Viloyat hududida toʻy, yubiley va boshqa tantanalarda, restoranlar, kafe, bar va boshqa tadbir oʻtkazish joylarida madaniy xizmat koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash, boʻsh va zaif asarlar tarqalishini oldini olish haqida (315-son)
27.09.2012
Namangan viloyati hokimining
qarori
Viloyatimizda zamonaviy milliy estrada sanʼatini yanada rivojlantirish, estrada ijodkorlarining professional malakasi va ijro madaniyatini oshirish, yosh sanʼatkorlarning oʻz isteʼdod va mahoratini toʻla namoyon etishi uchun qulay shart-sharoit va zarur imkoniyatlar yaratish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, moddiy va maʼnaviy ragʻbatlantirish, mazmunan teran, badiiy yuksak asarlarni keng targʻib qilish, milliy qadriyatlarimizga toʻgʻri kelmaydigan, yoshlarning maʼnaviy saviyasiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan boʻsh va zaif asarlar tarqalishini oldini olish, shuningdek, viloyat hududida toʻy, yubiley va boshqa tantanalarda xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirish, ushbu faoliyat bilan noqonuniy (litsenziyasiz) shugʻullanishni oldini olish bugunning dolzarb vazifasidir.
Bu borada, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1998-yil 28-oktabrdagi “Toʻy-hashamlar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlarni, marhumlar xotiralariga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilishini tartibga solish toʻgʻrisida”gi PF-2100-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 13-iyundagi “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi PQ-653-son qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 26-iyundagi “Estrada qoʻshiqchilik sanʼatini yanada rivojlantirish toʻgʻrisida”gi 272-sonli, 2001-yil 29-iyundagi “Gastrol-konsert faoliyati sohasida soliq solishni va audio-video kassetalarni tarqatishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 285-sonli, 2003-yil 11-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida va uning tashqarisida gastrol-konsert faoliyatini, shuningdek toʻy, yubiley va boshqa tantanalarda konsert xizmati koʻrsatishni litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi 498-sonli qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida hamda “Oʻzbeknavo” estrada birlashmasi viloyat boʻlimining 2012-yil 30-iyuldagi 55-N-sonli xatini inobatga olib, qaror qilaman:
1. Viloyat hududida toʻy, yubiley va boshqa tantanalarda, restoranlar, kafe, bar va boshqa tadbir oʻtkazish joylarida madaniy xizmat koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash, aholiga mazmunan teran, badiiy yuksak asarlarni yetkazish, shuningdek yoshlarning maʼnaviy saviyasiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan boʻsh va zaif asarlar tarqalishini oldini olish maqsadida ijrochilar (xonandalar, davra olib boruvchilar, sozanda va raqqosalar, ovoz operatorlari) tomonidan noqonuniy (litsenziyasiz) faoliyat olib borilishini oldini olish qatʼiy nazoratga olinsin.
2. Viloyat Davlat soliq boshqarmasi (A.Valiyev), “Oʻzbeknavo” estrada birlashmasi viloyat boʻlimi (N. Qoʻchqarov) viloyatda oʻtqaziladigan toʻy, yubiley va boshqa tantanalarda konsert xizmati koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanishning belgilangan tartibiga rioya etilishini qatʼiy nazorat qilinishini taʼminlasinlar hamda koʻrsatib oʻtilgan faoliyat turi bilan tegishli litsenziya olmasdan shugʻullanuvchi shaxslarni amaldagi qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortsinlar.
3. Viloyat Xotin-qizlar qoʻmitasi (M. Azizova), viloyat “Mahalla” xayriya jamoat fondi (N. Sadriddinov), “Nuroniy” jamgʻarmasi viloyat boʻlimi (A. Jalilov), “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati viloyat Kengash (J. Nodirov)lariga viloyatda oʻtkazilayotgan toʻylar, yubiley va boshqa tantanalarda konsert xizmati koʻrsatishi tegishli litsenziya olgan holda amalga oshirilishi lozimligi yuzasidan keng targʻibot-tashviqot ishlarini olib borish tavsiya etilsin.
4. “Oʻzbeknavo” estrada birlashmasi viloyat boʻlimi (N. Qoʻchqarov) viloyatda mazkur faoliyat bilan qonuniy (litsenziya olgan holda) shugʻullanayotgan ijrochilarning repertuarlarini boyitib borish, ularga oʻz isteʼdodlarini yanada shakllantirish boʻyicha yaqindan yordam koʻrsatish, viloyatimizda zamonaviy milliy estrada sanʼatini yanada rivojlantirish, estrada ijodkorlarining professional malakasini va ijro madaniyatini oshirish, yosh sanʼatkorlarning oʻz isteʼdod va mahoratlarini toʻla namoyon etishi uchun shart-sharoit va zarur imkoniyatlarni yaratish boʻyicha tegishli choralarni koʻrsin.
5. Viloyat teleradiokompaniyasi (M. Maqsudov) va viloyatdagi boshqa barcha ommaviy axborot vositalariga mazkur soha boʻyicha chiqarilgan qonun va qarorlar ijrosini taʼminlash boʻyicha maxsus koʻrsatuv va maqolalar chiqarib borish tavsiya etilsin.
6. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
7. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosari X. Jalolov zimmasiga yuklansin.
Hokim B. YUSUPOV
Namangan sh.,
2012-yil 27-sentabr,
315-son
