Tumandagi transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida (157-k-son)
29.02.2012
XORAZM VILOYATI Bogʻot tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonunining 13-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq transport vositalarining 2012-yildagi majburiy texnik koʻrigini tashkil qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Nizomga muvofiq transport vositalarining 2012-yildagi majburiy texnik koʻrigini tashkil qilish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 25-moddasiga asosan qaror qilaman.
1. Tumandagi yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan avtomototransport vositalarining texnik koʻrigi 1 yilda 1 marotaba (4-martdan 10-iyungacha), shuningdek tijorat asosida yoʻlovchilar tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar va oʻtiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkama 1 yilda 2 marotaba (4-martdan 10-iyungacha va 12-sentabrdan 31-oktabrgacha), jismoniy shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 1-martdan 31-avgustgacha oʻtkazilsin.
Ishlab chiqarilganligiga besh yildan koʻp boʻlmagan transport vositalari ikki yilda bir marta texnik koʻrikdan oʻtkazilsin. Ushbu bandning birinchi xatboshida qayd etilgan, 1 yilda 2-marta texnik koʻrikdan oʻtkazilishi lozim boʻlgan transport vositalari bundan mustasno.
2. Tumanda texnik koʻrikni oʻtkazish uchun tuzilgan komissiya tarkibi 1-ilovaga* muvofiq, yuridik shaxslarga qarashli avtomototransport vositalari tirkamalar va yarim tirkamalarning 2012-yilgi majburiy texnik koʻrigini oʻtkazish grafigi 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-2 ilovalar berilmaydi.
3. “Oʻzagrosugʻurta” DASK tuman boʻlimi (N.Ibragimov) Oʻzbekiston Respublikasining “Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash borasidagi ishlarni tashkillashtirsin.
4. Tuman tibbiyot birlashmasi (A.Iskandarov) texnik koʻrik davrida haydovchilarning tibbiy holatini tekshirishda, Tabiatni muhofaza qilish qoʻmitasi tuman inspektori (U.Ibragimov) transport vositalarining atmosferaga chiqarayotgan zaharli gazlarini oʻlchashda komissiya aʼzolariga amaliy yordam koʻrsatsinlar.
5. Ushbu qaror tuman hokimligining rasmiy nashri boʻlgan “Bogʻot sadosi” gazetasi orqali eʼlon qilinsin.
6. Transport vositalarini texnik koʻrikka jalb qilishda Yoʻl harakati xavfsizligi guruhiga tuman mudofaaga koʻmaklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, qishloq fuqarolar yigʻini raislari tuman Ichki ishlar boʻlimi xodimlari va jamoatchilik amaliy yordam koʻrsatsin.
7. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2011-yil 2-martdagi 133-k-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
8. Tuman Ichki ishlar boʻlimi Yoʻl harakati xavfsizligi guruhiga avtomototransport vositalarining texnik koʻrigi natijalari boʻyicha tuman hokimligiga 2012-yil 10-noyabrgacha yozma axborot berish vazifasi topshirilsin.
9. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari X. Pirnazarov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim R.Sh. BEKChANOV
Bogʻot t,
2012-yil 29-fevral,
157-k-son
