar, joylardagi sayyohlik dam olish maskanlari faoliyatini muvofiqlashtirib borish topshirilsin.
6. Viloyat Statistika boshqarmasi (M.Roʻziyev), viloyat Iqtisodiyot boshqarmasi (U.Jabborov), viloyat “Sayohat va ekskursiyalar byurosi” davlat korxonasi (M.Xamidov), Viloyat IIB Xorijga chiqish, kelish va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlimi (Gʻ.Rahmonov) birgalikda har chorakda viloyatda sayyohlar oqimi oʻsish surʼatlari boʻyicha (mahalliy va xorijiy sayyohlar sonining alohida tahlil asosida) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda monitoring olib borsin va monitoring natijalarini yilning har choragida Kengashga taqdim etsin.
7. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
Hokim E. TURDIMOV
Navoiy sh.,
2011-yil 9-iyun,
Q-128-son
Viloyat hokimining 2011-yil 9-iyundagi Q-128-sonli qaroriga 2-ilova
Navoiy viloyatida turizmni qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish Kengashi
NIZOMI
I. Umumiy qoidalar
1.1 Ushbu Nizom Navoiy viloyatida turizmni qoʻllab-quvvatlash, rivojlantirish va muvofiqlashtirish Kengashining (keyingi oʻrinlarda Kengash deb yuritiladi) faoliyat yuritish tartibini belgilaydi.
1.2. Kengash oʻz faoliyati davomida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari, Oliy Majlisi palatalari qarorlari, Prezident Farmon va qarorlari, Vazirlar Mahkamasi qaror va farmoyishlari hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
II. Kengashning vazifalari va vakolatlari
2.1. Kengashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
turizm sohasida tashqi va ichki turizmni hamda turistik xizmatlar bozorini rivojlantirish siyosatini amalga oshirish;
turizm sohasining rivojlanish strategiyasini amalga oshirish;
viloyatda turizmni rivojlantirish boʻyicha ixtisoslashtirilgan jamgʻarmani shakllantirish;
turizm infratuzilmasini rivojlantirish uchun yoʻnaltirilgan moliyaviy oqimlarni nazorat qilish;
taklif etilayotgan turistik xizmatlarning sifat va miqdor oʻzgarishlari monitoringini olib borish;
ichki va xalqaro bozorda milliy turistik mahsulotni targʻib etish boʻyicha zamonaviy marketing tadqiqotlari boʻyicha takliflar tayyorlash;
viloyatning turistik tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish va turizm sohasida boshqaruvni yaxshilash;
istiqbolli ilmiy izlanishlarni rivojlantirishga koʻmaklashish va turizm sohasidagi ilmiy-texnikaviy yutuqlarni va ilgʻor tajribani amaliyotga tatbiq etish;
turizm sohasidagi loyihalar va dasturlarni koʻrib chiqish;
viloyatdagi turistik xizmatlarning salohiyatini shakllantirish va rivojlantirish, shu maqsadda turistik tadbirlarni tashkil etish.
2.2. Oʻziga yuklatilgan vazifalarni ijro etish borasida Kengash quyidagi huquqlarga ega:
boshqarmalar, idoralar va boshqa tashkilotlardan yuklatilgan vazifalar ijrosi bilan bogʻliq maʼlumotlarni olish;
viloyatda turistik xizmatlarni yanada rivojlantirish, eksport hajmini oshirish va turistlarga xizmat koʻrsatish darajasini sifat jihatdan koʻtarish, turistik-ekskursiya tashkilotlari tarmogʻini yaratish boʻyicha tegishli hujjatlarni koʻrib chiqish;
turizm boʻyicha qonunda belgilangan tartibda ilmiy-ommabop, uslubiy maʼlumot beruvchi adabiyotlar, plakatlar, yoʻriqnomalar, reklama bukletlari, video va dividi disklar ishlab chiqarish, shuningdek ommaviy axborot vositalarida turistik va ekskursiya faoliyatini targʻib etish hajmini oshirish chora-tadbirlarini koʻrish;
Kengash qonunchilikda belgilangan boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
2.3. Viloyat “Sayohat va ekskursiyalar byurosi” davlat korxonasi Kengashning Ishchi organi hisoblanadi.
III. Kengash ishini tashkil etish
3.1. Kengash yigʻilishi har chorakda muntazam ravishda oʻtkazib boriladi.
Viloyat hokimi Kengash raisidir. Viloyat hokimining Iqtisodiyot va ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Kengash raisining oʻrinbosari hisoblanadi.
Yigʻilishni Kengash raisi, u boʻlmaganda esa Kengash raisining oʻrinbosari oʻtkazadi.
Kengash yigʻilishi oʻz aʼzolarining uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi. Kengash aʼzolari yigʻilishlarda shaxsan ishtirok etishlari shart.
Kengash qarorlari yigʻilishda ishtirok etayotgan Kengash aʼzolarining ovoz berish yoʻli bilan qabul qilinadi. Ovoz berish ochiq usulda oʻtkaziladi. Kengashning har bir aʼzosi bitta.ovozga ega. Kengash aʼzolarining ovozlari teng boʻlib qolsa, raisning, u yoʻqligida rais oʻrinbosarining ovozi hal qiluvchi ovoz hisoblanadi.
3.2. Yigʻilish qarorlari bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnomada yigʻilish oʻtkazilgan joy va sana, kun tartibi, raislik qiluvchi, kotib, yigʻilishda ishtirok etgan Kengash aʼzolari, koʻrib chiqilgan masalalar boʻyicha Kengash qarori koʻrsatiladi. Yigʻilish qarori Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi.
