Ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida (1852-k-son)
02.11.2012
XORAZM VILOYATI Urganch shahar hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 7, 17-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomi hamda “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 25-moddalariga asoslanib qaror qilaman.
1. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj ish topishda qiynalayotgan shaxslarni 2013-yilda ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlari band qilib qoʻyiladigan korxona, tashkilot va muassasalar roʻyxati 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova berilmaydi.
2. Korxona, muassasa va tashkilotlarda xodimlarning oʻrtacha sonidan kelib chiqqan holda 315 ta ish oʻrni.
Shu jumladan:
yolgʻiz ota, yolgʻiz ona va 14 yoshgacha boʻlgan nogiron bolalari bor koʻp bolali ota-onalar uchun 35 foiz (110 kishi);
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun 49 foiz (154 kishi);
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun 6 foiz (19 kishi);
nogironlar uchun 3 foiz (10 kishi);
bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish shahar markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 4 foiz (14 kishi);
jazoni oʻtash muassasalaridan boʻshatilgan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun 2.5 foiz (8 kishi) miqdorida ish oʻrinlari zaxirasini belgilaydi.
3. Ushbu toifa shaxslar uchun ish oʻrinlari xodimlar tomonidan oʻzlarining mehnat majburiyatlarini toʻsiqlarsiz bajarishini taʼminlaydigan sanitariya-gigiyena normalari va mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishi taʼminlansin.
Shu jumladan:
yolgʻiz ota, yolgʻiz ona va 14 yoshgacha boʻlgan nogiron bolalari bor koʻp bolali ota-onalar uchun:
bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlari boʻyicha vazifalarni uygʻunlashtirish imkonini beradigan, oʻzgaruvchan ish jadvaliga ega boʻlgan ish oʻrinlari;
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari;
nogironlar uchun — mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazilgan hamda xodimga ish jarayonlarini toʻsqinliksiz bajarish imkonini (sogʻligʻining ahvoli va mehnat faoliyatiga nisbatan belgilangan zid koʻrsatkichlar hisobga olingan holda) beradigan ish oʻrinlari;
bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun — maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari;
jazoni oʻtash muassasalaridan boʻshatilgan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarligi hisobga olingan holdagi ish oʻrinlari, muayyan kasb-hunarga, malakaga ega boʻlmagan shaxslar uchun esa — maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari tashkil qilinsin.
4.Korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda ijtimoiy muhofazaga muhtoj ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun band qilib qoʻyiladigan kasb va lavozimlar 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 2-ilova berilmaydi.
5. Korxona, muassasa va tashkilotlar rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun koʻrsatilgan ish oʻrinlari tashkil etilishini taʼminlasinlar.
6. Ushbu qaror ijrosini taʼminlamagan korxona, tashkilot va muassasalarning mansabdor shaxslariga “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida” gi nizomning 15-bandiga muvofiq jarima solinadi.
7. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarini mazkur qarorda belgilangan miqdoridan ortiqcha tashkil etgan tashkilotlar ushbu ortiqcha ish oʻrinlarini tashkil etishga sarflangan mablagʻlarning bir qismini Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash huquqiga ega ekanligi koʻrsatib oʻtilsin.
8. Ushbu qaror “Urganch oqshomi” gazetasida eʼlon qilinsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi “Normativ huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 15-moddasiga asosan 2013-yilga moʻljallangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi qarori 1-yanvardan kuchga kirishi munosabati bilan Urganch shahar hokimining 2012-yildagi Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisidagi 2011-yil 30-sentabrdagi 1418-sonli qarori 2012-yil 31-dekabrdan bekor qilinsin.
10. Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (B.Kurbanov) bir hafta muddatda mazkur qarorni 1-bandda koʻrsatilgan korxona, tashkilot va muassasalar rahbarlari eʼtiboriga yetkazilishini taʼminlasin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish shahar hokimining oʻrinbosari M.Madrimov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim I.R. YoQUBOV
Urganch sh.,
2012-yil 2-noyabr,
1852-q-son
