Qattiq va maishiy chiqindilarni tashib chiqarish boʻyicha xizmat tariflarini belgilash toʻgʻrisida (30-son)
16.01.2013
Namangan viloyati namangan shahar hokimining
Qarori
Namangan shahridagi mahallalar hududlarining sanitar tozaligini doimiy ravishda saqlab turish va yaxshilash, maishiy chiqindilarni oʻz vaqtida tashib chiqarish, transport vositalaridan samarali foydalanish boʻyicha bir qator choralar koʻrilishiga qaramasdan, aholi va yuridik shaxslar tomonidan bu borada belgilangan sanitariya va shaharsozlik qoidalariga rioya etmaslik, belgilab berilmagan joylarga chiqindilarni chiqarib tashlash, chiqindilarni tashib ketish xarajatlari uchun mablagʻlarni oʻz vaqtida toʻlamaslik hamda shartnoma majburiyatlarini bajarmaslik holatlariga yoʻl qoʻyilmoqda.
Bundan tashqari, shahar hududida keng qamrovli qurilish ishlari olib borilayotganligi, hudud chegaralari kengayib borayotganligi, aholi soni va sanitar tozalov ishlarining hajmlari keskin ortib ketganligi, natijada bu maqsadlar uchun xarajatlar oshib borayotganligi va Namangan shahar hokimligi “Obodonlashtirish” davlat unitar korxonasi tomonidan qilinayotgan xarajatlar qoplanmay kelinayotganligi kuzatilmoqda.
Yuqoridagi holatlarni eʼtiborga olib, shahar hududini sanitar tozaligini doimiy ravishda talab darajasida saqlab turish, tozalov xizmatlari sifatini oshirish, qattiq va maishiy chiqindilarni tashib chiqarish boʻyicha shartnomalarni oʻz vaqtida tuzish va ulardagi majburiyatlarni lozim darajada bajarilishini taʼminlash maqsadida hamda “Chiqindilar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 11-moddasi va “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 25-moddasiga muvofiq qaror qilaman:
1. Namangan shahar hokimligi “Obodonlashtirish” davlat unitar korxonasi tomonidan qattiq va maishiy chiqindilarni tashib chiqarish boʻyicha 2013-yilning 1-yanvaridan quyidagi tariflar belgilansin:
aholiga 1 kishiga 1 oyga 600 soʻm, 2013-yil 1-iyuldan 1 oyga 700 soʻm;
budjet tizimidagi tashkilot, muassasalarga 1 m3 qattiq va maishiy chiqindilarni tashib chiqarish uchun 10000 soʻm;
xoʻjalik hisobidagi tashkilotlarga 1 m3 qattiq va maishiy chiqindilarni tashib chiqarish uchun 11000 soʻm.
2. Namangan shahar hokimligi “Obodonlashtirish” davlat unitar korxonasi (A. Abdullayev)ga:
bir oy muddatda shahardagi barcha mahalla fuqarolar yigʻinlari va mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, xoʻjalik faoliyatini yuritayotgan subyektlar bilan shartnomalar tuzish hamda koʻrsatilgan xizmatlar toʻlovlarini undirish boʻyicha zarur choralar koʻrilishini taʼminlash topshirilsin.
3. Shahar hududida joylashgan barcha mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari va mulkchilik shaklidan qatʼii nazar, tashkilot, korxona rahbarlari:
15 kun muddat ichida aholi xonadonlaridan, tashkilot, korxona hududidan hosil boʻlgan qattiq va maishiy chiqindilarni tasdiqlangan tariflar asosida tashib chiqarish boʻyicha shahar hokimligi “Obodonlashtirish” davlat unitar korxonasi bilan shartnoma tuzilishini, shuningdek, koʻrsatilgan xizmatlar boʻyicha toʻlovlarni oʻz vaqtida hisob-kitob qilib borilishini taʼminlasinlar.
4. Mahalla xayriya jamoat fondi shahar boʻlinmasi (A. Mukarramov), shahar davlat sodiq inspeksiyasi (Q. Miraxmedov), shahar statistika boʻlimi (A. Xaydarov), shahar DSNEM (T. Alimov), shahar tabiatni muhofaza qilish inspeksiyasi (K. Ergashev):
Namangan shahar hokimligi “Obodonlashtirish” davlat unitar korxonasiga shahardagi barcha MFYlar hamda tashkilot, korxonalar bilan qattiq va maishiy chiqindilarni tashib chiqarish boʻyicha shartnomalarni tuzishda, koʻrsatilgan xizmatlar uchun oʻz vaqtida hisob-kitob qilib borilishida amaliy yordam koʻrsatib borsinlar.
5. Barcha tijorat banklar rahbarlariga bank mijozlaridan qattiq va maishiy chiqindi tashib chi qari sh boʻyicha shahar hokimligi “Obodonlashtirish” davlat unitar korxonasi bilan shartnomalar tuzilishi va koʻrsatilgan xizmatlar uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida hisob-kitob qilinishida amaliy yordam koʻrsatsinlar.
6. Shahar hokimligining moliya boʻlimi (A. Djalolov), shahar mahalliy budjeti hisobidagi tashkilot va muassasalar 2013-yil xarajatlar smetasiga qattiq va maishiy chiqindilarini tashib chiqarish boʻyicha belgilangan normativlar asosida zarur mablagʻlarni kiritish hamda ushbu mablagʻlarni oʻz vaqtida ajratilishini taʼminlasin.
7. Mazkur qaror “Namangan sadosi” gazetasida eʼlon qilinsin.
8. Namangan shahar hokimining 2011-yil 31-dekabrdagi 866-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish shahar hokimining birinchi oʻrinbosari S. Sultanov zimmasiga yuklansin.
Hokim T. DADABAYEV
Namangan sh.,
2013-yil 16-yanvar,
30-son
