Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida (566-k-son)
12.10.2012
Xorazm viloyati Yangiariq tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida”gi Qonunining 7, 17-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomi hamda Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6, 25-moddalariga asosan qaror qilaman.
1. Yangiariq tumanida 2013-yilda ish oʻrinlari band qilib qoʻyiladigan korxona, muassasa va tashkilotlar roʻyxati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin*.
* 1-ilova berilmaydi.
2. Tumandagi korxona, muassasa va tashkilotlarda ishlovchi xodimlarning oʻrtacha sonidan kelib chiqqan holda 220 kishini tashkil etadigan 100 foiz miqdorida, shu jumladan:
Yolgʻiz ota , yolgʻiz ona hamda 14 yoshgacha va nogiron bolalari bor koʻp bolali ota-onalar uchun 11 foiz ( 25 kishi);
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun 46 foiz ( 101 kishi);
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun 9 foiz (19 kishi);
nogironlar uchun 15 foiz (33 kishi);
Bandlikka koʻmaklashish tuman markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun 6 foiz (14 kishi);
jazoni oʻtash muassasalaridagi boʻshatilgan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun 5 foiz (10 kishi);
ijtimoiy muhofazaga muhtoj shaxslarning boshqa toifalari uchun 8 foiz (18 kishi) miqdorida ish oʻrinlari zaxirasi belgilansin.
3. Ushbu toifa shaxslar uchun ish oʻrinlari xodimlar tomonidan oʻzlarining mehnat majburiyatlarini toʻsiqlarsiz bajarishini taʼminlaydigan sanitariya-gigiyena normalari va mehnat sharoitlariga muvofiq boʻlishi taʼminlansin.
Jumladan:
Yolgʻiz ota , yolgʻiz ona hamda 14 yoshgacha va nogiron bolalari bor koʻp bolali ota-onalar uchun — bolalarni tarbiyalash va mehnat majburiyatlari boʻyicha vazifalarni uygʻunlashtirish imkonini beradigan, oʻzgaruvchan ish jadvaliga ega boʻlgan ish oʻrinlari
taʼlim muassasalarini tugatgan yoshlar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari
muddatli harbiy xizmatdan boʻshatilgan shaxslar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarligiga muvofiq boʻlgan ish oʻrinlari
nogironlar uchun — mehnat sharoitlari boʻyicha attestatsiyadan oʻtkazilgan hamda xodimga ish jarayonlarini toʻsqinliksiz bajarish imkonini (sogʻligʻining ahvoli va mehnat faoliyatiga nisbatan belgilangan zid koʻrsatkichlar hisobga olingan holda) beradigan ish oʻrinlari
Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ish qidiruvchi sifatida hisobda turgan pensiya yoshiga yaqinlashib qolgan shaxslar uchun — maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari
jazoni oʻtash muassasalaridan boʻshatilgan, jazoni oʻtayotgan yoki sud qaroriga koʻra tibbiy xarakterdagi majburiy choralar koʻrilgan shaxslar uchun — ularning kasb boʻyicha tayyorgarligi hisobga olingan holdagi ish oʻrinlari, muayyan kasb-hunarga, malakaga ega boʻlmagan shaxslar uchun esa — maxsus malakani talab qilmaydigan ish oʻrinlari tashkil qilinsin.
4. Tumandagi korxona, muassasa va tashkilotlarda ish oʻrinlari band qilib qoʻyiladigan kasblar va lavozimlar 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin*.
* 2-ilova berilmaydi.
5. Tashkilot rahbarlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 20-avgustdagi 186-son qarori bilan tasdiqlangan “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun koʻrsatilgan ish oʻrinlari tashkil etilishini taʼminlasinlar.
6. Ushbu qaror bajarilmagan taqdirda tashkilotning mansabdor shaxslariga “Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish tartibi toʻgʻrisida” gi nizomning 15-bandiga muvofiq jarima solinadi.
7. Ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslar uchun band qilib qoʻyiladigan ish oʻrinlarini mazkur qarorda belgilangan miqdoridan ortiqcha tashkil etgan tashkilotlar ushbu ortiqcha ish oʻrinlarini tashkil etishga sarflangan mablagʻlarning bir qismini Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi bilan tuzilgan shartnoma asosida Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan qoplash huquqiga egadirlar.
8. Mazkur qaror tuman hokimligining rasmiy nashri boʻlgan “Yangiariq ovozi” gazetasi orqali eʼlon qilinsin.
9. Yangiariq tuman hokimining 2011-yil 28-sentabrdagi 730-sonli “2012-yilda ijtimoiy muhofazaga muhtoj va ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirish uchun ish oʻrinlarini band qilib qoʻyish toʻgʻrisida”gi qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Bandlikka koʻmaklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi (B.Otajonov)ga bir hafta muddatda ushbu qarorni 1-bandda koʻrsatilgan tashkilot rahbarlari eʼtiboriga yetkazish hamda qarorning bajarilishi toʻgʻrisida tuman hokimligiga axborot taqdim qilib borish vazifasi topshirilsin.
11 Ushbu qarorni bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining oʻrinbosari X.Madaminov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim Sh.Q. BEKChANOV
Yangiariq t.,
2012-yil 12-oktabr,
566-k-son
