Tumanda geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (251-Қ-son)
24.10.2012
NAVOIY VILOYaTI Tomdi tumani hokimining
Qarori
“Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi 295-sonli hamda Navoiy viloyati hokimining 2012-yil 23-oktabrdagi Q-167-sonli qarorlarini ijro etish, shuningdek geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash sohasidagi davlat siyosatini yanada takomillashtirish hamda samarali amalga oshirish maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 16-oktabrdagi “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq geografik obyektlarning nomlari sohasidagi ishlarni tartibga solish chora-tadbirlari haqida”gi 295-sonli hamda Navoiy viloyat hokimining 2012-yil 23-oktabrdagi 167-Q-sonli qarorlari rahbarlik va ijro uchun qabul qilinsin.
2. Quyidagilar:
Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha tuman komissiyasi toʻgʻrisidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq;
Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha tuman komissiyasining (keyingi oʻrinlarda tuman komissiyasi deb yuritiladi) tarkibi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova berilmaydi.
3. Tuman komissiyasi oʻz vakolatlariga muvofiq quyidagilarni taʼminlasin:
geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash boʻyicha takliflarni ushbu takliflarni kiritgan ovul fuqarolar yigʻinlariga tegishli xulosalar bergan holda atroflicha oʻrganish;
geografik obyektlarning tarixiy-madaniy meros, Oʻzbekiston xalqining maʼnaviy-etnik qadriyatlari bilan bogʻliq nomlarini asrash, ularni asossiz qayta nomlashning oldini olish;
geografik obyektlarni Oʻzbekiston xalqining milliy anʼanalari va mentalitetiga yot boʻlgan nomlar bilan qayta nomlashga va ularga nom berishga yoʻl qoʻymaslik;
geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlashda mahalliychilik, oshna-ogʻaynigarchilik, xizmat martabasini suiisteʼmol qilish hollarini istisno qilish;
qarorlar qabul qilishda xolislik va oshkoralik, shuningdek geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni koʻrib chiqish tartib-qoidasi va muddatlariga rioya qilish;
geografik obyektlarni odamlarning ismlari bilan, shuningdek tarixiy voqealar sharafiga nomlash va qayta nomlash sohasida belgilangan cheklovlarga rioya qilish;
mahalliy aholining geografik, tarixiy, milliy, etnik, tilga oid va boshqa xususiyatlarini oʻrganish hamda hisobga olish;
bir maʼmuriy-hududiy birlik doirasida geografik obyektlarga bir xil nomlar berilishiga yoʻl qoʻymaslik;
beriladigan nomlarning geografik obyektlar nomlarining geografik obyekt joylashgan joydagi mavjud tizimiga muvofiqligini taʼminlash;
geografik obyektlar nomlarining yanglishishlarga sabab boʻluvchi oʻxshashligini, ushbu nomlar mazmunlarining Oʻzbekiston xalqining tarixi, anʼanalari va madaniyatiga toʻgʻri kelmasligini nazarda tutgan holda, istisno qilish;
hududiy komissiya rahbari zimmasiga geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari talablari soʻzsiz bajarilishining taʼminlanishi uchun shaxsiy javobgarlik yuklansin.
4. Tuman hokimligi yer resurslari va davlat kadastri boʻlimi bilan birgalikda:
2013-yil 25-dekabrgacha “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 4-moddasi talablariga muvofiq rasmiy kartografiya va maʼlumotnoma nashrlari, statistika, arxiv, tarixiy va boshqa manbalar maʼlumotlari asosida qishloqlar, ovullar, aholi punktlari hamda ularning tarkibiy qismlari nomlarini xatlovdan oʻtkazish va maqbullashtirish ishlarini amalga oshirsinlar;
amalga oshirilgan ishlar yakunlari boʻyicha viloyat komissiyasiga, xalq deputatlari tuman kengashiga belgilangan tartibda tegishli takliflar kiritsinlar.
5. Tuman komissiyasi 2014-yil 1-fevralgacha boʻlgan muddatda “Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha viloyat komissiyasiga geografik obyektlarni nomlash sohasidagi ishlarni tartibga solish borasida bajarilgan ishlarning yakunlari toʻgʻrisida axborot va paydo boʻlayotgan masalalarni hal etish hamda qonun talablarining ijro etilishini nazorat qilishga oid tegishli umumlashtirilgan takliflar kiritsin.
6. Quyidagilar:
tuman hokimining “Tumandagi maʼmuriy-hududiy birliklar, aholi punktlari, tashkilotlarga va boshqa toponimik obyektlarga nom berish ishlarini tartibga solish toʻgʻrisida”gi 2004-yil 10-sentabrdagi 210-Q-sonli qarori;
tuman hokimining “Toponimik obyektlarga nom berish masalalarini muvofiqlashtiruvchi tuman komissiyasining yangi tarkibini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi 2010-yil 4-iyundagi 173-Q-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilishni oʻz zimmamda qoldiraman.
8. Ushbu qarorning rasmiy nashrda eʼlon qilinishi taʼminlansin.
Tomdi tumani hokimi K. ALDABERGENOV
Tomdi t.,
2012-yil 24-oktabr,
251-Q-son
Tuman hokimining 2012-yil 24-noyabrdagi 251-Q-sonli qaroriga 1-ilova
Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha tuman komissiyasi toʻgʻrisida NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha tuman komissiyasi (keyingi oʻrinlarda tuman komissiyasi deb yuritiladi) geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalarini koʻrib chiquvchi, shuningdek geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni talablarining bajarilishini nazorat qiluvchi maxsus organ hisoblanadi.
2. Tuman komissiyasi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek ushbu Nizomga amal qiladi.
Tuman komissiyasining tarkibi manfaatdor davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari hamda xodimlaridan, fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari vakillaridan, ekspertlardan, mutaxassislardan hamda tegishli faoliyat sohalarida maxsus bilimlarga ega boʻlgan boshqa shaxslardan shakllantiriladi.
Tuman komissiyasi aʼzolarining shaxsiy tarkibi tuman hokimi tomonidan tasdiqlanadi.
II. Tuman komissiyasining vazifalari va funksiyalari
3. Quyidagilar tuman komissiyasining asosiy vazifalari hisoblanadi:
geografik obyektlarning Oʻzbekiston xalqining tarixiy-madaniy qadriyatlari va merosi bilan bogʻliq nomlari asralishini taʼminlash, ularning asossiz qayta nomlanishining oldini olish;
geografik obyektlarni Oʻzbekiston xalqining milliy anʼanalari hamda mentalitetiga yot boʻlgan nomlar bilan qayta nomlashga va ularga nom berishga yoʻl qoʻymaslik;
geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlashda mahalliychilik, oshna-ogʻaynigarchilik, xizmat martabasini suiisteʼmol qilish hollarini istisno qilish.
4. Tuman komissiyasi oʻziga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradi:
geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni atroflicha oʻrganishni tashkil etadilar hamda tegishli xulosalar beradilar, ularni ushbu takliflarni kiritgan ovul fuqarolari raislariga joʻnatadi;
qabul qilingan qarorlarning bajarilishi yuzasidan tizimli monitoring olib boradi;
toponimik va boshqa tadqiqotlar oʻtkazish, kartografik, arxivga oid, tarixiy va boshqa materiallarni atroflicha oʻrganish, geografik obyektlarning nomlarini maqbullashtirish ishlarini muvofiqlashtiradi;
geografik obyektlarni asossiz qayta nomlashning, ularga Oʻzbekiston xalqining milliy anʼanalari va mentalitetiga yot boʻlgan nomlar berilishining oldini olish, ushbu sohada mahalliychilik, oshna-ogʻaynigarchilik, xizmat martabasini suiisteʼmol qilish hollariga yoʻl qoʻymaslik maqsadida geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash jarayonining xolisona hamda oshkora boʻlishini taʼminlash boʻyicha kompleks tadbirlarni ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
oʻz vakolatlari doirasida geografik obyektlarning nomlaridan foydalanish va ularni asrash yuzasidan nazoratni amalga oshiradilar;
oʻz vakolatlari doirasida qishloqlar, ovullar, aholi punktlari va ularning tarkibiy qismlarini nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarning davlat ekspertizasidan oʻtkazilishini tayinlaydi.
“Geografik obyektlarning nomlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qoidalarini samarali amalga oshirishga qaratilgan boshqa funksiyalarni amalga oshiradilar.
III. Tuman komissiyasining huquqlari va javobgarligi
5. Tuman komissiyasi oʻziga yuklangan vazifalarning bajarilishini taʼminlash uchun quyidagi huquqlarga ega:
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxona, muassasa va tashkilotlardan geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni atroflicha oʻrganish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni belgilangan tartibda soʻrash va olish;
zarurat boʻlganda, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, korxona, muassasa hamda tashkilotlar mutaxassislarini, shuningdek tegishli faoliyat sohalarida maxsus bilimlarga ega boʻlgan boshqa shaxslarni geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash toʻgʻrisidagi takliflarni atroflicha oʻrganish uchun jalb etish;
oʻz vakolatiga kiruvchi masalalar boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, hududiy komissiya rahbarining hisobotlarini eshitish;
hududiy komissiyalar qarorlarining qabul qilinishi va ijro etilishini tizimli monitoringini amalga oshirish hamda ularga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha bajarilishi majburiy boʻlgan yozma koʻrsatmalar kiritish.
6. Tuman komissiyasi oʻziga yuklangan vazifalar va funksiyalar samarali bajarilishi uchun javob beradi.
Tuman komissiyasi har chorakda oʻz faoliyati toʻgʻrisida Geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlash masalalari boʻyicha viloyat komissiyasiga axborot taqdim etadi.
Tuman komissiyasi oʻz faoliyati toʻgʻrisida har yili Xalq deputatlari Tomdi tuman Kengashiga hisobot beradi.
IV. Tuman komissiyasining faoliyatini tashkil qilish
7. Tuman komissiyasiga uning raisi hisoblanadigan tuman hokimi boshchilik qiladi.
8. Tuman komissiyasining raisi:
tuman komissiyasi faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi va unga yuklangan vazifalarning bajarilishi uchun shaxsan javob beradi;
tuman komissiyasi aʼzolarining vazifalarini belgilaydi va ularga yuklangan vazifalarni bajarish ishlarini muvofiqlashtiradi;
tuman komissiyasining ish rejalarini, tushgan hujjatlarni koʻrib chiqish jadvallarini tasdiqlaydi;
tuman komissiyasi majlislarining kun tartibini va chaqirilishini belgilaydi;
tuman komissiyasi tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishi yuzasidan nazoratni tashkil etadi;
tuman komissiyasining samarali ishlashini taʼminlash boʻyicha boshqa ishlarni amalga oshiradi.
9. Tuman komissiyasining aʼzolari:
tuman komissiyasi majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilishda va hal etishda ishtirok etadilar;
tuman komissiyasiga geografik obyektlarni nomlash va qayta nomlashning dolzarb masalalari boʻyicha takliflar kiritadilar;
tuman komissiyasi muhokama qiladigan masalalar boʻyicha xulosalar taqdim etadilar.
Tuman komissiyasi aʼzolari tuman komissiyasidagi oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradilar.
10. Tuman komissiyasining kotibi:
tuman komissiyasining navbatdagi majlisiga barcha zarur hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi;
kun tartibidagi masalalar boʻyicha tuman komissiyasining majlislari oʻtkazilishini tashkil etadi;
majlislarning oʻtkaziladigan vaqti va joyini, shuningdek taklif etiladiganlar kontingentini tuman komissiyasining raisi bilan kelishadi;
tuman komissiyasining aʼzolarini va taklif etilgan shaxslarni majlisning oʻtkaziladigan sanasi, vaqti, joyi toʻgʻrisida xabardor qiladi;
tuman komissiyasi qarorlarining bajarilishi monitoringini yuritadi va uning natijalarini tuman komissiyasiga koʻrib chiqish uchun taqdim etadi;
tuman komissiyasi majlisi bayonnomalarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonnomalarni tuman komissiyasining aʼzolariga hamda boshqa manfaatdor tashkilotlarga joʻnatadi.
11. Tuman komissiyasi oʻz ishini oʻzi tasdiqlagan rejalar asosida tashkil qiladi va oʻz majlislarini zaruratga koʻra oʻtkazadi. Tuman komissiyasining raisi tomonidan tuman komissiyasi aʼzolarining navbatdan tashqari majlis oʻtkazish uchun sabablar va asoslar bayon etilishi lozim boʻlgan yozma iltimosnomalari asosida navbatdan tashqari majlislar chaqirilishi mumkin.
12. Tuman komissiyasining majlisini uning raisi olib boradi. Tuman komissiyasining raisi boʻlmagan taqdirda majlisni tuman komissiyasi aʼzolaridan biri boshqaradi.
Tuman komissiyasining majlisi oʻz aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi qatnashganda qonuniy hisoblanadi.
Majlisni oʻtkazish uchun kvorum yigʻilmagan taqdirda, tuman komissiyasining yangi majlisi oʻtkaziladigan sana eʼlon qilinadi. Yangi majlisni oʻtkazishda kun tartibini oʻzgartirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
13. Tuman komissiyasining majlisida koʻrib chiqiladigan masalalarning xususiyatiga qarab davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, boshqa tashkilotlarning rahbarlari hamda mutaxassislari taklif etilishi mumkin.
V. Tuman komissiyasi tomonidan qarorlar qabul qilish va ularning bajarilishini tashkil etish
14. Tuman komissiyasining qarori tuman komissiyasining majlisda qatnashayotgan aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda tuman komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Tuman komissiyasining uzil-kesil qarorini qabul qilishda Oʻzbekiston Respublikasi “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasi tomonidan oʻtkaziladigan davlat ekspertiza xulosasi inobatga olinadi.
Tuman komissiyasining har bir aʼzosi qabul qilinadigan qarorlar boʻyicha oʻz fikrini yozma ravishda bildirishga haqlidir.
15. Tuman komissiyasining raisi qarorlarni tezkor qabul qilish maqsadida tuman komissiyasining qarorlarini uning aʼzolari bilan soʻrov oʻtkazish yoʻli bilan kelishilgan ayrim masalalar boʻyicha tasdiqlashi mumkin.
16. Tuman komissiyasining qarorlari tuman komissiyasi majlisining bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi. Tuman komissiyasi majlisining bayonnomasiga uning barcha aʼzolari tomonidan kelishilganlik haqida imzo qoʻyiladi, uni kotib imzolaydi, tuman komissiyasining raisi tasdiqlaydi va u bir hafta muddatda tuman komissiyasining aʼzolariga hamda manfaatdor tashkilotlarga joʻnatiladi.
17. Tuman komissiyasi majlisi bayonnomasining asl nusxasi va unga tegishli materiallar tuman hokimligining ijro etuvchi apparatida saqlanadi.
18. Tuman komissiyasining kotibi komissiya aʼzolari yordamida komissiya qarorlarining bajarilishini muntazam oʻrganib boradi, zarurat boʻlganda tuman komissiyasi raisiga tegishli takliflar kiritadi.
19. Tuman komissiyasi qabul qilingan qarorlarning bajarilishini muntazam ravishda oʻz majlislarida koʻrib chiqadi.
20. Tuman komissiyasining ish tartibi Reglament bilan belgilanadi. Reglament tuman komissiyasi tomonidan qabul qilinadi.
21. Tuman komissiyasiga taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish muddati uch oydan oshmasligi kerak.
VI. Tuman komissiyasining atributlari
22. Tuman komissiyasi belgilangan namunadagi, oʻz nomi yozilgan blankalarga ega boʻladi va tuman hokimligining muhridan foydalanadi.
